Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141157 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:51:31

Jahongirdan «pichanxonada yotasizmi?» deb so‘rashganida u opasi yashagan uyni ko‘rsatishni so‘radi.
Yerdan odam bo‘yi barobar ko‘tarilib turgan ikkita darchali yarim yerto‘la uy qishloq chetida edi. Darchaga ham, eshikka ham taxta qoqib tashlangan ekan. Grigorich taxtalarni sug‘urib, ichkariga kirdi-da, sham yoqdi. Zax yerto‘lada shamning ham nafasi qaytganday olovli tili jonsiz lipilladi.
— Pichanxonada yotganing ma’qul, bu yerning havosi yaramaydi, — dedi chol. — Men ham yoz bo‘ldi, deguncha pichanxonaga chiqib olaman, qishda pech ustida rohat qilaman, yur.
Jahongir qaysarlik qilmay unga ergashdi.
Pichanxona degani — hovli etagidagi pichan g‘arami edi. Chol g‘aramga qo‘yilgan narvondan tepaga chiqib, o‘rnashib yotib oldi. Jahongir uning yoniga cho‘zildi. Chol ko‘p gapirmay, uyquga ketdi. Jahongirning uyqusi kelmadi. Osmonni qoplab olgan yulduzlarga tikilib yotdi.
Osmon xastaning ko‘ziga xasta, baxtiyorning ko‘ziga go‘zal ko‘rinadi. Odam xushhol paytida yulduzlar jimiri unga baxt yog‘dirayotganday bo‘ladi. Sevishganlarga ko‘z qisayotganday, imlayotganday tuyuladi. G‘amnok odam osmonning bu sehrini his etmaydi. Jahongir osmonga tikilib uning sehrini ilg‘amadi. Nazarida osmon unga ming-ming ko‘zlarini tikib hayron-lol turardi. Sovuq o‘lkada yulduzlar unga titrab-qaqshayotganday tuyulardi. Hozir ko‘zlari yulduzlarda, xayoli esa kechmishda edi. To‘y... kirib kelgan kuyovnavkarlar, hovli o‘rtasidagi gulxan, otasi bilan yig‘lab xayrlashayotgan opalari... Otasining duosi... «Ilohim baxtli bo‘linglar, uvali-juvali bo‘linglar...» Baxtli edilar, uvali-juvali edilar... Duoning kuchi qirqildimi, baxtsizlik darvozalari lang ochildimi? Qamoqqa olib ketishayotgandagi opalarining faryodlari osmon qa’ridan yulqinib chiqib, uning qulog‘iga urildi... «Eson-omon diydor ko‘rishaylik, ukajon!»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:51:41

Onalari boshqa edi. Ammo opalari onaday mehribon edilar. Jahongirni bu yerlarga ana shu mehr tortib kelgandi. Odamning xotirasida ko‘proq so‘nggi uchrashuv, so‘nggi eshitilgan so‘zlar qoladi. Hozir Jahongirning quloqlari ostida faqat bir nola jaranglaydi: «Eson-omon diydor ko‘rishaylik, ukajon!» Diydor... endi qiyomatga qoldi...
Bir necha bo‘xcha ortilgan aravalar, poezdlar... Yana aravalar... Biri cho‘l qo‘yniga qarab oqadi. Biri o‘rmonga... Qayoqqa, qanday odamlar huzuriga borayotganini, qaysi gunohlari uchun quvg‘in bo‘lganlari, endi boshlariga ne kunlar tushishini bilmagan bechoralar... Bir arava talon-taroj qilindi. Kuraklarga pichoqlar sanchildi, bo‘g‘izlandi. Murdalar quzg‘unlar, qashqirlarga tashlab ketildi...
Bu manzara ko‘z oldiga kelib. Jahongirning yuragidan bir tomir uzilganday bo‘ldi.
Botqoq yutayotgan jiyanlari, opasi, pochchasi ko‘z oldiga kelganda go‘yo ikkinchi tomir uzildi.
Ota-onasi, ukalaridan ajralib, bu yerlardan bosh olib ketgan jiyani unga yigirma ikkinchi yilni, bekatdagi xarob bolalarni, yig‘lagan Komlevni eslatdi. Shunda yuragida yana bir tomir uzildi.
Odam boshiga shunday kulfatlar, ayriliqlar tushsa, chidamay o‘lib qolsa kerak, deb o‘ylaysiz. Kulfatlar yonida umid turmaganida balki shunday bo‘lardi. Har kimni har xil umid ushlab qoladi, uzilgan tomirlarni ulaydi, o‘lgan tanaga jon qaytaradi. «Dunyoning menga atalgan g‘am-kulfati ado bo‘ldi, endi alamlar yiroqlashdi», deb o‘ylaydi. Jahongirning nazarida ham shunday edi. «Yaratgan bandasiga bundan ortiq jabr-jafoni ravo ko‘rmas», deb fikrlardi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:51:49

