Yu. R.-Kitob nega turk tilida yozilib Turkiyada nashr etildi? O'zbekistonda chop etishning imkoni yo'qmidi?
B.Sh. - Kitobni turk tilida yozishdan maqsadim, bu yerda yashayotgan o'zbeklarning tobora yo'qolib ketayotgan madaniyati, tili va urf-odatlarini saqlashga mamlakatdagi tegishli organlar va keng jamoatchilikning diqqatini jalb qilishdan iborat edi. Shuningdek, o'zbeklarning o'zlari ham "œolma pish - og'zimga tush" deb O'zbekistondan bu borada madad kutib o'tiravermasdan, o'zlari ham harakat qilishlari kerakligini ta'kidladim. Afsuski, qilingan suhbatlardan keyin O'zbekiston hukumatining xorijda yashayotgan millatdoshlariga nisbatan e'tibori yo'q deydigan darajada ekanligi ma'lum bo'ldi. Ular, hatto, O'zbekistonga borib kelish uchun viza berilmayotgani holatlari mavjud ekanki, buni qanday izohlashni bilmayman.
Kitobni O'zbekistonda nashr qilish imkoni, afsuski, hozircha menda mavjud emas. Buning uchun anchagina mablag' zarur bo'ladi. Bundan tashqari, u yerdagi sharoitlarda kitobning yarmi "œqaychilanib" tashlanadi.
Nasib ekan, ilk kitobim Turkiyada turk tilida nashr etildi. 2004 yilda o'zbek tilida yozgan "œO'qimasang - o'zingga zarar" nomli kitobimni bir obro'li gazetaning bosh muharriri o'zining bosmaxonasida chiqarib berishni va'da qilgandi. Ammo, va'dasining ustidan chiqmadi. Shunga qaramay, kitobning kompyuteriga ko'chirib olgan matnidan o'z ishlari uchun foydalanayapti.
Yu.R. —Kitob homiylari kim? Nashr adadi qancha?
B.Sh. - Kitobni nashr qilishda avvaliga turk tanishlarim moddiy yordam ko'rsatganini alohida ta'kidlashim kerak. Keyinchalik bir qancha o'zbeklar baholi-qudrat yordam qilishdi. Turkiston tadqiqotlari jamg'armasi ham o'z ulushini qo'shdi. Qilingan urinishlar oxir-oqibat o'z samarasini berdi. Kitob ming nusxada oliy sifatli qog'ozga bosildi. Jami 370 sahifadan iborat, buning 32 sahifasi rangli rasmlardan tashkil topgan ilovadir.
O'zbeklar haqida kitob yozgan turkiyaliklar aytishicha, yozilgan kitoblarni sotish juda katta muammo ekan. Ko'pchilik o'zbeklar o'zlari haqida yozilgan kitoblarni sotib olmasa boshqalar haqida nima deyish mumkin? Bunday bo'lishiga sabab sifatida yana O'zbekistonning chet ellarda yashayotgan millatdoshlariga nisbatan munosabatini ko'rsatishga to'g'ri keladi. Ayniqsa, afg'onistonlik o'zbeklarning aksariyati o'zlarining tarixiy vatanidan umidini uzib qo'yishgan.
Yu.R. —Turkiyadagi o'zbeklar xorijdagi boshqa o'zbeklardan qanday jihatlari bilan ajralib turishar ekan, kitobni yozish jarayonida shunga e'tibor berdingizmi?
B.Sh. - Katta shaharlarda yashayotgan o'zbeklar ko'proq mahalliy madaniyatga moslashishgan. Shunga qaramay, Istanbulli o'zbeklar har oyda bir marta gap-gashtakka yig'ilishar ekan. Men bir xonadonda o'tkazilgan gapga qatnashish imkoniga ega bo'ldim. O'ttizdan ortiq hamshaharlar yig'ilishdi. Shuni ta'kidlash zarurki, o'zbeklar O'rta Osiyolik kishilarni - qozoqmi, qirg'izmi, turkmanmi, tojikmi - kim bo'lishidan qat'iy nazar, "œturkistonlilar" yoki "œhamshaharlar" deyishadi. Bir kun kelib Turkiston yana birlashadi, degan g'oyaga haligacha ishonch bor.
