KOMPYuTYeRDA IShLAShDAN MAQSAD NIMA?
Yana gapni uzoqdan boshlamoqchiman. Suvni tejash mumkinligini hamma biladi. Uni biror idishga olib qo‘yib, keyin ishlatish mumkin. Yoqilqini ham tejash mumkin. Karbyuratorni yaxshilab sozlasangiz, yoqilg‘ini yaxshigina tejash mumkin. Hatto faqat induktsiya paytida hosil bo‘ladigan, manbadan uzilgan zahoti yo‘qolib qoladigan elektr tokini ham tejash mumkin ekan. Texnologiyalar shu qadar rivojlanib ketdi. Esingizda bo‘lsa, maktabda fizika darsida «sig‘im» degan mavzu bo‘lardi. Ana shu narsa orqali elektr tokini ham «keyin ishlatarman» deb saqlab qo‘yish mumkin. Qo‘l telefonlarining akkumulyatorlari, kompyuterlar ulab qo‘yiladigan uzluksiz ozuqa manbalari (UPS) ham elektr tokini o‘zida saqlab turadi. Xullas, bizga berilgan juda ko‘p ne’matlarni tejash mumkin ekan, keragini ishlatib, qolganini avaylab, keyin ishlatish uchun olib qo‘yish mumkin ekan.
Biroq, shunday ne’mat borki, uni keyinga olib qo‘yib bo‘lmaydi, uni biror vosita yordamida saqlab bo‘lmaydi. Bu ne’mat — vaqtdir. Kompyuterda ishlash haqida gap borar ekan, avvalo ana shu buyuk ne’mat — vaqtni esga olish, vaqtni to‘g‘ri tashkil qilish, vaqtdan unumli foydalanish haqida so‘z yuritish kerak, deb o‘ylayman.
Faraz qiling, daraxtning teparoq bir shoxida g‘arq pishgan olma osilib turibdi. Sakrasangiz ham qo‘lingiz yetmaydi. Nariroqda uzunroq bir cho‘pni ko‘rib qoldingiz. O’sha cho‘p bilan olmani bir amallab yerga tushirdingiz. Xo‘sh, sizga olmani o‘sha cho‘p olib berdimi yoki olmani olish uchun o‘sha cho‘pdan foydalanishga aqlingiz yetdimi? Albatta, cho‘p yordamida go‘yo qo‘lingizni sal uzaytirdingiz. Boshqacha qilib aytsak, cheklangan imkoniyatingizni uning yordamida biroz kengaytirdingiz. Aytmoqchimanki, kompyuter ham aslida insonning cheklangan imkoniyatlarini kengaytirish uchun ishlab chiqarilgan. Millionlab hisob-kitoblarni bir lahzada bajara olmaysiz, kompyuter bajara oladi. Milliardlab sahifalik ma’lumotlarni xotirada saqlab tura olmaysiz, kompyuter saqlab tura oladi. Biroq, boyagi cho‘p o‘zi cho‘zilib olmani sizga olib bermagandek, kompyuter ham sizga kerakli hisob-kitoblarni o‘zicha yechib bermaydi. Unga nimani qanday hisoblashni siz aytasiz, u esa bu ishni misli ko‘rilmagan tezlikda bajarib qo‘yadi, xolos. E’tibor berdingizmi, u sizdan ko‘p VAQT talab qiladigan ishni qisqa VAQT ichida bajaradi. U vaqtingizni tejaydi, bir kishi emas, kattakon bir korxona xodimlari birgalashib bir necha oyda bajaradigan hisob-kitoblarni bir necha daqiqalarda bajarib qo‘ya oladi. Demak, ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, kompyuter odamga VAQT ne’matini biroz «ko‘paytirib» beradigan noyob qurilma ekan. Biroq, bugungi suhbatimiz buning teskarisi — kompyuterning VAQTNI isrof qilish vositasiga aylanib qolayotganligi haqida bo‘ladi.
