Makka nohiyasida bahorda sharros yomg'irlar yog'ib o'tadi. Bunday paytlarda vodiylardan suv sel bo'lib oqadi. Nosir Xisravning yozishicha, Makka vodiysida sel suvlarini maxsus qazilgan hovuzlarda yig'ib yozda foydalanganlar. Hatto ana shunday sellar paytida islomdan oldin Ka'ba binosini sel yuvib, xarob qilganligi ham ma'lum.
"Safarnoma" da yana shunday yozilgan: "Adan amirining Shoddil ismli o'g'li bor edi va u Makkaga (tog'dan) yer osti bilan suv keltirgan edi... Arafotda ana shu suvdan ekin-tikin va polizlar barpo etganlar. (U suv) Makkaga kelardi, lekin shaharga bir oz yetmasdi. (Suvning oxiriga) bir hovuz qaziganlar va meshkobchilar undan (suv) olib kelib shahrda sotadilar" ("Safarnoma", 74-bet).
Issiq iqlim sharoitida, tabiiyki, qurg'oqchilik ham bo'lib turgan va bunday yillarda aholi qattiq ocharchilikni boshdan kechirgan. Ocharchilik yillarida haj qilish ham man etilgan va ziyoratchilar Misrdan qaytib ketishga majbur bo'lganlar. Nosir Xisrav shunday yozadi: "439 (1048) yili (Misr) sultoni xalqqa shunday farmon chiqardi. Mazmuni: "Hojilarga bu yil hajga Hijoz safariga chiqishni maslanat bermaymiz, chunki bu yil u yerda ocharchilik bo'lib ko'p xalq o'lgan…" ("Safarmona", 63-bet)". Bu voqea haqida "Makkada ocharchilik edi, 4 man non 1 nishopur dinori turardi. Musofirlar Makkani tark etmoqda edilar, hech qayerdan hojilar kelmagan edilar" - deb eslaydi yana Nosir Xisrav o'z kundaligida ("Safarnoma", 64-bet).
Tabiiyki, bunday sharoitda har bir buloq yoki quduq aziz hisoblangan. Makka vodiysida o'nlab quduqlar bo'lsa-da, biroq muntazam suvi mo'lrog'i Zamzam edi. Ehtimol bu zamonlar Ka'ba ham ana shu quduq tufayli ibodatxonaga aylangandir. Axir har qayoqdan kelib shu quduq bo'yida tunab qolgan savdogarlaribodat ham qilgan bo'lishlari mumkin-ku. Ka'bada islomgacha 360 ta sanam o'rnatilganligining sababi ham shunday bo'lganva ularga Arabistonning turli qismida sig'inganlar. Bu sanamlar uzil-kesil 630 yili olib tashlandi.
Nosir Xisrav "Safarnoma" sida Zamzam haqida to'la ma'lumot bor. Jumladan, shunday so'zlar yozilgan: "Zamzam qudug'i Ka'ba uyidan Sharq tomonda, Hajar ul-Asvad joylashgan burchak yo'nalishida; Zamzam qudug'I bilan (Ka'ba)" xonasi orasi qirq olti arash keladi, quduqning kengligi uch yarim gazga, uch yarim gaz (3.5X3.5; X asrda 1 gaz - 62 sm; demak, quduqning kengligi - 217 smX217 sm), suvi sho'rtob, lekin ichsa bo'ladi. Quduq boshi oq marmardan devor bilan o'rab olingan, uning balandligi ikki arash. Zamzamning to'rt tomonida oxurlar qilganlar va suvni olib o'sha yerga quyadilar, odamlar olib tahorat qiladi… Zamzam yonida sharq tomondan bir to'rtburchak uy qurilgan, tomi gumbazli; uni Sqoyat ul-hoj deydilar. U yerda xumlar qo'yilgan, hojilar o'sha yerdan suv ichadilar" ("Safarnoma", 81-bet).
