Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141159 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:31

— Xo‘p, bobo, bizga ruxsat bering, boraylik.
— Atay shuni so‘ragani keldinglarmi? — chol Solihovga ajablanib qaradi. — Quruq ketmanglar, mehmon qilay.
Ular qariyaga minnatdorchilik bildirib, izlariga qaytishdi. Raisning xonasida choy ichishgach, bir yigitcha ikkita eshakni yetaklab keldi. Yaydoq eshakka o‘zi, to‘qim urilganiga Solihov minib, yo‘lga tushishdi. Solihov bir-ikki eshak mingan, lekin o‘rnashib o‘tirishga hali odatlanmagan edi. Eshak yo‘rg‘alaganda xuddi otilib ketadiganday jilovga yopishardi. Ayniqsa, eshak loyda sirg‘anganida uchib ketay derdi.
— Aka, siz xachir minishingiz kerak ekan, — dedi yo‘l boshlovchi.
— Nega endi? — deb ajablandi Solihov.
— Oyog‘ingiz uzun ekan, yerga tegib qolay deyapti, — deb kuldi yigitcha.
— Shunisi durust, yiqilib tushmayman, — dedi Solihov ham kulib.
Quyosh botib, cho‘qqilar qovoq uya boshlagan paytda manzilga yetib borishdi. Uncha katta bo‘lmagan ko‘l bo‘yiga uchta o‘tov tikilagan, o‘tovdan sal narida toshdan qo‘ton qurilgan edi.
— Safarqul aka! — deb chaqirdi yigitcha o‘tovga yaqinlashgach.
— Baqirma, ko‘rib turibman kelayotganingni.
O‘tovdan o‘rta bo‘yli, yuzi yapaloqroq odam chiqdi.
— Bu akam sizga mehmonlar, so‘raydigan gaplari bor ekan, — dedi yigitcha eshakdan tushib.
— Gaplari bo‘lsa, bosh ustiga, tun uzun, gaplashaveramiz, — Safarqul shunday deb Solihov bilan so‘rashdi. Sanjar Solihov eshakdan tushganidan keyin yo‘l azobini his qildi. Beli tortishib, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay qoldi.
— Egamqul!

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:39

O‘tovdan bir qo‘lida obdasta, ikkinchisida sochiq ushlagan o‘n uch yoshlardagi bola chiqib, mehmonlarga salom berdi. Solihov yuvinib olgach, o‘tovga kirishdi.
— Jannatning mana shu bo‘lagida bola-chaqa bilan Xudo, deb yotibmiz, — dedi Safarqul, mehmonga lo‘labolish uzatib. — Qornimiz to‘q, qulog‘imiz tinch. Shunisiga shukr. Yana besh kundan keyin qishloqqa qaytamiz. Qishning nafasi kelib qoldi.
Safarqulning Egamquldan kattaroq uch o‘g‘li kirib mehmon bilan so‘rashib, biroz o‘tirib, so‘ng chiqib ketishdi. Dastyorlikni Egamqul qildi. To ovqatlanib bo‘lishguncha ham Safarqul mehmonning maqsadini so‘ramadi. Solihov ham shoshilmadi.
— Xudo to‘rt o‘g‘il berdi menga. Ikkitasini uylantirdim. Qishloqqa qaytsak, Xudo xohlasa uchinchisini uylayman. Xudo bularning rizqini butun qilib berdi, ko‘z tegmasin.
— Safarqul aka, aka-ukalar yo‘qmi?
— Yolg‘izman, inim. Suyanadigan tog‘im, maslahat beradigan donishmandim yo‘q. Shuning uchun ham sargardon bo‘ldim. Menga zarur ekanmi musofirlikda xor bo‘lib yurish.
— U tomonda nima ish qildingiz?
— Mening hunarim bitta — qo‘y boqaman. Ha, hayron bo‘lyapsizmi, u yoqda ham qo‘y boqsangiz, buyoqda ham ahvol shu bo‘lsa, nimaga ovora bo‘lib kelib yuribsiz, demoqchimisiz? E, inim, siz tushunmaysiz, musofirning dardini anglashingiz qiyin. Otamning arvohini chirqiratib ketuvdim, shu gunoh bilan o‘tamanmi, devdim, yo‘q, Xudo rahm qildi.
— Qashqarda yaqinlaringiz bormidi?
— Kimning qo‘yini boqqan bo‘lsam, o‘sha yaqinim edi.
— Savolga tutayotganimdan ajablanmang, men militsiyadanman.
— Sezib turibman. Harholda, meni tomosha qilgani kelmagansiz. So‘raydiganingizni so‘rayvering. Gunohim bo‘lsa olib ketarsiz.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:47

