Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166985 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:04:48

AHMAD ZOIRNI TINGLAB...

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
So‘zlayin ezgulik, shafqat otidan.
To barpo bo‘libdi ko‘hna bu jahon,
Karvonlar oh chekar yovlar zotidan.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Ona Sharq sehri bor jihozlaringda.
Senda yig‘lab borar Sa’diy navjuvon
Rudakiy mehri bor bayozlaringda.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Chashmi zilol bo‘lib dardingni olay.
Yo bir yaproq misol bo‘lay soyabon,
So‘ngra xazon yanglig‘ yo‘lingda qolay.

Shoshmagin, ey, karvon, to‘xtagin bir
Umidli bu jahon g‘amga bo‘lmas g‘arq.
Izingdan termulib qolmay to nolon,
Qumliklar bag‘rida g‘oyib bo‘lma, Sharq.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:04:56

ISM HAQIDA

Xayolimga kelar goh g‘alat bir gap,
Har uni el aro so‘ylab yurmasman.
Bilmadim ne bois, bilmam ne sabab,
Ismimni birovga ravo ko‘rmasman.

Ulug‘ otdoshlarim maqomi yuksak,
Men shogird erurman garchand alarga.
Har nechuk, bir gapni aytmog‘im kerak:
Oson bo‘lmagan hech Abdullalarga.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:05:07

HAZIL

Ellikda odamlar qirol bo‘lishgan,
Qirol bo‘lmaganlar qarol bo‘lishgan.
Aravakash bo‘lgan uquvsizlari,
Shu yoshda boyigan zargarning bari.

Shoirlar shu yoshda dovrug‘ qozongan,
Yonsa - so‘nggi muhlat - oshiq ham yongan,
Oh, do‘stim, bizlar-chi, nimani ko‘rdik,
Ellikka shunchaki lallayib kirdik.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:05:16

UQTIRISH

Unga uqtirdilar,
Oqni qora, deb,
Chunki bir qorani,
Oqlash lozim edi.

Unga uqtirdilar
Toqni bu - juft, deb,
Chunki bitta juftni
Toqlash lozim edi.

Unga uqtirdilar
Qing‘ir to‘g‘ri, deb,
Chunki bir qing‘irni
Yoqlash lozim edi.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:05:26

OROL UCHUN

Goho miyamizni qoplasa savdo,
G’alat tasavvurlar xayolga kelar:
Registon yo‘qolib qolsa mabodo,
Ayting-chi, do‘stlarim, ne hol yuz berar?

Ayting-chi, qandayin kunga tushardik,
Buxoro bo‘lmasa, bo‘lmasa Xevoq?
Ular abadiydir deya behadik
O’tib borayotir umrimiz mudroq.

Shaharlar joyida turibdi bu kun,
Ularning zavoli kelmas xayolga.
Merosiy xudbinlik borligi uchun
Qaramay qo‘yibmiz afsus, Orolga.

Otang ketsa agar, ota bo‘larsan,
Onaning o‘rnini bosgay qiz, singil.
Dengizing qurisa ne ham qilursan,
Qayga bosh urarsan ey, munglug‘ ko‘ngil.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:05:35

OTALAR ILGIDA ZAMON BILAN VAQT

Otalar sha’niga loyiq so‘z demoq
Tabarruk bir kitob yozish bilan teng.
Ularning mehri-ku, bamisli charoq,
Bag‘ri ham yulduzli osmon kabi keng.

Sharqona tashbehni olsam gar yodga,
Bir nomi buzurgu bir nomi faqir.
Zaminni kaftida tutib, avlodga
Bus-butun yetkazgan otalar, axir.

Yuksak-yuksaklarda uchgan sor lochin
Nazar uzmagandek polaponidan.
Bardavom naslini asramoq uchun
Axir ota qavmi kechgan jonidan.

Non, degan farzandning dardli xitob
Goh uni tiriklay chohlarga tiqqan.
Bardoshli umrning zaqqum zardobi
Sochlari qirovdek ko‘pirib chiqqan.

Taxti Sulaymondan balanddir beshak
Ota deb atalgan martabayu baxt.
Farzand bunyod bo‘ldi, o‘lim yo‘q demak
Otaning ilgida zamon bilan vaqt.

