Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141171 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:53:19

— E, kizimka, kizimka, odamlar baxtning orqasidan quvib yurishadi. Sen esa, og‘zingni ochib o‘tiribsan.
Oynisa cholga javob qaytarmadi. «Baxt faqat shu erkakning qolish yo qolmasligida emas, ikki bebaxtning bir-biriga suyanishi bilan olam guliston bo‘lib qolmaydi. Men bevaman. Uning boshi ochiqqa o‘xshaydi. Peshonamdagi bu kulfatlar ozmi menga, yana bir gunohga ro‘para bo‘lsam, nima qilaman? O‘g‘lim ota mehridan bebahra o‘ssa-o‘ssin, men otasining arvohini chirqiratmasam bas», degani bilan chol tushunarmidi?
Bolaning tobora bog‘lanib borayotganini Jahongir his qilardi, o‘zi ketgach, uning ichikib qolishini ham bilardi. Shu sababli daladan qaytishi bilan opasining uyiga kirib ketardi. Bola quchoqlab olganida ham me’yordan ortiq erkalashdan o‘zini tiyardi. Oradan bir hafta o‘tgach, Jahongir yo‘lga otlandi. Uning bir ko‘ngli shu yerda qolish edi. Opasi, jiyanlri, pochchasining uyi, izlarini tashlab ketgisi yo‘q edi. Ammo bir ko‘ngli ota yurtida: balki akasi, xotini qaytishgandir, balki katta jiyani darbadarlikda yura-yura qishlog‘iga yetgandir?
Qaytadigan kuni Jahongir opasining nimchasini Oynisaga uzatdi. Ammo u olishdan bosh tortdi.
— Sizda omonat tursin, balki jiyanim shu yerga qaytar. Balki o‘zim xabar olgani kelarman, — dedi Jahongir. Oynisa biroz mulohaza qilib turgach, nimchani oldi.   

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:53:28

Jahongir shaharga qaytgach, mudarris — Nizom qorovulning holidan xabar olib, qishlog‘iga shoshildi. Nazarida jiyani qishloqqa qaytib, Sotti — Sotvoldining qahriga duch keladiganday edi.
Qirqbelga oqshom oralaganda yetib keldi. To‘g‘ri Daminnikiga borib, jiyanini surishtirdi. Keyin boshidan o‘tganlarni so‘zlab berdi. Tunni shu yerda o‘tkazib, saharda qabristonga bordi.
Atrof sokin. Borliq quyoshning ko‘tarilishini kutib, titrab turardi. Jahongir tilovat qilib bo‘lgach, ko‘rgan-kechirganlarini xayolan so‘zlab berdi. Nazarida uning alamli hikoyasini barcha marhumlar jim tinglashardi.
«Zab vaqtida o‘lgan ekanmizmi, a?» derdi biri.
«Vaqtida o‘lish ham Ollohning karami», deydi boshqasi.
«Shu kulfatlarni bizning boshimizga solmagani uchun shukr», deydi uchinchisi.
«Farzandlarimizning g‘amini ko‘rsatmaganing uchun shukr, deydi to‘rtinchisi. — Lekin jigargo‘shalarimizni bizdan keyin kulfatlarga duchor qil, demagan edik-ku?..»
«Bolamning boshiga ofat yog‘dirguncha, meni do‘zaxda kuydirsang bo‘lmasmidi?!»
Jahongir tanidi bu nidoni, u — onasining ovozi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:53:36

«Kambag‘alga muruvvat qil, deding, muruvvat qildim. Hasad qilma, deding, hasad qilmadim. Umr bo‘yi chizgan chizig‘ingdan chiqmadim. Faqatgina senga muhabbat qo‘ydim va shu muhabbatim bilan qabrga tushdim, biloxir vaslingga yetmoqni niyat qildim. Umrim bino bo‘lib men sendan biron nima ta’ma qilmaganman. Yolg‘iz bir o‘tinchim — bolalarimning insofini va iymonini ber, azoblarga giriftor qilma, deb ertayu kech yolbordim. Iltijolarimni ne uchun qabul etmading. Gunoh mendami yo bolalarimdami?» Bu — otasining ovozi.
«Dadajon, nolangizni eshityapman. Menga ham bir gap ayting».
«Opalaringni yolg‘iz tashlab keldingmi, o‘g‘lim?»
«Ilojim qancha edi?»
Javob o‘rniga xo‘rsinish eshitildi. So‘ng... borliq titroqdan qolib, uyg‘ona boshladi. Uzum donasining qoq o‘rtasida, sharbat ichida urug‘lar joylashgani kabi Jahongir yuragining qoq markazida zardob to‘plangan edi. Uzum donasidan urug‘ni chiqarish oson, lekin yurakdan zardobni qanday sitib chiqarish mumkin?
Jahongir yurakdagi shu zardob bilan shaharga qaytdi. Tanish zargar bu safar ham hojatini chiqargach, mudarris — Nizom qorovul hujrasida bir kecha tunab, yana poezdga o‘tirdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:53:44

