Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166975 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:30:47

O’ZBEKISTONIM, SENGA

Aylayin qalbimni tortiq nurli bo‘stonim, senga,
Sen vatandirsan, fidodir tanda bu jonim senga.

Bebahosan, asragayman gavharim, deb men seni,
Sen qarog‘ bo‘lsang agarda, sadqa mujgonim senga.

Sendan ayru dam uzundir, lahzalar ham yilga teng,
Bir umrga lek barobardir kerak onim senga.

Har bir ahling bitta yulduz, kavkabistonim o‘zing,
To hayotdirman, charog‘im, shu’layi shonim senga.

Yoru do‘stlar jam bo‘libdir, to‘y qilur o‘zbek elim,
Men degayman xush kelibsan, do‘stu mehmonim, senga.

Xizmatingga shay erurman, mehnatingda ham o‘zim,
Baxtiyorman, sarf etolsam borki imkonim senga.

Dilda borim sen uchundir, qo‘lda torim sen uchun,
Qayda bo‘lsam talpinurman, O’zbekistonim, senga.
1993

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:30:56

LO’TTIBOZ

Ne-ne balolarga goho tutildim,
Ko‘pidan, inshoolloh, endi qutuldim.

Boshimga tushdi goh muhtojlik, kulfat,
Bariga ko‘nikib ketdim oqibat.

Tutqin eta oldi na shuhrat, na g‘am,
Qutuldim behuda orzulardan ham.

Bir zamon qolganda chorasiz, yakka,
Dard xuruj qilgandi o‘ksik yurakka.

Necha oy yo‘l qarab, to‘shakband bo‘ldim,
Shukrkim, darddan ham oxir qutuldim.

Toki, g‘olib ekan bosqinchi zoti,
Qafasda o‘tgaydir xalqning hayoti.

Vatan ozod bo‘ldi, nash’aga to‘ldim,
Demak, kishanlardan men ham qutuldim.

Ammo bir kasofat qiynaydi hamon,
Unga bas kelolur na vaqt, na zamon.

Uni daf’atan-da tutib ham bo‘lmas,
Va lekin aylanib, o‘tib ham bo‘lmas.

Qutuldim necha qish, necha yozlardan,
Faqat qutulmadim lo‘ttibozlardan.

Dargohing buncha keng, oh, Parvardigor,
Sening marhamating bisyordan-bisyor.

Yaxshisi, o‘g‘lingga tezlikda sim qoq,
Degil: Kelmasang gar, oq qilaman, oq!

Magar shoir bo‘lsang g‘azal yoz, yoz fard,
Lekin topilmaydi o‘qiydigan mard.

Ijro et she’ringni o‘zing baralla,
Degil: qotiribman, uh, barakalla!

Nabirang ko‘ngliga izlasang kalit,
Bir juft chaqich beru o‘zingni tanit.

Ulfat izlamagin ko‘cha yuzidan,
Hozir hamma ketgan pulning izidan.

Nihoyat qartayib, horib tolgaysan,
Barcha tashabbusni qo‘lga olgaysan.

Bir kun tramvayga chiqsang hoynahoy,
Senga biror kimsa bo‘shatmagay joy.

Xoli o‘rindiqqa tushsa gar ko‘zing,
O’tiring, domla! - de o‘zingga o‘zing.

Kimlardir tortmasin, tashvish, jabringni,
Albatta, qazdirib qo‘ygin qabringni.

Bir juft so‘z o‘ydirgin marmar toshga ham:
- Bu yerda yotibdi Eng Yaxshi Odam!.

Axir tirigingda yo‘qlashmadi, bas,
O’lganingdan so‘ng ham hech kim eslamas.

Xullas, yo‘qolmagay mehru oqibat,
Buning chorasini izla, top faqat.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:31:11

MEHRU OQIBAT HAQIDA BALLADA

Dema ko‘tarildi mehru oqibat,
Birgina chora bor bunday chog‘ faqat.

Toki tanangda jon, og‘zingda so‘zing,
Endi xabar olgin o‘zingdan o‘zing.

Xotin nonushtaga olib kirsa choy,
O’zingni taklif qil: - Ich, falonchiboy!

