Tohir Malik. So'nggi o'q (qissa)  ( 141180 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 28 B


shoir  15 Iyul 2006, 07:57:59

— Yanchish — mening istagim. O‘lmas Kashcheyni eshitganmisiz? Ha, balli, uning joni qutichada saqlanadi. Quticha esa uzoq bir orolda. Bularning joni ham qutichada, quticha esa homiylarning po‘lat sandig‘ida. Homiylari esa qaerda turishini bilasiz. Homiylar yanchilmaguncha bularni birnima qilib bo‘lmaydi. Azizim, e’lon qilingan erkinliklarni u homiylar bo‘g‘ishga qodirlar. Lekin bir kunmas bir kun yanchiladilar, bunga ishonaman!
Komlev vaqti ado bo‘lib qolishidan qo‘rqqandek tez gapirardi. Xotini bir necha marta «bas qil», deyishiga qaramay, fikrini to‘la bayon qilmaguncha gapdan to‘xtamadi.
Ramazonov shifoxonaga kirib, navbatchiga o‘zini tanishtirgach, maqsadini bildirdi, Komlevni tanishtirdi-da, xayrlashib iziga qaytdi.
Qamoqxona shifoxonasidan chiqarilib bu yerga kelib qolganidan, vrachlarning mehribonligidan ajablanib yotgan Jahongir ostonada tanish chehrani ko‘rib, avval ko‘zlariga ishonmadi. Qaddini ko‘tarayotganda Komlev tez-tez yurib kelib, uni yelkasidan ushladi:
— Qimirlama, azizim, qimirlama, ahvolingni aytishdi. Buni qara, jonimiz qattiq ekan, o‘lmay yurib, oxiri ko‘rishdik-a! Zina, kiraver. Ana, kennoyingni olib keldim. O‘shanda tanishtirishga ulgurmovdim.
Ayol jilmayib, bosh irg‘ab salomlashdi.
— Men bugun sen bilan ko‘p gaplashmayman. Shaharda besh-o‘n kun bo‘lamiz, oldingga yana kelamiz, obdan suhbatlashamiz.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:58:07

— Sizni bu yerga milisadagilar olib kelishdimi?
— Ha. Buning nimasiga ajablanasan?
— So‘rashsa ayting, qahri qattiq edi, odam o‘ldirishdan toymas edi, deng. Muzliklarda hech kimga bildirmasdan uch-to‘rttasini gumdon qilgan, deng.
— Bekor aytibsan! — Komlev o‘rnidan shart turib ketdi. — Bekor aytibsan, eshitdingmi?!
— O‘sha odamni o‘ldirganimga ular ishonishlari kerak. Hamma ishonishi kerak. Shunda ko‘zim ochiq ketmaydi.
— Bekor aytibsan! — dedi yana Komlev. — Shuncha yil birovlar taqagan ayb bilan umrimiz sovurildi. Hech bo‘lmasa, birov chaqirgan ajal bilan ketmaylik. Odamlardek yashash nasib etmadi, odamlardek o‘laylik! — Komlev birdan jimib unga savol nazari bilan tikilib qoldi. — Menga qara, senga aytishmadimi?
— Nimani?
— Avvalo sening da’volaring o‘tmabdi. Qotilning iziga tushishganga o‘xshaydi. Keyin... xotining bilan bolangdan xabar bormish shekilli?
Bu gapni eshitib, Jahongir ko‘zlarini chirt yumib oldi. Ingrab yubormaslik uchun lablarini qimtidi. Komlev «nima qilamiz?» degan ma’noda xotiniga qaradi. Ayol sekin burilib, eshik tomon yurdi.
— O‘zingni bos, Jahon, bir kun bo‘lsa ham yaxshi kunning toza havosidan nafas olishimiz shart. Bunga haqqimiz bor. «Alqasosu minal Haq»ingni unut. Men o‘g‘lingni topib, gaplashaman.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:58:15

