Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166976 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:35:04

* * *

Olamda hech narsa emas yagona,
Besh panjang misoli turfa zamona.
Agar bir oqilni uchratsang, bilki,
Unga to‘g‘ri kelgay yuzta devona.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:35:13

* * *

Paymonalar o‘z-o‘zidan to‘lgan emas,
Mangulik ham bir lahzada bo‘lgan emas.
Hoy raqibim, alay-balay dema menga,
Men o‘lmayman, chunki bobom o‘lgan emas.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:35:23

* * *

Ishlari ig‘vo-yu tuhmat va riyo,
Aldamchi, haromxo‘r, iymonsiz balo.
Agar ularni ham yaratgan bo‘lsang
Kimdan gina qilay endi, ey xudo.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:35:34

* * *

She’rim, aytgan so‘zim, ba hukmi zamon,
Tarqalib ketdilar hammasi har yon.
Qalblarda tinch-totuv yasharmi ular,
Bozor iqtisodi bilan yonma-yon.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:35:43

BAYRAM

Toki tirik ekan dunyoda odam,
Unga hamroh erur goh shodlik, goh g‘am.
Ertang ne bo‘lishin bilmasman ammo,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Yordan ayri kechsa - har lahza abas,
Vafosiz do‘stni ham do‘stim dema, bas.
Keng jahon sen uchun bo‘lmasdan qafas,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Demagil, chopqirdir omadim manim,
Hech qachon belanmas loylarga sha’nim.
Ustingdan yozmasdan bir nomard g‘anim,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Oddiy narsalarni ko‘zga ilmay goh,
Olis yulduzlar deb chekamiz oh-voh.
Boshingni qotirmay yoningdagi moh,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Olamda bazmu aysh uchrar alomat,
Bemorga bormikan undan halovat.
Mayliga yovg‘on ich, lekin salomat,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Eng avval tinch bo‘lsin ko‘ksingda vijdon,
Tinch bo‘lsin elu yurt, Vatan jonajon.
G‘uborga chulg‘anmay shu yeru osmon,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.

Yashashning shavqin sur sira tolmasdan,
She’ring yoz, paysalga endi solmasdan.
Faqat qartayganda sevib qolmasdan,
Tinch o‘tgan har kuning, albatta, bayram.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:35:53

XOTIRA

Mag‘ribda yovuzlik ko‘targanda bosh,
Siz sodiq qoldingiz ezgu niyatga.
Yomg‘ir yopinchig‘u yostig‘ingiz tosh,
Qalqon bo‘loldingiz insoniyatga.

Ona yurt bag‘ridan juda ham yiroq,
O’zga manzillarda topshirdingiz jon.
Hanuz ko‘ksimizni tirnaydi firoq,
Garchi siz muzaffar, g‘olib, qahramon.

Garchi Vatan sizni hamisha yodlar,
Lekin armoningiz sig‘mas qabrga.
Hali tug‘ilmagan ne-ne zuryodlar,
Barchasi ketdilar siz bilan birga.

Zaminda charx urar ruhingiz bedor,
Qolgan tiriklarning tinchini o‘ylab.
Charx urar, Chotqolga termulgancha zor,
Qarshining bepoyon dashtlari bo‘ylab.

Ozod O’zbekiston bosh egib bu kun,
Shahid farzandlarin nomini yo‘qlar.
Qay biri bedarak, qay biri beun,
Uzoq sarhadlarda jimgina uxlar.

Manguga tinmishdir qalb tug‘yonlari,
Endi xotirangiz yo‘ldoshdir bizga.
Xalqimning fidoyi mard o‘g‘lonlari,
Allohning rahmati yog‘ilsin sizga.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:36:18

ADOLAT

Yo‘qsilga dedilar: Da’voyingdan kech,
Mana ol, siymu zar senga kafolat.
Yo‘qsil ular gapin tinglamadi hech,
Adolat, dedi u faqat, adolat!

