Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 140883 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:25:04

Solihov unga tikilib qaradi-da, miyig‘ida kuldi.
— Sizday ko‘pni ko‘rgan odamga go‘llik yarashmas ekan. Mening otadigan odam emasligimni bilasiz. Dunyoda sud degan narsalar borligi sizga ma’lum. Hatto... yolg‘on gapirayotganingizni ham bilasiz. Joningizdan to‘ygan bo‘lsangiz umringizga bizning qo‘limiz bilan nuqta qo‘ymang. Tergovni chalg‘itaman, deb ham o‘ylamang. Bizga sizning joningiz kerak emas. Siz qotilni yashiryapsiz. Yoningizdagi kim edi, ayting.
Jahongir uning o‘tkir nigohiga bas kela olmadi. Boshini egdi.
— Yonimda hech kim yo‘q edi. O‘zim o‘ldirdim, — dedi past ovozda.
Solihov «ana, ko‘rdingizmi», deganday kapitanga qarab oldi. Kapitan bu nigohga yashiringan ma’noni uqmaganday hissiz turaverdi. Solihov asabiylashib stolni bir-ikki chertdi. Boshi egik mahbusga tikilib, undan yana sas chiqishini kutdi.
— Men o‘limga shoshayotganim yo‘q. Umrning vaqti-soati Ollohning qo‘lida. Kerak bo‘lsa jonimni sizning qo‘lingiz bilan oladi, xohlasa boshqaning qo‘li bilan. Men Ollohim yuborgan barcha jabru-jafolarni ko‘rib bo‘ldim. Dilimdan chiqarib bir oh ursam olam-jahon barbod bo‘ladi. Olloh iymonimni bersa, bir mo‘minning qo‘li bilan jonimni olsa, bir mo‘min pokiza tanamni manzilimga qo‘ysa, bas. Orqamdan birov faryod urmaydi, birov chiroq yoqib yod etmaydi. Shunaqa... nachaynik... — Jahongir boshini ko‘tardi. Solihov uning ko‘zlarida nam ko‘rdi. — Meni ham qiynamang, o‘zingizni ham. Suddan qo‘rqmang, gapimdan tonmayman.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:25:11

Solihov unga boshqa savol bermadi. Jahongirning gaplari yozilgan qog‘ozni stol chetiga surib, ruchkani uzatdi:
— O‘qib chiqing. Gaplaringiz to‘g‘ri bo‘lsa, imzo cheking.
Jahongir o‘qib ham o‘tirmay imzo chekib berdi-da, o‘rnidan turib qo‘lini orqasiga qildi. «Bunchalar mo‘min bu odam», deb o‘yladi Solihov uning qilig‘idan ajablanib.
Jahongirni rayon militsiyasining yarim yerto‘la avaxtasiga qaytarishdi. U o‘n kishiga mo‘ljallangan, ikki qavatli taxta so‘rilar qo‘yilgan bu nimqorong‘i zax avaxtada tunni yolg‘iz o‘tkazgan edi. Bu avaxtada yigirma ikkinchi yilda ham yotgan. U paytda yerga somon to‘shalgan ekan, tuni bilan burgaga yem bo‘lib chiqqan edi. Dastlab kelganida avaxta gavjum edi. Kecha kirib, ko‘zlariga ishonmadi. Keyin «Bu yurtda jinoyatchi degani qolmabdi-da, mendan keyin avaxtani buzib tashlashsa kerak», degan to‘xtamga kelib, derazani eslatuvchi tuynuk yonidan joy oldi.
Aniq yodida: so‘roqqa chiqayotganida soqchi eshikni qulflamay ochiq qoldirgan edi. Qaytgach, eshikka osig‘liq qulfni ko‘rib ajablandi. Ichkari kirib oriq bir yigitga ko‘zi tushgach, «Avaxtaning ishi hali bor ekan», deb qo‘ydi o‘zicha. Yigit yoshi ulug‘ bu odamni ko‘rib, salom berdi.
— Ha, inim, u yerlarga qaysi shamol uchirdi? — deb so‘radi Jahongir uning salomiga alik olib.
— He, bunaqa shamolning enasini... — yigit beixtiyor so‘kib yubordi-yu, bu qilig‘idan o‘zi izza chekib, gap ohangini sal yumshatdi. — Xotinimni urgan edim, bu yerga tiqib qo‘yishdi padarla’natilar.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:25:24

