Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296457 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 B


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:29:37

Ibn Abbos rivoyat qilinadi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim xamrga mukkasidan ketgan holda Allohga yo‘liqsa, U zotga xuddi butparast singari yo‘liqibdi», dedilar» (Ibn Hibbon rivoyati).

Ya’ni, xamr ichishni halol deb bilgan kimsa butparast bilan barobardir.

Xamrga mukkasidan ketgan kimsa tavba qilmay vafot etsa, jannatga kirmasligi xususida Abu Dardo roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: «Xamrga mukkasidan ketgan kimsa jannatga kirmaydi!»

Boshqa bir hadisda: «Uch toifa odam jannatga kirmaydi: xamrga mukkasidan ketgan, qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzgan va sehrni tasdiq qilgan kimsa», deyilgan (Imom Ahmad, Tabaroniy va Abu Ya’lo rivoyati).

Alloh mastning bironta yaxshiligini qabul qilmaydi. Bu xususda Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Uch toifa odamning namozini Alloh qabul qilmaydi va ularning bironta yaxshiligi osmonga ko‘tarilmaydi: qochoq qulning, to xo‘jayiniga qaytib, qo‘lini uning qo‘liga qo‘ymagunicha, erini g‘azablantirgan — norozi qilgan ayolning, to eri undan rozi bo‘lmagunicha va mastning, to o‘ziga kelmagunicha» (Tabaroniy, Ibn Hibbon, Ibn Huzayma, Bayhaqiy rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:29:46

Ibn Umar rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim xamr ichsa, qirq kungacha namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qiladi. Bordi-yu qaytib ichsa, qirq kungacha namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qiladi. Yana ichsa, qirq tong uning namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qiladi. Mabodo, to‘rtinchi marta qaytib ichsa, qirq kungacha namozi qabul qilinmaydi. Agar tavba qilsa, Alloh tavbasini qabul qilmaydi. Alloh undan g‘azablanadi va uni Xobal daryosidan sug‘oradi», dedilar».

Bir kishi Ibn Umar roziyallohu anhudan: «Ey Abu Abdurahmon, Xobal daryosi nima?» deb so‘ragan edi, u: «Do‘zax ahlining yiringlari oqadigan daryo», deb javob berdilar (Termiziy, Hokim rivoyati).

Xamr ichgan kimsa uni ichayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmaydi. Bu xususda Abu Hurayradan quyidagi hadis vorid bo‘lgan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Zinokor mo‘min bo‘lmagan holida zino qiladi. O‘g‘ri mo‘min bo‘lmagan holida o‘g‘irlik qiladi. (Ichuvchi) mo‘min bo‘lmagan holida ichadi. Biroq hali ham tavba taklif qilingandir» (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki zino qilsa yoki xamr ichsa, xuddi inson boshidan ko‘ylagini yechib olganidek, Alloh undan iymonni yechib oladi» (Hokim rivoyati).
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:29:53

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odam jannatga kirmaydi: xamrga mukkasidan ketgan, qarindosh-urug‘chilik aloqalarini uzgan va sehrni tasdiqlagan kimsa. Kimki xamrga mukkasidan ketgan holida vafot etsa, Alloh uni «Guvta» daryosidan sug‘oradi», dedilar. «Guvta» daryosi nima?» deb so‘rashgan edi, «U fohishalarning farjlaridan oqadigan daryo bo‘lib, do‘zax ahliga ozor beradi», deya javob berdilar (Ahmad, Abu Ya’lo, Tabaroniy rivoyati).

Xamr sababli la’natlangan kimsalar xususida Ibn Umar roziyallohu anhumodan vorid bo‘lgan hadis hujjat bo‘ladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh xamrni ham, uni ichuvchini ham, quyuvchini ham, sotib oluvchini ham, sotuvchini ham, tayyorlatuvchini ham, olib keluvchini ham, olib keltiruvchini ham la’natladi» (Abu Dovud rivoyati).

Ibn Mojaning rivoyatida: «Pulini yeyuvchini ham», deyilgan.

Ibn Abbos aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: «Oldimga Jabroil kelib: «Ey Muhammad, albatta Alloh xamrni ham, uni siqtiruvchini ham, siquvchini ham, ichuvchini ham, olib keluvchini ham, olib keltiruvchini ham, sotuvchini ham, sotib oluvchini ham, quyuvchini ham va quydiruvchini ham la’natladi», dedi» (Ahmad, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:30:01

Xamr ichuvchilar kasal bo‘lsa, ziyorat qilinmaydi va ularga salom berilmaydi. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu: «Xamr ichuvchilar kasal bo‘lsa, ziyorat qilmanglar», deganlar.