Turkiyaning Suriya chegarasiga qirq kilometr masofadagi O'vakent qishlog'ida besh ming o'zbek yashashini O'zbekistonda kim bilar edi? Mening o'zim bu haqda shu yil mart oyida eshitdim va qishloqqa borib, u yerdagi ayrim kishilar bilan gaplashdim. Biz uchun yozilgan dasturxonda non, somsa, qatlamani ko'rib, og'zim ochilib qoldi. To'yda katta doshqozonlarda palov pishirilayotganini ko'rdim. Suhbatdoshlarim sof o'zbek tilida gaplashishidan xayratga tushdim. Afg'onistonning janubidagi Qandahor viloyatida ham ko'plab o'zbek millatiga mansublar o'z ona tilini yo'qotmasdan yashayotgani haqida ma'lumot oldim.
Afsuski, O'vakent qishlog'idan tashqari, boshqa shaharlardagi yosh o'zbeklar o'z ona tilini unutib bo'lgan. To'ylarda yor-yor ham aytilmaydi, onalar farzadlariga o'zbekcha alla ham aytishmaydi. O'zbekiston televideniyesi turk sun'iy yo'ldoshidan ham ko'rsatuvlarini namoyish qilganda edi, bunday salbiy holatlarning oldi olingan bo'lur edi.
Yu.R. —Turkiyadagi o'zbeklarning O'zbekiston bilan aloqalari qay darajada? Bordi —keldilar bormi? Nega ko'pchilik o'zbeklar o'z ona-Vatanlariga qayta olishmayapti?
B.Sh. - Turkiyalik o'zbeklarning eng katta muammolaridan biri O'zbekistonga borish uchun viza mavjudligidadir. Bu masala kitobda keng yoritilgan. Bundan bir yil oldin Turkiya O'zbekiston fuqarolariga nisbatan vizani bekor qildi. O'zbekistonliklar bemalol Turkiyaga kelib ketishmoqda. Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston kabi davlatlar chet ellarda yashayotgan millatdoshlariga ikkita davlat fuqarosi bo'lish huquqini bergan. O'zbekiston esa bu masalaga yondashmayotgani sababli, turkiyalik o'zbeklar o'zlarini, ta'bir joiz bo'lsa, o'gay farzand kabi his qilishmoqda. Ular "œAgar viza bekor qilinsa, biz vatanimizga borib xohlagancha yashash imkoniga ega bo'lamiz, bolalarimizni ham olib boramiz, tilimiz va madaniyatimizni saqlab qolamiz, aks holda o'n-o'n besh yildan keyin Turkiyada o'zbek tili butunlay yo'q bo'lib ketadi", deyishmoqda.
Yu.R. -Kitobni o'zbek tiliga o'girish niyatingiz bormi?
B.Sh. - Ha, kelajakda o'zbek va rus, hatto ingliz tillariga tarjima qilish niyatidaman.
Yu.R. - Kitobni qanday qilib sotib olish mumkin?
B.Sh. -Kitob sotib olishni xohlaganlar buyurtma orqali olishlari mumkin. Bitta kitob narxi 12 AQSh dollariga teng. Bundan tashqari, chet elga yuborish uchun pochta xarajati ham 12 dollarni tashkil qiladi. Mana shu xarajatlarni ko'tarish imkoniga ega bo'lgan kishilar
[email protected] adresiga murojaat qilib, pul o'tkazish bo'yicha tegishli ma'lumotlarni olishlari mumkin. Uch va undan ortiq kitobga buyurtma berganlarga narxlar yanada arzon bo'lishiga e'tiboringizni jalb qilmoqchiman.
Yu.R. —Suhbat va ma'lumotlar uchun tashakkur! Ishonamanki bu ezgu ishlaringiz hali davom etadi, balki bundan keyin dunyoning boshqa mamlakatlaridagi o'zbeklar haqida ham ma'lumotlar to'plash va balki xorijdagi o'zbeklarning o'z internet sahifalarini tashkil etish imkoniyati paydo bo'lar?
B.Sh. Rahmat. Turkiyadagi o'zbeklarning internet sahifalari tashkil etilmoqda. Bu haqda yana qo'shimcha ma'lumot beramiz.
Suhbatdosh: Yusuf Rasul, Shvesiya.