Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296616 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:53:48

Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kechqurun (tushimda) ikki kishini ko‘rdim. Ular kelib meni muqaddas yerga olib chiqishdi. Yurib-yurib qonli daryoga duch keldik. Daryoda bir kishi bor edi. Sohilda boshqa kishi harsang tosh ushlab turardi. Daryodagi kishi kelib chiqmoqchi bo‘lgan edi, narigi kishi tosh bilan og‘ziga urib kelgan joyiga qaytarib yubordi. U qachon kelib chiqmoqchi bo‘lsa, tosh bilan og‘ziga urar va u yana oldingi joyiga qaytib ketar edi. «Daryodagi kishi kim?» deb so‘ragan edim, «Sudxo‘r», deya javob berishdi» (Buxoriy rivoyati).

Sudxo‘r o‘lgan vaqtidan to qiyomat kunigacha qonli daryoda suzib, tosh bilan «siylanadi». Bu azob barzax-qabrda bo‘ladi. Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sudxo‘rni (foiz yeyuvchini), oldiruvchini, kotibni va guvoh bo‘luvchining hammmasi (gunohda) barobar», deganlar (Muslim rivoyati).

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qaysi qavm orasida zino va sudxo‘rlik avj olsa, ular o‘zlariga Allohning azobini halol qilgan bo‘ladilar» (Abu Ya’lo rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:53:56

Abdulloh ibn Hanzala roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kishining bilaturib sudxo‘rlikdan yegan bir dirhami o‘ttiz olti marta zino qilganidan og‘irroqdir» (Imom Ahmad, Tabaroniy rivoyati).

Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sudxo‘rlikning yetmish ikkita turi bo‘lib, ularning eng kichigi kishining onasiga yaqinlik qilishi bilan barobardir. Sudxo‘rlikning eng yaramasi esa, kishining o‘z birodari nomusiga tajovuz qilishidir» (Tabaroniy rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytgan ekanlarki: «Sudxo‘rlikda yetmish ikkita gunoh bo‘lib, ularning eng kichigi musulmonning o‘z onasiga yaqinlik qilishi bilan barobar. Sudxo‘rlikdan topilgan bir dirham o‘ttizdan ortiq zino qilishdan og‘irroqdir».

Yana aytgan ekanlar: «Alloh qiyomat kunida yaxshi-yu yomonga turish uchun izn beradi. Sudxo‘rlar esa bundan mustasno. Chunki ular: «jin chalgan — majnun kabi turadilar» (Ibn Abu Dunyo, Bag‘aviy rivoyati).

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu aytganlar: «Foiz oluvchi (sudxo‘r) ham, beruvchi ham do‘zaxdadir».
Qatoda roziyallohu anhu aytadilar: «Sudxo‘rlar qiyomat kunida jinni holida tiriladilar. Bu ularning alomati bo‘lib, mahshargohdagilar ularni shundan tanib oladilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:54:04

Xabarlarda vorid bo‘lishicha, sudxo‘rlar o‘z qilmishlarida ishlatgan hiylalari sababli «shanba sohiblari» kabi it va to‘ng‘iz suratida qayta tiriladilar. «Shanba sohiblari» haddan oshgan yahudiy kimsalar bo‘lib, avvaliga Alloh ularni shanba kuni baliq ovlashdan qaytargan edi. Ular hovuzlar qazib, shanba kuni baliqlarni unga qamab olar va keyingi kuni ovlar edilar. Shunday hiyla ishlatib hadlaridan oshganlari sababli Alloh ularni maymun va to‘ng‘izlarga aylantirib qo‘ygan edi.

Sudxo‘rlar ham o‘zlaricha turli hiylalarni ishlatadilar. Alloh taologa ularning hiylalari maxfiy emas.
Ayyub Saxtiyoniy aytgan ekanlar: «Ular xuddi yosh bolani aldamoqchi bo‘lgandek, Allohni aldamoqchi bo‘ladilar. Agar ishga ongli ravishda yondoshganlarida edi, o‘zlariga oson bo‘lardi».

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Sendan qarzdor kishi biron narsa hadya qilsa, olma. Chunki bu ish sudxo‘rlikdir».

Hasan roziyallohu anhu aytganlarki: «Agar bir kishi sendan qarzdor bo‘lsa, uning xonadonidan yegan narsalaring senga harom bo‘ladi».

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu yana aytadilar: «Kim bir kishi uchun vositachalik qilsa-yu unga (narigi kishi) hadya bersa, u (hadya) haromdir. Quyidagi hadis gapimni tasdiqlaydi: «Kim bir kishi uchun vositachilik qilsa, buning evaziga unga hadya berishsa va u hadyani qabul qilsa, batahqiq, u sudxo‘rlik eshiklarining kattasiga yaqinlashgan bo‘ladi» (Abu Dovud rivoyati).