Ibn Umar roziyallohu anhumo: «Xamr ichuvchilarga salom bermanglar», deb aytganlar (Buxoriy rivoyati).

Rivoyatlarda keladiki: «Xamr ichuvchilar bilan birga o‘tirmanglar, kasal bo‘lsa, ziyorat qilmanglar va janozalariga qatnashmanglar. Zero, xamr ichuvchi qiyomat kunida yuzi qoraygan, tili ko‘ksiga osilgan, so‘lagi oqqan holda keladi. Uni ko‘rgan har bir kimsa undan jirkanadi va uning xamr ichuvchi ekanini bilib oladi».

Ba’zi ulamolar aytgan ekanlar: «Ularni ziyorat qilish va salom berish man qilinganining boisi, xamr ichuvchi mal’un, fosiqdir. Agar u sotib olib ichsa, ikki marta mal’un, bordi-yu, boshqa birovga ham quyib bersa, uch marotaba mal’un bo‘ladi. Agar tavba qilsalar, ularni ziyorat qilish va salom berish joizdir. Kimki tavba qilsa, Alloh uning tavbasini qabul qiladi.

Xamr bilan davolanish mumkin emas. Bu xususda mazkur hadislar so‘zimizga hujjat bo‘ladi:

Ummu Salama (roziyallohu anho) aytdilar: «Qizim betob bo‘lib qolgan edi, bir idishga xurmo solib qaynata boshladim. Shu vaqt Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar va: «Bu nima?» deb so‘radilar. Men: «Qizim betob bo‘lib qoldi, buni unga tayyorlayotgan edim», deya javob berdim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla harom narsani davo qilmagan», dedilar (Abu Ya’lo, Bazzor rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:30:09

Voil ibn Hijr roziyallohu anhu aytadilar: «Toriq ibn Suvayd Ja’fiy Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan xamr haqida so‘ragan edi, uni taqiqladilar: «Uni davo uchun tayyorlayman, axir», degan edi, «U davo emas, aksincha, darddir», deya javob berdilar» (Ahmad, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

Rivoyat qiladilarki, kimning qalbida Allohning Kitobidan birgina oyat bo‘lsa-yu, u kimsa uning ustidan xamr quysa, qiyomat kuni shu oyatning har bir harfi kelib, o‘sha kimsani peshona sochidan tortadi-da, uni Alloh taboraka va taoloning huzuriga olib boradi va u bilan xusumatlashadi. Holbuki, Qur’on kim bilan bahslashsa, uni, albatta yengadi. Qiyomat kunida xusumatchisi Qur’on bo‘lgan kimsaga vayl bo‘lsin.

Rivoyat qilishlaricha, qaysi bir jamoat bu dunyoda mast qiluvchi narsa ustida to‘plansalar, Alloh ularni do‘zaxda to‘playdi. Shunda ular bir-birlarini malomat qila boshlaydilar. Biri ikkinchisiga: «Ey falonchi, Alloh seni yaxshi mukofot bilan siylamasin. Bu joyga tushishimga sen sababchi bo‘lding», desa, ikkinchisi uning o‘ziga shu gapni qaytaradi.
   

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:30:16

Rivoyat qiladilarki, kimda-kim bu dunyoda xamr ichsa, Alloh uni ilonlarning zahari bilan sug‘oradi. U hali ichmasidan turib, yuzidagi go‘shtlari idishga erib tushadi. Ichganidan keyin esa butun terisi-yu, go‘shtlari erib tushadi va do‘zax ahli undan ozorlanadi. Ogoh bo‘linglar, uni ichuvchi ham, siqtiruvchi ham, siquvchi ham, olib keluvchi ham, olib keltiruvchi ham, pulini yeyuvchi ham uning gunohiga sherikdirlar. Toki tavba qilmas ekanlar, Alloh ularning namozini ham, ro‘zasini ham, hajini ham qabul qilmaydi. Bordi-yu, tavba qilmay vafot etsalar, bu dunyoda ichgan har bir qultum xamrlari evaziga jahannam yiringi bilan sug‘orishga Alloh to‘la haqli bo‘ladi. Ogoh bo‘linglar (bilib qo‘yinglar), har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har bir xamr haromdir.

Rivoyat qilinadiki, xamr ichuvchilar pulsirotga kelganlarida zaboniyalar (azob farishtalari) ularni tutib, Xobal daryosiga olib boradilar-da, ularni ichgan har bir qadah xamrlari evaziga bir qultumdan sug‘oradilar. Mabodo, uning bir qultumi osmonga to‘kilib ketsa, uning haroratidan osmonlar yonib ketadi. Alloh saqlasin.

