Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296565 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:46:00

Mayyitning yaqinlari ta’ziya bildiruvchilarni qabul qilish uchun bir uyda yig‘ilib turishlari makruh. Bu hukm erkagu ayollarga birdek tegishli. Ular o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak.

Ta’ziya duosi esa mashhurdir.
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlaridan biri u zotga o‘zining go‘dagi o‘lim holatida ekanini bildirib, odam yubordi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xabarchiga: «Borib unga ayt: «Albatta olgan narsasi Alloh taolonikidir. Bergani ham Uning O‘zinikidir. Va har bir narsa Uning huzurida aniq vaqt — o‘lchov bilandir. Unga buyurginki, sabr qilib umid etsin», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Imom Navaviy aytadilar: «Ushbu hadis din asoslari (aqida) va furu’laridan (shar’iy hukmlar) sanalib, har xil musibat, kasallik va g‘am-tashvishga mubtalo bo‘lganda o‘zini tutish va sabr qilishdan iborat juda ko‘plab muhim masalalarni o‘z ichiga olgan ulkan Islom qoidalaridan biridir. «Olgan narsasi Allohnikidir» jumlasining ma’nosi shuki, butun olam Alloh taoloning mulkidir. Binobarin, U zot sizlarga tegishli narsani olgani yo‘q. Aksincha, sizlarga omonat qo‘ygan O‘zining narsasini oldi xolos. «Bergani ham Uning O‘zinikidir», degani, sizlarga bergan narsasi Uning tasarrufidan chiqdi, degani emas. U baribir Allohniki bo‘lib qolaveradi, uning ustida xohlagan ishini qiladi. «Va har bir narsa Uning huzurida aniq vaqt — o‘lchov bilandir». Ya’ni, talvasaga tushmanglar, besabrlik qilmanglar. Zero, ajali yetgan har bir inson o‘ladi. Belgilangan ajal — vaqtni oldinga surib ham, kechiktirib ham bo‘lmaydi. Agar bularning barchasini bilgan bo‘lsangiz, u holda o‘zingizga yetgan musibatga sabr qiling va savobga umid bog‘lang. Vallohu a’lam».

Ali roziyallohu anhu Ash’as ibn Qaysga: «Agar sen iymon keltirgan va savob umid qilgan holda sabr etsang, sabr etding. Bo‘lmasa sen ham, hayvon yupangandek yupanib qolasan», dedilar.

Bir donishmand musibatga uchragan kishiga maktub yozdi: «Judo bo‘lgan narsang sendan ketib bo‘ldi. Endi uning o‘rniga berilgan narsa — ajrdan ham mahrum bo‘lib qolmagin».

Bir zot aytgan ekanki: «Oqil kishi musibatning birinchi kunida johil besh kundan keyin qiladigan ishlarni qiladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:46:15

Ma’lumki, vaqt o‘tishi bilan musibatga uchragan kishi ko‘nikib, ovunib boradi. Shuning uchun shariatda musibatning ilk zarbasiga yo‘liqqan zahoti sabr qilishga buyurilgan.

Abdurahmon ibn Mahdiy farzandi o‘lib, qattiq talvasaga tushib qoldi. Bu xabarni eshitgan Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh u kishiga quyidagicha maktub yozdilar: «Ey birodar, boshqalarni yupatgan so‘zlaringiz bilan o‘zingizni yupating, o‘zgalarning xatti-harakatlaridagi noma’qul deb bilgan jihatlaringizni o‘z ishlaringizda ham bema’ni deb hisoblang. Bilib olingki, eng achchiq musibat — shodlikning yo‘qolishi va ajrdan mahrum bo‘lishdir. Agar bu ikkisiga gunoh ham kelib qo‘shilsa, qanday bo‘lar ekan?! Ey birodar, siz talab qilmasdan turib, ajrning o‘zi yoningizga kelgan ekan, uni quchoq ochib kutib oling. Zero, marhumingizdan ayrilib bo‘ldingiz. Alloh musibatlar chog‘i sizga sabr bersin, sabr tufayli sizga ham, bizga ham ajr bersin».