«Vaqting ketdi, naqding ketdi», deydi dono xalqimiz. Bu so‘z pullik kompyuter o‘yinlari klubida bo‘layotgan ishlarga nihoyatda mos tushadi. Naqd pul berasiz, bir soat vaqtingizni bekorga ketkazasiz. Shusiz ham o‘sha vaqtingiz ketardi, lekin siz shunga yana pul ham berasiz. Kompyuter o‘yin klublarining egalari, kompyuter o‘yinlarining ishqibozlari, tarafdorlari bizdan xafa bo‘lmasinlar, biz ularni tanqid qilmoqchi ham, ularni qoralamoqchi ham emasmiz. Mijozlar pulni rozi bo‘lib beryaptimi, topganingiz halol, barakasini bersin. Biroq, men kompyuter klubiga kelganlar shu bir-ikki soat davomida virtual raqiblarni virtual o‘yinlarda yengib, virtual g‘alabalar qozonib, virtual daromadlar topish, virtual sovrinlar olib, VAQTINI, naqdini zoe ketkazish o‘rniga o‘ziga, imkoni bo‘lsa oilasiga, jamiyatga, millatga, Vatanga foydasi bor bir ish qilsa-yu, bundan hamma baravar manfaat ko‘rsa, deb orzu qilaman. Bu mening shaxsiy fikrim.
Endi sarlavhaning mazmuniga tegishli gapga navbat keldi.
Har bir ishdan ko‘zlangan maqsad bo‘ladi. Inson bir xayrli maqsadni niyat qilib, ish boshlaydi. Shu ish amalga oshmay qolsa ham, niyati zoe bo‘lmaydi. Bu xalqimizning qon-qoniga singib ketgan tushuncha. Bugungi kunda kompyuterdan faqat ko‘ngilochar maqsadlarda foydalanayotgan, kompyuterni ko‘rsa, avvalo ichida qanday film, qanday klip, qo‘shiq yoki o‘yinlar borligiga, qo‘l telefonga yozib olsa bo‘ladigan nimalar borligiga qiziqayotgan yurtdoshlarga ana shu tushunchani eslatib turishga to‘g‘ri kelmoqda.
Ha, afsuski, bugungi kunda kompyuterga birinchi navbatda ko‘ngilochar vosita, deb qaraladigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa, bolalar kompyuterga ko‘zi tushgan zahoti darrov «O’yinlari bormi?» deb so‘rashadi. Chunki bugungi kunda kompyuter o‘yinlari juda murakkablashib, bolalar uchun nihoyatda qiziqarli bo‘lib ketgan. Besh-olti kishi bo‘lib olib, shunaqangi otishma o‘yinlar o‘ynashadiki, VAQT qanchalik tez o‘tib ketganini sezmay qolishadi. Farzandlaringiz yoki ukalaringiz «Kompyuter o‘ynab kelay», deb pul so‘rayotgandir? Agar shunday bo‘lsa, hurmatli ota-onalarga bir kun erinmay farzandlari bilan kompyuter klubiga borishni maslahat beramiz. O’g‘lingiz u yerdagi o‘yinlarni g‘oyatda chaqqonlik, ustalik bilan o‘ynashini ko‘rib, qoyil qolasiz. Chunki siz bu o‘yinlarni bir daqiqa ham o‘ynay olmaysiz, sizni birpasda «o‘ldirishadi», bittayam «joningiz» qolmaydi. Biroq, o‘yinni zo‘r o‘ynagan bola kompyuterda ishlashni ham zo‘r biladi, degani emas. To‘g‘ri, o‘yin bahona ingliz yoki rus tillardagi shu o‘yinga tegishli so‘zlarni o‘rganish mumkin, bu o‘yinlarni bir kompyuterdan boshqasiga (o‘rtog‘inikiga) o‘rnatishni, hatto kompyuterlar bir-biriga ulashni ham bilib olish mumkin. Biroq maqsad baribir o‘yin bo‘ladi.
Ana endi «Qani o‘g‘lim, kompyuterda ko‘rsatkichli funktsiyaning grafigini chizib bering-chi» deb ko‘ring, natija qanday bo‘larkan («Kompyuterda funktsiyalarning grafigini ham chizsa bo‘ladimi?» — demasa bo‘ldi). Yana bir maslahat, o‘sha sevib o‘ynaladigan o‘yinlarning nomi, bu nomlarning ma’nosi, o‘yinning syujeti qanday kechishi bilan ham bir qiziqib qo‘ring.
Aytmoqchimanki, kompyuterda qilinishi mumkin va kerak bo‘lgan g‘oyatda foydali, muhim, dolzarb ishlar bor. VAQTNI ana shularga sarflash payti keldi. Masalan, xalqimizning necha asrlik boy ilmiy, tarixiy, adabiy merosi hali elektron formatga o‘tkazilmagan, hali o‘zbek tilidagi rasmiy operatsion tizimlar ishlab chiqilmagan, hatto kompyuter texnologiyalariga oid yuzlab atamalar hali o‘zbek tiliga tarjima ham qilinmagan, o‘zbek xalqini dunyoga mashhur qilgan ne-ne buyuk siymolar — na ajdodlarimiz, na zamondoshlarimizning hayoti, ijodi, asarlari na o‘zimizga, na jahonga internet orqali namoyish qilinmagan. Bunga sabab nima? Balki, kompyuterda ishlashdan maqsadimiz, niyatimiz to‘g‘ri bo‘lmaganidandir?
