Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296455 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 ... 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:25:09

Shunda jinoyatchilar ham jisman, ham ruhan qiynaladilar. Boshqalar ham odamlar orasida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib, bu qabih ishdan o‘zlarini tiyadilar. Chunki ayrimlarga jazolanishdan ko‘ra, sharmanda bo‘lish kuchliroq ta’sir qilishi mumkin.

Ulamolar aytadilar: «Mazkur jazo bo‘ydoq — oila qurmagan zinokorlarga taalluqlidir. Agar zinokorlar oilali yoki ilgari oila qurgan bo‘lishsa, ular toshbo‘ron qilib o‘ldiriladilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sunnatlarida bu hukm o‘z ifodasini topgan. Mabodo zinokorlar bu dunyoda jazolarini olmasalar va tavba qilmay o‘lsalar, u dunyoda do‘zaxda olov-qamchilar bilan azoblanadilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zinokor zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri o‘g‘rilik qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida o‘g‘rilik qiladi. (Ichuvchi) xamr ichayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmagan holida ichadi» (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Agar kishi zino qilsa, iymon undan chiqadi va unga soyabon kabi bo‘ladi. Agar (zinodan) bosh tortsa, iymon unga qaytadi» (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko‘ylagini yechib olgandek, Alloh undan iymonni yechib oladi» (Hokim rivoyati, sahih hadis).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:25:21

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch toifa odamga qiyomat kunida Alloh gapirmaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi, ularga qaramaydi va ularga alamli azob bo‘lur. (Ular) zinokor qariya, yolg‘onchi podshoh va mutakabbir kambag‘al» (Muslim, Nasoiy rivoyati).

Samura ibn Jundab roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tush ko‘rdilar. U zotning oldilariga Jabroil va Mikoil alayhissalomlar kelishdi. Nabiy aytadilar: «Yo‘lga tushdik va tandirga o‘xshagan narsa oldiga keldik. Undan shovqin-suron eshitilib turardi. Qarasak, uning ichida yalong‘och erkak va ayollar bor ekan. Ularga taglaridan olov kelib turarkan. Olov kelganda, qichqirar edilar... Tandirga o‘xshagan bino ichidagi yalong‘och erkak-ayollar zinokor erkak-ayollardir» (Buxoriy rivoyati).

Zinokorlar qiyomatga qadar mazkur azobga giriftor bo‘lurlar.
Allohdan afv va ofiyat tilaymiz.

Ato (rahimahulloh) jahannam haqidagi: «Uning yettita darvozasi bo‘lur» (Hijr surasi, 44), oyatining tafsirida shunday deydilar: «Bu darvozalarning eng g‘am-tashvishlisi, qayg‘ulisi, eng issig‘i va eng badbo‘yi — bilaturib zino qilgan zinokorlar kiradigan darvozadir».

Makhul Dimashqiy (rahimahulloh) aytadilar: «Do‘zax ahliga juda ham badbo‘y hid keladi. Shunda ular: «Biz bu hiddan ko‘ra sassiqroq, badbo‘yroq hidni hidlamagan edik», deyishadi. Ularga: «Bu zinokorlar farjlarining hididir», deyiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:25:28

Tafsir imomlaridan biri Ibn Zayd (rahimahulloh) aytganlar: «Aniqki, zinokorlar farjlarining hidi do‘zax ahliga ozor beradi».

Rivoyat qilishlaricha, shayton qo‘shinlarini yer yuziga yubora turib: «Qaysi biringiz bir musulmonni yo‘ldan ozdirsangiz, uning boshiga toj kiydiraman», deydi. Ularning eng fitnakorrog‘i shaytonga eng yaqini bo‘ladi va uning oldiga kelib: «Falonchini vasvasa qilavergan edim, oxiri xotinini taloq qildi», deydi. Shayton: «Hech ish qilmabsan, u yaqinda boshqasiga uylanib oladi», deydi. So‘ng boshqasi kelib: «Falonchini vasvasa qilavergan edim, oxiri uni birodari bilan urishtirib qo‘ydim», deganida, u: «Hech ish qilmabsan, yaqinda qaytadan yarashib oladi», deydi. So‘ngra boshqasi kelib: «Falonchini tinmay vasvasa qilgan edim, oxiri u zino qildi», deydi. Shayton: «Juda zo‘r ish qilibsan», deb uni yoniga chorlaydi va boshiga toj kiydiradi. Shayton va qo‘shinlarining yomonligidan Alloh saqlasin.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Iymon bir libosdirki, Alloh uni xohlagan kimsasiga kiydiradi. Agar banda zino qilsa, undan libos yechib olinadi. Bordi-yu tavba qilsa, unga (iymon libosi) qaytariladi» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Abu Muso roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim ichkilikka mukkasidan ketgan holda vafot etsa, Alloh azza va jalla uni «Guvta» daryosidan sug‘oradi», dedilar. «Guvta» daryosi nima?» deb so‘rashdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «U fohishalarning farjlaridan oqadigan daryo bo‘lib, uning badbo‘yi do‘zax ahliga ozor beradi», dedilar» (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:25:34