— Chakki bo‘libdi, — dedi Jahongir joyiga borib o‘tirib.
Yigit bu gapni «Qamashgani chakki bo‘libdi», degan ma’noda uqib dadillandi.
— Er bo‘lgandan keyin erlikda turish kerak. Xotin xotinligini qilsin. Erga gap qaytarmasin, chizgan chizig‘idan chiqmasin. Xotin degan erga chaqchayib tursa...
— Xotin kishi erning hurmatini joyiga qo‘yishi kerak, gapingiz to‘g‘ri.
— Chaqchayib turgandan keyin kaltak yeydi-da.
— Yo‘q, inim, nomard odam xotinini uradi.
— Ie, qiziq ekansiz-ku?..
— Rasululloh ayollarni xo‘rlashni man etganlar. Har bir mo‘’min rasulullohning hadislariga amal qilishi shart.
Yigit qarasaki, bu taqirbosh odam unga el bo‘ladigan emas, shu bois gapni davom ettirmadi. Ammo uzoq jim ham o‘tira olmadi.
— Patinkamning ipini ham yechib olishdi. Ipni nima qilishadi?
— O‘zini osib qo‘ymasin, deb olishadi.
— Kim o‘zini osadi, menmi? Jinni bo‘pmanmi?
— Ha, endi bularning taomili shunaqa-da.
— Siznikini ham olishdimi? Ha... siz etikda ekansiz. O‘zi... sizni nimaga qamashdi?
— E, inim, mening ishim chatoq. Men odam o‘ldirdim.
— Odam o‘ldirdim? Kimni? Haligi... Daydidaradagi odamnimi? Nimaga o‘ldirdingiz?
Jahongir bu yigitning fe’li torroq ekanini bilib, hazil bilan javob berdi:
— Xotinini urgan ekan.   

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:25:31

Hazil gap bilan yigitdagi hadikni quvmoqchi bo‘lgan Jahongir uni battar sarosimaga solib qo‘ydi. Yigit unga baqrayib qarab qoldi. Jahongirning peshonasidagi yozuvni ko‘rdiyu badbashara odamxo‘rga duch kelganday hushini yo‘qotdi. Sapchib o‘rnidan turib orqasiga tisarildi. Uni tinchlantirish uchun Jahongir ham o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Yigit buni boshqacha tushunib, orqasi bilan devorga urilguncha tisarilaverdi. So‘ng keskin o‘girilib, eshikni do‘mbira qila ketdi.
— Nachaynikni chaqir, chaqir deyman! — deb jon holatda baqirdi.
Jahongirning «Hoy, inim, hazillashdim», degani qulog‘iga ham kirmadi. Yigitning jazavasi avjga chiqqanda eshik ochildi.
— Nimaga g‘alva qilyapsan? — dedi soqchi o‘dag‘aylab.
— Meni boshqa xonaga olib chiqinglar. Talab qilaman!
— Bu enangni uyimi, ko‘nglingga qaraydigan. G‘ingshimay o‘tir, bo‘lmasa adabingni yeysan.
— Men...
— O‘chir ovozingni! Bor joyingga, — soqchi uni ko‘kragidan itardi-da, Jahongirga qaradi: — Sen esa men bilan yur.
Jahongir «Yana so‘roqqadir», deb o‘yladi. Har yarim soatda chaqirib gangitadigan tergovchilarni ham ko‘rgan. Tuni bilan tik turgan holda savollarga javob berardi. So‘roqdan qaytib endi yotganida «Rizaev, tur o‘rningdan», deb kirib kelishardi. Kunduzi uxlashga ruxsat yo‘q, soqchi dam-badam eshik tirqishidan qaraydi. Yotish u yoqda tursin karavotga o‘tirguday bo‘lsa, «Tur o‘rningdan!» deb baqiradi. Jahongir aybi nimaligini bilmaydi. Tergovchiga ma’qul javoblarni beraveradi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:25:40