Bu tun Belorusiyaning ovloq bir qishlog‘ida yana bir odam uyg‘oq edi. U — Oynisa. Oloviddin boy xorijga o‘tib ketayotganida marhamat qilib, qaroli Yigitaliga halol mehnati uchun bir oriq sigirni in’om qilgan edi. Oynisaning o‘shandagi barcha duosi boyga atalgan edi. Qishloqdan quvilganidan beri uni qarg‘aydi. Boy sigir emas, balo tashlab ketgan ekan. O‘sha «qorning yorilgur» sigirni in’om etmaganida, unga yaxshi qarashmaganida, «tug‘may o‘lgur, tug‘ib bermaganida», mol-hollari ko‘paymaganida, Yigitali jonini jabborga berib ishlamaganida bu ko‘rguliklar yo‘q edi.
Erkakning qayg‘usi bilan ayolniki bir-biriga o‘xshamaydi. Pichan ustida yotgan Jahongir opalari qayg‘usida ezilib, Oynisa haqida ham o‘ylardi. Eri ayiqqa yem bo‘lgan, jasadni emas, burda-burda kiyimlarni yerga ko‘mgan bu ayol unga Xadichani eslatadi. Oynisa eriga aza ochib, ko‘zi yoridi. Xadicha-chi? Uning ahvoli nechuk? Ko‘zi yoridimi? O‘g‘il ko‘rdimi? Qizmi? Oynisa begona yurtda, begona uyda bolasini bag‘riga bosib yotibdi. Xadicha ham begona yurtda, begona uyda... Oynisa yolg‘iz. Xadichasi akasining panohida. Oynisa bu yerlardan qachon qaytishini bilmaydi, ruxsat so‘rab qilgan arzlari rad etildi. Jahongir Xadichani qachon qaytib kelishini bilmaydi.
Oynisaga Jahongirning qismati qorong‘i. Opalaridan ayrilgan bir alamzada ekanigina ma’lum. U Jahongirning kelishidan xursand — har-holda yurtining tirik bir parchasi. Erta-indin u ham ketadi. U yana yolg‘iz qoladi...
Tongga yaqin Jahongirning ko‘zi ilingan ekan, bolaning jarangdor ovozi qulog‘iga chalinib uyg‘ondi, ammo darrov ko‘zini ochmadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:52:06

