Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollar kiyimini kiyadigan erkakni va erkaklar kiyimini kiyadigan ayolni la’natladilar» (Abu Dovud, Nasoiy, Hokim).
Agar ayol kishi erkaklarga xos bo‘lgan liboslarni kiysa, u o‘zini erkaklarga o‘xshatgan hisoblanadi va Alloh va Rasulining la’natiga duchor bo‘ladi. Eri ham agar uning shunday yurishiga imkon bersa (ya’ni, rozi bo‘lsa va uni qaytarmasa) mal’undir (la’natlangandir). Chunki u ayolini Allohga itoat etishga undashi va gunoh ishlardan qaytarishi lozim. Zero, Alloh taolo aytganki:
«Ey mo‘minlar, sizlar o‘zlaringizni va ahli-oilalaringizni do‘zaxdan saqlangizki, uning o‘tini odamlar va toshlardir» (Tahrim surasi, 6).
Ya’ni, ularga odob va ta’lim bering, Allohga itoat etishga buyurib, gunoh ishlardan qaytaring, o‘zingizga ham xuddi shunday munosabatda bo‘ling, deyilmoqda.