Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166993 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:28:41

SHAROF RASHIDOV XOTIRASIGA

Marhumlar hayotdan erurlar yiroq,
Demakki, yiroqlar xushomaddan ham.
Makru nayranglarin qo‘ymaydi biroq,
Toki hayot ekan Nobakor Odam.

Ularning turfa xil odatlari bor,
Avval ganjlarini ko‘mgay tuproqqa.
So‘ng birdan o‘zlarin his etib nochor,
Gavharim qayda deb tushgay titroqqa.

Dunyoda har kimga qismat yor emish,
Kimdir toj kiygaydir, kimlardir kuloh.
Go‘yoki Alisher sizga ham dermish:
"œSiyrating darveshu suvratingdir shoh".

Ezgulik niqobin yuziga tortgan
Manfur bir maydonda surgandingiz ot.
Kimdir o‘z padarin bir pulga sotgan,
Qo‘l-oyoq kishanda, talangan bisot.

O’ychan ko‘zingizda ne g‘am bor edi,
Kelajakmidi yo moziyning shoni?
O’zbek-ku, bir erkka intizor edi,
Sizni ado qildi ming bir armoni.

Erksevar ellarning orzusin yoqlab,
Xayol dengizida tunlar suzgansiz.
Istiqlol so‘zini yurakda saqlab,
Siz qafas ichida gullar tuzgansiz.

Shoirman, bo‘ynimda she’rning gunohi,
Sohibin asraydi Saltanat makkor.
Ochko‘z, amalparast kimsalar gohi
Adolat menman deb topgay e’tibor.

Ularning dastidan notinch el, zamon,
Tanimay qolursan oq-qorani ham.
Chalg‘itib kelganlar topganda imkon,
Hattoki Temuru Boyqaroni ham.

Odildir - kim elni boshlagan baxtga,
O’zi o‘tda yonib, yo‘lni ochganlar.
Lekin intilarkan toj ila taxtga,
Vo ajab, ko‘pincha dordan qochganlar.

Qulluq, Sharof ota, ming bora qulluq,
Boqiy O’zbekiston sizga ham yodgor.
Bugun u istiqlol shavqiga to‘liq,
Xizmatingiz eslar takror va takror.

Ilohi, har kimga bersinu to‘zim,
But bo‘lsin Vatanning metin qo‘rg‘oni.
Sizni qo‘llab turar O’zbegim - o‘zim,
Va, yurtning posboni - jasur o‘g‘loni!

Sulton bo‘lmasangiz, Sharof ota, gar,
Yashardingiz qalam qo‘ldoshi bo‘lib.
Poklikka, vafoga timsol muqarrar,
Xursanoy ayaning yo‘ldoshi bo‘lib.
1992 yil 2 noyabr

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:28:50

XALQ NAQLI

Xalq naqlni to‘qimaydi atayin,
Naqllarning umri fuzun bo‘ladi.
Mana, sizga bittasini aytayin:
Yaxshilik qil - tiling uzun bo‘ladi.

O’yga solar biroq boshqa bir jihat,
Yaxshilikni hunar qilgan elimiz.
Boshimizga yog‘ar tinmay malomat,
Ayting, qachon uzun bo‘lar tilimiz.
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:28:58

IKKI G‘ANIM

Qizlarning dushmani husni bo‘lsa gar,
Shoirning dushmani - iste’dodidir.
Ularning hayotin etguvchi zahar
Suq bilan hasadning istibdodidir.