So‘ng quyidagi she’rni bitdilar. Ma’nosi:
Hayotga unchalik ishonchim yo‘g‘-u,
Lek sunnat, deb qildim, ta’ziya izhor.
Mayyitdan so‘ng uning yaqinlari-yu
Ta’ziya aytgan ham o‘limga duchor.


Bir kishi o‘g‘li o‘lgan birodariga ta’ziya bildirib xat yozdi:
«...Farzand, modomiki hayot ekan, otasi uchun g‘am-tashvish va fitnadir. Agar otasi qarib qolsa, u duo va rahmatdir. Uning g‘am-tashvishi-yu, fitnasidan ayrilib qolganingizdan ko‘p siqilmang. Alloh taolo uning duosi va rahmatining o‘rniga bergan narsasidan (ya’ni ajrdan) mahrum bo‘lib qolmang».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:46:22

Muso ibn Mahdiy o‘g‘li vafot etgan Ibrohim ibn Salamaga ta’ziya bildirib dedi: «Balo va fitnadan qutilganingizga xursand, duo va rahmatdan mahrum bo‘lganingizga esa xafa bo‘ling».

Bir kuni boshqa kishiga ta’ziya bildirib dedi: «Oxiratda ajr beriladigan kishi dunyoda shodlik va quvonch beriladigan kishidan ko‘ra yaxshiroqdir».

Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo o‘g‘lini dafn qilib, so‘ngra kuldilar. U kishidan: «Qabr tepasida ham kulasizmi?» deb so‘rashgan edi: «Shaytoning burnini yerga ishqalashni xohladim», deya javob berdilar.

Ibn Jurayj roziyallohu anhu dedilar: «Musibat chog‘ida ajr va savob umidida tasalli topmagan kimsa xuddi hayvonlar tinchlangandek tinchlanadi».

Hamid A’rojdan naql qilinadi: Said ibn Jubayr roziyallohu anhu o‘g‘liga qarab turib: «Men sendagi yaxshi xususiyatni bilaman», dedilar. O‘sha yerdagilar: «U nima?» deb so‘rashgan edi, «U vafot etib, savobini umid qilishim», deya javob berdilar.

Bir kishi o‘g‘lidan xafa bo‘lib Hasan Basriyga shikoyat qildi. Hasan roziyallohu anhu u kishidan: «O‘g‘lingiz g‘oyib bo‘lib turadimi?» deb so‘ragan edi, u: «Ha, ko‘pincha g‘oyib bo‘ladi», deya javob berdi. U zot: «O‘g‘lingiz sizdan uzoqda yuraversin. Zero, u g‘oyib bo‘lgan sayin sizning ajringiz ziyodalashaveradi», deya maslahat berdilar. Haligi kishi: «Ey Abu Said, o‘g‘limga nisbatan saqlagan kekimni tarqatib yuborayozdingiz», deb minnatdor bo‘ldi.
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:46:37

Umar ibn Abdulaziz roziyallohu anhu bemor yotgan o‘g‘lining oldiga kirib: «Ey o‘g‘ilginam, o‘zingni qanday his qilyapsan?» deb so‘ragan edi, o‘g‘li: «Haq yo‘lda barqarorman», deya javob berdi. U zot roziyallohu anhu: «Ey o‘g‘ilginam, men uchun mening mezonimda bo‘lishing, sening mezoningda bo‘lishimdan ko‘ra suyukliroq», dedilar. Shunda o‘g‘li: «Ey otajon, men uchun siz yaxshi ko‘rgan narsa bo‘lishi men suygan narsa bo‘lishidan ko‘ra suyumliroq», deb javob berdi.

Imom Shofe’iy hazratlari o‘g‘li vafot etganda, quyidagi baytni o‘qigan ekanlar:
Dunyo shunday ekan, sabr qil,
Yo moldan judolik, yo habibingdan.


Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu Muhammad ismli, xushsurat o‘g‘li bilan Valid ibn Abdumalikning huzuriga yo‘l oldi. Valid olachipor kiyimda, qo‘llari bilan kiyim bog‘ichlarini o‘ynayotgan bolaga qarab: «Quraysh yigitlari mana shunday bo‘ladi», deb unga suqlandi va ko‘zi tegdi. O‘g‘lon uning oldidan behol bo‘lib chiqdi. Chorvalar bog‘langan joyda yiqilib, podaning tagida qolib ketdi. Bola o‘ldi.

