Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166990 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:42:45

KULMANG...

Och odamning ustidan kulmang,
Yetishmasa ishga qurbati.
Xunukkina qizlarni siylang,
Go‘zal bo‘lar ular siyrati.

Birovlarning haqqin yeganni
Dasturxonga yo‘lata ko‘rmang.
Rostni ko‘rib, yolg‘on deganning
Kosasini to‘lata ko‘rmang.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:42:54

OQLAR VA QORALAR

Hozir rang ajratish zamoni emas,
Har qanday ishora qalbni yaralar.
Va lekin bir-birin har zum, har nafas
Qo‘llab-qo‘ltiqlarkan zangi - qoralar.

Odamzod xolimas kindan, aldovdan,
Qilmaysan, kim-kimni goho saralar.
Oqlar g‘ijillashib turganda, g‘ovdan
Sakrab o‘tib ketar birdan qoralar.

Birodar, gapni sen ko‘rgandan so‘ra,
Demagil, she’ringda sharpa oralar.
Bir-birin yeb yotgan oqlardan ko‘ra,
Afzal-ku hamjihat o‘sha qoralar.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:43:12

"œJAMAYKA"

Bir vaqt Robertina ismlik bola
"œJamayka, Jamayka" deya kuylardi.
Yurakning tubiga yetib bu nola,
Olis Jamaykani har kim o‘ylardi.

O’sha gul diyorni ko‘rganmisan sen,
Ilojin topolsang qanot bog‘lab uch.
Axir o‘ylabmidim, Jenevada men
Ayni Jamaykaga kelurman, deb duch.

Yoyib kokillarin, turibdi sanam,
Qop-qora tun bilan o‘ralgandek oy.
"œMing bir kecha"dagi ertaklarda ham
Tavsif etilmabdir bundayin chiroy.

Kimning peshonasin bezaydi bu la’l,
Kimlarga hadya bu oppoq tabassum.
Jamayka go‘zali, o, tengsiz go‘zal,
Bir nafas shoshmay tur, qilg‘il tarah

Boqib jamolingga, yuragimda mung,
Olis yoshligimni esga olayin.
Ortingdan "œJamayka, Jamayka", deb
U sirli qo‘shiqni kuylab qolayin.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:43:22

HABASH QIZ

Nari ketolmayman bir habash qizdan,
Juda o‘xshar ekan Senga ko‘z-qoshi.
Bilmadim, o‘sha payt, qay biringizdan
Nusxa olgan ekan falak naqqoshi.

Loyingiz barobar qorgandir Xalloq,
Ayni ilhom chog‘i ijod etgandir.
Anavi habashning nusxasi biroq
Xumdonda uzoqroq qolib ketgandir.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:43:38

HIMOYAT

Dilimni ezadi gohida xayol,
Gumonlar, shubhalar zabtiga olgay.
Vaqt yetib, tiriklik topganda zavol,
Nahotki baytlarim egasiz qolgay.

Axir vayron bo‘lur qarovsiz uy ham,
Bog‘bonsiz gulshan ham so‘lgay bir kuni.
Asriy imoratlar yemrilgay kam-kam,
Kimdir himoyatga olmasa uni.

Lahzada ming bora turlanadi rang,
Sobit bir suratni topmog‘ing qiyin.
Bugun salom bersa agar nabirang,
Yaxshisi, alik ol yuz yildan keyin.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:43:47

SO’NGGI CHORA

Odamlar yo‘lida xarsangtoshday zil,
Erta-kech ko‘ndalang yotishdan saqlan.
Fursating o‘tdimi - maqomingni bil
Bekatda o‘tirgich bo‘lgil, masalan.

Agar o‘qimasa she’ringni birov,
Malomat qilmog‘ing, albatta, g‘alat.
Yaxshisi, do‘konni yopgin-da darrov,
Zehningni o‘zga bir yumushga qarat.

Boshqa fojiadan asrasin ammo,
Hech kim duch kelmasin unga daf’atan.
Sendan elu yurting tonmasin aslo,
Sendan o‘girmasin yuzini Vatan.

Unday choq, buzsang ham dodlab jahonni
Hech kim hayron bo‘lmas, hech kim qolmas lol
Agar topa olsang bir gaz arqonni,
O’zingni osa ber endi bemalol.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:43:58

O’GIT

Bolangni o‘g‘rilar tunabdi yo‘lda,
Lekin uh tortasan, ichingda nolang.
Deysan, o‘g‘lim, sen ham dadilroq bo‘l-da,
Biroq, tanbehingni eshitmas bolang.

U deydi: - Bormi hech dunyoda insof,
Yo‘limni to‘sdilar, kuppa-kunduzi.
Bolam, sen hozircha shabnam kabi sof,
Ayni farishtaning o‘zisan, o‘zi.