Din, dunyo va oxirat ishlarida Alloh taolodan afv va ofiyat tilaymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:54:27

Yigirma sakkizinchi gunohi kabira
HAROM YEYISH VA HAROMDAN TOPISH

Alloh taolo aytadi:
«Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq — harom yo‘llar bilan yemangiz!..» (Baqara surasi, 188).
Ya’ni, bir-biringizning molingizni — haqqingizni yemangiz.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Ya’ni, nohaq, yolg‘on qasam bilan kishi birodarining molini o‘ziniki qilib olishdan qaytardi».

Birovning haqini yeyish ikki xil bo‘ladi: zulm orqali — tortib olish, xiyonat, o‘g‘rilik, hazil va o‘yin orqali — qimor va boshqa bekorchi ermaklar kabi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur» (Buxoriy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:54:36

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: «Ey Rabbim, ey Rabbim», deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin» (Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Albatta, Alloh o‘rtangizda rizqlaringizni taqsimlaganidek, xulqlaringizni ham taqsimlagandir. Albatta, Alloh dunyoni yaxshi ko‘rgan va yaxshi ko‘rmagan bandalariga beraveradi, dinni esa faqat yaxshi ko‘rgan bandasiga beradi. Alloh kimga dinni ato etgan bo‘lsa, haqiqatda uni yaxshi ko‘ribdi. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, dili va tili musulmon bo‘lmaguncha hech bir banda musulmon bo‘lmaydi, to qo‘shnisi «bavoiq»idan omonda bo‘lmagunicha iymonli bo‘lmaydi». «Bavoiq» nima?» deya so‘rashgan edi, «Aldov va zulm», dedilar-da, davom etdilar: «Qaysi bir banda haromdan mol topib uni sadaqa qilsa, qabul qilinmaydi, infoq-ehson qilsa, barakasi bo‘lmaydi, o‘zidan keyin qoldirsa, do‘zax uchun hozirlagan ozuqasi bo‘ladi. Aniqki, Alloh yomonlikni yomonlik bilan o‘chirmaydi, bil’aks, yomonlikni yaxshilik ila o‘chiradi. Shubhasiz, nopok nopokni o‘chirmaydi» (Imom Ahmad va boshqalar rivoyati).

Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ey Ka’b ibn Ujra, nohaq — haromdan o‘sgan go‘sht (jasad) jannatga kirmaydi» (Ibn Hibbon rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:54:46

Oisha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning xiroj to‘laydigan g‘ulomi — quli bor edi. Abu Bakr uning xirojidan tanovul qilar edilar. Bir kuni u zot quli tomonidan olib kelingan taomni tanovul qila boshladilar. Fulom Abu Bakrdan so‘radi: «Bu nimaligini bilasizmi?» «Yo‘q, u nima?» «Johiliyatda bir kishiga fol ochgan edim. Folbinlik yaxshi bo‘lmagan, men uni aldagan edim. Haligi kishi yo‘liqib, o‘sha ishim uchun menga mana shu siz yegan narsani berdi», degan edi, Abu Bakr qo‘llarini og‘izlariga tiqib, qorinlaridagi bor narsani qayt qilib tashladilar» (Buxoriy rivoyati).

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi» (Abu Ya’lo, Bazzor va boshqalar rivoyati).

Rivoyat qilinadiki, dunyo halovatli, yam-yashil maskandir. Kimki unda halol mol topsa va o‘rniga sarflasa, bu ishi uchun Alloh uni mukofotlaydi, jannatiga kiritadi. Kimki dunyoda haromdan mol topsa va noo‘rin joyga sarflasa, Alloh uni do‘zaxga tushiradi. Alloh va Rasulining moliga tajovuz qilganlar qiyomat kunida do‘zaxga mahkum bo‘ladi.

Yana bir rivoyatda keladiki: «Kimda-kim qaerdan mol topayotganiga e’tibor bermasa, Alloh ham uni do‘zaxning qaysi eshigidan kirishiga e’tibor bermaydi». Shuningdek, kimki o‘n dirhamga kiyim sotib olsa va pulning bir dirhami haromdan topilgan bo‘lsa, modomiki, o‘sha kiyim egnida ekan, Alloh uning namozini qabul qilmasligi rivoyat qilingan.
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:54:53

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Sizlardan har bir kishi og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan ko‘ra xayrliroqdir».