Bu gapdan keyin Jahongir o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi.
— Kerak emas... Kerak emas... Istamayman ko‘rishni... Men... gunohkorman...
— Bekor aytibsan! Gunohkor emassan! O‘zingni qiynama, men ketdim. Qariganim sayin ishim ko‘payayapti.
Komlev shunday deb birodarining yuzini silab qo‘ygach, o‘rnidan turdi. Jahongirning mijjalaridan yosh sizib chiqqanini ko‘rib bosh chayqab qo‘ydi-da, ostonada paydo bo‘lgan vrachga minnatdorlik bildirib, dahlizga o‘tdi.
Jahongir bilak tomiriga sanchilgan em ignasiga ham parvo qilmadi. Do‘xtirning gaplarini ham eshitmadi hisob. Uning ko‘z oldida milisaxonada farzandlari ismini aytayotgan yigit yana gavdalandi. «Jahongir...» degan ovoz aks-sado berib jaranglayverdi. «O‘sha mening o‘g‘limmi?» degan savol minginchi (balki o‘n minginchi) marta xayolini zabt etdi. Tushlariga kiruvchi do‘mboqcha shunday norg‘ul yigitga aylanganmi? U o‘zi bilmagan holda buva bo‘lganmi? «Buvamishman men... bolamni bir marta bag‘rimga bosmasam, nabiralarimni ko‘rmasam... Shunday kunni orzu qilib edimmi? Akam nima uchun yashirdilar buni mendan. Qo‘rqdilarmi? To‘g‘risini aytsalar gunohlaridan kechib yuborar edim-ku?..» Bu fikr mudarris — Nizom qorovulning vasiyatini eslatdi: «Ollohning vasliga yetmoq istasangiz qarshingizda gunohga botganlarning gunohidan keching. Zinhor kek saqlamang. Uzoq vaqt kek saqlab, avf etmay kelganingiz uchun gunohkordan avval uzr so‘rang, so‘ngra gunohidan o‘ting...» Jahongir bu vasiyatni to‘la amalga oshirolmasligini bilardi. To‘g‘ri, u ko‘p odamning gunohidan o‘tdi. Ammo bir kishini — akasini avf eta olmasdi. Orada ota ruhini qo‘yib ichilgan qasam bor edi. U qasamga xiyonat qila olmas edi. O‘shanda buni mudarrisga ayta olmadi. Aytsa mudarris — Nizom qorovul balki boshqa fatvo toparmidi...

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:58:24

Jahongir xotini, o‘g‘li bilan uchrashuvni yillab orzu qilgan, qo‘msagan edi. Endi, yuragi aldamagani aniq bo‘lgach, bu uchrashuvdan qo‘rqa boshladi. «Endi nima bo‘ladi?» Ongi shu savolga javob topishga ojiz edi. Zohiran oson tuyulgan bu savol esa tegirmon toshi bo‘lib a’zoi badanlarini ezardi. Shu xayollar bilan andarmon bo‘lib, Daydidaradagi fojia ham biroz xira parda ortiga o‘tdi. Daydidarani eslaganida hatto «gapimdan tonsammikin», degan fikr ham uyg‘ondi. Biroq, «Endi gapingga kim ishonardi. Qotilni topisholmay, noiloj, ishingni sudga oshirishadi. Sudning hukmi esa aniq», degan xulosa bu fikrni sindirdi.
Jahongir biri tug‘ilib, biri o‘layotgan fikrlar to‘rida o‘ralib yotganida Komlevning ovozini eshitib, ko‘zini ochdi. Uch-to‘rt kun keyin kelaman, degan odam ertasigayoq paydo bo‘libdi. Qo‘lida qog‘oz xalta.
— Qalay, omonmisan? — dedi u kursiga o‘tirib. — Kecha Zinadan baloga qoldim. Kasal ko‘rgani quruq bordik, deb menga dashnom berdi. Bugun bozorga kirdim. Bog‘bonlarga balli-e, manavi uzumni ko‘r! Asraganini qara, — u shunday deb xaltadan bir bosh husayni uzum chiqardi. — Uzummas, oltin-ku! Og‘zingni och, — u shunday deb uzum donasini uzib, Jahongirning og‘ziga soldi. — Manavi nokni ko‘r! Qanday saqlashadi, hayronman.
Komlev olib kelgan narsalarini maqtab bo‘lgach, boshqa gapga o‘tdi.
— Barvaqt turib sen o‘qigan madrasaga bordim. Mudarrisingning qorovulxonasi yo‘q, madrasa yamoqchilarning arteli bo‘libdi.
— Bilaman, — dedi Jahongir.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:58:32