Qizlarga suq bilan boqqan har kimsa,
Porloq yulduzlarga mengzab maqtaydi.
Shoir iste’dodin dushmani esa,
Uni oyoqosti qilib toptaydi.
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:29:11

MEN KIMGA SUYANGUM

Bir kun savol berdi yoshgina o‘g‘lon:
- Nechun Allohim deb yig‘laysiz nolon.
Dedim, javobimdan bo‘lmagin hayron,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Tinimsiz aldasa muhit, makoning,
Tortsa oyog‘ingdan do‘stu yoroning.
Shunday o‘tar bo‘lsa har zum, har oning,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Noshukur emasman dunyoda garchand,
Qaydadir menga ham bor balki dilband
Va lekin tiriklay kuydirsa farzand,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Insofu ishonch ham shirin so‘z bari,
Tiriklik toshqindir yoki ko‘pkari.
To hayot ekansan qochgaydir nari,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Shunchalar kaj erur dunyoi gardun,
Undan diyonatni axtarmoq nechun,
Padar shod o‘z o‘g‘lin bag‘rin etsa xun,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Mingta ko‘z poylaydi bitta joningni,
Joningmas, martabang, balki shoningni,
O’t qo‘ymay yoqarlar xonumoningni,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Bu ko‘hna dunyoda yashadim nega,
Yaydoq ot misoli bo‘ldim beega.
Malomat qilurman, olomon, senga:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Mendan ranjimasin bo‘lsa do‘st agar,
Balki ularning ham dilida kadar,
Hoynahoy mendaylar degay muqarrar:
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.

Umr ham oxirlab bormoqda sekin,
Endi sarg‘aymoqda men ekkan ekin.
Mayli, sen o‘zingga suyangil, lekin,
Men kimga suyangum Allohdan boshqa.
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:29:21

MULOQOT

- Baxtsizman, toleim kulmaydi,
Onajon, qoshingga ketayin.
- Ketganlar hech qaytib kelmaydi,
Bardosh qil deyman, oh, netayin.

- Ne uchun dunyoda tug‘ildim,
Bu qadar omadsiz, bechora.
- O’zim ham bir umr bo‘g‘ildim,
Bolajon, noiloj, nachora.

- Ne uchun yovuzdir odamlar,
Birovi toptaydi birini?
- Meni ham yedi-ku shu g‘amlar,
Bilmadim bu holning sirini.

- Insonga ishondim - xor bo‘ldim,
Sen deding - bir ishonch sabrdir.
- O’zim ham ishonchga zor bo‘ldim,
Oqibat topganim qabrdir.

- Bosh urib borarga yo‘qdir joy,
Onajon, qoshingga ketayin.
- Bolajon, horibsan hoynahoy,
Bardosh qil deyman, oh, netayin.

- Chorlasang, madadkor bo‘lolsang,
Visoling ruhimi shod etar.
- Sen ham gar yo‘qlikka yo‘l olsang,
Borliqda kim meni yod etar?!
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:29:30

O’ZBEK QOMUSI

Men bechora bir odamman,
Ertangi kunim,
Ne bo‘lishin bilmaydigan ojiz bandaman.
Yeru osmon o‘rtasida topmagan qo‘nim,
Botinimda botmon toshu zohir xandaman.

Yolg‘izlikning rutubatli ko‘chalarida,
Ne-ne oltin fasllarim o‘tdi junjikib.
She’riyatning tund qorong‘u ko‘chalarida
Yiroq-yiroq yulduzlarga boqdim entikib.

Ig‘vo, hasad, fitna bilan to‘lgan bu hayot,
Har onimda mingta etdi bir hasratimni.
Xira tuman orasida butkul koinot,
G‘ira-shira ilg‘ar edim mamlakatimni.

Eslar edim Buxoriyni, Yassaviyni ham,
Ha, ha, ayri tushmagandi xotirotimdan,
Faqat ular chalinardi ko‘zimga mubham,
Lekin sira ketmas edi xayolotimdan.

Ham Temurbek, ham Ulug‘bek, Alisher, Bobur,
Sizlar tuzgan ul saltanat - Saltanat bo‘ldi.
Ulug‘ tarix Turkistonga cho‘ng guvoh erur,
Davlat edik, davlat edik, u davlat bo‘ldi!

Emukdoshim, ay, qardoshim, quloq tut menga,
Ushbu ko‘hna kahkashonda mag‘rur tutgin bosh.
Sen zaminga loyiqdirsan, zamin ham senga,
Senikidir endi bu yer, seniki quyosh.

