Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141170 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:55:01

— Ularni qaerda uchrashtiramiz, turmaning shifoxonasidami?
— Yana qaerda uchrashishlari mumkin? — dedi kapitan Solihovning maqsadini anglamay.
— Men Muhammadrizaevni hibsdan ozod qilmoqchiman, — dedi mayor, — qotillikka uning daxli yo‘q, bu — bir, marhum uning akasi ekani aniqlandi, bu — ikki, qotilni yo Muhammadrizaev biladi, yo marhumning oilasi. Muhammadrizaevni hibsda tutib turishimiz samara bermaydi, bu — uch. Qotilning iziga tushish uchun Muhammadrizaevni ozod qo‘yishimiz shart. Agar u qotilni bilsa, albatta uchrashadi.
— Qotil uchrashishni istamasa-chi?
— Muhammadrizaevning atrofidagi odamlar bilan qiziqib ko‘ramiz. Gumoningiz to‘g‘ri chiqsa, uchrashishdan bo‘yin tovlaganlar orasidan qidirish kerak bo‘ladi.
— Komlevning bu ishimizda ko‘magi tegishiga ishonasizmi? — deb so‘radi kapitan. — Muhammadrizaev qamoqda ham, undan keyin ham akasi haqida gapirmagan ekan.
— Gapirgan bo‘lsa ham Komlev unutgandir?
— Yo‘q, cholning xotirasi o‘tkirga o‘xshaydi.
— U holda... akasi haqida gapirmagani g‘alati emasmi? Nima uchun gapirmagan? Hatto «akam chet elga o‘tib ketgan» demaganmi, a? Menimcha, bunda bir sir bor. U sirni Daydidarada yechishi lozim bo‘lgan.
— Oilasiga oid sir, deb o‘ylasizmi?

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:55:12

— Yo‘q Muhammadrizaev xotini, o‘g‘li taqdirini bilmagan. Yuzma-yuz uchrashuvda Yo‘lchivoy Siddiqov farzandlaridan birining ismini «Jahongir» leganidan keyin u hushidan ketdi. Yo‘lchivoy akasining emas, o‘zining pushtikamari ekanini yurakdan his qilib yurgan. «Bir o‘g‘limning ismi Jahongir», deyilgach, gumon haqiqatga aylanib, bu yangilikni yuragi ko‘tara olmagan. Oilasi taqdirini oldindan bilganida Daydidara voqeasi yuz bermasligi mumkin edi.
— Akasi qishloqqa o‘t qo‘yib, xotinini olib qochgan bo‘lsa-chi?
— Menda ham shunday gumon bor, — dedi Solihov. — «Alqasosu minal Haq» bekorga yozilmagan peshonasiga. Lekin u bor haqiqatni aytmaydi. Akasi mal’unlarning mal’uni bo‘lgan taqdirda ham, marhumni endi yomon, demas. Balki Komlev bilan uchrashsa, xotiralari insofga keltirib, ko‘nglini yumshatar, keyin dardini aytar?
Ramazonov bu gapni eshitib, miyig‘ida kuldi.
— Bu bechoraning hayotida eslab, ko‘nglini yumshatadigan voqea bo‘lganmikin?
— Bo‘lmagan, deb o‘ylaysizmi? Har qanday fojiali damda ham odamning ko‘nglida chiroq o‘rnida yoqiluvchi yaxshi bir gap, voqea mavjud bo‘ladi. Siz urushda yurib, faqat oh-vohni, nolalarni tinglaganmisiz? Odam kulgisini eshitmaganmisiz?
Kapitan Ramazonov «Odamlarning fe’li har xil bo‘ladi», deb yelka qisib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:55:19