Zamzam qudug'i Masjid al - Haromning hovlisida, Ka'ba uyidan 20 metrcha sharqda joylashgan. Hozirgi vaqtda quduq suvi yuqoriga chiqarilgan bo'lib, jo'mrak o'rnatilgan va haj qiluvchi o'z idishida undan ichishi mumkin. Zamzam suvidan yana bir qismi Ka'ba hovlisining tashqarisiga olib chiqilgan va unga maxsus nov qurilgan. Undan ziyoratchilar vataniga olib ketishi uchun kattaroq idishlarda olishi, surp va kiyimini ho'llab olishi mumkin. Zamzam suviga botirib olingan mato tabarruk bo'ladi.
Ka'ba tavofidan so'ng, ziyoratchilar Safo va Marva qoyali tepaliklar oralig'ida 7 marta shitob (sa'y) bilan borib keladilar. Bu tepaliklar oralig'i taxminan 400-500 m.
Nosir Xisrav bu haqida quyidagicha yozadi: "Ziyoratchilar Muqaddas masjidning Bob ul-Safo eshigi orqali chiqib, (hozir ham shunday), Safo tepaligiga boradilar va u yerga yetganda Ka'ba uyiga qarab duo qiladilar. Undan Marv tepaligiga, ya'ni janubdan shimol tomon yuradilar. Marvaga yetgach, yana Ka'baga qarab duo o'qiydilar. Safo va Marva oralig'ida (Muhammad) payg'ambar shitob ila yurgan joylarda ziyoratchilar ham ildam yuradilar. Bu oraliqda hammasi bo'lib yetti marta - to'rt marta Safodan Marvaga yuriladi. Marva tepaligidan tushgandan so'ng, hojilar o'sha yerdagi do'konlarda soch oldiradilar" ("Safarnoma", 73-74 betlar). Bizning davrimizda ziyoratchilarning ko'pchiligi buni e'tiborga olib, ularga qulaylik yaratish maqsadida, Safo va Marva tepaliklari oralig'ida maxsus timsimon yo'l qurilgan.
Aslida, Safo va Marvaoralig'ida yurish Ibrohim qissasida zikr etilgan Hojarning suv qidirib zir yugurgan holatiga taqliddir.
Hajga borganlar Zamzam suvidan ichish bilan birga qaytishlarida o'zlari bilan olib ham keladilar va do'st - birodarlariga tabarruk qilib ulashadilar. Xalqimizda "Obi Zamzam" degan tushuncha ham shundan kelib chiqqan.
Shu bilan haj marosimining birinchi qismi yakun topadi va uni "umra" ("kichik haj") deyishadi. "Umra" tavofi farz sanaladi. Undan so'ng soch oldirmoq yoki taqlid qilmoq (ustarani bosh ustidan yurgizmoq) lozim. "Umra" tavofi tugagach, ziyoratchi go'yo makkalik sanaladi va u ehromdan chiqishi, ya'ni o'z kiyimida yurishi mumkin, hamda keyingi kunlar shu kiyimida yurishi mumkin, hamda keyingi kunlar shu kiyimda Ka'bani ziyorat qilsa bo'ladi.
Bundan maqsad, ehromni yuvib tozalash hamdir. Biroq, o'z kiyimida o'tagan haj ibodati "tavof" bo'la olmaydi va oddiy ziyorat hisoblanadi. Agar ziyorathi rasmiy tavof, masalan, o'zining ota-onasi yoki biror yaqin kishisi uchun (ularning vafotidan keyin ham bo'lishi mumkin) haj qilmoqchi bo'lsa, u holda yangidan ehrom bog'lamog'i va o'sha shaxs nomidan niyat qilmog'i kerak.