— Aya, dadam keldilarmi?
— Yo‘q, bolam, dadang emaslar, o‘rtog‘ing Nurulloning tog‘alari.
Jahongir tushlariga kiradigan do‘mboq bolachaning, Xadichaning ovozini eshitganday yuragi entikdi. Ko‘zini ochdi. Qaddini ko‘tarib, pastga qaradi. Oynisa besh yashar bolasining qaddini bukib, yuzini yuvar edi. Jahongirning nigohini sezib, Oynisa ham yuqoriga qarab oldi.
Nonushtadan so‘ng Jahongir opasining uyiga qarab ketdi. Buyumlarga birov qo‘l ham urmaganga o‘xshaydi. Kiyimlar ham taxlanganicha turibdi. Opasining kamzuli, pochchasining to‘ni... Paranji ham... Opasi shu yerga ham ko‘tarib kelibdi-da, paranjisini... Kamzuldan opasining, jiyanlarining hidi keladi. Jiyanlarini suyib erkalaganday kamzulni siladi. Kenja jiyanini ko‘rmagan edi. U shu kamzulga yuzini qo‘yib erkalangan... Jahongir kamzulni silayotib seskanib ketdi: kamzul qatida qattiq narsalar bor edi. Paypaslab ko‘rdi — tangalarga o‘xshaydi. «Rahmatli otasi o‘z ulushidan qizlariga ham bergan ekan-da...» Jahongir o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushganday, nazarida bu uyga atayin shuni izlab kirganday uyaldi. Opasi darchadan «shuni deb kelgan ekansan-da», deb qaraganday bo‘ldi.
Eshik oldida sharpa sezilib, Jahongir cho‘chib qaradi.
— Narsalari bus-butun, o‘zim yig‘ishtirib qo‘yganman, — dedi Oynisa aybdor ohangda.
«Bilganmikin? — deb o‘yladi Jahongir, keyin darhol o‘ziga-o‘zi javob berdi, — bilgan...»
— Qora kunlarga yarar deb olvolgan ekanlar, o‘zlariga buyurmabdi, — dedi Jahongir kamzulga imo qilib. — Bularni... siz oling.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:52:17

— Yo‘q olmayman. O‘zlariga buyurmagan, menga buyurarmidi. Hazar qilyapti deb o‘ylamang, birovning haqidan qo‘rqaman.
Oynisa shunday deb iziga qaytdi. Biroz turib, Jahongir ham uydan chiqdi. Chol pichan g‘arami oldida chalg‘i charxlar edi.
— Djaxanir, — dedi u, — otingni aytish qiyin ekan, osongina Jenya desam xafa bo‘lmaysanmi? Jenya, qachon qaytmoqchisan?
Jahongir bu yerlarning odatini, mehmonga shunday savol berilishi mumkinligini bilmas edi. Bu savolni eshitib, «hozir ketishim kerakmi?» deb o‘ylab, yelka qisdi.
— Uch-to‘rt kun tur, — dedi chol, — qarindoshlaringning ruhi shod bo‘ladi. Shu bahonada menga qarashib yuborasan. To‘ng‘ichim germanlar bilan urushda nom-nishonsiz ketdi, kichigini oqlarmi, qizillarmi, bilmayman, chopib tashlashgan. Shundan beri yolg‘izman, suyanadigan tog‘im yo‘q. Xo‘p, desang yur, chalg‘i tortishni bilsang, o‘t o‘rishvorasan.
Chol shunday deb charxlab turgan chalg‘ini Jahongirga uzatdi. O‘zi pichanga sanchib qo‘yilganini oldi-da, o‘rmon tomon yurdi. O‘rmon oralab ko‘p yurishmay, Grigorich to‘xtadi.
— Qarindoshlaring shu yerda, — dedi u botqoqlikka imo qilib.
Jahongir botqoqlikni endi ko‘rishi edi: sassiq ko‘lmakka o‘xshagan joy, ayrim yerlari quyuq atalaga o‘xshaydi, ayrim yerlarini po‘panak bosgan.
— Bu botqoq ko‘p odamlarni yutgan. Qabriston desang ham bo‘ladi. Xohlasang ibodat qilib ol.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:52:35

Grigorich «xalal bermay», deb nari ketdi. Jahongir tiz cho‘kib, tilovat qildi. Yuziga fotiha tortayotgan pallada botqoq biqirlab qaynadi. Uning nazarida opasi, jiyanlari qaytib chiqayotganday tuyulib, qo‘rqqanidan yuragi orqasiga tortib ketdi. Anchagacha baqrayib o‘tirdi. Chol uning qo‘rqqanini sezdimi yo kutish joniga tegdimi, tomoq qirib:
— Jenya, bo‘ldi, ketdik, — dedi.
Ular o‘rmon oralab yurib, yalanglikka chiqishdi. Tizza bo‘yi keladigan o‘t gullarga belanib, epkinda chayqalib yotibdi.
Jahongir yigirma ikkinchi yildan beri qo‘liga chalg‘i olmagan edi. Bu qo‘llar o‘n bir yil cho‘kich urishga ko‘nikib qolgan ekan, chalg‘i dastlab unga bo‘ysinmadi. Biron soatlardan so‘ng ishi yurishib ketdi.
Yalanglikdagi o‘tning yarmini o‘rib, oqshomda uyga qaytdilar. Yog‘och uy zinasida o‘tirgan bola ularni ko‘rgach, yuguraymi, boraymi-bormaymi, deb ikkilanib turib qoldi. Ertalab begonasiraganini unutib, bir-ikki qadam qo‘ydi. Shunda chol chalg‘ini pichanga sanchdi-da, bolaga quchoq ochdi.
— Sashenka, nimaga qarab turibsan, qani, chop!
Bola yugurib, kelib, Grigorichni quchoqlab oldi. Jahongir uning boshini silab, erkalab qo‘ydi. U quduqdan chelakda suv tortib yuvinmoqchi edi, bola yaqinlashdi.
— Suv quyib beraymi? — dedi burro qilib. Keyin ruxsat kutmay, yog‘och cho‘michda suv oldi. — Siz Nurini tog‘asimisiz? — dedi Jahongirga tik boqib.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:52:45