Hozirgi chaqiruv qirq yettinchi yildagi o‘sha so‘roqlarni yodiga soldi. Mayor bilan bo‘ladigan savol-javobga shaylanib xotirjamlik bilan yurdi. Biroq soqchi idoraga emas, hovlida turgan usti yopiq, burni pachoq mashina sari boshladi. «Shaharga olib ketisharkan, — deb o‘yladi Jahongir, — demak ish cho‘ziladi. Rayonda qolganda tezroq bitardi. Bu Sanjar deganlari xanjar bo‘lib dilimni tilim-tilim qilib poralaydi shekilli...»
Jahongir «Bu yurtimga endi qaytib kelmasam kerak», deb o‘ylab bir zum to‘xtadi. Atrofga suqlanib boqdi. Tog‘ bag‘ridagi uning jannat qishlog‘i bu yerdan ko‘rinmaydi. Lekin u hozir atrofga boqib, qishlog‘ini ko‘rganday bo‘ldi. Dimog‘iga jiyda guli hidi urilganday tuyuldi. Bu atrofda jiyda yo‘q, qolaversa, hozir kuz. Bu hid qaydan keldi, o‘zining ham aqli lol.
— Qochishni o‘ylama, qochsang — otilasan, — soqchining keskin gapi xayolini to‘zitdi. Asta-sekin bosib, mashina tomon yurdi. «He, esi yo‘q bola, qayoqqa qochaman? O‘limdan qochib bo‘larkanmi? O‘zim o‘lim istab yuribman-ku... Yo rostdanam qochish qilib bersammi? Shartta otadi, tinchiyman, qo‘yaman?..» Shu fikr miyasiga ravshanlik berib, yana to‘xtadi. Bir qarorga kelmasidan soqchi miltig‘ining qo‘ndog‘i bilan turtdi. «Qayoqqa qochaman? Otaman, deb po‘pisa qilyapti. Oyoq-qo‘lim yengil, chaqqon bo‘lsam ekan, qochsam. Endi Ollohim tayin qilgan kunni kutishdan o‘zga choram yo‘q».
Quyosh nurlari o‘limtik tuyulsa ham qamoqxona mashinasining temir badaniga ta’sir o‘tkazgan edi. Panjarali darchasi ham bo‘lmagan bu mashina ichi qorong‘i hamda juda dim edi. Birpasda Jahongirning nafasi qaytdi. Xayriyatki, mashina uzoq turmay, yurdi. Sovuq shamol temir badanning yoriqlaridan o‘ziga yo‘l topib ichkari kirdi. Jahongirning nazarida bu toza havo, yurt havosi u bilan xayrlashish uchun biqinib kirganday edi. U chuqur-chuqur nafas oldi. Tomog‘iga nimadir tiqildi. Yig‘lagisi keldi. Avval olib ketishgandan bu holga tushmagan edi. Qaytib kelishiga, ota yurt tuprog‘ini ko‘ziga surtishiga, suvidan to‘yib-to‘yib ichishiga, havosidan to‘yib-to‘yib nafas olishiga ishonardi. Endi... bunday ishonch yo‘q unda. Endi... qaytmas bo‘lib ketyapti. Endi... onasi, otasi ham yolg‘iz qoldi. Endi... ularning arvohlari qishloq ko‘chalarida panoh izlab chirqirab yuradi. Kecha qabristonga borib ziyorat qilgani durust bo‘ldi. Bu dunyoda so‘nggi marta bordi. Endi u dunyoda diydor nasib etadi. Hammalari jamuljam bo‘lishadi. Onasi, otasi... nihoyat, akasi... Aybdorni Ollohning o‘zi jazolaydi...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:25:49