"Umra" Muhammad payg'ambar tomonidan dastlab, 629 yili ado etilgan edi. Bir yildan so'ng, ya'ni 630 yili Abu Bakr rasmiy haj bilan Makkaga keldi. Keyinchalik, yuqorida qayd etilganidek, payg'ambarning oxirgi marta Madinadan Makkaga hajga kelib ziyorat etmoq shart bo'lib qoldi va uni odatda "katta haj" (qiron) deydilar. Bunday ziyoratchilar soch-soqollarini ham ana shu katta haj tugagach oldiradilar. Katta haj tafsiloti quyidagicha:
Zu-l-hijja oyining yettinchi kuni Ka'ba masjidida tantanali ravishda xutba (nutq, diniy pand nasihat) o'qiladi, ya'ni va'z aytiladi.
Sakkizinchi zu-l-hijjada ziyoratchilar Makkadan chiqib Mino va Muzdalifa vodiylari orqali Arafotga yo'l oladilar, yo'lda bir qism ziyoratchilar kechqurun Mino qishlog'ida tunaydi, qolganlari Arafotda bo'ladi. Minoda tunab qolgan ziyoratchilar, ertasi kuni avtobuslarda Arafotga yetib keladilar.
Makkadan Arafotgacha bo'lgan masofa 30 km; Makka - Mino - 12 km; Arafot - Muzdalifa - 6 km; Muzdalifa - mIno - 12 km.
Arafot hajga borganlar uchun qadimdan asosiy ziyoratgohlardan biri bo'lib hisoblangan, jumladan, bu haqda Nosir Xisrav shunday yozadi: "Arafot adirliklar orasida joylashgan bir yalang dasht, eni-yu bo'yi taxminan 2 farsangdan. Ul dashtda Ibrohim alayhissalom qurgan bir masjid bor ekan, undan bir buzuq minbar qolgan. Peshin namozi vaqtida u yerga xatib kelib xutba o'qiydi, so'ngra azon aytadilar va jamoa bo'lib ikki rakaat musofirlik namoz o'qiydilar. So'ng xatib tuyaga minadi, mashriq tomon yuradilar. U yerda bir farsang yo'lda kichik toshloq yo'l Jabal ar - Rahma bor, o'sha joyda turib to quyosh botguncha duo o'qiydilar ("Safarnoma", 84-bet)".
Arafot aslida uzunligi 11-12 km, eni 6,5 keladigan suvsiz toshloq vodiy. Shimol tomonida Arafot og' tizmasi joylashgan. Jabal ar-Rahma (boshqacha atalishi Jabal - Arafot) tog'ining nisbiy balandligi 60 metr, eng tepasiga kichik bir minora qurilgan. Arafotda doimiy tarzda aholi yashamaydi. Hozirga vaqtda ham 9-zu-l-hijja kuni Arafotda hajning tantanali marosimlaridan biri o'tadi. Yuqorida ta'kidlanganidek, ziyoratchilar vuquf holatida, ya'ni tik turibhamdu sano aytish bilan mashg'ul bo'ladilarva shu yo'l bilan imonlarini toblaydilar. Hozir bu yerda bajo keltiriladigan ibodatning tafsiloti quyidagicha. Ziyoratga kelganlar kichik-kichik jamoa (guruh) bo'ladilar va har bir guruhga bir imom saylanadi saylanadi. Peshin paytida bir azon (peshin azoni) bilan bir vaqtning o'zida ham peshin, ham asr namozlari o'qiladi. Lekin takbir har bir namozning o'ziga alohida alohida aytiladi. Peshin va asr namozlari qo'shib aytilgach, bir soat tik (qiyom) turiladi. Ibodatni Makka masjidining bosh imomi Jabal ar-Rahma tog'idan turib boshqaradi, u xutba o'qiydi. Rivoyatga ko'ra, Odam alayhissalom shu tog' - tepalikan turib, Allohdan ushbu dargohga ziyoratga kelganlarning orzu-tilaklarini ado etishni so'ragan ekan.