— Ha, — dedi Jahongir.
— Nuri endi o‘rmonda turadi. Ayasi ham, adasi ham o‘sha yerda. Men uni sog‘indim. O‘ynagani kelmayapti.
Jahongir bolaga nima deb javob berishni bilmay «Oting nima?» deb so‘radi.
— Samariddin, ertalab aytuvdim-ku? — dedi bola ajablanib.
Darvoqe... ertalab so‘ragan edi-ya...
— Siz Nurilarni olib ketasizmi? — deb so‘radi bola.
— Ha, — dedi Jahongir noiloj.
— Dadam o‘rmondan kelsalar bizni ham olib ketadilar. Dadam chiqqunlaricha poylasangiz, birga ketardik.
— Xo‘p, kutaman.
Bola buni eshitib, cho‘michni chelakka tashladiyu bu xushxabarni onasiga yetkazish uchun uyga yugurdi.
Kechki ovqatdan keyin Samariddin Jahongirga yaqinlashib, peshonasiga barmoqchalarini tekkizdi-da:
— Bu nima? — dedi.
— Samarxon, unaqa dema, qoch.
Jahongir qo‘yavering, deganday Oynisaga jilmayib qaradi. Keyin:
— Bu shaytonning izi, — dedi-da, bolani tizzasiga o‘tqazdi.
— Qanaqa shayton? — dedi bola.
— Muzlarning ichida yashaydi, — dedi Jahongir.
— Oppoq bo‘ladimi?
— Ha.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:52:52

— Unda nimaga izi ko‘k?
— Oyog‘i siyohga tushib ketgan ekan.
— Siyoh qanaqa?
Bolaning so‘roqlari poyonsiz ekanini sezgan Jahongir:
— Burning nimaga puchuq? — deb so‘radi.
— Puchuq qanaqa bo‘ladi? — deb so‘radi bola bo‘sh kelmay.
Jahongir kulib yubordi.
— Nima deyapti? — dedi Grigorich qiziqib. Jahongir bolaning gaplarini tarjima qilib bergach, chol ham miriqib kuldi.
— Siz qaerda yotasiz? — deb so‘radi Samaraddin Jahongirdan.
— Pichan ustida.
— Aya, menam tog‘am bilan yotaman.
— Yo‘q, Samarxon, yiqilib tushasan.
— Dedul, ayamga skaji, — dedi bola choldan panoh izlab.
— Olya, ruxsat ber, erkaklar ochiq havoda yotishi kerak, — dedi chol.
Samaraddin xursandlikdan irg‘ishlab, g‘aram ustiga birinchi bo‘lib chiqib oldi. U biroz osmonga qarab yotdi-da, ko‘zi uyquga ilinishi oldidan Jahongirning bo‘ynidan quchoqlab oldi. U dadasi bilan shunday yotardi. Jahongir buni fahmladi. Tushlarida ko‘radigan do‘mboqcha o‘ngida paydo bo‘lib quchoqlaganday tuyulib, yuragi entiqdi. Bolaning iliq nafasi ko‘kragiga urilib, badaniga jon qaytib kirganday bo‘ldi. Yuzini bolaning yuziga qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:52:59