Badavlat kimsaga berdilar savol,
Dedilar: Nima bor kuchliroq puldan?
U javob qaytardi: - Qo‘rqaman alhol,
Adolat axtargan o‘sha yo‘qsildan.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:36:34

XALQ

Hamma narsa o‘tadi, mansab, shonu shavkat ham,
Shirindan shirin qolur, talxdan esa qolur talx.
Bir kuni tuproq bo‘lur, tengsiz shamsi tal’at ham,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Gohida ko‘zda yoshu gohida xandon bo‘ldik,
Gohida bolg‘a bo‘lsak, gohida sandon bo‘ldik,
Axiyri kulib tole, sohibi davron bo‘ldik,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Nomingni qaro degan - paxtaginam, senmisan,
Lo‘ppi deya yutganim - laxtaginam, senmisan,
Avaxtada bosh urgan taxtaginam, senmisan?!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’zbekning peshonasin po‘latdan yaratmishdir,
Yumushini malomat, zahmatdan yaratmishdir,
Bir so‘z bilan aytganda - mehnatdan yaratmishdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Tinglasang tuganmaslik afsonasi bor bu el,
Sarkardasi, shoiri, taronasi bor bu el,
Ming oqilga arzirlik devonasi bor bu el,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Farishta emasdirmiz, ushbu gapim sir emas,
Har uchragan eshonu, har sallalik pir emas,
Lekin dasturxon haqqi, ko‘nglimiz hech kir emas,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Janggohlarda jon bergan bobolarni unutmang,
Moshoq terib non bergan momolarni unutmang.
E’tiqod, iymon bergan duolarni unutmang,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Amalparast, lo‘ttiboz bo‘lmagan qachon axir,
Sak bir nima yemasa og‘zi bo‘larmish taxir,
Bizning barchamiz shohmiz, bizning barchamiz faqir!
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

O’tganlarni yod etmoq qolgandir shariatdan,
Inson sharafi yuksak millatu tariqatdan,
O’zbekka bul fazilat yuqmishdir tabiatdan.
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Olimmi yo paxtakor, kim bo‘lmasin - odamdir,
Ya’ni Alloh bandasi - har biri bir olamdir,
O’zbegim o‘z volidam, o‘zbegim o‘z otamdir,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Ayon gapki, adolat elning ko‘z, qoshi bo‘lur.
Urgani un oshi-yu, so‘ksa so‘k oshi bo‘lur,
Yurt og‘irin tortolgan asli yurt boshi bo‘lur,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.

Kattakon yo‘lga chiqding, yo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Farzandingman, qo‘llaysan, qo‘ldoshing bo‘lay, xalqim,
Hasrating ko‘p dilingda, dildoshing bo‘lay, xalqim,
Faqatgina xalq yashar, faqatgina qolur xalq.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:37:43

BURGUT QISMATI

Quloqqa chalinar gohi-gohida
Shunday bir rivoyat, shunday bir o‘git:
Nochoru noiloj qolgan chog‘ida
O’zini toshlarga urarmish burgut.

Men senga iltijo qilurman, egam,
Agar-chi tilimda shukronang bisyor.
Mehringdan mosuvo etma meni ham,
Do‘stlarga zor etma, dushmanlarga xor.

Oqil bo‘lsa hamki, bo‘lsa-da nodon,
Roziman, beribsan farzand yaratib.
Qartaygan chog‘imda, tilanchisimon
Sen ular qo‘liga qo‘yma qaratib.

Kulbai vayronam yetar menga, bas,
Yashayman sabrning koshonasida.
Iloyo, bosh egib yurmayin besas
Takabbur zotlarning ostonasida.

Qarayman sarg‘aygan tund quyoshimga,
Sekin og‘ib borar umrning tuni.
Magar rahm etmasang, tushsin boshimga,
Mayli, o‘sha nochor burgutning kuni.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:37:54

ABDULLA QODIRIYNING SO’NGGI SABOG‘I

Biringiz Otabek, biringiz Kumush,
Doim yashnab tursin sevgingiz bog‘i.
Haqiqiy muhabbat bilmasin so‘lish,
Ustoz Qodiriyning bu ilk sabog‘i.

Adib yuragida alamlar qat-qat,
Lekin bittasi bor, o‘chmasdir dog‘i:
Jonni tik ozodlik yo‘lida faqat,
Bu esa ustozning so‘nggi sabog‘i.
1994

Qayd etilgan