Arafotdagi ibodat marosimi rasmiy hayit kunidan bir kun oldin 9-zu-l-hijjada, ya'ni hayit arafasida boshlanadi. Xalqda hayitdan oldingi kunlarning "arafa" atalishi ham shu sababdandir. Beruniy "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida "arafa" so'zi haqida yana quyidagilarni yozgan: "Bu (tishriy) oyning yigirma birinchi kuni (yahudiylarda) "arafo" deb ataladi. Shu kuni sahroda Bani Isroilboshlariga bulut soya solib turgan. Bu kun yig'ilish hayiti bo'lib, yahudiylar Bayt ul-Muqaddasdan Harqaroda haj qilish uchun yig'ilib, ibodatxonalarida (musulmonlar) minbariga o'xshagan "bovrun" ni tavof qiladilar" (321-bet). Ushbu yozilganlar musulmonlarning Arafotdagi haj marosimini ham eslatadi.
Arafotda quyosh botgungacha ibodat davom etadi. Quyosh botishi bilan hamma shovqin-suron ko'tarib Muzdalifa vodiysiga oshiqadi (ifoda). Nosir Xisravning: "Hojilar bir farsang yo'l yurib Mash'ar al - Haromga (Muzdalifaga) keladilar, unda bir yaxshi bino qurganlar, xalq ul joyda namoz o'qiydi; odatga ko'ra hayit kechasi o'sha yerda bo'ladilar va tongda namoz o'qib, quyosh chiqqach, Minoga boradilar", - deb yozganlari ("Safarnoma", 84-bet) bugungi kun uchun ham xosdir. Hozirgi vaqtda, Muzdalifaga kelgach, shom va xuftan namozlari bir azon, lekin ikki takbir bilan (avval shom, so'ngra xuftan) bir vaqtda o'qiladi va shu yerda tunab qolinadi.
Muzdalifa tog'idan Iblisga otish uchun tosh teriladi va bu udum rivoyatga ko'ra, Ismoildan qolgan.
10-zu-l-hijja kuni (yavm an-nahr) ziyoratchilar tong namozini o'qib, quyosh chiqishiga Mino vodiysiga yetib keladilar. MIno - Iblis tosh otadigan joy. U yerda Iblisga, aniqrog'I, uning ramzi bo'lmish ustunsimon xarsang toshlarga qarata Muzdalifadan terib kelgan toshlarini otadilar.
"Tosh otish" marosimi tugagach, qurbonlik uchun olingan mol (qo'y, echki, tuya) shu Mino vodiysida so'yiladi; odatda uning bir qismi sadaqa qilib ulashiladi, ortiqchasi esa o'sha yerda qoldiriladi.
Umuman, qurbonlik qilish turli xalqlarda har xil shaklda bo'lgan udumdir va ularning har biri o'ziga xos tarixga ega. Hozirgi vaqtdagi musulmonlardagi qurbonlik qilish odati Tavrotdagi rivoyatga borib taqaladi va keyinchalik Qur'onga o'tgan. Tavrot (yahudiycha "tora" - qonun) - yahudiylarning eng qadimgi muqaddas diniy kitobi; undagi voqealar vaqt jihatidan miloddan avvalgi XI asrgacha boradi. Tavrotdagi rivoyatlarning asosiy qismi yahudiy va xristianlarning keyinroq (IV asr) tuzilgan muqaddas kitobi "Bibliya" ga kiritilgan. Ushbu qadimiy yodgorlikdagi riyoyatga ko'ra, Ibrohim (Avraam) Allohga bo'lgan haqiqiy sadoqati belgisi sifatida o'z o'g'lini (nomi ko'rsatilmagan, biroq, yahudiylardagi rivoyatlarda Is'hoq deyilgan) qurbon qilmoqchi bo'ladi. Xuddi shu paytda, xudodan o'g'li Ishoq o'rniga bir qo'chqor so'yish hukmi keladi.
