Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141155 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:49:38

— Shundaymi? Lekin, azizim, bu xizmatlaringiz idorangiz gunohlarini yuvib ketolmaydi. Yuz yildan keyin ham bu malomatdan qutulolmaysiz.
Ramazonov Komlevga e’tiroz bildira olmadi. «Chindan ham shunday, — deb o‘yladi u, — igna bilan topgan-tutgan obro‘ panshaxa bilan sovurildi. Yana igna bilan obro‘ to‘plash mumkin bo‘larmikin?»
— Sergey Vasilevich, men siz bilan bahslashgani kelmovdim, — dedi kapitan gapni burishga majbur bo‘lib.
— Ha, ha, tushunaman. Men savollarga javob berdim shekilli?
— Siz Muhammadrizaev bilan uchrashishni istamaysizmi?
Bu taklifni Komlev kutmagan edi. Shu sababli darrov javob bermadi.
— Ochig‘ini aytsam, Muhammadrizaevning qotillikni bo‘yniga olishi bizda gumon uyg‘otgan. Jinoyat ildizi boshqa yoqda bo‘lishi kerak.
— Hozir qamoqda o‘tiribdimi u?
— Hozir... shifoxonada.
— Yaxshi, boraman. Lekin sizga yordam berish uchun emas. Jahongir uchun boraman. Ertaga ilmiy kengashim bor. Raqiblarimni yanchib, keyin boraman.
— Raqiblaringiz ham bormi? — dedi Ramazonov hazil ohangida.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:50:04

— O, siz nima deb o‘ylovdingiz, — dedi Komlev bu nimhazilni tushunmay. — Bizni sud oqladi, lekin hamkasblarimiz oqlagani yo‘q. O‘ttiz yettinchi yilda ilmiy ishimga qarshi turganlar hali ham qarshi. Olam o‘zgarib ketdi, lekin ularning dunyoqarashi o‘zgarmagan. O‘zbeklarga hayronman, Men rusman, o‘zbelarga qarab: «Tarixlaring boy», desam ular «Bizga bunday tarix kerakmas», deyishadi. Siz shirin palov pishirib qo‘shnilarga ulashsangiz-u, o‘zingiz och o‘tirsangiz, shunaqasi bo‘ladimi? Bo‘lar ekan. O‘zbekning madaniyat tarixidan butun dunyo bahramand, o‘zi esa ko‘zlarini yumib, quloqlarini berkitib olgan. Ko‘zni ochishga qo‘ymaydilar. Ertaga ular bilan olishaman. Umr so‘qmog‘ini kurash va alam shamollari supuradi. Undan kechib bo‘lmaydi.
Ramziddin Ramazonov bu harakatchan odam bilan uzoq suhbat qurgisi kelgan edi, ammo Komlev gapni kalta qildi. Soatiga qarab oldiyu xayrlashib, shoshilganicha ketdi.
Vagonning yuqori o‘rindig‘ida chalqancha yotgan Ramazonov shu suhbatni eslab, bu odamning donoligiyu irodasiga tan berdi.
Mayor Solihov Yusufxonadan, kapitan Ramazonov Samarqanddan yaxshi kayfiyat bilan qaytdilar. Ular bu uchrashuvga qadar zimistonda sham ko‘tarib, igna qidirayotgan odam holida edilar. Zimiston sham yorug‘ligini yutaman, deydi. Atrofdagi odamlar esa, «igna u yerdamas, bu yerda», deb chalg‘itadilar. Bunaqada ignani topishdan butkul umid uzib qo‘yish mumkin edi. Shunday xulosa sari burilishda ular qo‘lidagi sham yaxshiroq yoritganday bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:50:12

9. SAHRODAGI YAXSHI ODAT

Jahongirni shifoxonada Shoqol bilan qoldirgan edik. Uning ahvoli nechuk ekan? Devorlariga qadar dori hidi unniqib ketgan bu tor xonada xayoliga nelar keldi?