Uning Bryanskka yo‘l olishiga qabristondagi g‘oyibona suhbat sabab desak, mubolag‘a bo‘ladi. Jahongir Oynisaga nimchani berib, hovlida Samariddinni dast ko‘tarib o‘pib, yerga qo‘yganida nimanidir yo‘qotganday tuyuldi. Qishloqdan uzoqlashgani sayin yuragi orziqaverdi. Jigarlarini tashlab ketayotgani uchun shundaymi yo tushidagi do‘mboqchani o‘ngida topganigami — o‘zi aniq bilmas edi. Qishlog‘iga sig‘magan odamni darbadarlik kutardi. Qaydan qo‘nim topish — darbadar uchun farqsiz. Shaharda mudarris bilan hamsuhbat bo‘lib qancha yashashi mumkin? Sottiga o‘xshaganlar duch kelsa, boshini qay devorga uradi?
Jahongir poezdda keta turib shularni o‘ylardi. «Dadam rahmatli «Bu yerda ham bir burda nonga qorning to‘yadi xorijda ikki kosa yeyolmaysan», devdilar. Bir kosa ovqatni qishloqda xotirjam yeyish nasib etmadi-ku? Akam qochib to‘g‘ri qildilarmi? Qochmaganlarida baribir quvg‘in bo‘larkanlar-ku?» Shu ongacha Jahongir akasini xorijga o‘tgani uchun faqat la’natlardi. O‘zi qishlog‘idan uzoqlashgani sayin akasiga nisbatan alanga olgan g‘azab gulxanining avji biroz pasaydi «Qochish boshqa, bu — xoinlik, majbur bo‘lish — boshqa», degan fikr bu gulxanning butunlay o‘chishiga yo‘l bermas edi.
Poezd olg‘a intilgani sayin havoning tafti qirqilib boraverdi. Jahongir bu safar manzilga yetishda ancha qiynaldi. Kunda, kun ora yog‘adigan yomg‘ir yo‘llarning atalasini chiqarib yuborgan, saf tortgancha nima qilishini bilmay turgan adl daraxtlar orasida pistirmada yotgan izg‘irinli shamol qo‘qqis hujum qilib yupun kiyingan Jahongirning badaniga igna bo‘lib sanchilardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:53:52

Jahongirni birinchi bo‘lib Samariddin ko‘rdi. Onasining ro‘moliga o‘ralib zinapoyada turgan bola, aftidan, uni har kuni kutar edi. Ishonchlari, umidlari aldanmagan bolaning quvonchlarini bir ko‘rsangiz edi! Samariddin Jahongirning bo‘ynidan mahkam quchib oldi. Jahongir «Xayriyat, meni ham intiq kutadigan, qarshilaydigan tirik jon bor ekan», deb Yaratganga shukrlar qildi.
Dalada ish qolmagan, dehqonlarga issiq uyda yotishdan bo‘lak yumush yo‘q edi. Grigorich «shu yerda qishlaydigan bo‘lsang o‘tin tayyorla», degach, o‘rmonga borib o‘tin kesdi. Bir kuni chol barvaqt chiqib ketib, kun peshindan oqqanda qaytdi. Kampiri uzatgan choyni likopchaga quyib xo‘rillatib ichdi.
— Uchrashdingmi? — deb so‘radi kampir betoqat bo‘lib.
— Uchrashdim, — dedi chol.
— Nima dedi?
— Nima derdi, Grigorich nima desa, shu bo‘ladi-da, — chol bu gapni mag‘rur bir ohangda aytdi. Choyini ichib bo‘lgach, Jahongirga qaradi: — Jenya, men rais bilan gaplashdim. Sen Grigorich oilasining a’zosi sifatida kolxozda ishlaysan. Cho‘chqa boqish qo‘lingdan keladimi?
— Grigorich, qo‘limdan kelmaydi. Meni bunaqa ishga ro‘para qilmang.
— Boshqa ish yo‘q kolxozda. Molga qaraydigan odam tayin. Cho‘chqaboqarga yordamchi kerak. Bilaman, cho‘chqani harom deysan. Lekin sen cho‘chqa go‘shtini yemaysan-ku, ovqat berasan, tagini tozalaysan, vassalom! Ishlab turmasang bo‘lmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:54:01