Yusuf ibn Asbot roziyallohu anhu aytganlar: «Agar bironta yigit ibodatga berilsa, shayton o‘z yordamchilariga: «Qaranglar-chi, taomi qanday ekan?» deydi. Agar taomi yomon (harom) bo‘lsa, shayton: «Uni o‘z holiga qo‘yinglar, qiynalib harakat qilaversin. Sizlarga nafsi kifoya qiladi. Harom yeb turib qilayotgan xatti-harakati unga foyda bermaydi», deydi».

Rivoyat qilinadiki: «Har kecha-kunduz Baytul Maqdisda bir farishta: «Kim harom narsa yesa, Alloh undan nafl ibodatlarni ham, farz ibodatlarni ham qabul qilmaydi», deb nido qiladi».

Abdulloh ibn Muborak aytganlar: «Shubhali bir dirhamni tark etishim yuz ming dirham sadaqa qilishimdan ko‘ra afzalroqdir».

Vahb ibn Vard aytadilar: «Garchi ustundek qoim bo‘lsang ham, to qorningga halolmi yoki harommi — nima kirayotganiga qaramas ekansan, foydasi yo‘q».
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:54:59

Ibn Abbosning bu xususidagi so‘zlariga quloq tuting: «Alloh taologa tavba qilmagunicha, qornida harom luqmasi bo‘lgan kishining namozini Alloh qabul qilmaydi».

Sufyoni Savriy roziyallohu anhu aytganlarki: «Kimda-kim toat uchun harom narsani infoq-ehson qilsa, xuddi kiyimni bavl ila yuvgandek bo‘ladi. Kiyimni faqatgina suv poklaydi. Gunoh esa faqatgina sababli halol yuviladi».

Umar roziyallohu anhu deydilar: «Biz harom ish qilishdan qo‘rqib, o‘nta haloldan to‘qqiztasini tark qilardik».

Rivoyat qilinishicha, kim harom mol-dunyo bilan haj qilsa va «labbayka» desa, bir farishta: «Senga «labbayka» bo‘lmasin, hajing marduddir (ya’ni maqbul emas)», deydi.

Solihlardan biri vafot etgandan so‘ng, bir kishi uni tushida ko‘rib: «Alloh sizga qanday muomala qildi?» deb so‘ragan ekan, u kishi: «Yaxshi. Biroq, men birovdan qarzga igna olib, qaytarmagan edim. Shu igna tufayli jannatga kirolmay turibman», deb javob beribdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:55:07

Ulamolar fatavolarida quyidagi so‘zlar bor: «Xoin, aldoqchi, o‘g‘ri, battol, foiz oluvchi (sudxo‘r) va beruvchi, yetim molini yeyuvchi, yolg‘on guvohlik beruvchi, qarzga biron narsa olib, undan tonuvchi, poraxo‘r, o‘lchov va tarozidan urib qoluvchi, molining aybini yashirib sotuvchi, qimorboz, sehrgar, munajjim, fohisha, dod solib yig‘lovchi, sotuvchidan so‘ramay haqini olib qoluvchi dallol va hur-ozod odamni sotib pulini yeyuvchi kimsalar ham boshqalarning haqini nohaq yeyuvchilar sirasiga kiradi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuhoma tog‘icha keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular keltirilgach, Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi-da, o‘zlari do‘zaxga uloqtiriladi». «Yo Rasululloh, bunday bo‘lishining boisi nedur?» deya so‘rashgan edi: «Ular namoz o‘qir, ro‘za tutar va haj qilar edilar. Biroq, ular biron-bir harom narsaga duch kelsalar, uni olishar edi. Shu bois, Alloh ularning amallarini behuda qiladi», deb javob berdilar» (Tabaroniy rivoyati).

Alloh taolodan afv, ofiyat va O‘zi suygan, rozi bo‘lgan ishlarga muvaffaq qilishini tilaymiz. Albatta, U saxovatli, marhamatli, mehribon va rahmli zotdir.
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 07:55:22

Yigirma to‘qqizinchi gunohi kabira
TAROZI, O‘LCHOV VA SHU KABI NARSALARDAN URIB QOLISH
Alloh taolo aytadi:

«(O‘lchov va tarozidan) urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay! Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir» (Mutaffifun surasi, 1-3).

Ya’ni, ular shunday kimsalarki, agar o‘zlari boshqalardan biron narsa olishsa, to‘liq qilib olishadi, boshqalarga biron narsa sotishsa, urib qolishadi.

Suddiy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelgan vaqtlarida u yerda Abu Juhayna ismli kishi bor edi. Uning ikkita «mikyoli» (o‘lchov asbobi) bo‘lib, biri bilan odamlarga o‘lchab berar, ikkinchisi bilan o‘ziga o‘lchab olar edi. Shu bois Alloh mazkur oyatni nozil qildi».

Qayd etilgan