Men ko‘kka termulib kutmasman madad
Do‘st izlab har yonda kezmasman sarson
Do‘stu madadkor ham otadir abad,
Shoni - shoning erur, armoni — armon.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:05:49

ESKI QUDUQ

Hamma biladigan rivoyat buldir:
Emish Iskandarning bor ekan shoxi.
Uni yashirolmay sartarosh qurg‘ur
Quduqqa aytibdi, shuldir gunohi.

Yashab kelmoqdaman o‘zimga ko‘ra,
O’tgan-ketgan sirdan ko‘nglim erur to‘q.
Lekin nedir menga yetishmas sira,
Balki yetishmaydi u eski quduq.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:05:58

BEMAHAL QOR YOO’QAN KUNI

Bul chog‘i, bo‘stonga ishtiyoq baland,
Nechundir bemahal yog‘a ketdi qor.
Diktorning bir og‘iz e’loni bilan
Chindan ham qaygadir berkindi bahor.

Bu fursat chamansiz ko‘ngillar yarim,
Bulbulni quvlamang dostonimizdan.
Sizdan nima ketdi, diktor do‘stlarim,
Qorni kurab qo‘ying bo‘stonimizdan.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:06:11

SARHADLAR

Kimsaga baho berish ilinjida yurganlar,
Eng avval o‘z-o‘ziga boqishlari kerakdir.
Qadimiy bobolar ham ming o‘ylab bir degan
Har kimning go‘ri boshqa, azroili bo‘lakdir
Qanchalik ishing bordir hayotim bilan, ey yov
Seni tangri teppamga posbon qilib qo‘ygan
O’z tushim o‘zimniki, goh otliqman, goh yayov,
Men yegan burda nondan sening qorning to‘y
Muqaddas sarhadlar bor insonning hayotida
Ularni bosib o‘tish odamlikka yot erur.
Qancha-qancha sir yashar har kimning bisoti
Shul sabab u INSONDIR, shu sabab u ZOT
Kimga muhabbat qo‘yib, kimga nafrat bildi
Nafas olish singari ixtiyoriy jo‘n bir gap
Afsonaviy devlar u - qo‘llarida urto‘qmoq,
O’tgan-ketgan bandani o‘zicha yurgan tergab.
Mana bu buloq menga g‘oyatda yoqib qolmish,
Mana bu shabboda ham menga g‘oyat alomat.
Sening esa hushingni, deylik, dengizlar ol
Yo‘lingdan sira qolma, joning bo‘lsin salom
Azizim, dil qasriga beso‘roq kira ko‘rma,
Unda qo‘sh-qo‘sh ilonlar, ajdaholar yotadi.
Sen birovni toptay deb behudaga ot surma .
Har kimning o‘z quyoshi o‘z ufqiga botadi.
O’z uying, o‘z to‘shaging o‘z-o‘zingga buyurib,
O’z farzanding, o‘z yoring bo‘laversin seniki
Xohla tingla xohlama - ketaver qanding ur
Ixtiyor senikidir, bu she’r esa meniki.
1987

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:06:20

KOMETA

Chingiz Ahmarovga

Har zamon, har zamon Yer yaqinidan,
Noyob kometalar o‘tib qoladi.
Kimlardir ko‘z uzmay nur chaqinidan,
Ularning suratin oladi.
Kimlardir payqamas, yo bo‘lmas ogoh,
Ko‘p borsa ta’birlar ko‘rgan bir tushin.
Ular qaydan bilsin, kometalar goh,
Yuz yilda bir marta qaytib o‘tishin.
Nechog‘lik g‘aroyib manzaradir bu:
Samoviy nur bilan yo‘g‘rilgan san’at.
Somon yo‘llarida yugurgan ohu,
Zuhro jamolidan uzilgan tal’at!
Yondi yana qachon kelar u qaytib,
Gohi yuz yil o‘tar, ming yillar gohi.
Yolg‘iz u o‘tmishdan afsunlar aytib.
Olis kelajakning bo‘lgay guvohi.
1987

Qayd etilgan