Jahongir chindan ham noiloj edi. U pastak bostirmada, sassig‘i bir chaqirim nariga yetib boradigan cho‘chqaxonada ishlashga majbur bo‘ldi. Bir hafta mobaynida rais ikki marta kelib, cho‘chqaboqar bilan gaplashib ketdi. Aftidan, noma’lum odamga cho‘chqalarni topshirishga topshirib qo‘yib, ko‘ngli tinchimayotgan edi.
Jahongir bir kuni ishga otlanayotganida eshik qattiq taqilldi. Eshikni ochmoqchi bo‘lib yugurgan Samariddin yarim yo‘lda to‘xtadi. Xonaga uzun shinel kiyib, yoniga to‘pponcha taqqan malla odam kirib keldi. Uni ko‘rib Oynisaning esxonasi chiqib ketdi. Kenjasini bag‘riga mahkam bosib oldi.
— Muhammadrizaev kim? — dedi militsioner qo‘pollik bilan.
— Men, — dedi Jahongir.
— Hujjatlaringizni ko‘rsating!
Militsioner xona o‘rtasida tik turganicha hujjatlarni ko‘zdan kechirdi.
— Ishlayapsanmi?
— Ishlayapman.
— Yaxshi, ishlayver. Bu yerdan bizning ruxsatimizsiz bir qadam ham jilmaysan.
— Men bu yerga o‘z xohishim bilan keldim. Men quloq qilinmaganman.
— Men bitta gapni ikki marta qaytarmayman. Grigorich, mehmoningga ko‘z-quloq bo‘lib tur. Sen ham javobgarsan.
— Hech qayoqqa ketmaydi, xotirjam bo‘l, — dedi chol, — mabodo tomog‘ingni ho‘llab olmaysanmi?
— Quy, Grigorich, sovuqning zahrini oladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:54:09

U bir krujka qo‘lbola aroqni ichib olib, indamay chiqib ketdi.
Kunlar o‘taverdi. Qish bu qishloqda ham hukmini o‘tkaza boshladi. Raisning tekshiruvi kamaydi, militsionerning esa dam-badam kirib hujjat tekshirish bahonasida Grigorich quyib bergan aroqqa nafsini qondirib ketishi odat tusiga kirdi. Samariddin Jahongirning ishdan qaytishini kutadi. Jahongir ovqatlanib olgach, ikkovi tashqariga chiqadi. Samariddin chol yasab bergan qo‘pol chanaga o‘tiradi. Jahongir otga o‘xshab pishqirib uni uchiradi. U har pishqirganida, kishnaganida bola qiyqirib kuladi. Oynisa ularning o‘yiniga derazadan boqib turadi. Jahongir uning nigohini tuyadi, shu sababli uy tomonga qaramaydi. So‘ng Jahongir opasining yarim yerto‘lasiga kiradi, boshqa vaqt shu yerto‘lada umr o‘tkazadi. Samaraddin unga ovunchoq, ba’zan ishlayotganida ham bolani qo‘msab qoladi.
Bir kuni chol o‘rmondan bo‘y barobar archa kesib kelib uy o‘rtasiga o‘rnatdi.
— Bizning bayramimiz, — deb tushuntirdi u Jahongirga, — payg‘ambarimiz tug‘ilgan kun.
Jahongir bu bayramni bilardi. O‘sha muzliklar orasida nasroniylar gapirishardi. Ma’muriyat esa bayram qilishga yo‘l bermasdi.
Chol bilan kampir dasturxon tuzab bo‘lgach, uy burchagidagi Iso Masih surati oldida tiz cho‘kib, uzoq ibodat qilishdi. So‘ng chol-kampir bir necha qultumdan ichishib, o‘pishishdi.
Ovqat mahali chol-kampir bir-biri bilan ko‘z urishtirib olishdi. Jahongir buni sezdi. Ammo ularning maqsadini anglamadi. Bir mahal cholning o‘zi yorildi:
— Jenya, bir taklifimiz bor. Sasha senga juda o‘rganib qoldi. Hatto otasini ham unutganga o‘xshaydi. Men bilan ishi yo‘q, sening qaytishingni poylaydi. Birga bo‘lib qo‘ya qolganlaring durustmidi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:54:18