Tongda ishxonangga qo‘ysang gar qadam,
Jumladan, salom ber o‘z-o‘zingga ham.

Ilgakka paltongni hurmat bilan os,
Ko‘rsat o‘zingga ham sadoqat, ixlos.

Odatda bir kimsa ishga bo‘lar g‘ov,
Hayfsan e’lon qilgin o‘zingga darrov.

Balki yo‘l olarsan uzoq safarga,
Yiroq qishloqqami, olis shaharga,

Hol so‘rab dadangdan, tuqqan onangdan,
O’zingga maktub yoz borgan joyingdan.

Dema, ko‘tarildi mehru oqibat,
Buning chorasi bor, izla, top faqat.

Tug‘ilgan kuningni balki bilarsan,
O’zingga nimadir sovg‘a qilarsan.

Nogoh tushib qolsang kasalxonaga,
Ko‘z tikkil na do‘stu na begonaga.

Mushrik bandalaring nahot oz senga,
Nechun zarur bo‘ldi lo‘ttiboz senga.

Uning ham odamdek bor yuzi, ko‘zi,
Lekin aldab ketar kuppa-kunduzi.

Manfaat bo‘lsa bas, qaytmas balodan,
Quruq chiqa berar cho‘ksa, daryodan.

Uning do‘ppisini bunga kiygizar,
Qisir sigirni ham hatto iygizar.

Uning jinsi yo‘qdir, yo‘qdir millati,
Umumbashariydir, ya’ni illati.

Qaraysan, bir go‘zal turar, aylab noz,
Botiniga boqsang, afsus, lo‘ttiboz.

Mana bu janob-chi, jilmayar mamnun,
Aslida libosga o‘ralgan maymun.

Rizqing but bo‘lsin deb chekkandim nola,
Qay kun aldab ketdi bir cho‘loq bola.

Lo‘ttiboz oshnodir ishi bitguncha,
Eshagi kechuvdan toki o‘tguncha.

Iloho, olamda o‘zingsan eng sof,
Bergil ularga ham diyonat, insof.

Qancha sinoving bor, solgin boshimga,
Ularni yuborma hargiz qoshimga.

Mayli, do‘zaxingda qiyna, o‘tda yoq,
Meni lo‘ttibozga duch qilma biroq.
1993

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:31:19

TELEFON DAFTARI

Sira ajab emas,
Shomdan to sahar
O’nlab daftarlarga ko‘milib qolsam.
Telefon daftari -
Lekin, bu daftar...
Yuragim bezillar, qo‘limga olsam.

Unda qancha-qancha do‘stu qadrdon,
Tanish-notanishning nomlari bordir.
Biri Inson edi, to hanuz Inson,
Boshqasi, afsuski iblisga yordir.

Biri boyib ketgan, quv, izzattalab,
Balki o‘zgartirgan eski raqamin.
Birovi, ko‘zimning yog‘ini yalab,
Mendan allaqachon uzgan qadamin.

Biroviga esa yoqmabdi mansab,
Atrofin yaltoqi zotlar o‘rabdi.
Qay kuni qirq yillik do‘stiga qarab,
Isming nima edi, - deya so‘rabdi.

Manovi kamtarin, yo‘qsil tanishim,
Ko‘ngli o‘smasmidi bitta so‘zimdan.
Men ham o‘zgardimmi? Mo‘lmi yo ishim?
Bir bor yo‘qlamabman. Gina o‘zimdan...

Fojia emasdir bu gaplar zinhor,
Balki qay birini tuzatsa bo‘lar.
Lekin daftar ichra qator va qator,
Marhum do‘stlarimning nomlari turar.

O, mening qalbi pok birodarlarim,
Qoningiz ne uchun bemahal tindi.
Siz yo‘qsiz - men uchun davralar yarim,
Kunim kimlargadir qolmishdir endi.

Ha, nomard bo‘lsa ham shirin shu hayot,
Ha, zaqqum bo‘lsa ham g‘animat zumlar.
Bilaman, ortiga qaytmas koinot,
Bilaman, tirilib kelmas marhumlar.