Urvaning bir oyog‘i qorason bo‘lib, boldiridan kesib tashlandi. U ancha qarib qolgan edi. Shu kechasi u zorlanib duo qilmadi. Faqatgina: «Bu safarimizdan nasib qilgani shu ekan», deb qo‘ydi xolos va quyidagi misralarni o‘qidi:
Qasamki, shu yengil kaftlarim meni
Shubhali ishlarga tortqilagan yo‘q.
Guvohlik bersinlar oyoqlarim ham,
Zino-yu, faxshlarga yetaklagan yo‘q.
Qulog‘im-u ko‘zim, fikrim-u aqlim,
Ma’siyat va gunoh birla olishgan.
Menga va o‘g‘limga yetgan musibat
Qancha yigitlarning boshiga tushgan.


So‘ngra u zot roziyallohu anhu munojot qilib dedilar: «Ey Allohim, meni sinagan ekansan, aslida salomat qilibsan. Olgan ekansan, yana qoldiribsan. Bir a’zoni olib ko‘p a’zolar qoldirding. Bir farzandni olib, ko‘p farzandlar qoldirding».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:46:46

Xuddi shu kechasi Validning oldiga Bani Abaslik ko‘r kishi keldi. Undan qanday qilib ko‘r bo‘lib qolgani haqida so‘ragan edi, boshidan o‘tganini so‘zlab berdi:

«Dunyoda o‘zimdan ko‘ra badavlatroq abaslik kishi yo‘q edi. Bir kechasi darada tunab qoldim. Tunda sel kelib, butun ahlim, bola-chaqam, mol-holimni oqizib ketdi. Faqat bir bolam bilan, bir tuyam qoldi. Tuya qaysarlik qilib qochib ketdi. Uning ortidan quvlay boshladim. Bir oz yurgan edim, bolamning chinqirgani qulog‘imga chalindi. Qaytib kelib ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir bo‘ri jigarbandimni g‘ajib tashlabdi. Bo‘rini o‘ldirdim. Keyin tuyani ushlash uchun orqasidan borgan edim, qo‘qqisdan yuzimga tepdi. Ko‘zim ko‘r bo‘lib qoldi. Shunday qilib butun ahli oilam va mol-mulkimdan ayrildim».

Shunda Valid: «Buni Urvaning oldiga olib boringlar. Toki u yer yuzida o‘zidan ko‘ra qattiqroq musibatga uchragan kishi ham borligini bilib qo‘ysin», deb buyurdi.

Usmon roziyallohu anhuga hamla qilib, jarohat yetkazganlarida, soqollari qonga bo‘yalgan holda shunday degan edilar: «Sendan o‘zga hech qanday iloh yo‘q. Sen barcha aybu nuqsonlardan poksan. Men zolimlardan bo‘lib qoldim. Ey Allohim, ularga qarshi O‘zingdan madad tilayman, barcha ishlarimda yordamingga muhtojman va bu sinovlaringda O‘zing meni sabrli qilgin».

Madoiniy aytadilar: «Men sahroda (sahroiy arablar maskanida) bir ayolni uchratib qoldim. Uningdek go‘zal va rangi tiniq ayolni sira ko‘rmagan edim. Undan: «Shodlik sababli shu qadar go‘zalmisan?» deb so‘ragan edim, u: «Yo‘q, Allohga qasamki, bunday emas. Men g‘am va qayg‘uga nishonman. Boshimdan o‘tganini senga so‘zlab beraman. Mening erim va ikki o‘g‘lim bor edi. Otasi qurbonlik kunida bir qo‘yni qurbonlikka so‘ydi. Bolalar nariroqda o‘ynab yurishgan edi. Kattasi kichigidan: «Otam qo‘yni qanday qilib so‘yganini ko‘rsataymi?» deb so‘ragan edi, u: «Ha», dedi. U bilmay ukasini so‘yib qo‘ydi va qonni ko‘rib qo‘rqib toqqa qochib ketdi. U yerda bo‘riga yem bo‘ldi. Otasi uni qidirib ketdi va adashib, tashnalikdan vafot etdi. Shunday qilib men erim va ikki farzandimdan ayrildim», deya javob berdi. Undan: «Qanday qilib sabr qilyapsan?» deb so‘ragan edim, u: «Agar musibat to‘xtamasdan davom etsa ham, men sabr qilaveraman. Jarohatim bitib ketgan», dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:47:04