— Sizni olib ketgani kelganim yo‘q, — Solihov shunday deb yon cho‘ntagidan Jahongir bilan Siddiq Sharipovlarning suratlarini olib, unga uzatdi. — Shu odamlarni taniysizmi?
Safarqul suratlarga bir-bir nazar tashladi.
— Bu Olamgir aka, bunisini tanimayman.
— Yaxshilab qarang-chi, bir-biriga o‘xshamaydimi?
U ikki suratni yonma-yon qo‘yib tikildi.
— Ko‘zlari o‘xshab ketadi. Lekin boshqa-boshqa odam ikkisi.
— Demak, bu odamning ismi Olamgir, — dedi Solihov Jahongirning suratini cho‘ntagiga solib, — qaerdan taniysiz?
— Qashqarda xizmatini qilganman.
— Qo‘yini boqqanmisiz?
— Qo‘yi yo‘q edi unda, uyida qarollik qilganman. O‘rozboyvachchaning nomardligidan kuyib yurganimda shu odam yo‘liqdi. Boshpana berdi. Buning ham boshiga kulfatlar tushgan ekan.
— Qanaqa kulfat?
— Otasini sho‘rolar otib tashlagan ekan, ukasi yo‘lda qazo qilibdi. So‘ng xotinidan ayrilibdi. Olamgir akaning bag‘ri keng edi. Boshqaga uylanmay, ukasining xotiniga o‘ylandi. Yo‘lda tug‘ilgan bolaga otalik qildi.
— Ukasi nimadan o‘lgan ekan, aytmovdimi?
— Bular ko‘chkiga duch kelishgan. Ukasi besh-olti yigit bilan oldinda ketayotgan ekan, g‘aflatda qolgan.
— Ismini aytmaganmi?
— Aytgan bo‘lsa ham esimda yo‘q.
— Siz bu odam bilan birga qaytdingizmi?
— Ha.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:47:56

— Nima uchun ism-nasibini o‘zgartirdi, sizga aytmadimi?
— Aytgan: u qaytish uchun ruxsat ololmay yurgan ekan. «Bu dunyoning qiliqlarini anglash mushkul. Sho‘ro hukumati oldida gunohim yo‘q. Shunday bo‘lsa ham ehtiyot-shart. Sen bilan aka-ukaday edik, aka-ukaday ro‘yxatga tirka, birga ketaylik, yaxshiliging yerda qolmaydi», dedi.
— Sizga nima berdi buning evaziga?
— Gilam bermoqchi edi, olmadim. O‘zimniki peshonamga bitsin, dedim.
— Olamgir Qirqbeldanmi?
— Ha, o‘sha yerdan.
— U yerda qarindoshlari yo‘qmi?
— Opalarim qolgan, derdi. Yana bilmadim.
— Yusufxonaga hech keldimi?
— Yo‘q, o‘sha xayrlashganimiz bo‘yi uchrashmadik.
— Qashqarda biron-bir odam bilan yovlashib qolmaganmidi?
— Buni yaxshi bilmayman. Men ulardan nari edim, kam ko‘rishardim. Birov bilan yovlashmagandir. Fe’li torroq edi-yu, ammo qo‘rqoqligi ham bor edi.
Sanjar Solihov Olamgirning suratini olib cho‘ntagiga soldi.
— Inim, men ham sizdan gap so‘ray, ijozatmi?
— So‘rang.
— Olamgir akani nima uchun surishtirib qoldingiz, tinchlikmi?
— Tinchlik emas-da. Olamgir akangizni o‘ldirib ketishibdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:48:05