Nega? - deb atrofga boqasan hayron,
Ilk bor duch kelibsan bunday baloga.
Mening gaplarimni tinglagin obdon,
O’g‘lim, ishonma hech noqis dunyoga.

Duch kelgan kimsani pokdomon bilib,
Hargiz diling ochma, bo‘lmagil yo‘ldosh.
Insonlar uchraydi, bir ko‘zi kulib,
Ikkinchi ko‘zida tayyor turgay yosh.

Insonlar uchraydi, taomingni yeb,
Toptab keta berar dasturxoningni.
Chumoli qadarli manfaatin deb,
Chumolicha ko‘rmas sening joningni.

Insonlar uchraydi, ko‘kda oyni ham
O’zining mulki deb bilgaydir faqat.
Sening quvonchlaring ularga alam,
Sening zarra baxting ularga kulfat.

U payt qulog‘ingga aytguncha azon
Ogoh etmasmidim buning baridan.
Ishonch degan bir so‘z o‘chdi nogahon.
O’spirin umringning sardaftaridan.

O’g‘lim, odamiylik azizdir garchand,
Yostig‘ing ostida tursin yarog‘ing.
Dunyo har qadamda bergay senga pand,
Aslo mudramagay ikki qarog‘ing.

Ezgulik yo‘lida ko‘pdir muammo,
Undan qutulmoqning yo‘li bul ekan:
Insonga yo‘liqsang inson bo‘l, ammo
Hayvon yo‘liqqanda Hayvon bo‘l ekan.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:44:11

BOSHMANBULOQQA

Boshmanbuloq, Boshmanbuloq,
Senga ko‘zu qoshman, buloq.
Suvingdan bir qonib ichdim,
Endi mangu yoshman, buloq.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:44:25

UMMON ORTIDAGI MAKONIM
(Vashingtonda O’zbekiston elchixonasining yangi binosi ochilishi munosabati bilan yozilgan she’r)

Keng jahon bir qadam bo‘ldi men uchun,
Menga ham ochildi olam darchasi.
Yiroq Amriqoda taft sochar bu kun.
O’zbek quyoshining olov parchasi.

Ochildi men uchun tor osmon bekam,
Kezdim yuksaklikning cho‘ng darg‘asini.
O’zbekning lochini ozod va ko‘rkam,
Qurdi bu yerda ham qo‘nalg‘asini.

Nechun xushnud bo‘lmay, dilimni yormay,
Ummon ortida ham bordir makonim.
Dunyoning qaysi bir burchiga bormay,
O’zing boshpana bo‘l, O’zbekistonim!
Vashington shahri, 1996 yil 25 iyun

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:44:36

AYRILMAS

Yo haq!. - deb yo‘l olsa manzilga karvon,
Yo‘l boshlagan cho‘ng noridan ayrilmas.
Oshiqlar ko‘nglidan kechar ming armon,
Bir armoni - dildoridan ayrilmas.

Nelarni ko‘rmagay insonning boshi,
Bejiz aytmaganlar: "œU soyning toshi".
Donolar, bir joyga yetsa ham yoshi,
Piri bergan tumoridan ayrilmas.

Qachon dong chiqarmish, axir, yolg‘iz ot,
Farzand oqil bo‘lsa - padarga qanot.
Yigitga duch kelsa Hayot yo Mamot,
Do‘stlarining diydoridan ayrilmas.

Demishlar: .So‘qir ham ko‘rgay yorqin tush..
Ozod davron surmoq har narsadan xush.
Qafasga gar tushsa uchib yurgan qush,
Erkinlikning xumoridan ayrilmas.

Xor bo‘lmas, ajdodin kimki yod etgan,
O’tgan azizlarning ruhin shod etgan.
Avlodlar taqdirin o‘ylab dod etgan,
Ota-bobo mozoridan ayrilmas.

Har kim bilganicha chertgay sozini,
Moli toza odam qilgay nozini.
Mard kishi ko‘p degay hatto ozini,
Rizqin topgan bozoridan ayrilmas.

Peshvosi bor yurtning butundir baxti
Aslo xazon bo‘lmas ekkan daraxti.
Har kimga buyursin o‘z toju taxti,
Nomusli el shunqoridan ayrilmas.

Bir yonda turkmanim, qirg‘iz, qozog‘im
Orolga termulgan qoraqalpog‘im,
O’zbegim, tojigim - ko‘zim-qarog‘im
Jam bo‘lganda qatoridan ayrilmas.

Ayrilsa ayrilgay tog‘lar qoridan,
Ayrilgay behimmat boy ham boridan,
Vafosiz ayrilgay do‘stu yoridan,
Shoir xalqi ash’oridan ayrilmas.

Qo‘lga qalam oldim qutlug‘ bir kuni,
Mahtumquli she’rin bo‘lib maftuni.
Agar kuylar bo‘lsa Abdullo uni,
Bir umrga sho‘x toridan ayrilmas.
1996

Qayd etilgan