— Buni-ku, bilasan, lekin ularga yamoqchi zarurroqmi yo ilm, buni bilmaysan! O‘sha yerda turib so‘nggi uchrashuvimizni esladim. U yoqda ham yodimga kelardi. Mudarrising buyuk odam edi. Afsus... men u bilan bir oygina hamsuhbat bo‘lganimda edi... Qancha bilimlarni o‘zi bilan olib ketdi-ya! U olamdan o‘tganida qaerda eding?
— Yonlarida edim, qo‘limda jon berdilar.
— O‘lib qutulibdi bechora. Bo‘lmasa izimga tushganlar uni ham tortishardi.
— Kelishgan edi. Jon talvasasida yotganlarini ko‘rib, kutib turishdi. Yarim tunda uzildilar, meni tongda olib ketishdi. O‘zim yuvib-taragunimcha indashmadi, shunisiga shukr dedim.
— Men tergovdagi gaplaringni bilaman, mudarris bilan suhbatlarimizni aytmabsan. Aytib, meni yomonlab chiqib ketsang ham bo‘lardi. Chunki mening taqdirim sening gapingsiz hal qilingan edi.
— Siz... o‘ylab gapiryapsizmi? Qo‘lingdan qotillik kelmaydi, deysiz-u, xoinlik qilishimga ishonasizmi?
— Men unday deganim yo‘q. Xayolimga shunaqa gap kelsa, bu yerda o‘tirmasdim, meni bilasan. Sen o‘shanda qorovulxonadagi kitoblarni nima qilgansan?
— Olib ketishgan.
— E-eh! — Komlev shunday deb qo‘l siltadi. — Orasida nodir nusxa kitoblar bor edi-ya! Odamlardan qo‘rqishar ekan, qafasga solishdi. Kitoblarda nima gunoh? Balki eng so‘nggi nusxadagi nodir kitoblarni ham yo‘q qilishgandir? Bu nima degan gap, bilasanmi? Bilmaysan! Bu tarixdagi yillar o‘tda qovjiradi, demak! Qovjiragan yillarni hech kim tiklay olmaydi!
   

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:58:40

Komlev karavotda xasta odam yotganini unutib, yonib gapirardi. Madrasada yamoqchilarni ko‘rib uyg‘ongan nafrati endi avjga chiqqan edi.
— Amir Temur ayrim ellarni bosgan, to‘g‘ri. U shoh edi, shunga majbur edi, elini ma’mur qilmog‘i lozim edi. Dunyodagi hamma shohlar bosgan, talagan. Lekin.. ana shu lekinga e’tibor ber: lekin u buyuk madaniyatga poydevor qo‘yib ketgan. Boshqa shohlarda bunday yodgorlik yo‘q. Xo‘sh, nima uchun undan yuz o‘girishimiz kerak? Xo‘sh, nima uchun u haqdagi kitoblarni yoqishimiz yo yerga ko‘mishimiz kerak? Javob ber!
— Buni ulardan so‘rang.
— Men seni, azizim, qotillikda ham, xoinlikda ham ayblamayman. Ammo loqaydlikda ayblayman! Ha, bunga haqqim bor. Sen bilib qo‘y: loqaydlik — qotillikdan ham, xoinlikdan ham yomon. Sen va senga o‘xshaganlarning loqaydligi tufayli tarix kulga botib yotibdi.
Komlev ovozini baralla qo‘yib gapirayotgani uchun do‘xtir kirib tomoq qirib qo‘ydi. Komlev chegaradan chiqqanini bilib, yengil yo‘talib oldi-da:
— Bir olam ishim bor, men ketdim, — deb o‘rnidan turdi.
Jahongirning nazarida Komlev shamolday kirib, shamolday chiqdi-yu, undagi osoyishta xotiralar g‘uborini ko‘tardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Iyul 2006, 07:58:49