Safarqul «yanglish eshitmadimmi?» deganday Solihovga qarab qoldi, so‘ng pichirlab duo o‘qib, yuziga fotiha tortdi-da, «Qazo o‘zining yerida quvib yetibdi», deb qo‘ydi.
Solihovning iltimosi bilan ko‘l bo‘yiga chiqishdi. Osmon tiniq. Yulduzlar yuzida dudli xira parda yo‘q. Yengil shabadada jimirlayotgan ko‘l suvi besh kunlik oy aksini avaylab o‘ynaydi. Osmonni zabt etgan yulduzlar, ko‘l atrofini sadoqatli soqchilarday o‘rab turgan tog‘lar o‘zlari qaror toptirgan sukutdan mast. O‘ziga qandaydir sehrni yashirgan bu sukut Solihovni ham o‘ziga bo‘ysundirgan. Ko‘lga tikilib turgan Solihovga shahardagi ola-g‘ovur, yugur-yugurlarning bari bekorchi bo‘lib tuyuldi. «Tabiat inson bolasiga shunday ajoyibotlarni, sehrli in’omlarini bersa-yu, noshukr odamlar bulardan ko‘z yumib mayda-chuyda narsalarni talashsalar, bir-birlarini botqoqqa botirsalar, oyoqdan chalsalar, azoblasalar, o‘ldirsalar... Shu yerning norasmiy xo‘jasi mana shu yapaloq yuz cho‘ponni birov nazarga ilmaydi. Chunki uyida qo‘sha-qo‘sha gilami yo‘q, ko‘mib qo‘ygan tillayu pullari yo‘q. Buni shaharda odamlarning chaqasiga ko‘z tikib o‘tirgan gaz suv sotuvchidan tortib, gerdayib yurgan olimgacha mensimaydi. Balki Safarqulning baxti ham shundadir? Uning uchun eng muhimi — ota yurtida yashash. Bezaklaru buyumlar xayoliga kelmaydi. Mana shu ko‘l, mana shu tog‘ Safarqulniki. Qishloqqa yoki shaharga borib shunday desam, meni telbaga chiqarishadi. Lekin shu odamdan boshqasi bu yerga kelib turmaydi. Agar yonimda ming tilla bo‘lsayu buni Safarqul bilsa, ko‘nglida yomonlik uyg‘onmaydi. Chunki u haloliga o‘rgangan. Lekin boshqalar bir so‘m uchun odam o‘ldirishi, bitta amal kursisi uchun odamni badnom qilib yuborishi mumkin. Nega shunday? Biz kimlarga sig‘inishimiz kerak?..»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:48:33

— Izg‘irin turdi, sovqotmadingizmi? — dedi Safarqul, uning yoniga kelib.
— Bunaqa ajoyibotni har kuni ko‘ravermaymiz. Bir ko‘zlarim to‘yib olsin, — dedi Solihov.
— Bu ham bir ne’mat. Tog‘lar ham, ko‘l ham, dovdaraxt, o‘t-o‘lan ham odamga o‘xshaydi. Yaxshi gapirib, boshini silasang, marhamatlarini ayamaydi. Noshukrlik bilan oyoqosti qilsang, g‘azabga keladi. Inson bolasini shu tabiat boqqanidan keyin, tabiat oldida hamisha qulluq qilib turishi kerak, ma’qulmi, inim?
Solihov «to‘g‘ri», deb qo‘yib, olimlarning «Yovvoyi tabiatni yengamiz!» degan shiorini esladi. «Kim haq — bu savodsiz cho‘ponmi yo miyasi bilimga g‘ij-g‘ij to‘lgan olimmi?» deb o‘yladi.
— Safarqul aka, olimlar tabiatni yengish kerak, deyishyapti.
Safarqul bosh chayqab, ko‘l tomon uch-to‘rt qadam qo‘ydi.
— Beriroq keling, — dedi Solihovga qarab, — mana shu ko‘lni tog‘ning naryog‘iga o‘tkazib bering yoki hov tog‘ni yo‘ldan oling. Erta-indin qalin qor tushadi, shu qorni yog‘dirmang, biz ovora bo‘lib qishloqqa borib yurmaylik.
Solihov cho‘ponning maqsadini tushunib kulimsiradi.
— Qo‘lingizdan kelmaydimi? — dedi Safarqul istehzo ohangida. — Kelmaydi. Xo‘sh, qanday yengmoqchisiz? Tabiat sizga nima yomonlik qildi? Nimaga yengmoqchisiz?
— Men olimlarning gapini aytdim, Safarqul aka, — dedi mayor aybdor odamning ovozida.
— Olimlaringizga aytib qo‘ying, tuzluqqa tupurishmasin, — Safarqul biroz jim qoldi. So‘ng yana tilga kirdi: — Men esimni taniganimdan beri qo‘y boqaman. Ota-bobom ham qo‘y boqqan. Biz tabiatni yengishni o‘ylamaganmiz. Bolalarim ham o‘ylamaydi. Bu yerlarda yashaydigan odamlardan bunaqa ahmoqona fikr chiqmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:48:47