Bu gapni eshitib Oynisa turib ketdi. «Voy sho‘rim», deb narigi xonaga qarab yurdi.
— Olya, o‘tir, — dedi chol buyruq ohangida.
Oynisa qaytib, omonatgina o‘tirib, boshini egib oldi.
— Jenya, sen erkaksan, gapir.
Jahongir oxir-oqibat shunay gap chiqishini bilardi. Xushro‘ygina, chaqqongina bu juvon har qanday erning qorong‘i yuragiga chiroq yoqishi mumkin edi. Jahongir ba’zan bu haqda ham o‘ylardi. Ammo uni bir o‘y ushlab turardi: u boshiga yana ne kunlar tushishini bilmas edi. Bu jamiyatning qora ro‘yxatiga tushib qolgan odamni aroq ichgani kiruvchi militsioner istagan paytida qo‘liga kishan urib olib ketishi mumkin edi. Buning uchun ortiqcha aytilgan bir so‘z yo yo‘qolgan bittagina cho‘chqa bolasi kifoya. Jahongir bularni sezib, o‘zini hamisha qilko‘prik ustidagi omonat odamday his qilardi. Bugun shu juvonga baxt beraman, deb uni ajdaho komiga itarib yuborishni istamas edi. Jahongir hozir bu gaplarni chol-kampirga, eng muhimi Oynisaga aytib tushuntira olmas edi. Shu sababli o‘ylab qo‘ygan boshqa fikrini o‘rtaga soldi:
— Grigorich, Oynisani dastlab ko‘rganimda singlim bo‘ladi, deb o‘ylaganman. Siz aytganday ish yuritishimiz mumkin emas, meni gunohga qo‘ymang. Oynisa menga singil, bolalari jiyan. Samarxon meni tog‘a deydi, shunday deyaversin. Oynisa ko‘nsalar... men aka bo‘lay... — Jahongir shunday deb dsturxondagi bir bo‘lak nonni ikkiga bo‘lib, bir bo‘lagini Oynisaga uzatdi. Oynisa unga qaramagan holda nonni olib, bir uchini sindirib og‘ziga soldi. Qolgan bo‘lagini bolasiga uzatdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:54:28

— Non yemayman, — dedi Samariddin o‘jarlik bilan.
— Yemasang tog‘ang xafa bo‘ladilar, — dedi Oynisa.
Bola «shundaymi?» deganday Jahongirga qaradi. Jahongir jilmayib qo‘yib, o‘zining ulushini olgach, Samariddin ham nonni og‘ziga solib, apil-tapil chaynay ketdi.
— Bu ishing ham ma’qul, — dedi chol. Kampir esa «attang», deganday bosh chayqab qo‘ydi.
Ular shu zaylda aka-singil tutinishgani bilan o‘zaro kam gaplashishardi. Ayniqsa, yolg‘iz qolishdan qo‘rqishardi. Qasam ichishgan bo‘lsa-da, harholda orada shayton bor...
Bu o‘lkalarga bir umr hokimman, deb qalingina qor tashlagan qish bahorning taftiga dosh berolmay chekindi. Shunchaki chekinmadi, balki hali yana qaytaman, kuningni ko‘rsataman, degan dag‘dag‘a bo‘ronlari bilan ketdi. Chindan ham oradan oylar o‘tib qaytdi. To‘s-to‘polon bilan emas, ayyorlik ishlatib kirib keldi: tunda hamma yoqni oppoq qor bilan egallab oldi...
Jahongir o‘rmon etagida shu zaylda yana uchta qishni ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:54:43

10. IKKI UCHRASHUV

Yusufxonadan yo‘lga chiqqan Safarqul Xadicha bilan ko‘rishganida nimalar der ekan? Haqiqatni bilgan Yo‘lchivoy qay ahvolga tushadi? Komlevning Jahongir bilan uchrashuvi qay holda kechadi? Endi so‘z shu haqda.

Darvozani ochgan Yo‘lchivoy Sanjar Solihovning yonida Safarqulni ko‘rib, rangi quv o‘chdi. Mehmonlarga «kelinglar», deyishga ham tili aylanmadi.
— Safarqul aka yangi uylaringni bilmas ekanlar, boshlab keldim, — dedi Solihov undagi o‘zgarishni sezmaganday.
Safarqul ostona hatlab yo‘lakka o‘tdi-da, hanuz nest bo‘lib turgan Yo‘lchivoyni bag‘riga bosdi. «Bandalik ekan, inim, dadangizni berib qo‘yibsiz», degandan keyingina Yo‘lchivoy esini yig‘ishtirib olib, «Ollohning irodasi», deyishga kuch topdi.
Solihov ichkari kirmadi. Yo‘lchivoyning savol nazariga sirli jilmayib: «Ertaga soat o‘n birda onangiz bilan birga boring, kutaman», dedi.
Mayor Solihov bugungi uchrashuvdan mamnun edi. U marhumning uyida nima gaplar bo‘lishini taxminan bilardi. Ertagi uchrashuvda ko‘p tugunlar yechilishiga amin edi.
Idorada esa uni kapitan Ramziddin Ramazonov  kutardi. Komlevning erta-indin tashrif buyurishini bilib, Solihov iyagini silab o‘ylandi.

Qayd etilgan