Rivoyat qilishlaricha, qadim zamonda o‘g‘rilik va qaroqchilikda tengi yo‘q Qurbon ismli bir yigit o‘tgan ekan. Undan bezor bo‘lgan xalq qaroqchini "œQiron o‘g‘ri" deb atay boshlabdi.
Dunyoning ishlarini qarangki, Qiron o‘g‘ri birdaniga o‘zgarib, insofga kelibdi. O‘g‘rilik va barcha yomonliklardan qaytibdi. Qaerda yaxshilik qilish, yoki yaxshi ish bo‘lsa, o‘sha joyda hozir bo‘lar va o‘z jo‘ralarini ham yaxshilikka boshlarkan. Elu yurt hayron, birov: "œOlloh insof bersa hech narsa emas ekan-da", desa, yana boshqasi: "œQiron o‘g‘riday odam hech qachon yaxshi bo‘lmaydi. Bu hammasi mug‘ombirlik, u hozir podshohning xazinasini mo‘l, soqchilarni chalg‘itish uchun ataylab reja tuzib yuribdi", dermish. Qiron o‘g‘ri esa hech narsaga parvo qilmay, Ollohga ibodatini qilib, yaxshilik kasbida mudom sobit turardi. Kunlardan bir kun bu mish-mishlar podshohning qulog‘iga ham yetib boribdi. Podshoh ham hayron bo‘lib: "œNahot Qiron o‘g‘riday odam insofga kelgan bo‘lsa", deb uni o‘z huzuriga chorlabdi.
Qiron o‘g‘ri saroyga kelib podshohga ta’zim bajo aylabdi va uning amrini kutibdi. Podshoh Qiron o‘g‘rining odobini ko‘rib lol qolibdi va:
— Ey, sen o‘sha Qiron o‘g‘rimisan? Hatto ko‘zlarimga ishonmayapman. Nahot sen o‘z oyog‘ing bilan huzurimga kelgan bo‘lsang. Axir, sening dastingdan bu yerlarga karvon kelolmasdi. Seni hech qaysi shoh qo‘lga tushira olmagan, hayoting Ollohning harom qilgan ishlari bilan band bo‘lib o‘tgan, seni bir marta emas, o‘n marta dorga osish ham oz edi-ku! Nahot o‘limdan qo‘rqmay ochiq yuribsan? — debdi.
— Ey, shohim, — deb javob qilibdi Qurbon. — Jonim sizga sadaqa, lekin egilgan boshni qilich kesmas. Siz yurt otasi, amringizga muntazirman. Endi o‘lsam armonim yo‘q, chunki men tavbaga keldim, o‘z vaqtida noto‘g‘ri ishlarimni Olloh menga bildirdi.
Hayratda qolgan podshoh bu sirning sababini aniqroq bayon qilishini so‘rabdi.
— Podshohim, — deya ta’zim bilan gap boshlabdi Qurbon. — Bilasizki, qaroqchining makoni sahro, oromgohi xilvat joylar. Bir kuni navbatdagi qaroqchilikdan kelib, charchab uxlab qoldim. Tushimda ajoyib sir ko‘rdim va bu dunyoning o‘tkinchiligini angladim, bor qaroqchilik, o‘g‘rilikdan topgan davlatimni beva-bechoralarga tarqatdim. Ilgari Olloh nimani qilmaslikni buyurgan bo‘lsa, o‘shani qilardim. Hozir esa aksi, dilim ham pok, qotgan non yesam ham xotirjamman.
— Yaxshi, — debdi shoh. — Menga o‘sha ko‘rgan tushingni bayon et.