Safarqul boshqa gapirmadi. Solihov ham uni gapga tutmadi.
Tun o‘z hukmida qattiq edi. Yulduzlarning jimirlashi ham, oyning suvdagi aksi ham bu hukmga qat’iy bo‘ysinar edi. Yuzaki qaralsa, bu tun ham, barglarning bu shiviri ham, chigirtkalarning chirillashi ham odatdagiday, o‘zgarishsiz edi. Tunlar tunlarga o‘xshaydi. Zohiran shunday. Botinan esa, odamning kechagi umri bugungisiga o‘xshamaganiday, tunlar ham tunlardan farq qiladi, faqat biz buni sezmaymiz. Solihov maylini ana shu betakror tun hukmiga berdi.
Ertalab Safarqul ham yo‘l tadorigini ko‘rdi.
— Inim, malol kelmasa, meni shaharga ola keting. Olamgir akaning uyini ko‘rsatib qo‘ysangiz bas. Fotiha o‘qib qaytaman. Harholda, tuzlarini ichganman, eshitib turib bormasam gunoh bo‘ladi.
Safarqulning bu niyati Solihovga yoqib tushdi. Chunki bu tashrif ko‘p sirlar sandig‘ini ochishi mumkin edi.
«Aka-uka orasida nima gap o‘tgan? Nima uchun Jahongir xorijga ketmagan? Ulgurmaganmi, qo‘lga tushib qolganmi? Olamgir uning xotinini olib qochganmi? Nima sir bor ularning orasida? Yo‘lchivoy voqeadan bexabardir. Lekin onasi biladi, bila turib nimaga yashiradi? Balki opalari bilishar? Ular tirikmikin?»
Safarqulning izidan borayotgan mayor Solihov ana shu savollarga xayolan javob izlardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:49:00

Solihov Safarqul bilan ko‘l bo‘yida suhbatlashayotganida kapitan Ramziddin Ramazonov poezd vagonining yuqori o‘rindig‘ida chalqancha yotib Samarqanddagi uchrashuvni, suhbatni o‘zicha tahlil qilar edi.
Ular «Abram bulvari» deb nomlangan joyda uchrashdilar. Xiyobonda odam kam. Ahyon-ahyonda qo‘zg‘ab qoladigan achchiq shamol xazonlar orasidan birnimani izlaganday titib — to‘zitadi, hech nima topolmagach, tinchiydi.
Boshiga kepka kiyib olgan, qaddi sal bukilgan, biroq g‘ayrat tark etmagan Sergey Komlev o‘tirib suhbatlashishga unamadi.
— Azizim, meni afv eting, har bir daqiqam sanoqli mening, — dedi u. — Harholda o‘n yetti yilni boy berdim. Mantiqan olib qarasak, siz bilan gaplashmasligim kerak edi. Chunki o‘n yetti yilning gunohi siz kabi odamlarning bo‘ynida. Lekin men gina saqlamayman, bu birinchi, siz qamamagansiz — bu ikkinchi, zarur ish bilan atayin kelibsiz — bu uchinchi. Zarur ishingizni ayting.
(Ramazonov Komlevning sof o‘zbek tilida gaplashishidan lol edi. Muhtaram o‘quvchining yodida bo‘lsa, Komlev 1922 yilda Jahongir bilan uchrashganida o‘zbekchani buzibroq so‘zlardi. Oradan yillar o‘tib, tarix ilmi bilan shug‘ullanish jarayonida u tilni binoyi o‘zlashtirib olgandi).

