AXLOQ TARBIYASI VA QALB XASTALIKLARINING MUOLAJASI
O’zining tadbiri bilan ishlarni tartibga solgan, mo‘‘tadillikni xulqqa chiroy etib bergan, insonni eng go‘zal shaklu shamoyil bilan ziynatlab, uni ziyodayu nuqsondan asragan Olloh taologa hamd bo‘lsin! U Zot axloqni yaxshilash vazifasini bandasining jiddu jahdiga topshirdi. O’zining tavfiqi bilan xos bandalariga axloq tarbiyasi yo‘lidagi mashaqqatlarni oson qildi.
Nubuvvat nurini taratib, haqiqat yo‘llarini yoritgan, go‘zallikda komil axloqi bilan bashariyatga namuna bo‘lgan Ollohning quli, suyukli payg‘ambari, xushxabar berguvchi va ogohlantirguvchi Muhammad Mustafoga salavot va salomlar bo‘lsin!
Botildan batamom uzilib, zulmatdan nur sari talpingan, har qanday holatda haq dinga zarracha gard yuqtirmagan, Olloh va rasuliga sodiq Payg‘ambarimiz ahli baytlari va sahobayi kiromlarga salavot va salomlar yog‘ilsin!
Yaxshi xulq mursallar sayyidining sifati, siddiqlar amalining afzali, muttaqiylar mehnatining mevasi, obidlar riyozatining natijasi, yanada to‘g‘rirog‘i, yaxshi xulq dinning yarmidir.
Yomon xulq o‘tkir zahar, xor qiluvchi buzuqlik, olamlar Parvardigoridan uzoqlashtiruvchi razolat, yanada to‘g‘rirog‘i, shaytonning xizmatiga yollanishdir.
Yaxshi xulq Rahmon huzuridagi jannat ne’matlariga ochib qo‘yilgan qalb eshigi bo‘lsa, yomon xulq — jahannamga ochib qo‘yilgan eshik. Jahannam esa yoqib qo‘yilgan bir olovdirki, alangasi badanlarni teshib o‘tib, yuraklarga qadar yetadi.
Qabih axloq — qalb xastaligi, jonlarni o‘rtovchi og‘riqdir. Jasadning tirikligi tugashi bilan poyoniga yetadigan dunyodagi barcha og‘riqlar qalb og‘rig‘i oldida hech narsadir. Jismoniy dard foniy hayot kabi o‘tkinchi. Lekin yomon xulq tufayli qalb xastalansa, abadiy hayot boy beriladi. Malakali tabiblar jasadga qanchalik e’tibor berishmasin, foniy hayotning o‘tkinchiligini anglashdan boshqa natijaga erisholmaydilar. Shunday ekan, ular abadiy hayotni boy berib qo‘yishga sabab bo‘ladigan qalb xastaliklariga ko‘proq e’tibor qaratishlari avloroq emasmi?!
Har bir aql egasi tibbiyotning qalb bilan bog‘liq jihatlaridan xabardor bo‘lmog‘i lozim. Chunki, bironta inson yo‘qki, qalb xastaligidan xoli bo‘lsa. Agar qalbga e’tibor susaysa, botiniy illatlar ko‘payadi va ular asta-asta yig‘ilib, hatto zohirda ko‘rina boshlaydi.
Shuning uchun banda qalb xastaligi va uning sabablaridan o‘ta ziyraklik bilan ogoh bo‘lishga muhtoj. Ana shunda u bu dardning davosiga yeng shimarib kirishishi mumkin. Bu xastalikning muolajasi Olloh taoloning ushbu so‘zida aytilgan:
«Darhaqiqat, uni (ya’ni o‘z nafsini-jonini iymon va taqvo bilan)
poklagan kishi najot topdi» (Vash-shams, 9).
Bu xastalikka e’tiborsizlikning oqibati quyidagi oyatda zikr etilgan:
«Va u (jonini fisqu fujur bilan)
ko‘mib xorlagan kimsa nomurod bo‘ldi» (Vash-shams, 10).
Bu kitobda axloq tarbiyasi va uning yo‘l-yo‘riqlari xususida so‘z boradi. Qalb muolajasining idroki oson bo‘lishi uchun mavzu davomida jism muolajasidan misollar keltiriladi. Keyin husni xulq mohiyati, axloq tarbiyasi, nafsni tarbiyalash yo‘llari, qalb xastaligining alomatlari, nafsning ayblari va ularning belgilari, qalb muolajasida shahvatlarni tark etishning ahamiyati va bu xususda naql qilingan dalillar, husni xulq alomatlari, bola tarbiyasining ilk davri, muridlik shartlari haqida zikr qilinadi. Mazkur kitob o‘n bir fasldan iborat.