Mashina notekis yo‘lda chayqalib boradi. Omonat o‘tirgan Jahongirni ba’zan itqitib yuboradi. Jahongirga yo‘l azobi ta’sir etmaydi. U ruhi hukmiga bandi bo‘lib o‘tiribdi. «Yo Olloh, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, shayton yo‘liga kirib, to‘g‘ri yo‘ldan ozib, iymondan, insofdan, vijdondan chekinib qilgan gunohlarimni o‘zing kechir. U dunyoda ona-otam bilan, akam bilan uchrashadigan onlarim yaqin qoldi. Yo Olloh, ularga yorug‘ yuz bilan ro‘baro‘ qil. Akam to‘g‘ri yo‘ldan ozgan edi, o‘zing mag‘firat qil uni. Bu dunyoda gunohlariga tavba qilmagan bo‘lsa, endi tavba qiladi, tavbalarini dargohingda qabul et. U ko‘rmagan azoblarni men ko‘rdim. Uning gunohlarini ham men so‘rab olaman. Shu kunga qadar akamga aytadigan gaplarimni dilimda saqladim. O‘zingga shukr, gapim ichimda qolib ketmadi. Akamni men otishim kerak edi. Umr bo‘yi shundan qo‘rqib yashadim. Akamni o‘ldirish azobini qanday ko‘taraman, deb edim, shukr, bu azobdan ham qutqarding. Akamning jonini birovning qo‘li bilan olding. Ammo uning gunohini men bo‘ynimga olaman. U dunyoga shu gunoh bilan boraman. Yo Olloh, gunohimni o‘zing kechir. Ammo men jannatdan joy so‘ramayman. Shu ta’mada senga sig‘inib yurgan bo‘lsam, albatta do‘zaxdan joy ber menga. Bu dunyoda ko‘rgan rohatlarim evaziga do‘zax azobini tortay. Men rasuling Muhammad sallallohu alayhi va sallamga aytgan so‘zlaringga amal qilib keldim. Endi iymonimni bersang bas...»
Temir badanli mashina «hey, esingni yig‘» deganday Jahongirni silkib-silkib qo‘yadi. Jahongirning ruhga batamom bandi bo‘lishiga yo‘l bermaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:26:20

2. KALAVANING BIR UCHI

Bu bobda parda-devor ortidagi ayolning o‘ylari bilan ham tanishasiz.

Mayor Sanjar Solihov mahbusni shahar turmasiga ko‘chirish haqida buyruq bergach, Jabborov bilan xayrlashdi. Kapitanning ko‘nglida noxush his uyg‘ondi. Daydidaradagi qotillikka oid ishning murakkabligini endi tushundi. Solihov ishni yengil ko‘rib chiqadiganga o‘xshamaydi. Demak, ish nihoyasiga yetguncha rayon jinoyat qidiruv bo‘limida ham tinchlik bo‘lmaydi.
Kapitan Jabborov Solihovga uncha yoqmadi. Solihov uning o‘tmishini eshitgan edi. Ammo o‘sha davr uni shu ishlarga majbur qilgandir, davr talabiga qarayman, deb begunoh odamlar umriga zomin bo‘lgandir, deb o‘ylagan edi. Bugungi qisqa uchrashuvdan bildiki, kapitan o‘tmishdan xulosa chiqarmagan yoki uning tabiati, bo‘lgan-turgani shu: ishni yengil-elpi ko‘rish. Solihov u bilan xayrlashgach «ishni olib boruvchi guruhga qo‘shib bo‘lmaydi uni», degan qarorga keldi.
«Gazik»ning g‘ildiraklari go‘yo har bir tosh, har bir chuqurlikni paypaslab topayotganday edi — mashina tinmay chayqalardi. Solihov peshonasiga «alqasosu minal haq», deb yozilgan odamni ko‘z oldiga keltirib o‘ylardi. «Uch marta qamalgan. Yana eng qaltis davrlar — 1922, 1938, 1947-yillarda. Ko‘p azob chekkan. Qarashlarida ma’no bor. Ahmoq odamga o‘xshamaydi. Qotillikni nima uchun bo‘yniga olyapti? Marhum orqa tomondan, ov miltig‘ida emas, to‘pponchada otilgan, o‘q miyasini o‘pirib ketgan. Muhammadrizaev uni otilgandan so‘ng ko‘rmagan, ko‘rgan bo‘lsa avval ko‘rgandir. U bilan gaplashgan. Nimani gaplashgan? Keyin ketgan. Qaerga ketgan? U ketgach, qotil kelgan. Kim u qotil, nimaga kelgan? Keksa odamdan nima talab qilgan? Sharipov Daydidarada nima qilib yurgan edi? Yigirma ikkinchi yilda xorijga o‘tib ketgan bu odam ikki yil avval Qashqardan qaytgan. Bu ovloq joyda nima bor ekan unga?»