Daydiradagi qotillik sabablarini o‘rganayotgan bu ikki odam sirlar tuguni ustida bosh qotirishayotganda marhum Siddiq Sharipov — Olamgirning xonadonida ko‘ngillarni poralovchi voqea sodir bo‘lgan edi.
Safarqul uyga kirib fotiha o‘qigach, Xadicha ostonaga kelib, yuzini ro‘moli bilan yarim yopgan holda so‘rashdi. Safarqul «Ollohning irodasi» haqida gapirib, ta’ziya billdirdi.
Yo‘lchivoy «Bu milisa bilan qaydan tanishdingiz?» degisi kelardi-yu, mezbonlik burchi mehmonni bu tarzda so‘roqqa tutishdan to‘xtatib turardi. Safarqul shunday savol berilishini yo‘lga otlangandayoq bilgandi. Shu sababli Yo‘lchivoyning qarashidagi savol alomatini darrov sezdi.
— Yo‘lchivoy, inim, — dedi u ta’ziyaga oid gap-so‘zlarga yakun yasagach, — bu odam bilan birga kelganimdan ranjimang. Uylaringizni bilmas edim. Bu odam meni izlab Yusufxonaga boribdilar, yozloqqa ham chiqdilar. Bir kecha o‘tovimda tunadilar. Sizlarni surishtirdilar. Yolg‘onga o‘rganmaganman, rostini aytdim.
— Nimani aytdingiz? — dedi Yo‘lchivoy dag‘alroq ohangda.
— Rahmatli Olamgir akaning Qirqbeldan ekanliklarini, boshlariga tushgan kulfatlarni, keyin... aka-uka tutinib yurtga qaytganlarini... Himmatlarini ham aytdim. Ukalarining xotinlarini panohlariga olganlarini ham...
— Nima? — Bu gapni eshitib, Yo‘lchivoy o‘rnidan turib ketayozdi.
— Bilmasmidingiz? — Safarqul ayb ustida qo‘lga tushgan o‘g‘ridek bo‘ynini qisdi. Bu haqiqatning Yo‘lchivoydan sir tutilishini u bilmas edi. U Olamgirning Xadichani nikohiga olganidan xabardor, so‘ng bu oiladan ancha yil uzoqlashib ularning taomiliyu sirlaridan begona bo‘lib ketgandi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:55:26

— Yo‘lchivoy!
Onasining ovozini eshitib, Yo‘lchivoy o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Xadicha ostonadan chekinib, devorga behol suyanib turardi.
— Yo‘lchivoy, o‘g‘lim, qo‘y, surishtirma...
Onasining ovozidagi zaif titroq Yo‘lchivoyning yuragiga ko‘chdi. U onasini ichkari uyga kuzatib, o‘zi mehmonxonaga qaytdi.
— Yo‘lchivoy, inim, men omining gunohidan o‘ting. Ko‘ngil so‘rayman, deb ko‘ngillaringizni vayron qildim. Xudo shohid, sizlarga yomonlik istamagan edim. Men dadangizning tuzini totgan edim, rozi bo‘linglar, — Safarqul shunday deb fotihaga qo‘l ochdi. Yo‘lchivoy uning ketishiga monelik qilmadi. Ko‘chaga qadar kuzatib chiqib, xayrlashar chog‘i mehmonning yuragini zada qilmaslik uchun shunday dedi:
— Safarqul aka, biz sizdan domangir emasmiz. Bolalaringizning rohatini ko‘ring. Gunohlarimizni Ollohning o‘zi kechiradi. Mahshargohda yorug‘ yuz bilan ko‘rishishni nasib etsin.
— Inshoolloh...
Safarqul bu xonadonga kulfat tufayli yaqinlashgan edi, kulfat tufayli butunlay uzildi.
Yo‘lchivoy darvozani tambalab, iziga qaytdi-yu, hovli o‘rtasiga kelganda to‘xtab qoldi. U hozir yo‘lini yo‘qotib qo‘ygan yo‘lovchi kepatasiga tushgandi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:55:37