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:49:09

— Siz Jahongir Muhammadrizaevni bilasizmi?
— Bilaman, u tirikmi?
— Tirik.
— Tirikligi yaxshi, lekin sizning surishtirib qolganingiz chatoq. Nima gap o‘zi? Men uni oxirgi marta o‘ttiz yettinchi yilda ko‘rganman.
— Sizdan keyin u ham ketgan. So‘ng partizanlar otryadida bo‘lgan. Keyin yana... Xullas, hozir qotillikda ayblanyapti. Ochiqrog‘i — o‘zi bo‘yniga olib turibdi.
Komlev unga qattiq tikildi.
— Bo‘lishi mumkin emas! — u shunday deb qo‘lini orqasiga qildi-da, tez-tez yurib ketdi. Keyin birdan to‘xtab, orqasiga o‘girildi. — Men ishonmayman! Bo‘lishi mumkin emas! Bir odamni shuncha qiynash mumkinmi? Ayting, insof bormi, sizlarda!
— Sergey Vasilevich, axir...
— Jim bo‘ling, iltimos, jim bo‘ling. Siz «savolni men beraman», deyishni yaxshi ko‘rasiz, ma’zur tuting, azizim, endi savol berish navbati bizga ham yetdi. Shu savolni berish uchun o‘n bir yil u yoqda, olti yil bu yoqda ma’dan qazidim. Balki shu savolni berish uchun o‘lmay qolgandirman: men o‘zimni aytmay, uning aybi nima? Qishlog‘iga birovlar o‘t qo‘ydi, jabrini u tortdi. E’tiqodli odam qishlog‘iga o‘t qo‘ymaydi, bilib oling. O‘ttiz yettinchi yilda men bilan uchrashgani uchun qamabsizlar. Men Temur davri madaniyatini o‘rganganim uchun xalqqa dushman ekanman. U-chi? U o‘rganishni istamagan edi. Jahongir balki katta olim bo‘lardi. Lekin uning hayotda boshqa bir maqsadi bor edi, afsuski, bu maqsadni birovga aytmasdi. U shu maqsadining qurboni bo‘ldimi yo yo‘l topolmay gangib jarga quladimi? Jar yoqasiga o‘zi bordimi yo sizlar majburladinglarmi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:49:20

— Sergey Vasilevich, u gaplarni menga aytganingiz chakki. Men to‘rt yil urushda jang qildim, endi jinoyat qidiruv bo‘limidaman. Ahvolingizni tushunib turibman.
— Ahvolimga tushunib bo‘psiz! Sizni ayblamayman! Ammo hamkasblaringizda vijdon yo‘q. Birontasi chiqib, tavba qildimi? Mayli, bizga tavba qilishmasin, marhumlar xotirasi oldida tavba qilishsa bo‘lardi. Ha, mayli, qo‘ying ularni. Mendan nimani istaysiz?
— Yigirma ikkinchi yilda birga o‘girganlaringda kimdandir o‘ch olishi lozimligini gapirganmi?
— U yerlarda, azizim, o‘ch olish haqida emas, tirik qolish haqida gap borardi.
— Akasi haqida gapirmaganmi?
— Akasi?.. Nazarimda hech kimi yo‘q edi uning. Ha... opalari bo‘lgan. Quloq qilingan ekan. Izlab topolmabdi. O‘ttiz yettida uchrashganimizda shundan afsusda edi.
— Peshonasidagi yozuvdan xabaringiz bordir?
— Ha, «alqasosu minal haq». Bu «qasos olaman» degani emas, «Qasos Haqdandir» degani. Ya’ni, boshiga bu kunlarni solganlardan Xudoning o‘zi qasos oladi, demak. Nima, siz yigirma ikkinchi yildagi alam uchun endi o‘ch oldi, deyapsizmi?
— Bo‘lishi mumkin emasmi? Pushkinni eslang: so‘nggi o‘qni otish uchun necha yil payt poyladi?
— O, Pushkinni ham bilasizmi? Azizim, Pushkin bu asarni sizlarga qo‘llanma sifatida yozmagan. U san’at asari! Unda tirik odamlar, ularning ruhiyati bor. Sizlar uchun ruhiyat sariq chaqa-ku? Sizlarga dali kerak, guvoh kerak. Uchtagina guvoh...
— Shaxsan men uchun sariq chaqa emas. Qotilning ruhiyatini bilolmasam, jinoyat ildizini ocholmayman. Siz ham bizning ruhiyatimiz bilan hisoblashmayapsiz. Xato qilindi, tan olindi. Lekin jinoyatlar davom etyapti, odamlar o‘ldirilyapti. Demak, jamiyat bizning xizmatimizga muhtoj.

Qayd etilgan