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:26:50

Mashina tinmay chayqaladi. Go‘yo Solihovni chulg‘ab borayotgan savollar bulutini to‘zitmoqchi bo‘ladi. Solihov bunday yo‘l, bunday chayqalishlarga ko‘nikib ketgan. Urushdan avval qaysi bir hamrohi noliganda yarim hazil, yarim chin bilan «Zamon chayqalib turibdi, mashinaning chayqatishi nima ekan», degan edi. Solihov zamonlarning eng qaltis chayqalishlaridan o‘tib keldi. Gunohi nima ekanini bilmay bosh egib sukut saqlab o‘tirgan donolarni, mung to‘la ko‘zlarni ko‘rdi. Ba’zan shu ko‘zlar uni ta’qib qiladi. Ana shunda ko‘rinmas panjalar yuragini siquvga oladi. U ko‘ngliga faqat bir narsadan panoh topadi: begunohlarni ko‘rdi, ammo ularni qirib tashlashda ishtirok etmadi. Baxtiga (ha, buning bebaho baxt ekanini endi bilyapti) siyosiy mahbuslar bilan shug‘ullanmadi. U qotillar, o‘g‘rilarni tutish bilan mashg‘ul edi. Hozir ko‘ngliga biroz bo‘lsa-da taskin beradigan ham shu jamiyatga zarur ish bilan shug‘ullangani.
Solihov idoraga qaytguncha birinchi galda qiladigan ishlarini belgilab olgan edi. Xonasiga bora turib Ramazonovni chaqirdi. Kapitan Ramziddin Ramazonov urush ko‘rgan, oq-qorani yaxshi ajrata oladigan inspektor bo‘lgani uchun ham Solihov uni qadrlardi. Ko‘p ishlarda uning yordamiga suyanardi.
Mayor Daydidaradagi qotillik, rayon jinoyat qidiruv bo‘limidagi o‘rtoqlarning xulosasi bilan tanishtirib, Ramazonovdan javob kutdi. Ammo Ramazonov javobga shoshilmay «Kazbek»ni tutatib o‘tirardi. Tashqaridan qaragan kishi bu odam muhim gaplarni eshitdi, endi jiddiy bir fikr aytishi kerak, deb o‘ylamas, oyog‘ini chalishtirib o‘tirgan kapitan shunchaki bekorchilikdan papiros tutatyapti, degan xayolga borishi mumkin edi. Solihov u bilan dastlab uchrashganida bu qilig‘idan ranjigan ham. «Bu bemalolxo‘ja o‘ylab o‘yiga yetguncha jinoyatchi ishini bitirib bo‘ladi». Keyin-keyin ko‘nikib ketdi. Hatto chuqur mulohaza yuritadigan bu odamni yaxshi ko‘rib qoldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:27:11