Xadicha o‘g‘lining to‘xtab qolganini ko‘rdi. Yoniga chaqirmoqchi bo‘ldi, ammo jur’at qilolmadi. Farzandini bir necha soat ko‘rmasa yuragi orziqadigan ona ayni choqda u bilan yuzma-yuz kelishdan qo‘rqdi. U o‘g‘lining ko‘ziga qarashdan, savollariga javob berishdan qo‘rqdi. Uning uchun eng dahshatlisi, mudhishi — haqiqatning ochilishi edi. Bundan necha yillar oldin Azroil unga ro‘para kelib: «Boshingga shunday kun tushadi, o‘sha damgacha yashayverasanmi yo omonatingni topshirasanmi», desa, «Ko‘z qorachig‘im, o‘g‘limning baxtini ko‘rayin, bolamning bolalarini ko‘rayin», deb niyat qilmay, shubhasiz «Jonimni olaqol», derdi. Hozir ham tayyor edi jon berishga. Ammo qani o‘sha Azroil, qani jon o‘g‘risi?! Asta bostirib kelmay, shartta kirib ola qolmaydimi Ollohning omonatini! Bu mushtiparni navbatdagi qiynoqdan ozod qilmaydimi? Xonadon xojasini Daydidaraga haydab borguncha, shu jabrdiyda jonni bu dunyo azoblaridan qutqarmaydimi?
Yo‘lchivoy onasining o‘limga rozi turganidan bexabar. U ham shu choqda onasiga ro‘baro‘ kelishni istamaydi. Yuragi tuzoqdagi qushmisol potirlaydi. Safarqulning gapi dam uzoqdan eshitilib, dam qulog‘i ostida jaranglab, vujudini ikkiga ajratib yuborguday bo‘ladi. Shu topgacha kulfat nima, g‘am nima, nochorlik nima, och yashash, yupun yashash nima — bilmagan yigit avval suyanadigan tog‘idan ajrab, endi sinoatlar chohiga tushib qolgan edi.
Erining hovli o‘rtasida to‘xtab qolganini ko‘rgan Nozima qoziqdagi to‘nni olib, shoshilgancha tashqariga chiqdi. Yo‘lchivoy to‘n ko‘tarib kelayotgan xotiniga ko‘zi tushib, xayolini jamladi. Xotinining «Nima bo‘ldi, dadasi?» degan savolini javobsiz qoldirib, onasi o‘tirgan uyga qarab yurdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:55:45

Xadicha o‘g‘lini «jonimni qiynama, bolam», degan ma’noni anglatuvchi iztirobli qarash bilan qarshi oldi. Yo‘lchivoy ichkari kirib, derazaga orqa qilib o‘tirdi. Onasiga qarashga botinmadi, so‘z boshlashga ham jur’at etmadi. Ayni paytda indamay o‘tira olmas edi. Shu bois:
— Safarqul aka ketdilar, — dedi past ovozda, — xijolat bo‘luvdilar, biz sizdan domangir emasmiz, dedim.
— Yaxshi aytibsan, u bechorada gunoh yo‘q.
Ona-bola bir-biriga aytadigan boshqa gapi yo‘qday, jim qolishdi. Ona o‘g‘lidan bir savol kutardi, nazarida bu savol qiyomatni boshlab berishi lozim edi. O‘g‘il esa beriladigan savol onasining qalbini poralashi mumkinligini bilib, shu istihola bilan o‘tirardi. Uzoq sukut saqlash joiz emas, Yo‘lchivoy nimadir deyishga majburiyat sezdi:
— Safarqul aka bilan anavi milisa ham keluvdi, — dedi u.
— Nimaga kelibdi?
— Ertaga borishimiz kerak ekan.
— Yo‘q, jon bolam, meni olib borma o‘sha yerga!
— Bormasak... milisa yuborib, zo‘rlab olib ketadi.
— Voy xudoyim, bu ko‘rguliklaring ham bormidi... Yana nimani so‘raydi?
— Aslimizni, nasl-nasabimizni surishtiradi. Dadam... bu yerdan ketishlarida... ayb ish qilmagan edilarmi?
— Dadang farishtadek pokiza, o‘g‘lim, qilg‘iliqni boshqalar qilishgan. Biz uydan chiqib ketganimizdan so‘ng kimdir qishloqqa o‘t qo‘ygan.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:55:53