Arablarda tarqalgan rivoyatda esa Ibrohimning boshqa o'g'li, ya'ni Ismoil (ba'zi rivoyatlarda Is'hoq) qurbon qilinishi lozim bo'lgan. Bu rivoyat keyinchalik Qur'on (as-Sofot surasi) dan o'rin oldi va qurbonliq qilish odati musulmonlarda ham keng tarqaldi.
Qurbonlik qilish uchun qo'chqor so'yish musulmonlar uchun Ibrohimdan qolgan odar bo'lsa-da, biroq, majburiy emas. Masalan, Muhammad payg'ambar Madina shahridan Makkaga haj qilish uchun kelganida (632 yil) qurbonlikka yuzta tuya keltirgan. Qurbonlikka mo'ljallangan qo'y bir yoshdan kichik bo'lmasligi kerak.
Hozirgi vaqtda, Minoda qurbonlik asosan, quyidagi tartibda o'tkaziladi. Ziyoratchilardan har o'n kishi o'zlaridan bir vakil saylab pul yig'ib beradilar. Vakil qurbonlik o'tkaziladigan joyga borib pulni to'laydi (qo'y, qoramol yoki tuya uchun; 1 tuya - 7 kishi uchun qurbonlik bo'la oladi) va ro'yxatni qassobga beradi. Qassob qurbonlikni so'yish paytida ro'yxatdagi nomlarni aytib o'tadi.
Shu blan haj marosimi yakun topadi. Bundan ming yil ilgari ham ushbu qoida amal qilgan. Chunki Abu Rayhon Beruniy ham "o'ninchi zu-l-hijja (kuni) qurbonlik qilish, ya'ni jonliq so'yish kunidir va hajning oxiridir" - deb yozgan edi. Shundan so'ng ziyoratchilar sochlarini oladilar yoki qisqartiradilar. Haj marosimi yakun topgan bo'ladi va haj qilganlar Makkaga qaytib Ka'bani yana yetti marta aylanib tavof qiladilar, uzil-kesil qaytishlarida esa, Ka'bani oxirgi marta ziyorat qiladilar. Haj qilganlarga "hoji" - degan unvon beriladi. Odatda haj qilib kelganlarning ismlari oldiga "hoji" so'zini qo'shib aytadilar va ular musulmonlarda izzatu e'tiborda bo'ladilar.
Yuqorida sanab o'tilgan ziyoratgohlar - Muzdalifa va Mino hozirgi vaqtda aholi yashaydigan obod joylar, Makka shahridan sharq tomonda, Toif shahriga boradigan yo'lda; aholisi hajga kelganlarga xizmat qiladi.
Haj qilish marosimi bilan bog'liq joylar islomgacha ham yerli xalq ibodat qiladigan muqaddas dargoh bo'lgan. Muhammad payg'ambar islom dini vositasida yakkaxudolik ta'limotini joriy etishi bilan qadimiy ibodatgohlarning ko'pi barham topgan. Ba'zilari esa shakl jihatdan qisman saqlangan bolsa-da, lekin mazmunan tubdan o'zgargan, ya'ni islom aqidalariga moslashtirilgan. Jumladan, Ka'ba, Safo va Marva, Mino, Muzdalifa, Arafot (ilgarigi nomi Ilal) kabi joylarqadimda ham turli arab qabilalarining ziyoratgohlari bo'lishi bilan birga, islom joriy etilgach, alloh taologa sadoqat ramzini izhor etish mazmunini kasb etgan.
Haj marosimi tugagach, Madina shahrini borib ko'rish hojilar uchun odat tusiga kirib qolgan.
Madina (arabcha "madina" - shahar; qadimgi nomi Yasrib) - Saudiya Arabistonining Hijoz viloyatidagi shahar. Makkadan 400 km shimolda joylashgan.