Poyoni osmonga tutash sahro. Sahroda birgina tirik zot. U — Jahongir. Qumning otashi oyog‘ini kuydiradi. Osmonning qoq o‘rtasida ilinib olgan quyosh unga qasd qilgan: olovli nafasi bilan kuydirib tashlamoqchi. Tomoqlari qurigan. Oyoqda majol yo‘q. Ammo so‘nggi  kuchini to‘plab olg‘a yuradi. Yana bir barxan, balki ikki barxanni oshib o‘tgach, jonga rohat beruvchi buloqqa yetadi. Buloq atrofi daraxtzor, xuddi Qirqbelga o‘xshadi. Qo‘ng‘iroqlarini jaranglatib karvon o‘tadi.
«Hoy, yo‘lovchi, yur, biz bilan, joningni qiynama», deydi karvonboshi.
«Mening manzilim boshqa», deydi Jahongir.
«Nima sen Majnunmisan, Laylining hajrida o‘rtanyapsanmi? Muhabbat seni shu ko‘yga soldimi?» deydi karvonboshi.
«To‘g‘ri topdingiz, Men Majnunman, maqsadim majnuniman. Men muhabbatga begonaman. Manzilimga muhabbat bilan borib bo‘lmaydi».
Karvon ketadi. Boshqasi keladi, yana ketadi. Nihoyat, ikki barxanni oshib o‘tadi. Ana — buloq! Ana — jon rohati! Lekin... suv yo‘q-ku?
«Sen kechikding. Birov ichib qo‘ydi».
Bu — otasining ovozi.
«Ota, qaerdasiz?»
«Suvingni birov ichib qo‘ydi, kechikding».
«Otajon, qaerdasiz?»
«Kechikding, bolam».
«Ota!»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:50:23

Javob yo‘q. Buloq ham yo‘q, daraxtlar ham... Sahro... Yolg‘iz o‘zi turibdi. Qo‘ng‘irog‘i jiringlagan karvon ham yo‘q... Osmonga ilinib turgan quyosh yamlamay yutaman, deydi.
Jahongirning nafasi qaytib, uyg‘ondi. Shoqol yondagi karavotda chordana qurib olgan, xuddi afsungarday unga tikilib o‘tiribdi.
— Otangizni sog‘inibsiz, paxan, rosa chaqirdingiz. Odamga uyqu bermas ekansiz. Men-ku, kechasi uxlamayman. Olim bolani qiynavordingiz.
— O‘zi qani?
— Gum bo‘ldi. Tuzalibdi. Endi onasini ko‘radi. Ikkalamiz qoldik, paxan. Menam chiqib ketaman bu yerdan. Aniq bilaman, uch yildan ortiq berishmaydi menga. Chiqqanimdan keyin bir ishga sho‘ng‘iymanu mol-dunyo yig‘ib olaman.
— Mol-dunyo shu paytgacha birovga vafo qilgan emas.
— Menga vafo qiladi, hammasini o‘ylab qo‘yganman.
— Mol-dunyo desangiz yakka-moxov bo‘lib qolasiz. Bir boy xastalanib yotsa ham uni yo‘qlovchi topilmabdi. Buning sababini donishmanddan so‘rasa u: «Odamlar sizdan qarzdor, shunga uyalib kelishmayapti», debdi. Shunda boy «Odamlardan ajratib qo‘ygan mol-dunyoga la’natlar bo‘lsin», degan ekan.
— Bu o‘tgan zamonning gapi, paxan. Hozir do‘sting qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi — tinch yashaysan. Sotadiganlar kam bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:50:32

