Abdulla Oripov. Saylanma  ( 167064 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:26:47

HADIS

Bu ulug‘ dargohda mehmonman men ham,
Mening ham dilimda oshiqlar ohi.
Hadischi bobolar degandek u dam,
Tavbamni qabul et, o‘zing, Ilohi.

Ulg‘aydik va lekin oldda ko‘p gap bor,
Davra shamollari esib o‘tgaydir.
Inongum, e’tiqod o‘zi bo‘lib yor,
Bizning ham qo‘limiz bir kun tutgaydir.

Ibodat bor edi, u etgay davom,
Qirq bilan yopmasmiz bu uyning tomin.
Bizni tinglaganga hamisha salom,
Yana ko‘rishguncha sog‘ bo‘ling! Omin!


Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:27:00

QUL VA QUYOSH

Demasman, zulmatda mudom faryod qil,
Himmat nuri bilan dilni obod qil.
Rasululloh demish:. Oshma haddingdan,
Quyosh tutilganda qulni ozod qil!

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:27:12

DILOZOR

Bunchalar dilozor bo‘lmasang, kimsa,
Maqoming bandai mo‘min-ku axir?!
Kimdir jigarini tuproqqa ko‘msa
Holin so‘ramasang, toshmi bu bag‘ir?

Tepangda porlaydi oftob charog‘on,
Sen esa atrofni butkul tun deysan.
Kimningdir diliga cho‘ksa zimiston,
Sen uning holini yorug‘ kun deysan.

Bir mahal duch kelib sendek baloga,
Payg‘ambar oh chekmish, qalbi to‘la zor.
Rasululloh demish: hatto Musoga
Ummati bunchalik bermagan ozor.
1991-1992 yillar

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:27:27

O’ZBEKISTON DAVLATI

O’zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi chinakam,
Ushbu kunni, ayting-chi, qay birimiz kutmadik.
Zarur bo‘lgan chog‘da goh dor tagida turib ham,
Qay birimiz tarixning sinovidan o‘tmadik.
Dong‘il safarga chiqdi endi hur O’zbekiston,
Kimgadir oyoqosti, kimga u osmon bo‘ldi.
Shukrkim, o‘z-o‘zini tanidi keksa jahon,
Ya’ni o‘zbek Davlatin jumlai jahon bildi.

Ne-ne kamsituvlarni ko‘rgan shu boshim bilan,
Ona xalqim, qoshingda tizza bukib turibman.
O’zbekcha gapirganda, bir chuqum oshim bilan
Sadaqai baxting deb borim to‘kib turibman.

Garchi doim ungandir gulchechaklar bog‘imda,
Temur va Navoiyni eslaymiz takror-takror.
Men-ku uzoq yasharman, lekin ketar chog‘imda
Tepamda egilajak o‘z tug‘im - bayrog‘im bor!

Nasib etmish bu kunlar, taralsin yangroq unlar,
Do‘stlar bilar yonma-yon qutlaylik bu ayyomni.
Iloyo, boshimizga kelmasin qaro kunlar,
O’zbegim, deb ko‘taring, do‘stlarim, oltin jomni.
1992 yil, 4 mart

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:27:37

MUSOFIR

Burunni sassiq deb kesib bo‘lmaydi,
Siz meni tushuning, Abdullo aka.
O’zbekman, va lekin darbadar daydi,
Tasalli berolsa qaniydi Makka.

O’zbek deb ajratar Afg‘onga borsam,
Menga kelgindi deb qaraydi Arab.
Tinglovchi kimsa yo‘q dardimni yorsam,
Faqat ezilaman onamga qarab.

Garchi kamim yo‘qdir molu dunyodan,
Oshyoni omonat qushman aslida.
Yiroqman yurt degan mehrigiyodan,
G‘aribman umrimning qaynoq faslida.

Qo‘lda qurol bilan jang qildim men ham,
Afg‘on tuprog‘ini bosganida yov.
Hech qursa bir nafas, hech qursa bir dam,
Bosqinchi yo‘liga bo‘la oldim g‘ov.

Jangda inilarim bo‘ldilar shahid,
Yolg‘iz onam bilan qoldik ikkovlon.
Meni atadilar manfur mujohid
Shimol galalari makkor, beomon.

Jayhunning ortidan kelgan o‘zbegim,
Qurol ko‘tarmishdir o‘rtanib joni.
Bugun men olamga oshkora degum,
U ham sho‘rolarning bo‘ldi qurboni.

Menga qo‘li qon deb boqmang, akajon,
Ozodlik qadrini men ham bilganman.
Janglarda qay o‘zbek bergan bo‘lsa jon,
Uning qatorida men ham o‘lganman.
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:27:49

TURKISTON BOLALARIGA
(Mustaqilligimizning bir yilligi munosabati bilan)

Turkistonning bolalari, maqtovimga quloq tutmang,
Gina qilsam chidang, ammo gaplarimni hech unutmang.

Eng avvalo, shajarangiz qaydan chiqqan, bilib oling,
Siz ham bashar farzandisiz, Haqni bayroq qilib oling.

