O’ZBEK BOYINING BAYONOTI
Gaping to‘g‘ri, kulba emas, saroydirman,
Boylar ko‘pdir, ular ichra eng boydirman.
Son-sanoqsiz molu dunyo, qo‘ylarim bor,
Shahar to‘la, qishloq to‘la uylarim bor.
Donlarim bor, adog‘ini bilolmassan.
Don-dunimning hisobini qilolmassan.
Tog‘larimning bordir yashil archalari,
Kaminaning mulki erur barchalari.
O’z hovlimda tayyora ham yasaydirman,
Olovim ko‘p, xo‘p shohona yashaydirman.
Guzarlar ham, bozorlar ham menikidir,
Sen yotajak mozorlar ham menikidir.
Sohibqiron Temur mening bobom erur,
Bobur tog‘am, Mohlaroyim momom erur.
Boysunimda tulporlarim kishnashadi,
Zominimda zarg‘aldoqlar qishlashadi.
O’lponchi-yu soliqchilar, bilib qo‘ying,
Gaplarimni Siz quloqqa ilib qo‘ying.
Boyligimga chegara yo‘q, ha, chindan ham,
Buni yaxshi bilgaydirsiz Siz mendan ham.
Axir buning barchasini netar edim,
U dunyoga olibmi men ketar edim.
Vorisim bor, ko‘zimning u oq-qorasi,
U shu tuproq farzandidir, yurt bolasi
Inshoolloh, undan ko‘nglim to‘lajakdir
Vorisimning ismi esa - Kelajakdir
1998