Milodning 622 yili Muhammad oilasi va bir qancha yaqin do'stlari bilan Madinaga ko'chib kelib, shu yerda yashab qolgan. Bu sana musulmonlarda qamariy hisobining boshi bo'lib qoldi va "hijriy hisob" degan nom oldi (arabcha "hijrat" - ko'chib o'tish).
Madinada musulmonlar ulug'lagan bir qancha shaxslarning qabrlari bor: Muhammad payg'ambar, qizi Fotima va xotini Oyishaning qabrlari, hamda payg'ambar vafotidan keyin uning o'rniga xalifalik qilgan Abu Bakr, Umar va Usmonning qabrlari; Muhammad payg'ambarning qabri ustiga katta masjid qurilgan va u ziyoratgohga aylantirilgan.
Ro'za va Qurbon hayitlarini o'tkazish o'ziga xos tantana; turli noz-ne'matlar, yangi kiyim-kechaklar tayyorlanadi, hovli-joylar yig'ishtirilib, saranjom-sarishta qilinadi. Toshkentda hayitdan bir kun oldin, kechqurun qo'ni-qo'shni bir-biriga o'zlari pishirgan palovdan, hayit pishiriqlaridan ulashadilar. Demak, har bir o'lka yoki viloyatda hayitni o'ziga xos nishonlash rasm-rusumlari ham bor ekan.
Hayit namozidan so'ng, qurbonlik qilmoqchi bo'lganlar o'zlari belgilagan molni so'yadilar va undan taom (ko'pincha sho'rva) tayyorlab xalqqa tarqatadilar. Zero, Qur'oni Karimda qurbonlik go'shtdan o'zi yeyishi va faqiru miskinlarga yedirishi lozimligi ta'kidlangan (Haj surasi, 28, 36-oyatlar). Qurbonlikka so'yiladigan mol boqilgan, semiz va bir yoshga to'lgan bo'lishi kerak. Agar mayday mol (qo'y va echki) bo'lsa, uni faqat bir kishi nomidan, qoramol, ot yoki tuya bo'lsa, uni kamida besh kishi nomidan qurbonlik qilinadi, o'n kishi nomidan qurbonlik qilsa ham bo'ladi. Qurbonlikni marhumlar nomidan o'tkazish ham mumkin. Jonliq bo'g'ziga pichoq tortishdan oldin, musulmonlik qoidasi bo'yicha, albatta "Bismilloh, allohu akbar!", deyish kerak. Qurbonlik taomni yeyishga chorlanganlar davrasidan biron kishi Qur'on oyatlaridan o'qib marhumlar ruhiga bag'ishlaydi, hamma hozirlar duo qiladilar.
Hayit kunlari uch kun davomida azador xonadonlarga borib duo-fotiha qilish, ota-ona va boshqa yaqin do'st-birodarlar, ayniqsa qariya va xastalarni borib ko'rish odat tusiga kirib qolgan. Qishloqlarda erkaklarning to'p-to'p bo'lib har bir xonadonga kirib marhumlar ruhiga duo-fotiha qilish udumi ham bor. Yosh qizchalar, ayollar esa kelinchaklarni borib ko'rishadi.
Ko'rinib turibdiki, hayit kunlaridagi ko'p rasm-rusumlar insonlar uchun katta axloqiy - tarbiyaviy ahamiyatga ega; ularni ezgulik, yaxshilik, rahm-shafqat, saxiylik, olijanoblikka undaydi. Chunki Qur'oni Karimda ham "Allohga ishnib ibodat qiling, xayrli ishlarni amalgam oshiring", deyilgan (Haj surasi, 77-oyat). Ro'za va Qurbon hayitlari namozlaridan oldin imom o'qiydigan xutbaning mazmuni ham islom ahkomining har tomonlama to'g'riligi va kundalik hayot uchun foydasi, odob-uslub va boshqa xayrli yo'l-yo'riqlar haqidagi targ'ibotdan iboratdir.