— Shoqolning «sotadiganlar kam bo‘ladi», degan gapi 1933 yilni, Qirqbelni, uyiga xo‘jayinlik, qilib turgan Sotvoldini, «Sotti xat yubordi», deb rangi o‘chib turgan Daminni Jahongirning yodiga soldi.
— Mudarris Jahongirning tez qaytishidan ajablandi. Bunaqa paytda ayrim odamlar «nima balo uyingdan ilon chiqdimi», deyishadi. Jahongir mudarrisdan shunga o‘xshash savol kutgan edi. Boshqacha sharoit bo‘lganida balki mudarris — Nizom qorovul shu qabilda hazilnamo gap qilishi mumkin edi. Biroq, boshpanasi yo‘q odamga shunday deyish mehmon tashrifini malol olganday tuyulardi. Nizom qorovul «Eson-omon borib keldingizmi, bo‘tam», deb gapni qisqa qildi. Hammasini Jahongirning o‘zi aytib berdi: uyidan «ilon chiqqanini» ham, opalarining quloq qilinganini ham, Sottining rayonga tushirgan xatini ham aytdi.
Lipillab yonayotgan qora chiroq hujrani arang yoritardi. Jahongirning zimiston yuragiga hozir minglab chiroq yoqilsa ham yoritolmagan bo‘lardi. Alamga chulg‘angan bu zimiston yurakka faqat dono maslahatgina nur berishi mumkin, mudarris esa bu nurni baxsh etishga shoshilmas edi. U chiroqning eshilib to‘lg‘onayotgan o‘tli tiliga ancha fursat tikilib o‘tirdi.
— Yonib turgan sham tepasidagi shiftdan, yonidagi devorlardan nafratlanibdi, — dedi u o‘ychan ohangda. — Bular mening yo‘limni to‘syapti, mavjimni pasaytiryapti deb g‘azabga minibdi. Avval shiftni, keyin devorni mahv etishga qasd qilibdi. Bu bilan o‘z o‘limini chaqiribdi. U nodon bilmabdiki, bu shift, bu devorlar uni o‘chirib qo‘yishi mumkin bo‘lgan shamoldan asraydi. — Mudarris shunday deb yana sukut saqladi. Keyin yengil xo‘rsinib, qissadan hissa yasadi: — Ne falokatki, zamonda nodon shamlar ko‘paydi. Nodonliklari tufayli o‘zlarigina o‘chsalar mayliga edi, qancha umr o‘tini ham o‘chirdilar. Bo‘tam, meni aybga buyurmang, sizga qanoat tilashdan o‘zga choram yo‘q. Bu kunda toptalgan ko‘katning ohli qo‘shig‘ini tinglovchi yurakni qaydan topamiz? Mening zaif ongim sizning qorong‘i yo‘lingizni yoritishga ojiz. Men o‘zimni Ollohning ixtiyoriga berib, bu dunyo g‘amlaridan xoli bo‘lishni niyat qilganman. Xohish bildirsangiz, men bilan birga yashang.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:50:50

— Taqsirim, shu so‘zlaringizni o‘ziyoq men uchun bir dunyo, Xudo umringizni ziyoda qilsin. Men bunda o‘tira olmayman. Opalarimni izlab topay, holidan xabar olay.
— U holda men sizni yolg‘izlatmay. Sho‘ro idoralarida xizmatda turgan talabalarim bor, ular opalaringizning qaydaligini so‘rab-surishtirib berishadi.
— Malol kelmasa, shaharning nomdor zargarlaridan bir-ikkitasini ham bilib bering.
Muxtasar kengash shu bilan yakunlanib, ustoz-shogird Ollohning marhamatlari, karomatlari, mo‘’jizalaridan suhbatlashib o‘tirishdi.
Bir hafta umidli xabarni kutish bilan o‘tdi. Bu vaqtda Jahongir ikki zargarga uchradi, ishi yurishmadi. Ular peshonasida g‘alati yozuvi bor bu odamning taklifini eshitishni ham istashmadi. Uchinchi zargar qirqbellik Muhammadrizo nomini eshitgan ekanmi, bir kunlik mulohazadan so‘ng Jahongirning mushkulini oson qildi. Jahongir qo‘liga pul tekkan kuniyoq jallobdan bir qo‘y olib, madrasa hovlisida so‘ydi. Go‘sht-yog‘ni bo‘lib, mudarrisga berdi. U atrofdagi xonadonlarga tarqatib chiqdi. O‘zlariga tekkan bir bo‘lak go‘sht bahonasida shu kun qora qozon qaynadi.
Sho‘ro idoralarida ishlayotganlar mudarrislarining iltimosini yerda qoldirishmadi. O‘n ikki kun deganda Jahongirning qo‘liga bir parcha qog‘oz tegdi. Undagi xabarga qaraganda katta opasining oilasi Rostov tomonlarda, kichik opasi esa Bryansk yoqlarda panoh topgan edi.
Jahongir xabarnomani olgan kuniyoq yo‘lga otlandi. Mudarris — Nizom qorovulning xayrlashuv chog‘i unga aytgan gapi qisqa bo‘ldi:
— Yaxshi-yomon gaplarimga rizo bo‘ling, bo‘tam...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:50:57