Fasl

Abu Hasson Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Mening ikkita o‘g‘lim vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «O‘liklarimiz xususida qalbimizga orom baxsh etadigan biron hadis rivoyat qilib berasizmi?» deb so‘ragan edim, u zot: «Ha», dedilar. — Go‘daklar jannatning ajralmas ahllaridir. Ulardan biri otasini (yoki ota-onasini) qarshi oladi-da, xuddi mana shu kiyimingni chetidan ushlaganimdek, uning kiyimidan (yoki qo‘lidan) tutadi. Hattoki, u Alloh uni va otasini jannatga doxil qilmagunicha to‘xtamaydi» (Muslim rivoyati).

Muoviya ibn Qurra ibn Iyos otasidan rivoyat qiladi: «Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga o‘g‘lini olib kelardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uni yaxshi ko‘rasanmi?» deb so‘ragan edilar, u: «Ha, yo Rasululloh, uni yaxshi ko‘rganimdek, Alloh sizni yaxshi ko‘rsin», dedi. Bir qancha vaqt o‘tib o‘g‘lon ko‘rinmay qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Falonchi o‘g‘li falonchiga nima qildi?» deb so‘ragan edilar: «Yo Rasululloh, u vafot etdi», deya javob berishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam otaga: «O‘g‘lingni jannatning qaysi eshigiga borsang, o‘sha yerda seni kutib turgan holida uchratishni yoqtirmaysanmi?» dedilar. Bir kishi: «Yo Rasululloh, (bu bashorat) uning o‘zigagina taalluqlimi yoki barchamizgami?» deb so‘ragan edi, «Barchangizga taalluqli», deya javob berdilar (Ahmad va Nasoiy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:47:12

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi juft (ya’ni, er-xotin) musulmonning uchta farzandi o‘lsa, Alloh u ikkisini ayricha mehribonlik bilan jannatga kirgazadi». «Yo Rasululloh, ikkita bo‘lsa-chi?» deb so‘rashgan edi, «Ikkita bo‘lsa ham» dedilar. «Bitta bo‘lsachi?» deya so‘rashgan edi, «Bitta bo‘lsa ham» dedilar va qo‘shib qo‘ydilarki: «Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, hattoki chala tug‘ilgan bola ham onasini, agar u savob umidida sabr qilar ekan, kindik ichagi bilan jannatga tortadi» (Ahmad va Tabaroniy rivoyati).

Vaki’ roziyallohu anhu aytadilar: «Ibrohim Harbiyning o‘n bir yashar o‘g‘li bor edi. U Qur’onni to‘liq yod olgan, fiqh va hadisdan ko‘p narsa o‘rgangan edi. Bir kuni uning vafot etganini eshitib ta’ziya bildirgani keldim. Ibrohim Harbiy menga: «O‘zi shu o‘g‘limning vafot etishini istardim», dedi. «Ey Abu Ishoq, o‘zingiz dunyo olimisiz-ku, yana gapirayotgan gapingizni qarang. Axir o‘g‘lingiz Qur’onni yod olgan, fiqh va hadisni o‘rgangan ajoyib o‘g‘lon edi-ku!» dedim. «To‘g‘ri, — dedi u. — Biroq men bir kuni tush ko‘rdim. Tushimda go‘yoki qiyomat qoim bo‘libdi. Bir to‘da yosh bolalar odamlarni qarshi olib, qo‘llaridagi suv to‘la ko‘zalarni ularga tutishardi. Kun haddan tashqari issiq edi. Men bolalardan biriga: «Suvingdan ber», degan edim, u menga qarab: «Siz otam emassiz-ku», dedi. Undan: «Sizlar kimsizlar?» deb so‘ragan edim, u: «Bizlar islomda vafot etgan go‘daklarmiz. Ota-onalarimiz ortimizdan kelishadi. Biz ularni kutib olib, suv beramiz», deya javob berdi. Shuning uchun ham o‘g‘limning vafot etishini orzu qilardim».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:47:25