— Shohim, tushimda bir bepoyon sahroda ketayotgan ekanman. Shunda bir arslon meni quvdi, men jon-jahdim bilan qochib bir quduqqa duch keldim. Quduqqa bog‘lanib turgan arqonga osilib o‘zimni quduqqa tashladim. Arqon quduq tubiga yetmay tugadi. Quduq tubiga qarasam, bir ulkan ajdarho og‘zini ochib turardi. Men nochor qolib qora terga botdim. Tepada arslon, pastda ajdarho. Shu payt yonimdagi quduq teshigidan har xil nozu ne’matlar va asal oqib kela boshladi. Men quyidagi va ustimdagi xavfni unutib, maroq bilan nozu ne’mat, asal va sharoblardan iste’mol qila boshladim. Bora-bora xavflarning menga daxli yo‘qday ko‘rinib, kunim shu taxlitda o‘ta boshladi. Kunlardan bir kuni tepaga qarasam, biri oq, biri qora sichqon men osilgan arqonni qirqa boshladi. Soch-soqolim oqarib sichqonlar qancha tolani qirqdi-yu, qancha qoldi, bilolmay yana asal va nozu ne’matlarni yeyish bilan band bo‘lib, uyg‘onib ketdim. Uzoq o‘ylab tush ta’birini so‘rab, bir olim kishining yoniga bordim. Ulamo tushimni tinglab: "œO‘g‘lim, siz bu dunyo mo‘’jizasini ko‘ribsiz. Arslon Azroildir, arqon umr arqonidir, oq va qora sichqonlar kunduz va kechadirlar. Ular umr arqonini uzish bilan banddirlar. Quduq tubidagi ajdarho esa lahaddir. Hammamizning umr arqonimiz bir kuni uzilib, lahadga bormog‘imiz aniq. Bir kishining umr arqoni yo‘g‘onroq, boshqaniki esa ingichkaroq, lekin qanchasi uzilib, qanchasi qolgani faqat Ollohga ayon. Arqon uzilib lahadga tushguncha hayot — shirin, teshikdan chiqayotgan nozu ne’matlarga aldanib, umrni behuda o‘tkazmoq — kechirib bo‘lmas xatodir. Yaxshilik mevasini bu dunyoga qanchalik ko‘p eksak, oxiratimiz obod, go‘rimiz yorug‘ bo‘lgay", dedilar. Men olim huzuridan boshqa odamga aylanib chiqdim.
Podshoh bu so‘zlardan juda ta’sirlanib ketibdi va uni o‘ziga vazirlikka taklif qilibdi. Biroq Qurbon rad etib:
— Shohim, men bepoyon sahroning sultoni edim. Bulardan kechdim, endi qolgan umrimni bog‘-rog‘ yaratish, suv chiqarish va ko‘prik qurish bilan o‘tkazmoqchiman, zora, Olloh gunohlarimni kechirsa, — debdi.
Shoh uzoq mulohaza qilibdi va:
— Endi quloq sol, sen shu mamlakatning fuqarosisan. Agar shunday bo‘lsa sen uchun mening amrim vojib. Menga halol bir o‘lponchi, ya’ni soliqchi kerak. Soliqchilarim noto‘g‘ri soliqni ko‘paytirib, xalqni ancha qiynab qo‘yishmoqda. Shu amal senga loyiq. Chunki me’dang to‘q, xalqqa xizmat qilish uchun bel bog‘labsan, soliqdan tushgan pulga ko‘prik qur, suv chiqar, bog‘ yarat. Soliqlar puli beva-bechoralarga va bog‘-rog‘ yaratishga, xullas, yana xalq foydasiga sarf bo‘layotganini xalq ham tushunsin, — debdi.
Aziz dindoshlarim: Bu dunyoni o‘tkinchi, deb gapiramiz-u, ammo hamisha ham o‘tayotgan kunlarimiz haqida o‘ylab ko‘rmaymiz. Qorin g‘ami, bu dunyo tashvishlari bilan bo‘lib, u dunyoni unutib qo‘yamiz. Ortingizga bir nazar tashlang. O‘tayotgan kunlar sizdan rozimi? Biror-bir kimsaga zarradek bo‘lsa-da yaxshilik qila oldingizmi? Bir o‘ylab ko‘ring-chi, berilgan savolga javob topa olarmikansiz...
Aziza Saidahmedova tayyorladi.