Qo‘lingda erk, boshda yalov, tilingda surud,
Vataning bor, bola-bog‘chang, or-nomusing bor.
O’zbekiston deb atalgan muqaddas hudud,
O’z Davlating, Mamlakating, o‘z Qomusing bor.
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:29:44

XALQNI ASRASANG

Hech kimsa devor bilan ajralganmas olamdan,
Vujudingga tutashdir tegrangdagi shu xilqat.
Yaxshilik qil hammaga, qaytajak o‘zingga ham,
Sen o‘zingni asraysan xalqni asrasang faqat.
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:29:53

ODAMIYLIK

Bir kun to‘kin bo‘lar yupqa dasturxon,
Zarbof bo‘lmasa ham kiygansan chopon,
Lekin odamlikni unutar bo‘lsang,
Ularning barchasi hayf senga, inson!
1992

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:30:09

ECHKI

Hammaga ma’lumdir echkining fe’li,
Qozonga tushguncha tinch tura olmas.
Doim egri bo‘lgay tanlagan yo‘li,
Hunar ko‘rsatmasa jim yura olmas.

Goho nihollarni g‘ajiydi obdon,
Cho‘pon tayog‘iga teginar goho.
Suruvni jarlikka boshlar nogahon,
O’zi chetlab o‘tar xatarni ammo.

Bir kuni echkining g‘ayrati qo‘zib,
Baland bir qoyaning uchiga chiqdi.
Boqdi bulutlarga ko‘zini suzib,
Yuksaklik zavqini surdi, miriqdi.

Tog‘larga to‘shaldi qorayib oqshom,
Endi qaytib tushmoq kerak-ku axir.
Izg‘irin boshlandi, yo‘qoldi orom,
Na giyoh, na suv bor, qoya tap-taqir.

Qandoq chiqdi u yon, o‘zi ham bilmas,
Qaytib tushmoqlikka topmadi chora.
Eng yuksak qoyaning ustida xullas,
Mung‘ayib bir o‘zi qoldi bechora.

Endi madad so‘rab ma’ray boshladi,
Osmonu falakni ko‘tarib boshga.
Bizning tilda aytsak, ko‘zin yoshladi,
Omad boshqa dedi, falokat boshqa.

Tongda nazar soldi qoyaga cho‘pon,
Echki haykal yanglig‘ qotgancha turar.
Yurakni ezgudek ma’raydi nolon,
O’ziga beto‘xtov himoya so‘rar.

Cho‘pon ham chiqolmas bundoq qoyaga,
U ham noilojdan boshin qashladi.
Fursatni ketkazmay deya zoega,
Qutqazish yo‘lini izlay boshladi.

Bir bora qaynaydi har holda qozon,
Suruv ro‘yxatidan uni o‘chirdi,
Darhol o‘qladi-yu miltig‘in cho‘pon,
Echkini qoyadan urib tushirdi.
1993

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:30:22

QORAQALPOG‘IM

Men o‘zbek, sen esa qoraqalpoqsan,
Turklar dunyosida sen ham urvoqsan,
Gar men tuproq bo‘lsam, sen ham tuproqsan,
O’zbekka azaliy qarindosh, inim.

Orol bo‘ylarida topganding orom,
Sholi, baliq edi senga rizqu kom,
Nahot endi yo‘qdir to‘lg‘izilgan jom,
Nahot qolding yolg‘iz, ko‘zda yosh, inim.

Mana - bu Ibroyim, Tulebbergan bu,
Qoraqalpoq baxtin tilab yurgan bu,
Yaratgandan haqqin so‘rab turgan bu,
Iloyo boshginang bo‘lsin tosh, inim.

Seni qo‘llab turar ulug‘ mamlakat,
Yurtboshi yaxshilik tilaydi faqat,
Niyating hamisha bo‘lsin ijobat,
Ham yo‘ldosh, ham qo‘ldosh, ham sirdosh inim.

Umidvor yashaymiz doril zamonda,
Birimiz Nukusda yoki Qo‘qonda,
Umuman aytganda O’zbekistonda,
Senga bo‘lajakmiz ko‘zu qosh, inim.
1993

Qayd etilgan