Ustozlarimizdan biri Maldiv orollariga borganda mahalliy tilga tarjima qilingan operatsion tizimlarni ko‘rganligini ham havas, ham umid bilan eslaydilar. Men o‘zim UNIX tizimining mo‘g‘ul tiliga tarjima qilinayotganligini ko‘rganman. O’zbek tilidagi operatsion tizim chiqqaniga esa chamamda endi ikki oycha bo‘lib qoldi...
Bir bobomizning «tig‘i yetmagan joyni qalam bilan olgan» boshqa bir bobomiz tilimizning hech qaysi tildan kam emasligini, hatto ko‘p jihatdan ba’zi tillardan ustunligini isbotlab qo‘ygan edilar. Qani o‘sha buyuk tildagi elektron kutubxonalar, axborot resurslari, multimedia entsiklopediyalar, repetitor dasturlari, elektron kitoblar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, devonlar, kulliyotlar? Alisher Navoiyning, Abu Rayhon Beruniyning, Bobur Mirzoning, Ulug‘bek Mirzolarning to‘la asarlari o‘zbek internetiga qo‘yilganmi? Internetda Abdulla Qodiriy, Oybek, Usmon Nosirlarning saytlari bormi? Ming afsuski, yo‘q. Buning uchun shuncha ma’lumotni kompyuterning xotirasiga kimdir kiritishi kerakmi? Kimdir VAQTNI shu ishga sarflashi, bu matnlarni tahrir qilib, imlo va ma’nodagi xatolarini tekshirib chiqib (Word dasturiga biriktirilgan avtomatik musahhihning ro‘yxatini ochib, qidirib ovora bo‘lmang, u yerga o‘zbek tili kirill va lotin alifbosidagi musahhih kiritib qo‘yilgan bo‘lsa ham, hali bu ish mukammal yo‘lga qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi), keyin internetga nashr qilishi kerakmi? Kim qiladi bu ishni? Agar klaviaturada o‘yin o‘ynab bosilgan tugmalar mana shu matnlarni yozish uchun bosilganda, VAQT shu ishlarga sarflanganda, balki bu savollar javobsiz qolmasmidi...
Xalqqa shu yo‘sinda xizmat qilaman, degan niyatda, millatimni, yurtimni dunyoga ko‘z-ko‘z qilaman, degan maqsadda kompyuter yoniga o‘tirayotganlar ko‘pchilikmi? Afsuski, yetarli emas. Men O’zbekistonda kompyuter sohasida hech qanday ish qilinmayotir, degan asossiz fikrdan uzoqman. Biroq, ahvol maqtanishga arzigulik emas.
Nozikta’b gazetxonlar maqtanishga yo‘ymasa, bir gap aytaman. Yillar davomida kompyuterda qiladigan asosiy ishim matn terish bo‘lardi. Biroq, mohir mashinistkalarga o‘xshab klaviaturaga qaramay harf terishni o‘rganishga hech qunt qilmagandim. Lekin ana shu yillar davomidagi tajriba, ko‘nikma shu darajaga yetibdiki, barmoqlarim qaramasam ham harflarni o‘zi topib yozadigan bo‘lib qolibdi. Buni bir kuni noutbukda ishlab o‘tirganimda, tok o‘chib qolganida sezdim. Demak, uzoq muddat tinmay harf teraversangiz, barmoqlar harflarning joyiga ko‘nikib qolib, kerakli tugmani o‘zi bosadigan bo‘lib qolar ekan. Aytmoqchimanki, qaramay yozishga o‘rgatadigan maxsus dastur bilan shuqullanmay turib ham, yozaversangiz qo‘lingiz o‘rganib ketar ekan. Bu gaplarni «kompyuter o‘yinlari barmoqlarni klaviaturaga tez o‘rgatadi», degan fikrlarga qarshi aytyapman. Biror foydali matnni yozib ham barmoqlarni klaviaturaga o‘rgatsa bo‘ladi, demoqchiman.