Abdulloh ibn Abu Avfo (rahimahulloh): «Kimki xamrga mukkasidan ketgan holida vafot etsa, Lot va Uzzoga (mushriklar sig‘ingan butlar) ibodat qilgandek vafot etibdi», dedilar. «Xamrga mukkasidan ketgan», deganda, ichmasa, turolmaydigan odamni nazarda tutyapsizmi?» deb so‘rashgan edi, «Yo‘q, oradan bir necha yil o‘tsa-da, topganda ichadigan kimsani», deya javob berdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:30:29

Fasl

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu xamr ichishni gunohi kabiralarning eng kattasi deb bilganlar.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo aytadilar: «Abu Bakr, Umar va boshqa kishilar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin o‘tirib eng ulkan gunohi kabiralar haqida zikr qildilar. Bu borada ular ilmsiz bo‘lib, meni Abdulloh ibn Amrdan so‘rab kelish uchun yubordilar. U kishi menga: «Eng katta gunohi kabira xamr ichish», dedilar. Qaytib kelib ularga bu gapni aytgan edim, buni inkor qilishdi va barchalari turib uning hovlisiga yo‘l olishdi. U kishi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bani Isroil podshohlaridan biri bir kishini tutib, uni xamr ichish yoki odam o‘ldirish, yoki zino qilish, yoxud to‘ng‘iz go‘shtini yeyish va yo o‘zini qatl etishlaridan birini tanlash ixtiyorini bergan edi, u xamrni tanladi. Xamrni ichganidan keyin esa, undan nimani talab qilishsa, tap tortmadi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim xamr ichsa qirq kecha uning namozi qabul qilinmaydi. Qovug‘ida biron tomchi xamr bo‘lgan holida vafot etsa, aniqki, u sababli unga jannat harom bo‘ladi. Bordi-yu, u qirq kecha mobaynida vafot etsa, johiliyat o‘limida o‘lgan bo‘ladi», deb ularga xabar berdilar» (Tabaroniy, Hokim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:30:42

Fasl

Xamr aqlni o‘tmaslashtiradigan, aql ko‘zini ko‘r qiladigan narsa bo‘lib, uning ho‘lu qurug‘i, yeyimligu ichimligi bir xil zararlidir.

Nasha o‘simligi yaprog‘idan tayyorlanadigan narsa (nasha) ham harom bo‘lib, xamr ichgan kishi singari, uni chekkan kishiga ham had-darra uriladi. Chunki u ham «Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir» hadisiga binoan xamrning bir turidir.

Nasha aql va fe’l-atvorni buzib, kishini dayus, xotinchalish qilib qo‘yishi va bundan boshqa salbiy xususiyatlari bilan xamrdan battarroq bo‘lsa, xamr urish-janjal, qotillikka olib borishi bilan nashadan yomonroqdir. Biroq ikkalasi ham Allohni zikr qilishdan va namozdan to‘sadi.

Nasha suyuq emas, quyuq narsa bo‘lgani bois, ulamolar uning pok yoki najasligi hususida uch xil fikrni bildirganlar:
1) nasha ham aroq kabi najosatdir. Sahih hukm shudir;
2) uning qurug‘i pok, suyug‘i najasdir;
3) quyug‘ining suyug‘idan farqi bor;

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:30:50

Har qanday holatda ham nasha Alloh va Rasuli harom qilgan mast qiluvchi xamr safiga kiradi.

Abu Muso roziyallohu anhu aytadilar: «Yo Rasululloh, biz Yamanda tayyorlaydigan ikki ichimlik haqida fatvo bering. Biri «bit’a» deb nomlanib, asaldan tayyorlanadi, ikkinchisi «mizar», deb atalib, zarra va arpadan tayyorlanadi», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda balog‘at va fasohat bilan so‘zlar edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Namozdan chalg‘itadigan har bir mast qiluvchi narsadan qaytaraman», dedilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Ko‘pi mast qiladigan narsaning ozginasi ham haromdir» (Ahmad, Ibn Moja, Doriqutniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mast qiladigan narsalarni, quyuq yoki suyuq bo‘lsin, bir-biridan ajratmaganlar (ya’ni, hammasini harom deganlar). Bundan tashqari, unni aroqqa qorib, non qilib yeydiganlar va nashani suvga ezib ichadiganlar ham bor.

Salaf ulamolari nashani zikr qilmaganlarining sababi ularning davrida nasha iste’mol qilinmagan. Bu narsa mo‘g‘ullar Islom shaharlariga kelganlaridan so‘ng yuzaga chiqqan.