Ya’ni, do‘zaxda fohishalarning farjlaridan qon, yiring oqadi. So‘ng mast qiluvchi ichimlikni ichishga odatlanib qolgan kimsalar shu jirkanch ichimlik bilan «siylanadilar».

Rivoyat qilishlaricha, jahannamdagi bir vodiyda ilonlar bo‘ladi. Har bir ilonning yo‘g‘onligi tuyaning bo‘ynidek bo‘lib, ular namozni tark qiluvchilarni chaqadilar. Ularning zahari inson jismida yetmish yil o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. So‘ng uning go‘shtlari shalvirab tushadi. Jahannamda «Jubbul huzn» (qayg‘u o‘rasi) deb nomlangan yana bir vodiy bo‘lib, u ilon va chayonlar makonidir. Har chayon xachirdek keladi. Uning yetmishta nishi bo‘lib, har bir nishi zaharga to‘la. U zinokorni chaqib zaharlaydi. Uning og‘rig‘i ming yil azob beradi. So‘ng zinokorning go‘shtlari titilib, farjidan qon, yiring oqadi. Rivoyatlarda kelganki, kim oilali ayol bilan zino qilsa, ularning har ikkisiga qabrda butun islom ummatiga beriladigan azobning yarmi beriladi. Qiyomatda esa Alloh taolo ayolning eri foydasiga hukm qiladi.

Mazkur holat er bu ishdan bexabar bo‘lgan taqdirda ro‘y beradi. Agar erning xabari bo‘lsa-yu, sukut saqlasa, e’tibor bermasa, Alloh unga jannatni harom qiladi. Chunki Alloh taolo jannat darvozasiga: «Sen dayusga haromsan», deb yozib qo‘ygan.

Ahli oilasining fahsh-buzuqlik qilishini bilaturib, sukut saqlaydigan va rashk-or qilmaydigan kimsa dayus hisoblanadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:25:50

Rivoyat qilishlaricha, kimki o‘ziga halol bo‘lmagan ayolni shahvat bilan ushlasa, qiyomat kunida qo‘li bo‘yniga bog‘langan holda keladi. Agar o‘psa, lablari olovda qirqiladi. Bordi-yu zino qilsa, qiyomat kunida sonlari tilga kiradi-da, uning zarariga guvohlik beradi: «Men haromga mindim», deydi. Shunda Alloh taolo unga g‘azab ko‘zi bilan qaraydi. Bu qarashdan bandanidagi go‘shtlar erib tushadi. U sarkashlik qilib: «Men bu ishni qilmaganman», deydi. Unga qarshi tili guvohlik berib: «Men halol bo‘lmagan so‘zlarni so‘zlaganman», deydi. Qo‘llari: «Men haromni ushlaganman», desa, ko‘zlari: «Men haromga nazar tashlaganman», deydi. Oyoqlari: «Men halol bo‘lmagan ishga yurib borganman», deydi va farji: «Men qilganman», deydi. Yelkasidagi farishtalardan biri: «Men eshitganman», desa, ikkinchisi: «Men yozganman», deydi. Alloh taolo: «Men bilib, uni yashirganman», deydi. So‘ngra farishtalarga: «Uni ushlanglar va azobimdan tottiringlar. Darhaqiqat, behayo kimsaga g‘azabim kuchaydi», deb buyuradi. Quyidagi oyati karima bu fikrni tasdiqlaydi:
«U kunda — qiyomatda qilib o‘tgan (amallari) sababli ularning tillari ham, qo‘l va oyoqlari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur» (Nur surasi, 24).

Ayrim zinolar boshqalaridan ulkandir: kishining onasi, opa-singlisi yoki boshqa mahrami bilan qilgan zinosi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki mahramiga yaqinlik qilsa, o‘ldiringlar» (Imom Ahmad rivoyati).