Afsuski, ko‘pchilik kompyuter oldiga faqat o‘yin o‘ynash uchun, VAQTNI «ko‘ngilli» o‘tkazish o‘tirmoqda. Bu o‘yinlarni kim ishlab chiqargani, nima maqsadda ishlab chiqargani bilan hech kimning ishi yo‘q, faqat shu o‘yinda yutsak bo‘ldi. Ko‘zimizni monitordan uza olmay qolamiz. VAQTning o‘tib ketganini sezmay qolamiz. Monitorning ko‘zga zarari haqidagi suhbatimiz esingizdami? Ha, ko‘zga eng katta zarar shu alfozda ko‘zni yummay o‘tirishdan yetadi. Biz esa o‘ynayveramiz, kimlargadir «o‘q uzamiz», «poyga»larda qatnashamiz, «strategiya»larni boshqaramiz. Keyingi bosqichlarga o‘tamiz.
Shu mavzuda Rossiya internet nashrlarida yozilgan bir maqoladan iqtibos keltirmoqchiman:
Farzandi har lahzada virtual dunyoda kimnidir o‘ldirayotgan ota-onaning holatini tasavvur qiling. Professor A.G.Asmolov buni «Veld sindromi» deb ataydi. Bir qarashda dunyo ikkiga bo‘linib qolgandek. O’rtada tubsiz jarlik hosil bo‘lgan. Bolalar kompyuter o‘yinlari — bu zo‘r, bu maza va hokazo deyishadi. Ularga faqat o‘yin bo‘lsa bo‘ldi. Qo‘yib bersangiz, tinmay o‘ynashsa. Ularni o‘yinga ruxsat bermay jazolash mumkin. O’ynashga ruxsat berib, mukofotlash ham mumkin. Kattalar Veld sindromini eslashadi. Ota-onalarning ko‘z o‘ngida tajovuzkorlikdan, virtual qotillikdan mast bo‘layotgan yosh avlod o‘sib kelmoqda. «Veld effekti»ning soyasida avlodlar o‘rtasidagi uzilish muammosi yashirinib yotibdi. Kompyuter bolalarning eng shirin orzusiga aylandi. Kompyuter o‘yinlar ularning eng sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Ota-onalarning oldida esa yana o‘sha an’anaviy «Nima qilmoq kerak?» degan savol ko‘ndalang bo‘ladi. E’tibor berishmasinmi? Yoki hammayoqqa jar solib, kompyuter o‘yinlariga qarshi urush ochishsinmi? Kompyuter o‘yinlari «dunyoni egallagach», insoniyat ikki lagerga — virtual reallikning tarafdorlari bilan dushmanlariga ajralib qoldi. Hatto insonning yangi «navi» — «geymerlar» (o‘yinchilar) paydo bo‘ldi. Bu muammo butun dunyoga tarqaldi, tadqiqotchilar har safar o‘yinlarni oqlaydigan va qoralaydigan yangidan-yangi dalillarni topmoqdalar. Biroq, ahvol o‘zgarmayapti, muvozanat saqlanib turibdi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin yillarda elektron o‘yinlar bozori tinimsiz kengayib boradi. Gap yiliga o‘nlab milliard dollar daromad keltirayotgan biznes sohasi haqida boryapti. Qaroqchilik nihoyatda rivojlanib ketgan bugungi kunda ham bu sohada Amerika kinosanoatidan ko‘ra ko‘proq pul topilyapti.
Biroq, ekspertlar qattiq tashvishga tushishgan. «Aksariyat o‘yinlar g‘ayriijtimoiy unsurlar — zo‘rlik, seks va uyat so‘zlarga to‘lib-toshgan, — deydi Amerika Ommaviy axborot vositalari va oila Milliy instituti direktori Devid Uolsh. — Afsuski, aynan ana shunday o‘yinlar 8-15 yoshli bolalar va o‘smirlar orasida keng tarqalgan».
AQShda olib borilgan tadqiqotlardan biriga ko‘ra, yoshlar sevib o‘ynaydigan o‘yinlarning deyarli 80 foizi personajlarning shafqatsizligi bilan ajralib turadi.
«Virtual Image Productions» kompaniyasining prezidenti Rik Dayer shunday deydi: «O’yinlar oddiy o‘yinchoq bo‘lmay qoldi. Ular o‘rgatish vositasiga aylanib ketdi. Va biz bolalarni tepkini bosib, rohatlanishga o‘rgatyapmiz. Ammo biz real hayotda buning oqibati qanday bo‘lishi o‘ylab ko‘rishga ularni o‘rgatmayapmiz».
Ozod MUNAVVAR.