Ertalab uyg‘ongan chol ota-boladay achomlashib yotgan Jahongir bilan Samariddinni ko‘rib ko‘ziga yosh oldi. O‘z nabirasiday bo‘lib qolgan bu bolani har quchoqlab erkalaganida, bola har safar bo‘yniga osilganida ko‘ziga xuddi shunday yosh kelardi. Uni bolalik baxtidan ayirganlarni la’natlardi. Ba’zan zamonni ham qarg‘agisi kelardi, ammo bunga tili bormas edi. Harholda shu zamonda yashayapti, bundan battar kunlarni ko‘rganda ham qarg‘amagan chol zamonni endi la’natlashni shakkoklik, deb bilardi.
Jahongir uyg‘onib, ko‘zini ochdi. Chol mungli boqishini yashirib, jilmayib qo‘ydi. Jahongir bolani uyg‘otib yubormaslik uchun qimirlamay qo‘yaqoldi. Chol tushib ketganidan keyin ham o‘rnidan jilmadi.
— Dedul, Samarxon uyg‘onmadimi?
— O‘g‘ling dadasi biln yotganday maza qilib uxlayapti...
Jahongir bu gapni eshitib, Oynisaning ne holga tushganini his qildi: yuragi poralanib ketgandir?..
Samariddin nonushtadan keyin ularga ergashdi. O‘rmondan qo‘rqib qolgan Oynisa uning borishiga ruxsat etmadi. Buning azobini o‘zi tortdi — o‘g‘li kun bo‘yi etagiga yopishganday g‘ingshib yuraverdi. Oshxonga kirsa, oshxonaga kiradi, uyga kirsa, uyga... Oynisaning yuragi qon bo‘lib, uni siltab tashlab, qarg‘ab yuborishiga bir bahya qoldi. Qarg‘ashdan o‘zini tutdi, biroq, yig‘isini tiya olmadi. Yum-yum yig‘ladi. Qishlog‘ini eslab oh tortdi, erini yodlab faryod urdi, yetim qolgan bolasini o‘ylab nola qildi. Samariddin onasini bu ahvolda ko‘p ko‘rgan, bu yig‘ilarning sababini bilmas, biroq mitti yuragi achishib, o‘zini qo‘ygani joy topolmay qolardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:53:08

Oqshomda erkaklar qaytishganda Samariddin to‘g‘ri borib o‘zini Jahongirning quchog‘iga otdi.
— Ha, sotqin, mendan kechdingmi? — dedi chol unga yolg‘on po‘pisa qilib. Keyin yuzidan avaylabgina chimchilab qo‘ydi. — Yurak sezgir bo‘ladi. Yurakni aldash mumkinmas... — Grigorich shunday deb nari ketgach, Samariddin Jahongirning qulog‘iga shivirladi:
— Ayam yig‘ladilar.
— Xafa qilgandirsan-da? — dedi Jahongir qovoq uyub.
— Yo‘-o‘q, dadamni sog‘inganlar.
— Sen-chi?
— Menam sog‘indim. Yana sog‘insam yig‘layman.
— Yig‘lama, o‘g‘il bola yig‘lamaydi.
Kun bo‘yi onasining izidan qolmagan Samariddin endi Jahongirga bog‘landi-qoldi. Oynisa bir-ikki chaqirsa ham o‘zini eshitmaganga soldi. Shunda Oynisa najot kutib Grigorichga qaradi:
— Bunaqa o‘rganib qolsa, keyin nima qilaman?
Chol «menam shuni o‘ylayapman», deganday soqolini silab o‘tirdi.
— Balki ketmas... Menga ichini ochgani yo‘q, lekin nazarimda, qaerda yashash uning uchun baribirga o‘xshaydi. Qishlog‘iga qaytsa, surgun qilinishi tayin. Shu yerda qolavergani durustmasmi? Sen, Olenka, u bilan bir gaplashib ko‘r.
Bu gapni eshitib, Oynisa bir seskanib tushdi.
— Yo‘q, yo‘q, — dedi u shoshib. — Ketganlari ma’qul. Erkak odam o‘zini xor qilib qo‘ymaydi.

Qayd etilgan