— Xullas, payt poylab ketiga tushdim. Mo‘ljalim bo‘yicha uyda bir yigitcha qolishi kerak edi. Lekin u yigitcha emas, azroilvachchaning o‘zi ekan. Yarim kechada uyni ship-shiydam qilib chiqayotsam, ro‘paramda turibdi. E, bunaqalarni bir kalla qilib enasinikiga jo‘natvorardim. Endi kalla qilaman, desam, qo‘lini bir balo qilib aylantirdi, bir balo deb chinqirdi, qo‘li aylanib turib, oyog‘i jag‘imga qanday tushdi, hayronman. Bir nafasda dabdalamni chiqardi. Urishga urdi-yu, anavilarga «hech narsa olmadi», dedi. Bu ahvolimni yengillashtiradi, ko‘p o‘tirmayman. Lekin «hech narsa olmadi», deb o‘zlari ham qutulib qolishdi-da. Tillayu «loy»lar bularning hujjatlariga tirkalsa, naq enasini ko‘rardi-da. U bo‘ldi, bu bo‘ldi, jag‘im singani qoldi. Mana, xudo, deb o‘tiribman. Hukumatimiz odil-da, avval tuzatadi, keyin qamaydi. Siz o‘lib ketaversangiz ham bo‘lardi, lekin sizni tuzatishadi. Chunki sizni otishlari kerak. O‘zingizdan o‘zingiz o‘lib qolsangiz kimni otishadi? Nima bilan tushganingizni eshitdim, paxan. Boradigan yeringiz tayin. Lekin xafa bo‘lmang. Bitta boshga bitta o‘q. Boshqasining keragi yo‘q. Menga ham atalgani bordir. Hozir yo‘q bo‘lsa, zavodda atay Shoqolga atab allambalo o‘q yasalayotgandir. Hali u tomonlarda ham uchrashib qolamizmi... — U ishshaydi. Jahongir uning aftini, sarg‘aygan so‘yloq tishlarini ko‘rib ko‘zlarini yumib oldi.
«Bu shoqol emas yo iblisning o‘g‘li, yo jiyani, — deb o‘yladi u. — Jahannam og‘zidan tortib oldim, deydi. Balki men hozir jahannamning o‘zidadurman. Bu maxluq hademay o‘choqqa o‘t qalay boshlar. Harholda bu odam bolasi emas. Qani, kalima keltiray-chi: la ilaha illallahu..» Jahongir ko‘zini ochsa — Shoqol yo‘q. «Ha, alahsirabman, la ilaha illallah...»
— Paxan sizning joningizni menga topshirishgan. Sho‘rvaning suvidan olib qo‘yganman. Ichish kerak. Qani, Sariq, yordam ber.
«Alahsiramagan ekanman».