Balki o‘chirsammi nomlarin? Aslo!
Cho‘chiyman, o‘zimdan dakki yeganday.
Ular, raqamlarin tersam mabodo,
Yulduzlar ortidan "œLabbay" deganday.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:31:32

SHARQ HIKMATI

Taxtga talpinasan g‘azabga to‘lib,
Chiqarmoq bo‘lasan olamshumul chang.
Har oyna ko‘targan Iskandar bo‘lib,
Temur sanalmagay har qandayin lang.

O’zbekning davlati qaror topgan chog‘,
Maymunjon terardi qaysi bir nasling.
O’z yurting sha’niga tushirmagin dog‘,
Axir odam erur sening ham asling.

Har kim shoh bo‘lay der ilojin topsa,
Uringay, tarixga kelsa ham malol.
Falak chappa ketib, omading chopsa,
Sharqning bir hikmatin yaxshi anglab ol:

Podshoh deganlari kunu tun bedor,
Xalqining mehribon doyasi bo‘lur.
Bejiz aytmaganlar, asl hukmdor,
Xudoning yerdagi soyasi bo‘lur.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:31:42

MAYNA

Bog‘ning qiy-chuviga quloq tutaman,
Bu yerda turfa xil qushlar aylanar.
Sa’va-yu qaldirg‘och - o‘zi bir jahon,
Va lekin ko‘payib ketmish maynalar.

Bunday olg‘ir qushni ko‘rmaganman hech,
Bir cho‘qib o‘n qarar - tegar joningga.
Unga farqi yo‘qdir: kunduzmi yo kech,
Dangal sherik bo‘lar dasturxoningga.

Yurishini ko‘rsang, olifta, satang,
Balki sepib olgan farang atrini.
Musicha o‘zini eplaydi arang,
U-chi, yerga urmas sira qadrini.

Ayni pishgan chog‘i bog‘ingda kishmish,
Egalik qiladi ekkanday o‘zi.
Yaxshiyam yo‘q unda o‘ttiz ikki tish,
Yaxshiyam hamyonni poylamas ko‘zi.

Ulgursa yer yuzin aylardi taqir,
So‘ngra bir-birin yeb, topardi barham.
Dunyoda insofli qushlar ko‘p axir,
Ular soyasida yashar mayna ham.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:31:55

YAXSHILIK VA YOMONLIK

El aro yuradi bir naql,
Xalq uni takrorlab aytadi.
Kimsaga yomonlik qilmagil,
Bir kuni o‘zingga qaytadi.

Darvoqe, pand bersang bir jonga,
U ham tinch turarmi hech zamon.
Deydilar, tuflasang osmonga
Yuzingga tushgaydir begumon.

Yaxshilik qilsang-chi, sen, biroq,
Qaytarmi u senga? Bu mubham...
Boshini silasang gohi choq
Qo‘lingni tishlaydi iting ham.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:32:05

DUNYO

Bir kimsa umrining so‘ngiga qadar,
Yig‘di molu dunyo, yig‘di siymu zar.

Uni qiziqtirdi na do‘stning holi,
Va na qo‘shnisining o‘ksik ahvoli.

U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib o‘tdi.

Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin ko‘tarib keldi-ku ajal.

Endi na siymu zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.

Rozi yo norizo - farqi yo‘q mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto do‘st-o‘rtoq.

Beshafqat ajalga berar ekan tan,
U dedi: "œShu ekan, dunyo shu ekan".

Marhumga marhumlik ko‘rilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.

Uyum tuproq bo‘ldi quvonchi-g‘ami,
Kimdir boqib dedi: "œShunga shunchami"...
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:32:17

* * *

Paydo bo‘lganida zamin bir zamon,
Avval yaralgandir daraxt va hayvon.
Bul ikki soddani aldamoq uchun
Aqlini pesh qilib chiqqan so‘ng Inson.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:32:27

* * *

Odatda ulfatlar bo‘lishganda jam,
Qizishib deydilar: dunyo - biri kam.
Ajib bir ziddiyat: oxirgi qadah,
Ortiq bo‘lganini o‘ylamas hech ham.
1994

Qayd etilgan