— O‘ttiz yil naryog‘idagi gaplarni surishtirish nima uchun kerak unga? — Yo‘lchivoy shunday deb onasiga qarab oldi. Xadichaning ro‘moli sirg‘alib yelkasiga tushgan, oqargan sochlari parishon qolgan edi.
— Faqat u emas... sen ham bilging kelyapti... Ziyrak zehningdan biron nimani yashirishim qiyin. — Xadicha chuqur uf tortib, sukutga berildi. Yo‘lchivoy gap qo‘shmay uning tilga kirishini kutdi. — Sen bilmaganingni o‘sha milisa bilarkan. Surishtirishi bejizmas. O‘sha suratdagi odam bizga begona emas. U kishi... dadangning ukalari...
Bu yangilikdan lol qolgan Yo‘lchivoy onasiga tikildi. Xadicha o‘g‘lining qarashiga dosh berolmay ko‘zini olib qochdi.
— U kishi... qishloqdan ketolmay qolgan edilar. «Qizillar urib o‘ldirishdi», deb bizga xabar yetkazishgan edi.
— Kim?.. Kim aytgan edi?
— Biz bilan birga ketganlar. Ular dovonda kelib qo‘shilishuvdi. Darrov aytishmadi. «Bormayman, izimga qaytaman», deyaverganimdan keyin bildirishdi. Yo‘lda aza ochdim, qora kiydim.
Yo‘lchivoy bolalik chog‘larida eshitgan «sen yo‘lda tug‘ilgansan, shuning uchun Yo‘lchivoy qo‘yganmiz ismingni», degan gaplarni eslab, ko‘zlari kosasidan chiqib ketay dedi.
— Men... Men-chi? — dedi duduqlanib.
Xadicha o‘g‘lining bu ahvolini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Unga yaqinlashib, bag‘riga bosib oldi.
— Jon bolam, o‘zingni bos.
— Ayting, to‘g‘risini ayting...
   

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:56:01

— Aytaman, jon bolam, aytaman, bu sirni o‘zim bilan olib ketolmayman. Qasam ich, deyishganda ko‘nmaganman, orada qasam yo‘q, bir kunmas bir kun aytaman, deb o‘ylardim. Mayli, endi aytay, zora bag‘rimdagi qoralar yuvilsa... — Xadicha chuqur nafas olib, uzoq yillar asragan sirni ochishga quvvat to‘plaganday bo‘ldi. — O‘sha suratdagi odam... otang... Sen yo‘lda tug‘ilgansan. Qashqarga borganimizdan keyin ovsinimning qazosi yetdi. Bolasi ham o‘lik tug‘ildi, o‘zi ham uzoq yasholmadi. O‘shandan keyin... Amaking senga ota bo‘ldilar...
Yaqindagina otasining jismini yerga qo‘ygan Yo‘lchivoy bu gapdan keyin uning ruhidan ham ajraganday bo‘ldi. Haqiqat yuz ochgach, ona-bola o‘ylaganday, olam ostin-ustin bo‘lib ketmadi. Necha kundan beri yer yuzini isitmay qo‘ygan quyosh o‘sha-o‘sha bezbetlarcha boqadi. Barglarini to‘kib bo‘lgan daraxtlar qorayib, xunugi chiqib turibdi. Olam o‘sha-o‘sha, qiyomat esa ona-bolaning yuragida boshlangan edi.
Derazadan yopirilib kirayotgan quyosh nuri tokchadagi kaftdek ko‘zguga urilib, shiftga sapchigancha qotgan. Xontaxta ustida ichilmay sovub qolgan yarim piyola choyga tushgan quyosh nuri esa shiftda beorom yurakdek titraydi. Diqqat bilan qaralsa, piyoladagi choydan jon olgan quyosh nuri shiftga turli suratlar chizadi: tog‘lar o‘rnini tuyaga bo‘shatadi, tuya bir gala bo‘rilarga, bo‘rilar chiroyli qasrga, qasr iblislarga...
Ona-bola quyoshning bu hunaridan bexabar. Bu onda, hayotning tomchiday bir qismida, ularning qalblari o‘ttiz uch yillik voqealar po‘rtanasiga bandi bo‘lgan. Bu bandilikdan qutulish uchun yuraklar qattiq-qattiq tepadi, ko‘krak qafasini sindirib, otilib chiqib ketmoqchi bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:56:10