Ramazonov papirosni oxirigacha chekib, qoldig‘ini kuldonga ezib qo‘ydi.
— Tushunarli, — dedi boshlig‘iga qarab, — arxivni titib ko‘raman.
Ramazonov o‘zi sezmagan holda yana cho‘ntagidan «Kazbek» qutisini chiqarib bir dona oldi-da, papirosning tamakili tomonini asta ezib, ikkinchi uchi bilan qutiga urib-urib qo‘ydi. Bir nafas o‘ylandi. Papirosni labiga qistirdi. Biroq tutatmadi. So‘ng tayin bir qarorga kelib o‘rnidan turdi.
Solihov idorada uzoq ushlanmadi. Tashqariga chiqib eski shahar tomon yo‘l oldi. Oqshom qo‘na boshlagan palla, ko‘cha tirband. Odamlar uch vagonli tramvayning zinalarigacha osilib olishgan. Do‘mboq pattachi tramvayning silkinishiga e’tibor bermay odamlar orasida suqilib, turtilib o‘z ishini qiladi. Yigitlar atayin xiralik qilib uni o‘tkazgani qo‘yishmaydi. Pattachi buni biladi, biroq o‘zini bilmaganga solib yigitlarning biqiniga tirsagini tirab o‘tadi. Vagon o‘rtasida turgan Solihov Xadraga yetganda pattachining orqasidan ergashib eshik tomon siljidi. Chorsuda bir amallab tushib qolib, poyabzallar obdan surtilgan shimining pochasini qoqdi. Bozor tomon yurdi. Uzun ko‘chaning ikki tomonidagi do‘konlar yopilgan. Ko‘chada odam siyrak. Faqat restoranlar oldi gavjumroq. Ichkarida jazavali kuy eshitiladi. Bahoru yoz mehnat qilib yetishtirganini sotib tugatgan, cho‘ntagi pul ko‘rgan dehqon yigitlar bolalari rizqining bir ulushini shu yerga sochib ketishadi. Go‘lroqlari ba’zan ship-shiydam bo‘lib ham chiqishadi. Ko‘kraklari tirsillab turgan xonimlar, furajkasini bostirib kiyib olgan yigitlar bu atrofda bekor izg‘ib yurishibdimi? Ular hozir hech narsa bilan ishi yo‘qday, befarq turishibdi. Atrofga qorong‘ulik cho‘kib, ichkarida orkestr avjga chiqqanda ularning «ovi» boshlanadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:27:20

Semizligidan yorilib ketay deyayotgan militsioner Solihovni ko‘rib salom berdi. Solihov alik oldi-yu, boshqa gap aytmay o‘tib ketdi. Bozorga aylanishadigan kissavuru chayqovchidan «soliq» undirib turadigan bu odamning poydevori mustahkam ekanini biladi. Buni yo‘qotib o‘rniga halolroq militsioner qo‘yishni talab qilganida boshqarmadagilar «Unga tegmang», deb gapni kalta qilishgan edi. Solihov bozorga borib taqaladigan jinoyatlarni ochishda bu odam bilan ikki-uch suhbat qurgan, biroq tayinli bir gap ololmagan. Hozir uni ko‘rib g‘ijinib qo‘ydi-yu, to‘xtamay o‘tib ketaverdi. Militsioner esa, bundan o‘zicha xulosa chiqarib, «Atrofda odamlari bormikin», deb alangladi. Keyin shoshilib restoranga kirdi.
Solihov bozorni kesib o‘tib, qadimda masjid, bo‘lgan, madaniy inqilobdan so‘ng maktab ixtiyoriga berilgan g‘ishtin imoratni, so‘ng gavjum choyxonani ortda qoldirib, boloxonali uy qarshisida to‘xtadi. Bu yerlarni besh qo‘lday yaxshi bilganidan marhum Siddiq Sharipov yashagan uyni qiynalmay topdi.
Darvozaning bir qavati ochiq, yo‘lak kimsasiz, hovlida esa odamlar ko‘rinardi. Shom tushib hassakashlar endigina ichkari kirganlar. Solihov darvozani taqillatishi hamon to‘n kiyib, belbog‘ini qo‘lida ushlab olgan o‘ttiz yoshlar chamasidagi yigit ko‘rindi. Hozirgina yechgan belbog‘ini qayta o‘rab, mehmonga peshvoz chiqdi. Yaqin kelgach, salom berib, qo‘shqo‘llab so‘rashdi-da, ichkari taklif qildi.
Hovlidagi supada uch erkak bor edi. Yuzini ro‘mol uchi bilan to‘sib supa chetida o‘tirib gaplashayotgan ayol Solihovga ko‘zi tushishi bilan shoshilib o‘rnidan turdi-da, parda-devor ortiga o‘tdi.

Qayd etilgan