Imom Shamsuddin Zahabiy. Gunohi kabiralar  ( 296456 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 B


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:32:45

Oltmish birinchi gunohi kabira
MUSULMONLARNING NOZIK JIHATLARINI OCHISH

Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni, Zubayrni va Miqdod ibn Asvadni yubora turib: «Xox nomli boqqa boringlar. U yerda bir cho‘rini uchratasizlar. Unda maktub bor. O‘sha maktubni olib kelinglar», dedilar. Biz yo‘lga tushdik. Otlarimizni choptirib, boqqa yetib bordik. U yerda cho‘rini uchratdik. Unga: «Maktubni chiqar», degan edik, u: «Menda hech qanday maktub yo‘q», dedi. «Yo maktubni chiqarib ber yoki kiyimlaringni yechib tintamiz», deganimizdan keyin turmaklangan sochining orasidan maktubni chiqarib berdi. Uni olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga keltirdik. Unda: «Hotam ibn Abu Balta’adan Makka ahlining ayrim mushriklariga» deyilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ba’zi ishlari haqida xabar bergan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Hotam, bu nima?» deb so‘ragan edilar, u: «Yo Rasululloh, xulosa chiqarishga shoshilmang. Men Qurayshlik emasman. Faqat ular bilan qo‘shni edim. Siz bilan birga bo‘lgan muhojirlarning esa Makkada qolgan bola-chaqalarini himoya qiladigan qarindoshlari bor. Mening bunday nasab-qarindoshlarim bo‘lmagani bois ularga yaxshilik qilishni va buning evaziga u yoqda qolgan yaqinlarimni himoya qilishni xohladim. Bu ishni kofir va murtad bo‘lganimdan yoki Islomdan so‘ng kufrga rozi bo‘lganimdan qilmadim», dedi. Rasululoh: «U rostni aytdi», dedilar. Shunda Umar: «Yo Rasululloh, ijozat bering, men bu munofiqlarning kallasini olay», degan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U Badrda qatnashgan. Sen qaerdan bilasan, ehtimol Alloh Badr ahlining qay ahvolga tushganini bilgani bois: «Istagan ishinglarni qilinglar, sizlarni mag‘firat qildim», degandir», dedilar».

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:33:01

Mazkur hadisda bayon qilinishicha, Umar roziyallohu anhu Hotam ibn Abu Balta’ani qilgan ishi uchun o‘ldirmoqchi bo‘lganlar. Biroq u Badr g‘azoti ishtirokchisi bo‘lgani bois, uni qatl etishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam man qilganlar.

Agar Islomning zaiflashishi, musulmonlarning qatl etilib, asirga olinib, talon-tarojga uchrashlariga josus-ayg‘oqchi sababchi bo‘lsa, u fasod tarqatuvchi, ekin va nasllarni halok etuvchilardan hisoblanadi. Binobarin, uni jazolash, qatl etish shart bo‘lib qoladi. Allohdan afv va ofiyat tilaymiz.

Chaqimchilik gunohi kabira hisoblansa, josusning chaqimchiligi yanada ulkanroq, kattaroq gunoh bo‘lishini har bir es-hushli odam yaxshi biladi. Alloh O‘z panohida saqlasin. Undan afv va ofiyat tilaymiz. U mehribon, har narsadan xabardor, marhamatli va saxovatli zotdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:33:38

Oltmish ikkinchi gunohi kabira
YOLG’ON QASAM ICHISH

Alloh taolo aytadi:

«Allohga bergan ahd-paymon va qasamlarini ozgina qiymatga sotib yuboradigan kimsalar uchun oxiratda hech qanday nasiba yo‘qdir. Qiyomat kunida Alloh ularga gapirmaydi, ularga (rahmat nazari bilan) boqmaydi va ularni (gunohlaridan) poklamaydi. Ular uchun alamli azob bordir» (Oli Imron surasi, 77).

Vohidiy (rahmatullohi alayh) aytadilar: «Mazkur oyat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga yer talashib kelgan ikki kishi xususida nozil bo‘lgan. Da’vogarlardan biri qasam ichmoqchi bo‘lganida, Alloh bu oyatni nozil qilgan va u qasam ichishdan bosh tortib, sherigining haqqi borligiga iqror bo‘lgan edi».

Ash’as roziyallohu anhu aytadilar: «Allohga qasamki, bu oyat men xususimda nozil bo‘lgan. Bir yahudiy bilan oramizda yer bor edi. U mening yerimni o‘ziniki deb da’vo qildi. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga boshlab bordim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mendan: «Daliling bormi?» deb so‘ragan edilar, «Yo‘q», dedim. Yahudiyga: «Qasam ich», degan edilar, men: «Yo Rasululloh, u agar qasam ichsa, mening molim ketadi-ku», dedim. Shunda Alloh azza va jalla: «Allohga bergan ahd-paymon va qasamlarini ozgina qiymatga sotib yuboradigan kimsalar...» deb boshlanuvchi oyatni nozil qildi» (Ahmad, Buxoriy, Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:34:03

Buxoriy va Muslimlar rivoyat qilishgan hadisda: «Kimki musulmon kishining moli xususida nohaq qasam ichsa, Allohga yo‘liqqanida U zot undan darg‘azab bo‘ladi», deyilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki (yolg‘on) qasam ichib musulmon kishining haqini o‘ziniki qilib olsa, batahqiq, Alloh unga do‘zaxni vojib qilib, jannatni harom qiladi», dedilar. «Yo Alloh, arzimagan narsa bo‘lsa hammi?» deb so‘rashgan edi, «Butaning bir novdasi bo‘lsa ham», deb javob berdilar (Muttafaqun alayh).