Odam yolg‘izlikni ixtiyor qilgani bilan olam aro yakka yashay olmaydi. Bugun ko‘ziga yomon ko‘ringanlar vaqt o‘tishi bilan avliyo tuyulib, ularga intiladi. Jahongir sovuq tutqunlikda yurganida «opalarim boshiga shunday kunlar tushar, men o‘z uyimdan quvilarman, deb o‘ylamagan edi. Nazarida uning ikki yo‘li bor edi: biri — qishloqda yashab, akasining qaytishini kutish. Bu qozonga tosh tashlab, osh pishishini kutishdek bir gap ekanini u anglardi. Akasi tirikmi, omonlik bilan u yoqqa o‘tib ketganmi, esonlik bilan qaytadimi, qaytishni istaydimi, yo‘qmi — Yaratgangina biladi. Jahongirga ma’lumi shuki, yuragi: kut, keladi, boshqa chorasi yo‘q, ota yerning ohanrabosi tortadi, dedi. Ikkinchi yo‘li — akasining izidan tog‘ oshib borish, uni topish va o‘sha yerda otasning xunini olish... Jahongir uchinchi yo‘l ham mavjud bo‘lishi mumkinligini o‘ylamagan edi. Hozir-ku, uchinchi yo‘lga qarab ketyapti. Hali peshonasida yana qancha yo‘l bor — kim biladi? Bu dunyoda umr ko‘rish sayd izidan quvib yurgan sayyod hayoti kabi kechsa-chi?
Rostovning cho‘lida katta opasining izini topmadi. Biroz qo‘pol, ko‘zlari qirg‘iydek boquvchi kazaklar uning iltimoslariga qo‘l siltab qo‘ya qolishardi. Sakkiz kun qishloqma-qishloq kezib madori quridi. Bu tomonlarda ochlik arvohining soyasi uncha sezilmas edi, biroq begonaning bir burda non olishi ham amri-mahol edi. Jahongirning so‘nggi ilinji — bir necha xonadonlik xutor — qamish tomli pastak uylarning etagidagi yerto‘lada yashovchilarda edi. Kazaklarning aytishicha, u yerda o‘zbeklar yashardi. Jahongir boshqa qishloqlarda uch o‘zbek oilasini ko‘rdi, lekin ular qirqbelliklarni uchratishmagan, eshitishmagan edi. So‘nggi oila qozoqlar bo‘lib chiqdi. Uy egasi, keng yelkali baquvvat qozoq Jahongirning sarguzashtlarini indamay eshitdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:51:05

— Shu yerga yuborishgani aniqmi? — dedi u Jahongir hikoyasini tugatgach.
— Ishonchli odamlar ma’lumot bergan.
— Unda bovurlaringdan umidingni uz. Ular yo‘lda nobud bo‘lib ketishgan. Moliga qo‘shib jonini ham olishgan.
Jahongir qozoqning shu xulosasi bilan yana qishloqma-qishloq yurib Rostovga qaytdi-da, poezdga o‘tirib Bryansk tomon yo‘l oldi.
Kichik opasidan xabar topishda uncha qiynalmadi. Cho‘l azoblari bu yerda yo‘q edi. Uch kun deganda opasining daragi chiqdi. O‘rmon etagida joylashgan yog‘och uylarning birida yigirma besh-o‘ttiz yoshlardagi o‘zbek juvonni ko‘rib xuddi opasini uchratganday quvondi. Biroq, bu xursandchiligi bulut chokini so‘kib bir yuz ko‘rsatgan quyosh kabi omonat edi.
— O‘tgan bahorda kulfat tushdi boshlariga... kichik o‘g‘illari o‘rmonga o‘ynab ketgan ekan. Opangiz, qizlari, pochchangiz izlab kirib qaytib chiqishmadi. Bu yerliklar botqoq yutgan, deyishyapti... Katta o‘g‘illari raisnikiga ketgan ekan... o‘sha voqeadan bo‘sh-o‘n kun o‘tib, mening oldimga keldilar. «Otvorishsa ham uyimga ketaman», deb jo‘nadilar... — juvon bu kulfatlarga o‘zi aybdorday zo‘r-bazo‘r gapirib, ko‘ziga yosh oldi.
Jahongir yig‘lab yubormaslik uchun ko‘zini undan olib qochdi. Bostirib kelayotgan qora bulutday turgan o‘rmon «yaqinlashgan inson zotini yamlamay yutaman», deyayotganday edi.
Jahongir «dunyoning barcha sitamlari, kulfatlari mening boshimga yog‘ilgan», deb o‘ylardi. Uy egasi — pahmoq soqolli chol kelgach, fikri o‘zgardi. Kulfatu sitamlar boshqalarga ham buyurgan ekan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:51:14

