Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166952 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:58:03

ETNA VULQONI

Hanuz yonib yotar Etna vulqoni,
Daf’atan o‘xshar u olovrang gulga.
Oqib tubanlarga lava to‘foni,
Sekin aylanadi qop-qora kulga.

Men uning qoshida saqladim sukut,
Ha, bir chog‘ olovli edi yo‘llarim.
Endi u otashlar bo‘ldilar unut,
Poyingda yotibdi endi... kullarim.
1984, Sitsiliya oroli, Italiya

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:58:16

SAVOL

Tanho sahrolarga bosh olib ketsam.
Yo yiroq g‘orlarni oshyon etsam,
Bedo‘stu beyoron tugasam, bitsam,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi?

Qolmasa dunyoda mendan xotirot,
Nainki xotirot, oddiy, jo‘n bir ot.
Bo‘lsa na bir qavmim, na xesh, na avlod,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi?

Olamga o‘t qo‘ysa har aytar so‘zing,
Yiqsang dunyolarni - tikkan choq ko‘zing,
So‘ngra mo‘ri kabi qolsang bir o‘zing,
Ko‘ngling to‘ladimi, o‘shanda, ayt-chi!
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:58:28

O'TINCH

Chindan ham asrimiz bormoqda o‘sib,
Har qanday kulfatga turmoq kerak shay.
Ajabmas, bobosin burchakka qisib,
Nasihat o‘qisa biror bolakay.

Ajabmas, erta kun bir shoir ukam,
She’rlar yozib yursa Somon yo‘lida.
Ajabmas, yo‘qolsa ajab so‘zi ham,
Tahrir topsa Inson zamon qo‘lida.

Har kimga o‘z davrin yo‘rig‘idir yor,
Mayli, tap tortmagin sen ham har ishdan.
Bolam, faqatgina bir o‘tinchim bor,
Hazar qilsang basdir harom-harishdan.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:58:44

MUSTAY KARIMGA

Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Garchi u uch nomlik bitta bo‘stondir.
Uzoq tarixlardan bir nom barqaror,
O’rta Rossiyada Oygulistondir.

Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Oyguldan tarqalgan bir gulistondir.
Bu kun nomi uning metin va poydor,
U - aziz, mo‘’tabar Boshqirdistondir.

Ajab, bitta yurtning uchta nomi bor,
Uchinchi ushbu nom menga ayondir.
Bu she’riy qo‘rg‘ondir, mangulikka yor,
Bu ulug‘ she’r yurti - Mustayistondir.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:58:55

OFTOBSHUVOQ

Bahor kunlarida,
Oftobshuvoqda,
Hordiq olar edi ko‘pincha onam.
Naykamalak balqsa Qo‘ng‘irtov yoqda,
Nechog‘ yosharardi bu ko‘hna olam.

Xastalik qiynardi onamni biroq,
U chetga termulib uh tortar edi.
Bahor yoqsa hamki olamga charoq,
Mening yuragimda g‘am ortar edi.

Men onam yonida ivirsib beun,
Kun bo‘yi yurardim dilgir, betoqat.
Yiroq-yiroqlardan mungli va uzun,
Turnalar tovushin tinglardim faqat.

Shu-shu o‘nglanmadi onam rahmatlik,
Mening ham yillarim topdilar to‘zim.
Bugun onam kabi yolg‘iz, toqatlik,
Bahor quyoshiga boqaman o‘zim.

Endi meni ezar ming bitta xayol,
Ular o‘tkinchi do‘st, vafosiz yorlar.
Endi o‘zim dardkash, o‘zim jim va lol,
Endi o‘zim uchun tiyra bahorlar.

Iliq tomchilagan yomg‘ir ham goho
Tuyular onamning ko‘z yoshi bo‘lib.
Onam turganiday teppamda go‘yo
Bahorning mehribon quyoshi bo‘lib...
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:59:04

ODAM BOLALARI

Odam bolalari turfa naqadar,
Biri mo‘min bo‘lsa, boshqasi asov,
Biriga quyuqroq salom bersang gar,
Xushomadgo‘y deydi, nomingni darrov.

Mayliga, ataylab biror kun sen ham
Qad kerib, sipoyu o‘ychan bo‘lib yur.
Malomat yog‘ilar boshingga shu dam,
Seni ataydilar darhol takabbur.

Yaxshisi dilingda bo‘lsin muhabbat,
Oshkor etaverma uni jo‘rttaga.
Avliyo misoli jim yurgin faqat,
Ko‘zlardan yiroq bo‘l, chiqma o‘rtaga.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:59:12

QARDOSH SHOIRGA

Shahar talashmagin, daryo talashma,
Iste’dod talashma, daho talashma.
Tabiat yaratgan yaylovda xurram,
Bizdek o‘tlab yurgan jonzodsan sen ham.
Bu ko‘hna tuproqni kovlasang agar,
Chiqar necha nomsiz daryo va shahar.
Kechmish daholarning aytgan so‘zlari .
Ahli diyonatning mulkidir bari.
Tangrini ilk bora o‘ylab topgan kim?
Bu savol qoshida barchamiz ham jim...
Qurbing yetsa magar qo‘rg‘on yaratgin,
Olamni o‘zingga mayli, qaratgin.
Qimmat bergin bizga asl, bebaho,
Nomingni ataylik mayliga, daho!
Tariqday zamin bir va Inson birdir,
Bilmagan mardumga bu holni bildir!
Shunda men qoshingda egarman boshim
Va seni atarman chindan qardoshim!
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:59:21

TUNISLIK BOLA

Rimda Tunisdan ish axtarib kelgan bir o‘spirinni ustidan benzin quyib yoqib yubordilar

Afsus, razolatga botdi bu ochun,
Aybni yaratganga to‘nkamoq nechun.
Senga o‘t qo‘ydilar bir ermak uchun,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Bilaman, sen uchun parcha non qahat,
Zamin mozor bo‘lsa, Afrika lahad.
O’t qo‘ysa, o‘t qo‘ysin o‘z eling faqat,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Bu shundoq manzilki, do‘stni yovlaydi,
Ota o‘z farzandin avrab tovlaydi.
Bu yurtning sayyodi odam ovlaydi,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Shundoq holga kelmish qadimiy Lotin,
Bulg‘alar sharafin, bulg‘alar zotin,
Chumolicha ko‘rmas odam hayotin,
Rimga nega kelding tunislik bola?

Ha, olov ostida butkul yer yuzi,
Tutunga to‘lmoqda odamzod ko‘zi,
Yonib ketmasaydi zaminning o‘zi,
Rimga nega kelding tunislik bola?
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:59:31

* * *

Ravo ko‘r, yuzingda bir xol bo‘layin,
Ko‘rsat ag‘yoringni, zavol bo‘layin.
Kattakon to‘y qilib nog‘ora chalgin,
To‘yingda suv tashib hammol bo‘layin.
1984

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:59:58

* * *

Oftob botib ketdi, egildi boshim,
Yulduzdek sochildi ko‘zimdan yoshim.
Hajringda bag‘rimni yerga berurman,
Tun bir lahad bo‘lsa, oy qabr toshim.
1984

Qayd etilgan