Xadicha farzandini bag‘riga bosganicha ko‘zlarini yumib olgan. U hech narsani eslagisi kelmaydi. Garchi yomon yo‘lga yurmagan, to‘g‘ri yashagan bo‘lsa-da, o‘tgan hayoti ko‘ziga jirkanch ko‘rinadi.
U o‘g‘lining boshiga yuzini qo‘yib, yuragi o‘rtanadi: Yo‘lchivoydan kap-katta yigitning emas, beshikdan endigina yechib olingan go‘dakning isi keldi. Xadicha bolasini beshikdan yechib olib bag‘riga bosganida, suyib erkalaganida, to‘yib-to‘yib o‘pganida dimog‘iga shunday beg‘ubor hid urilardi. Endi bu hid qaerdan keldi? O‘g‘li go‘daklik chog‘iga qaytdimi? «Qo‘lbog‘idan qutulib, ozodlikka chiqqan bolacha tipirchilaydi, onasining qo‘lidan yulqinib chiqib, go‘yo yugurib ketmoqchi bo‘ladi. Ie, ana, yulqinib chiqa oldi. Yugurib ketdi. Og‘qyalang yuguryapti, axir yo‘llarda tikonlar bor-ku?! Tikon ham mayli, ufqda yer yonyapti! Bolasi esa to‘ppa-to‘g‘ri o‘tga qarab chopyapti. O‘zi-chi, o‘zi nimaga qarab o‘tiribdi? Nimaga bolasini asrashga harakat qilmayapti? Xadicha turmoqchi bo‘ladi — oyoqlari o‘ziga bo‘ysinmaydi. Ufqdagi olovning tafti shu yerga ham yetib kelib, tutuni nafasini bo‘g‘adi...
Onasining ko‘ksiga bosh qo‘ygan Yo‘lchivoy hushidan ayrilgan odam ahvolida o‘tiribdi. Ona yuragining tepishi unga «taq-dir», «taq-dir» kabi eshitilardi. Kuch bilan urayotgan yurak zarbi avval sustlashdi. So‘ng... siyraklashdi... Yo‘lchivoy sergak tortib, boshini ko‘tarib onasiga qaradi: ko‘zlari yumuq Xadichaning yuzidan rang qochgan edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:56:18

— Aya, ayajon! — dedi Yo‘lchivoy titroq ovozda.
Xadichaning mijjalari qimirladi, ammo ko‘zi ochilmadi. Yo‘lchivoy onasini ko‘rpachaga yotqizib, tashqariga otildi:
— Ayasi, ayasi deyman! — deb baqirdi ayvonga chiqib. Xavotirga tushib sergak o‘tirgan xotini darrov eshik ochdi. — Ayamga qarang! — Yo‘lchivoy shunday deb yugurib ko‘chaga chiqdi. U hozir hech nimani o‘ylamas, atrofdagi odamlarni ham ko‘rmas edi. U ikki ko‘cha narida yashovchi, hamshaharlari, «xitoy do‘xtur» deb nom chiqargan Murodillanikiga qarab yugurardi. Baxtiga «xitoy do‘xtur» uyida ekan. Yo‘lchivoyning uzuq-yuluq gaplarini tinglab, «Sen uyingga qayt, oyog‘ini issiq qil, men izingdan yetib boraman», dedi.
Yo‘lchivoy qaynog‘i o‘lgan samovar suvini meshchaga quyib, onasining oyog‘iga qo‘yayotganida Murodilla xotinini boshlab keldi. Xadichaning tomir urishini eshitib, qoshiqcha so‘radi. Yonida olib kelgan o‘tkir hidli doridan quyib ichirdi-da, o‘rnidan turdi.
— Bu yog‘i yangangning ishi, sen xavotir olma, — deb tashqariga chiqdi.
Murodillaning xotini bir zumda Xadichaning chakkalariga, bo‘yniga, bilaklariga, ko‘kragiga kiprik qalinligidagi tilla ignalarni qadab tashladi. Muolaja amal qilib, Xadicha o‘sh zahoti ko‘zlarini ochdi. Kelini bilan hamshaharini ko‘rib xijolatligini oshkor qilish maqsadida jilmaymoqchi edi, labi titrab, o‘ziga bo‘ysinmadi. «Hushimdan ketibman-da, — deb o‘yladi u, — Xudo meni qaytarib berdimi, ishqilib yaxshilikka qaytardimi ekan yo qolgan-qutgan balolarni ham ko‘rsin, dedimi?»

Qayd etilgan