Men Temurdan so‘zlayinmi, so‘zlayinmi Navoiydan,
Barchasini o‘qigansiz, eshitgansiz yo roviydan.

Tarixingiz shundoq uzoq, jangu jadal desa ham bor,
Bosqin ham bor, toshqin ham bor, kasbu amal desa ham bor.

Bobur bo‘lib so‘radingiz qo‘ni-qo‘shni dunyolarni,
Mashrab bo‘lib kezdingiz goh qashqir yurmas sahrolarni.

O’t ketsin u qora kunga - birovlarga qul bo‘ldingiz,
Sharqu G‘arbning o‘rtasida oyoqosti yo‘l bo‘ldingiz.

Biroq iymon nuri doim oqib turgan qoningizda,
O’zingiz ham sezmagansiz, bir gavhar bor joningizda.

Ming-ming shukr, zamon kelib istiqbolga erishdingiz,
Xarob bo‘lgan xonadonni butlamoqqa kirishdingiz.

Hurlikniyu saodatni muborakbod etgum, lekin
Aytib qo‘yay, qulog‘ingiz bitgan ekan sekin-sekin.

Nazaringiz tushar avval zebi-ziynat dasturxonga,
Hanuz ta’zim qilmoqdasiz mol-dunyosi bor insonga.

Bo‘y-bastini ko‘rsatguvchi urfoni zo‘r millat qani,
Sizning uchun obro‘ - oltin, arzongarov shuhrat - ma’ni.

Yuragida javhari bor kimsalarni ko‘rmagaysiz,
Karnayi yo‘q bechoraning to‘yiga yo‘l burmagaysiz.

Har qadamga xushomadni o‘z o‘rniga qo‘yolsaydim,
Peshvolarning poylariga haftada qo‘y so‘yolsaydim,

Bo‘lmas edi mendan ulug‘, mendan aziz biror inson,
Oh, xalqimni ne ko‘ylarga solding zamon, solding zamon.

Turkistonning bog‘larida bulbullari bor, holbuki,
Xor bo‘lsa ham tog‘day baland ko‘ngillari bor, holbuki.

Birov u yon tortar bo‘lsa, birov bu yon tortayotir,
Qonsiragan jallodlarning shodliklari ortayotir.

Bilib bo‘lmas rost gap qayda, bilib bo‘lmas qayda yolg‘on,
Malomatga yo‘liqadi, elga: "œBirlash" degan inson.

Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
"œPuf" deganda to‘zg‘igudek mo‘’jazgina lolalari.

Chinor bo‘lib ildiz oting, qoya bo‘lib tiklangiz qad,
Ulug‘-ulug‘ ajdodlarning xavotiri Sizdan behad.

Soyangizda panoh topsin horib tolgan qondoshingiz,
Unutmangki, bul chamanda har bir yaproq jondoshingiz.

To‘qayzori bo‘lmasa gar sheru arslon qaydan unar,
Bir manzili bor ekanki, burgutlar ham kelib qo‘nar.

Oldindadir hali zahmat, oldindadir imkoningiz,
Osilmagan ne-ne Mashrab, otilmagan Cho‘lponingiz.

O’tinch ila hasratimni nasihat deb yuzga solmang,
Xudo insof bergan kuni barmog‘ingiz tishlab qolmang.

Muruvvatu ma’rifatdir buyuklikning nishonasi,
Qadam qo‘ying, mana sizga dong‘il yo‘lning ostonasi.

Turkistonning bolalari, Turkistonning bolalari,
"œPuf" deganda to‘zg‘igudek mo‘’jazgina lolalari...
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:27:59

* * *

Haq sevgay o‘ziga yor bandalarni,
Dilida iymoni bor bandalarni,
Takabbur boshlarni pastroqqa egsa,
Yuksakka ko‘targay xor bandalarni.

1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:28:10

* * *

Kimdir farzandiga derdi: - Ey, qo‘zim,
Jonu diling bilan eshit bul so‘zim.
Qachondir salomga alik olmasdim,
Endi bir alikka zordirman o‘zim.

1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:28:18

* * *

She’r, Farzand, Yaxshilik - misli polapon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Olamda qanchaki yomonlik bo‘lsa,
Yopirilib keldilar bari men tomon.

1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:28:30

SHOIR CHORIJON MARSIYASI

Har kim ham dunyodan o‘tadi.
U yo shoh, yo gado bo‘lmasin.
Qazoying qalbimni o‘rtadi,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin!..
Axir u eng avval insondir.
Qavmiga qadrli bir jondir.
Ustozi orzumand osmondir,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin.
Sen o‘ychan yurarding, Chorijon,
O’ylardim - ilhomga yori jon,
Aytmovding, yengibdi dard pinhon,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin.
G‘uzorning dashtida olamdek,
Armoning sochdi oq tolamdek,
Beg‘ubor eding bir bolamdek,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin...
She’riyat, hamrohsan biz ila,
Uyingda yuz berdi zilzila,
Bu ne hol, bahorda zilzila,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin.
Shoir xoh yoshdir, xoh qaridir,
Ijodi ajaldan naridir.
Alamdir, bari bir alamdir,
Hech kimning shogirdi o‘lmasin!
1992

Qayd etilgan