To‘g‘risini aytish kerak, rostgo‘y bo‘laman deb qanchalik urinmang, baribir yolg‘on gapirib qo‘yganingizni bilmay qolasiz. Sababi, vaziyat, holatlar sizni shunga majbur qilib qo‘yadi. Hech kim men ota-onamdan yomon tarbiya olganman, ular meni o‘g‘ri-kazzob, yolg‘onchi-firibgar bo‘lsin deb tarbiyalagan, deya ayta olmaydi. Masalan, men ota - onam qo‘lida tarbiyalanganman. onam doimo bir gapni takrorlardilar, «Jon bolam, yolg‘on gapirma, yomon bo‘ladi». Albatta, bu kabi «yomon bo‘ladi»lar sirasiga «uni qilma, buni qilma, u so‘zni aytma» kabi bir-biridan ko‘p cheklovlar ham kirardi. Ammo kattalarning o‘zi ana o‘sha «yomon bo‘ladigan» ishlarni bajaraverardilar. Uyimizda bir dasta pul tursa ham, qo‘shni yoki qarindosh-urug‘ so‘rab qolsa, «yo‘q, o‘zimiz ham falonchidan falon so‘m olib keldik» deyishardi, qo‘shni ayol to‘rt donagina kartoshka so‘rab chiqsa, «kecha oxirgisini ovqatga solgandim, bugun dadasi olib kelib qolar» degan gapni eshitardi. Shunday muhitda voyaga yetganingizdan keyin qanday qilib tilingiz aldovga buralib ketmaydi. Bolaligimdanoq birorta yomon ishni qilsam «men qilmadim, men bilmayman» deb turaverardim. Bu yolg‘onchilik ekanligini bilmasdim, faqatgina o‘zimni oqlayapman, deb o‘ylardim. Bu qo‘rquvning oqibati ekanligini endi-endi tushunyapman. Agar daraxt shoxini sindirsam, otam buyurib ketgan ishni qilib qo‘ymasam darrov bahonayu sabab topishga tushardim. Bu bora-bora menda yolg‘onchilik kasalligini paydo qildi. Endi esa men bolalarimga «boshingga qilich kelsa ham rost gapir» deya aytishga harakat qilaman hozir bu yomon odatlar ortda qolyabdi. Ammo ba’zan ularning ham yolg‘on gapirayotganimi sezib qolaman.