Nasha haqida she’r ham to‘qilgan bo‘lib, uning mazmuni quyidagicha: «Johil bo‘lib nasha chekadiganlarga ayt: «Uni chekib juda xunuk umr kechirding. Kishining qadr-qiymati gavhardir, Ey johil, nima uchun uni nashaga sotding».

Allohga qasamki, iblis nashadan shod bo‘lganidek boshqa narsadan quvonmagan. Chunki pastkash kimsalarga ziynatlab ko‘rsatgan edi, uni o‘zlariga halol qilib olishdi.

Uni halol deb bilib chekish va ekish badbaxt uchun ikkita musibatdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  10 Avgust 2006, 08:31:03

Hikoyat

Bir yigit mahzun holda Abdumalik ibn Marvonning huzuriga kelib: «Ey amiral mo‘minin, men ulkan gunoh qildim, endi tavba qilsam bo‘ladimi?» dedi. «Nima gunoh qilding?» deb so‘ragan edi, «Gunohim juda ulkan», dedi. «U nima ekan? Alloh taologa tavba qil. U zot bandalarining tavbalarini qabul qiladi va kechiradi», dedi. «Ey amiral mo‘minin, men qabrlarga o‘g‘irlikka tushar edim. Men g‘aroyib ishlarni ko‘rdim», dedi yigit. «Nimalarni ko‘rding?» deb so‘ragan edi, u boshidan kechirganlarini so‘zlab berdi: «Bir kecha bir qabrni kavladim. Qarasam, mayyitning yuzi qiblaga teskari bo‘lib qolibdi. Undan qo‘rqib, endi chiqmoqchi bo‘lib turgan edim, shu payt qabrda kimningdir: «Mayyitning yuzi qiblaga teskari bo‘lib qolganini so‘ramaysanmi?» degan ovozi eshitildi. «Nima uchun teskari bo‘lib qolgan?» deb so‘ragan edim, «Chunki u namozga bee’tibor edi. Unga o‘xshaganlarning jazosi shu», dedi. So‘ng boshqa qabrni kovladim. Qarasam, mayyit to‘ng‘izga aylanib, bo‘ynidan kishanlangan, zanjirband qilingan ekan. Undan qo‘rqib, endi chiqmoqchi bo‘lib turgan edim, kimdir: «Uning qanday amal qilganini, nima uchun azoblanayotganini so‘ramaysanmi?» dedi. «Nima uchun?» deb so‘ragan edim, «U tirikligida xamr ichar edi va tavba qilmay vafot etgan», dedi. Keyin boshqa qabrni kavladim. Qarasam, mayyit olov qayish bilan yerga bog‘langan va tili gardanidan chiqib turgan ekan. Undan qo‘rqib, endi chiqmoqchi bo‘lib turgan edim: «Uning nima uchun bu ahvolga tushganini so‘ramaysanmi?» degan nido keldi. «U siydikdan saqlanmas va odamlar orasida gap tashib chaqimchilik qilib yurar edi. Unga o‘xshaganlarning jazosi shu», dedi. So‘ng yana bir qabrni kavladim. Qarasam, mayyit olovda kuyayotgan ekan. Undan qo‘qib, endi chiqmoqchi bo‘lib turgan edim, kimdir: «Uning nima uchun bu ahvolga tushganini so‘ramaysanmi?» dedi. «Nima uchun bu ahvolda?» deb so‘ragan edim, «U namozni tark qilgan edi», dedi. Keyin yana bir qabrni kovladim. Qarasam, qabr ko‘z ilg‘aydigan joygacha kengaygan, ko‘zni qamashtiradigan darajada yorug‘, mayyit esa ajoyib liboslarda, nurli so‘rida uxlab yotar edi. Uning haybati bosib, endi chiqib ketmoqchi bo‘lgan edim, kimdir: «Uning nima uchun bu qadar izzat-ikromga sazovor bo‘lganini so‘ramaysanmi?» dedi. «Nima uchun izzat-ikromga sazovor bo‘ldi?» deb so‘ragan edim, «U itoatli yigit bo‘lib, Alloh azza va jallaga itoat va ibodatda ulg‘aygan edi», dedi. Shunda Abdumalik: «Albatta bu hikoyatda osiylar uchun ibrat va itoatkor bandalar uchun bashorat bordir», dedi».

Mazkur hikoyatda zikr qilingan aybu nuqsonlarga yo‘l qo‘yayotganlar darhol tavba qilishlari va itoatga o‘tishlari lozim. Alloh bizlarni ham, sizlarni ham itoatkor bandalaridan qilib, fosiqona ishlardan chetlashtirsin. Albatta, U marhamatli, saxovatli zotdir.

Qayd etilgan