Barro roziyallohu anhu aytadilar: «Tugun ko‘tarib kelayotgan amakimni uchratib qoldim. U kishidan: «Yo‘l bo‘lsin?» deb so‘ragan edim: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni otasining xotiniga (ya’ni, o‘gay onasiga) uylangan kimsaning oldiga yubordilar va uning bo‘ynini chopib, molini olishimni buyurdilar», deya javob berdilar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Alloh taolodan fazlu marhamati ila gunohlarimizni mag‘firat etishini so‘raymiz. Albatta, U marhamatli, saxovatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:26:11

Ellik to‘rtinchi gunohi kabira
BACHCHAVOZLIK

Alloh azza va jalla O‘zining ulug‘ kitobida Lut alayhissalom qavmi haqidagi qissani bir necha o‘rinda eslatib o‘tgan. Jumladan aytadi:
«Endi qachonki Bizning farmonimiz (ya’ni, azobimiz) kelganida, u joylarni ostin-ustin qilib yubordik va ularning (kofirlarning) ustiga Parvardigoringiz dargohida belgilab qo‘yilgan sopol toshlarni paydar-pay yog‘dirdik. U joylar bu zolimlardan (Makka mushriklaridan) yiroq emasdir» (Hud surasi, 82–83).

Islom ummatining zolimlari ham ularning «hunari»ni takrorlasalar, ular kabi jazolanishlari hech gap emas. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan edilarki: «Ummatim xususida qo‘rqqan narsalarimning eng qo‘rqinchlirog‘i Lut qavmining amalidir» (Ibn Moja rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda esa: «Lut qavmi amalini qilgan kimsani Alloh la’natlasin», deb uch bora takrorlaganlar (Ibn Hibbon rivoyati).

Yana bir hadisda: «Lut qavmi amalini qiladigan kimsalarni uchratsangiz, qiluvchini ham, qildiruvchini ham o‘ldiringlar», deyilgan (Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Bayhaqiy rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlar: «Bachchavozlarni Lut qavmi jazolagani singari, qishloqdagi eng baland binodan uloqtiriladi. So‘ng ustlaridan tosh yog‘diriladi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:26:26

Alloh taolo payg‘ambari Lut alayhissalomning qavmi bilan munozara qilgani haqida xabar berib, shunday deydi:
«Sizlar butun olamlardan (ajrab — hech bir jonzot qilmagan ishni qilib, ayollarga uylanish o‘rniga) erkaklarga yaqinlashurmisizlar?! Va Parvardigoringiz sizlar uchun yaratgan jufti halollaringizni tark qilurmisizlar?! Yo‘q, sizlar haddan oshguvchi qavmdirsizlar» (Shuaro surasi, 165—166).

Sizlar hech bir jonzot qilmaydigan ishni qilib, ya’ni, ayollarni qo‘yib erkaklarga yaqinlik qilish bilan insoniylik chegarasidan chiqib, hayvon darajasiga tushib qoldinglar. Hattoki hayvon ham bu ishdan jirkanadi. Sizlar hayvonlardan ham tuban, yaramas kimsalarsiz.

«...va uni nopokliklar qiluvchi bo‘lgan qishloq (ahli)dan najot berdik. Darhaqiqat, ular yomon buzuq qavm edilar» (Anbiyo surasi, 74).

Qishloqlarining nomi «Sadum» bo‘lib, ular Alloh taolo O‘z kitobida zikr qilganidek nopok ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Ular butun mavjudotlar ichida hech bir jonzot qilmagan ishni qilib, erkaklarning orqasiga yaqinlik qilar va boshqa munkar ishlarni amalga oshirar edilar.

Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytgan ekanlar: «O‘nta xislat Lut qavmi amallaridandir: sochni silliq qilib tarash, tugmalarni qadamay yurish, yong‘oq otish, mayda tosh otish, kaptar uchirib o‘ynash, barmoqlar bilan hushtak chalish, bo‘g‘imlarni qirsillatish, izor (ishton)ni uzun qilib sudrab yurish, ustki kiyimlar (chakmon)ning orqasini kesish, mast qiluvchi ichimliklar ichishga mukkasidan ketish va erkaklarga yaqinlik qilish».

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:26:33

Rivoyat qilishlaricha, to‘rt toifa odamlar Allohning g‘azabiga duchor bo‘lgan holda tong orttirib, Allohning qahrini keltirgan holda kunni kech qiladilar: O‘zlarini erkaklarga o‘xshatuvchi ayollar, o‘zlarini ayollarga o‘xshatuvchi erkaklar, hayvonga yaqinlik qiluvchi kimsa va erkaklarga yaqinlik qiluvchi kimsa.