Hafs ibn Maysaraga: «Bu hadis naqadar shiddatli bo‘lmasa?!» deyishgan edi, u kishi: «Alloh taoloning kitobida: «Alloh bergan ahd-paymon va qasamlarini ozgina qiymatga sotib yuboradigan kimsalar...» degan oyat bor emasmi?» dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:34:11

Abu Zarr roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odamga qiyomat kuni Alloh gapirmas, (rahmat) nazari bilan boqmas, ularni (gunohlaridan) poklamas va ular uchun alamli azob bo‘lur», dedilar. «Yo Rasululloh, kim ular — ziyonkor bechoralar?» degan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zni uch bora takrorladilar-da: «Kiyimini uzunligidan yerga sudrab yuruvchi kimsa, yolg‘on qasam bilan molini o‘tqazuvchi, minnat qiluvchi kishi», deya javob berdilar» (Ahmad, Muslim va boshqalar rivoyati).

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Gunohi kabiralar — Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va yolg‘on qasam ichish», dedilar» (Buxoriy, Nasoiy, Termiziy rivoyati).

Yolg‘on qasam o‘z sohibini bu dunyoda gunohga, u dunyoda esa do‘zaxga botiradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:34:34

Fasl

Alloh azza va jalladan boshqa narsa bilan qasam ichish ham gunohi kabira hisoblanadi. Masalan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, farishtalar, Ka’ba, osmon, suv, hayot, omonat, jon, bosh va shu kabi narsalar bilan qasam ichish mumkin emas.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Alloh sizlarni otalaringiz bilan qasam ichishdan qaytaradi. Kimki qasam ichmoqchi bo‘lsa, Alloh nomi bilan qasam ichsin yoki jim bo‘lsin», degan (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Boshqa bir sahih hadisda esa: «Bas, kimki qasam ichmoqchi bo‘lsa, faqat Alloh nomi bilan qasam ichsin yoki sukut saqlasin», deyilgan.

Abdurahmon ibn Samura roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tog‘utlar bilan ham, ota-bobolaringiz bilan ham qasam ichmanglar», dedilar» (Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:34:50

Tog‘utlar — shayton va but-sanamlar.

Burayda roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim omonat bilan qasam ichsa, u bizdan emas», dedilar» (Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki qasam ichib: «Men Islomdan begonaman», desa va u agar yolg‘on gapirgan bo‘lsa ham, rost gapirgan bo‘lsa ham, aytganidekdir. Agar gapi rost bo‘lsa, u Islomga sira salomat holida qaytmaydi», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).

Ibn Umar roziyallohu anhu bir kishining: «Ka’baga qasamki», deganini eshitib qolib: «Allohdan boshqaning nomi bilan qasam ichma. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim Allohdan boshqaning nomi bilan qasam ichsa, kufr yoki shirk keltiribdi», deganlarini eshitganman», dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:34:57

Ayrim ulamolar mazkur hadisdagi: «Kufr yoki shirk keltiribdi» jumlasini mubolag‘a deb tafsir qilishgan. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Riyoning ozginasi ham shirkdir» hadisi shariflariga monanddir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimki qasam ichib turib: «Lot va Uzzoga qasamki» deb yuborsa, u darhol: «La ilaha illalloh» desin», deganlar. (Buxoriy, Muslim rivoyati).

Ayrim sahobalar Islomga endi kirgan vaqtlarida, tillari o‘rganib qolgani uchun shunday qasam ichib yuborar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga o‘zlari bilmagan holda aytib yuborgan so‘zlariga kafforat bo‘lishi uchun darhol: «La ilaha illaloh», deyishni buyurar edilar. Tafviq Allohdan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:35:40

Oltmish uchinchi gunohi kabira
NOHAQ HUKM QILISH

Alloh taolo aytadi:

«Kimda-kim Alloh nozil qilgan Din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir»
(Moida surasi, 44).

«Kimda-kim Alloh nozil qilgan Din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular zolimlardir
» (Moida surasi, 45).
Ya’ni, Allohning shariatiga xilof qilganlari uchun ular o‘taketgan zolimlardir.

«Kimki Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qilmas ekan, bas, ular fosiqdirlar»
(Moida surasi, 47).
Ya’ni, ular iymondan va Alloh toatidan chiquvchi, osiy kimsalardir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Sentyabr 2006, 06:35:56

Burayda roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki qozi do‘zaxda va bir qozi jannatda. Haq bilan hukm qilgan qozi jannatda. Zulm bilan (nohaq) hukm qilgan va bilmay turib hukm qilgan qozi do‘zaxda», dedilar». «Bilmaydigan qozining gunohi nima?» deb so‘rashgan edi, «Gunohi — bilmay turib qozi bo‘lganligi», deya javob berdilar» (Hokim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimda-kim qozilikka yoki odamlar orasida qozi qilib tayinlansa, darhaqiqat, u pichoqsiz so‘yilibdi», dedilar» (Abu Dovud, Termiziy, Hokim rivoyati).

«Pichoqsiz so‘yilibdi» jumlasining ma’nosi shuki, pichoq bilan so‘yilayotgan jonliqqa rohat baxsh etiladi. Bordi-yu pichoqsiz so‘yilsa, bu unga azob berish bo‘ladi.

Urfda, odatda pichoq bilan so‘yilsa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam urf-odatga xilof ravishda «pichoqsiz (boshqa narsa bilan) so‘yilibdi», dedilar. Bu bilan qozilarning badani emas, dini halok bo‘lishidan xafvsiragan bo‘lishlari mumkin.

Qayd etilgan