Hikoya

Molik ibn Dinordan tavba qilishiga nima sabab bo‘lganini so‘rashdi. U javoban shunday dedi: «Ilgari men o‘yin-kulgi va ichkilikka qattiq berilgan edim. Ko‘ngil xushi uchun bir joriya sotib oldim. Ma’lum muddat o‘tib, qizchalik bo‘ldik. Men qizimni juda yaxshi ko‘rar edim. U o‘sib-ulg‘ayib emaklaydigan, keyin yuradigan bo‘ldi. Qachon men aroq ichmoqchi bo‘lsam, u qo‘limdan tortib aroqni to‘kib yuborar edi. U ikki yoshga yetgach, vafot etdi. Men qayg‘uda qoldim... Sha’bon oyi edi. Bir kuni yarim tunda ichib mast bo‘lib yotib qolibman. Tush ko‘rdim. Go‘yoki qiyomat qoim bo‘libdi. Qabrimdan chiqib kelibman. Bundoq qarasam, yonimda katta ajdar meni yemoqchi bo‘lib turibdi. Undan qo‘rqib qochdim, u esa orqamdan quvlay boshladi. Har qancha tez chopsam ham, undan butunlay qochib ketolmas edim. Qocha turib yo‘lda oppoq libosli munkillagan cholni uchratdim. Unga: «Ey otaxon, meni anavi ajdardan qutqaring. U meni yemoqchi, halok qilmoqchi», deb yalingan edim, u: «Ey o‘g‘lim, men qarib, kuchdan qolganman, u mendan quvvatli, unga kuchim yetmaydi. Sen qochib, yo‘lingda davom etaver-chi, shoyad Alloh seni undan xalos etsa», dedi. Men tezroq chopa boshladim. Ajdar ham izimdan qolmay kelar edi. Yugura-yugura do‘zax tabaqalariga kelib qoldim. Do‘zax qizib, qaynab yotardi. Unga tushib ketishimga bir bahya qoldi. Shunda kimdir: «Sen mening ahlimdan emassan», dedi. U yerdan burilib yana qocha boshladim. Ajdar hamon quvlab kelar edi. Qocha-qocha ko‘zni qamashtiradigan nurli toqqa yaqinlashdim. Tog‘da qasrlar bo‘lib, ularning eshik va pardalari ko‘zga tashlanib turar edi. Shu payt kimdir: «Dushmani yetib kelib halok etmasdan turib manavi bechorani qutqaringlar!» dedi. Eshiklar ochilib, pardalar ko‘tarilib, u yerdan yuzlari oyday bolalar chiqib kelishdi. Qizim ham ular bilan birga edi. Meni ko‘rib oldimga tushdi. O‘ng qo‘li bilan ajdarni urgan edi, u qochib ketdi. Keyin tizzamga o‘tirdi-da: «Ey otajon,

«Iymon keltirgan zotlar uchun Allohning zikri sababli va nozil bo‘lgan Haq — Qur’onga (tilovat qilinishi) sababli qalblari erib, qo‘rqish (vaqti) kelmadimi?!» (Hadid surasi, 16) dedi. «Ey qizim, sizlar ham Qur’onni bilasizlarmi?» deb so‘rasam, «Ha, sizlardan ko‘ra yaxshiroq bilamiz», dedi. «Bu yerda nima qilasizlar?» «Biz musulmonlarning vafot etgan yosh bolalarimiz. Qiyomat kunigacha shu yerda sizlarni kutib yashaymiz». «Ey qizim, meni quvlab, halok etmoqchi bo‘lgan ajdar nima edi?» «Ey otajon, u sizning yomon amallaringiz. Uni kuchaytirib — ko‘paytirib yubordingiz. Shuning uchun sizni halok qilmoqchi bo‘ldi». «Haligi munkillagan chol kishi kim edi?» «U sizning yaxshi amalingiz. Uni zaiflashtirib — kamaytirib qo‘ydingiz. Shu bois yomon amalingizga uning kuchi yetmadi. Allohga tavba qiling. Halokatga uchraguvchilardan bo‘lmang». Shunday deb u yuqoriga ko‘tarilib ketdi. Men cho‘chib uyg‘ondim va darhol Allohga tavba qildim».