Chol Jahongirning kimligini bilgach, o‘zini tanishtirdi:
— Andrey Grigorevich, — dedi u qo‘l uzatib, — odamlar Grigorich deyishadi, sen ham shunday deyaver. Qarindoshlaringni tanirdim, joylari jannatda bo‘lsin, — u shunday deb tokcha pardasini surib uzun bo‘yli shisha oldi. — O‘tir, ularning ruhini eslaylik, — u bo‘zani eslatuvchi qo‘lbola aroqni ikki krujkaga quyib, birini Jahongirga uzatdi. — Darvoqe, sen ichmasang kerak, a? Mayli, o‘zing bilasan, — Grigorich bir nima deb pichirlab cho‘qindi-da, krujkadagini ichib yuborib, kaftini dimog‘iga tutdi. — Qarindoshlaringning baxti yo‘q ekan. Olyaning ham baxti qaro ekan. Buning eri o‘tgan yozda ayiqqa duch kepti. Ikkita bolasi bilan o‘tiribdi endi. Qayoqqa boradi? Bu yerdan chiqish mumkinmas...
Jahongir Olya kim ekan, deb taajjublangan edi, keyingi gapdan so‘ng o‘zbek juvonga qaradi. U labini qimtib, boshini egib o‘tirardi. Ichkarida go‘dak yig‘isi kelib, u irg‘ib o‘rnidan turdi.
— Olya deganingiz... — deb tusmolladi Jahongir.
— Ha, Olya deganim shu qizim, o‘zining oti... — chol eslashga urindi. — Kizimka, otingni yana esimdan chiqardim?
Ichkaridan «Oynisa» degan zaif, titroq ovoz keldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:51:23

— Shu uyda kampirim bilan turaman. Qarishdoshlaring daraxt kesib, yarim yerto‘la qurib olishgan edi. Olyaning eri ham boshpana quruvdi. U ayiqqa yem bo‘lganidan keyin Olyani uyimizga oldik. Bizga ham ovunchoq, ham xizmatimizni qiladi. Bularni boylar deb olib kelishgan edi, boy qiziga o‘xshamaydi. Mehnatdan qochmaydi, — chol ikkinchi krujkadagini bu safar cho‘qinmay ichib yubordi. — Bizning qishloqdan ham uchta oilani quloq qilishgan. Ikkitasi o‘zimizga o‘xshagan odamlar edi. Solomonich deganimiz yerga kaftini qo‘yib don ekish mumkinmi-yo‘qmi, aytib berardi. Hamma bilan baravar mehnat qilib, hammadan ko‘p hosil olardi. Aybi shu bo‘ldiki, kolxozga kirmadi. Endi sen menga ayt, peshonangdagi yozuvga qaraganda ko‘pni ko‘rganga o‘xshaysan: men imperator a’lo hazratlari davrini ham ko‘rdim, Kerenskiy, Lenin davrini ham ko‘rdim, lekin baribir tushunmayapman. Imperator Nikolay a’lo hazratlari siyosatchilarni surgun qilardi. Hozirgilaring dehqonlarni surgun qilyapti. Siyosatchi gap sotadi, g‘alva ko‘taradi, surgun qilsa-qilaversin. Dehqon sho‘rlik ularni boqsa, kiyintirsa surgun qilgani nimasi?! Odamlarni qiynashdan maqsadlari nima?
Jahongirning bunday suhbatga hozir xohishi ham, holi ham yo‘q edi. Bolasining yig‘isi bahona bo‘lib, Oynisa kirib ketdi. Jahongirga ham bir bahona bo‘lsa-yu, tashqariga chiqsa, yolg‘iz qolsa... Lekin buning iloji yo‘q. Chol savolni berib qo‘yib, javob kutyapti.
— Buni o‘zlaridan so‘rash kerak, men bilmayman.
Chol tabiatan ezma edimi yo badani qizib sergapligi tutdimi, harholda Jahongirni bezor qildi. Kampiri kelib cholga dashnom bermaganida tong otguncha gapirishi mumkin edi.

Qayd etilgan