Rivoyat qilishlaricha, agar bir erkak boshqa bir erkakning ustiga chiqsa, Arsh Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rqqanidan titrab ketadi. Osmonlar ham yerga qulab tushishiga bir bahya qoladi. Shunda farishtalar osmonning har tarafidan tutib: «Qul huvallohu ahad»ni oxirigicha o‘qiydilar. Shundagina, Alloh azza va jallaning g‘azabi bosiladi.

Asarlardan birida kelganki, yetti toifa odamlarga Alloh qiyomat kunida qaramaydi, ularni (gunohlaridan) poklamaydi, butun olamlar (barcha mavjudotlar) bilan birga to‘plamaydi va ularni do‘zaxga birinchilar qatorida kirgizadi. Agar tavba qilsalar, bu uqubatlardan xalos bo‘ladilar. Zero, kimki tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi. (Ular:) qo‘liga aloqa qiluvchi va qildiruvchi, mast qiluvchi narsalarga mukkasidan ketgan kimsa, ota-onasiga qo‘l ko‘taruvchi, hattoki ular uning dastidan dod deydilar, qo‘shnilariga ozor beruvchi, hattoki uni odamlar la’natlaydilar va qo‘shnisining xotini bilan aloqa qiluvchi kimsa.

Rivoyat qilishlaricha, qiyomat kunida bir toifa odamlar zinodan qo‘llari homilador bo‘lgan holda tiriladilar. Ular bu dunyoda olatlarini o‘ynagan bo‘ladilar.

Yana bir rivoyatda keladiki, quyidagilar Lut alayhissalom qavmi amallaridandir: narda o‘ynash, kaptar uchirib musobaqa qilish, it urishtirish, qo‘chqor suzishtirish, xo‘roz urishtirish, hammomga lungisiz kirish, o‘lchov va tarozidan urib qolish. Bu ishlardan birontasini qilgan kimsaga vayl bo‘lsin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:26:41

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytgan ekanlar: «Agar bachchavoz tavba qilmay o‘lsa, qabrda to‘ng‘izga aylanadi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Erkak yoki ayolning orqasiga yaqinlik qilgan kimsaga Alloh azza va jalla qaramaydi» (Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja rivoyati).

Abu Said Sa’lukiy aytgan ekanlar: «Yaqinda bu ummatda «bachchavoz» degan qavm paydo bo‘ladi. Ular uch toifa bo‘lib, bir toifasi qaraydigan, boshqa toifasi qo‘l ushlaydigan, uchinchi toifasi mana shu ishni qiladigan bo‘ladi».

Ayol va o‘spiringa shahvat bilan qarash ham zinodir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Odam farzandiga zinodan bo‘lgan nasibasi bitilgan bo‘lib, u bu nasibasiga, shak-shubhasiz yetishguvchidir: ikki ko‘zning zinosi — qarash, ikki quloqning zinosi — eshitish, tilning zinosi — so‘zlash, qo‘lning zinosi — ushlash, oyoqning zinosi — yurib borish, qalb — xohlaydi, farj esa buni tasdiqlaydi yoki inkor etadi» (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Shu sababli ham solih zotlar o‘spirinlarga qarash, ular bilan aralashib yurish va birga o‘tirishdan qattiq saqlanganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:26:49

Hasan ibn Zakvon aytganlarki: «Boylarning bolalari bilan majlis qurmanglar (birga o‘tirmanglar). Zero, ular bokira ko‘rinishga ega bo‘lib, ayollarga qaraganda fitnakorroqdirlar».

Tobe’inlardan biri aytgan ekan: «Mening nazdimda taqvodor yigit uchun yirtqich hayvondan ko‘ra yosh o‘spirin xatarliroq». Ba’zilar: «Erkak kishi o‘spirin bilan hech qachon bir joyda tunamasin», degan ekanlar.

Ayrim ulamolar o‘spirinlarni ayollarga qiyos qilib, ular bilan uy, do‘kon yoki hammomda holi qolishni harom deb hisoblaganlar. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytgan edilarki: «Birontangiz mahrami hozir bo‘lmagan ayol bilan xoli qolmangiz» (Muttafaqun alayh).

Xabarlardan aytilishicha, nazar — zinoning elchisidir.

Nazar iblisning zaharli paykonlaridan bir paykon bo‘lib, kimki uni Alloh uchun tark etsa, unga shunday ibodatni beradiki, u qalbida ibodat halovatini tuyadi.

Islom ummati quli bilan shu nopok ishni qilgan kimsa ham bachchavoz, gunohkor bo‘lishiga ijmo’ qilgan.

Qayd etilgan