Ey birodar, xoh o‘g‘ildir, xoh qizdir yoshligida vafot etgan farzandning barakasini ko‘rib qo‘ying. Agar ota-ona savob umidida sabr qilar va «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytguvchimiz», deyishar ekan, ular uchun Alloh va’da qilgan yana boshqa ko‘plab manfaatlar hosil bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:47:37

Fasl

Sobit Jumahiydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar birontangizga musibat yetsa, mendan (judo bo‘lgandagi) musibatini eslasin. Zero, bu eng katta musibatdir».

Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonga yetgan har bir musibat, hattoki (badaniga) sanchilgan tikon sababli ham, Alloh uning gunohlarini o‘chiradi» (Muslim rivoyati).

«Biror kishiga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va ulkanroq ne’mat berilmagan» (Muttafaqun alayh).

Ummu Salama (roziyallohu anho) aytadilar: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Biror bandaga musibat yetsa va u: «Albatta, biz Allohning bandalarimiz va, albatta, biz Unga qaytguvchilarmiz. Ey Allohim, musibatim sababli menga ajr bergin va uning o‘rniga yaxshirog‘ini bergin», desa, Alloh unga musibati sababli ajr ato qiladi. Va uning o‘rniga yaxshirog‘ini beradi», deganlarini eshitgan edim. Erim Abu Salama vafot etgach, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sohiblari ichida Abu Salamadan ko‘ra yaxshiroq kim ham bor», dedim. Keyinroq Alloh dilimga solib, jur’at paydo bo‘ldi va shu duoni o‘qidim. Bir oz o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni o‘z nikohlariga oldilar» (Muslim rivoyati).
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:47:45

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qabr tepasida yig‘lab o‘tirgan ayolning yonidan o‘taturib: «Allohdan qo‘rqqin, sabr qilgin», dedilar. Ayol u zotni tanimay: «Yo‘lingdan qolma, o‘zingning boshingga tushmagan-da», dedi. Ayolga, bu kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bo‘ladilar, deyishdi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eshigiga keldi. U yerda eshikog‘alarni ko‘rmadi. «Uzr, sizni tanimapman», degan edi: «Ilk zarba chog‘idagi sabr sabrdir», dedilar Nabiy» (Muttafaqun alayh).

Ya’ni, musibatning dastlabki lahzalaridagi sabr go‘zal sabrdir. Keyinroq esa hamma o‘z-o‘zidan yupanib qoladi.

Anas roziyallohu anhu aytadilar: «Abu Talhaning Umma Sulaymdan ko‘rgan o‘g‘li vafot etdi. Ummu Sulaym yaqinlariga: «To o‘zim aytmagunimcha, Abu Talhaga o‘g‘li haqida hech narsa demanglar», dedi. Abu Talha kelgach, kechki ovqatni keltirdi. U ovqatlandi. So‘ng Ummu Sulaym unga odatdagidan yaxshiroq munosabatda bo‘ldi. Ular birga bo‘lishdi. Abu Talhani to‘ydirib, shahvatini qondirganidan so‘ng ayoli so‘radi: «Ey Abu Talha, nima deb o‘ylaysiz, agar bir kishi boshqa birovga omonatga biron narsa bersa, so‘ng uni talab qilsa, omonatni egasiga qaytarib bermaslikka haqqi bormi?» «Yo‘q». «Unday bo‘lsa, o‘g‘lingiz uchun sabr etib, savob umid qiling». «Bulg‘anganimdan keyin bu xabarni aytyapsanmi?» dedi g‘azablanib Abu Talha. So‘ng borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan voqeani so‘zlar berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh sizlarga shu kechangizni barakotli etsin», deya duo qildilar (Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar bir bandaning farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalaridan: «Bandam farzandini oldilaringmi?» deb so‘raydi. Ular «Ha», deyishadi. «Qalb mevasini oldilaringmi?» deb so‘raydi. Ular: «Ha», deyishadi. «Bandam nima dedi?» deb so‘raydi. Ular: «Senga hamd va istirjo’ aytdi», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Bandamga jannatda bir bino quringlar va uni «hamd uyi» deb nomlanglar», deydi» (Termiziy va Ibn Hibbon rivoyati).

Qayd etilgan