— O‘ttiz yettinchi yilning kuzagida Grigorich Jahongirning yo‘lga otlanganini ko‘rib:
— Bu yilcha bormaganing ma’qulmi, yomon gaplarni ko‘p eshityapmiz, — dedi.
Bu yomon gaplarni Jahongir ham eshitardi. Nemis josuslari, xalq dushmanlari haqidagi xabarlar yetib bormagan joy yo‘q edi. «Josuslarga mening nima aloqam bor?» deb o‘yladi Jahongir cholning gapidan ajablanib.
Yurtiga eson-omon yetib keldi. Qishlog‘ida, Daminnikida bir kecha tunadi. Qarilik kuchdan qoldirgan mudarrisni yo‘qladi. Uning ahvolini ko‘rib, «shu yerda qishlasammikin», deb ham o‘yladi. Mudarris — Nizom qorovul belorus cholning gapini aytdi: «Chetroqda yurganingiz ma’qul». Ustozi bilan xayrlashib bekatga chiqdiyu Komlevni uchratib qoldi. Ilmiy kengashga kelgan qadrdonini tashlab ketolmadi. Iziga qaytdi. Kechqurun mudarrisning qorovulxonasida tongotar gurung qildilar. Komlev ertasi oqshom yana kelmoqchi edi, daragi bo‘lmadi. O‘sha kech mudarrisning ahvoli og‘irlashdi...
Komlevning izidan odam tushganini, qorovulxonadan chiqib borayotganda hibsga olinganini Jahongir keyinroq, so‘roq paytida fahmladi. «Shu odam o‘zbekni deb qayg‘uryapti, unga jabr bo‘lmasin», deb so‘roqni chalg‘itmoqchi edi, bu bilan ayb to‘riga o‘zi chirmab tashlanganini sezmay qoldi.
   

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:52:55

11. OLOVNI KIM O‘CHIRADI?

Komlevning tashrifidan keyin Jahongir xotirasida uyg‘ongana voqealar, xususan shoir va olim yigitlarning ayanchli taqdirlari haqida hikoya.

Birinchi safar qamalganida «bu ham odam-ku, yana bekorga jabr chekmasin», debmi, harholda uch-to‘rt kun so‘roq qilishgan edi. Guvohlarning bilib-bilmay aytgan so‘zlarini ham eshitishgan edi. Hukmni esa el oldida o‘qishgan edi. Bu safar pachakilashib o‘tirishmadi. Masala birinchi so‘roqdayoq hal bo‘ldi. Jahongir «xalq dushmani» bilan oshna ekanini, shu oshnachiligi tufayli qamoqda o‘tirishi lozimligini bildi. Lekin qancha o‘ylamasin, Komlevning qaysi xalqqa — rus xalqigami yo  o‘zbek xalqiga dushman ekanini farqlay olmadi. Qolaversa, o‘zining egri fikrli unsur ekanini ham shu so‘roqda bildi. Lekin qaysi fikrlari to‘g‘ri, qaysi birlari egri — ular tushuntirib o‘tirishmadi. Jahongirga birov «Qamoqxonada yotishga joy yo‘q», desa ishonmagan bo‘lardi. O‘z ko‘zi bilan ko‘rib «Yo, alhazar», deb dong qotdi. «Bularning barchasi unsurmi, barchasi boylarning farzandlarimi?» deb o‘yladi. Qamoqxona eshigi sharaqlab ochilib-yopilib turardi: birov kiradi, birovni olib chiqib ketadilar. U keyingi so‘roqda aytadiganini o‘ylab, pishitib o‘tirganida, yarim tunda chaqirdilar. Lekin uni so‘roq qilmadilar, hukmni o‘qib eshittirdilar. O‘n chog‘li kishini o‘sha tundayoq temir panjarali vagonga bosib jo‘natdilar.
Jahongir avvaliga noxush tush ko‘rayotgandek bo‘ldi: o‘n besh yil avvalgi vagon, o‘n besh yil avvalgi tanish hid... Faqat odamlar boshqa. Yigirma ikkinchi yilda vagon liq to‘la emasdi. Unda odamlar baralla so‘kinaverar edi. Soqchilar kattalarning onalarini «shirin so‘z» bilan tez-tez eslab turishardi. Bu safar vagon odamga to‘la, lekin hech kim yo‘qday. Xuddi yigirma ikkinchi yildagi vagonga asov otlar qamalganu bunisiga yuvosh qo‘ylar bosilganday. Avvalgisida o‘zbeklar kam edi. Bunisida asosan o‘zbeklar...

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:53:06

Poezd ilgarilab borgani sayin Jahongirning eti uvishadi. «Yana o‘sha muz o‘lkaga boramanmi, Xudo bir marta omon qaytardi, endi-chi? Zokirxo‘ja singari muz qabrga tushamanmi?» degan xayol yuragini kemirardi.
Bir bekatda poezd ancha vaqt to‘xtab qoldi. Qorong‘i tushganda vagon eshigi g‘aldir-g‘uldir qilib ochildi. «Yetib keldik shekilli», deb o‘yladi Jahongir. Boshqalar ham shu fikrga kelib, hamma buyruqni kutmayoq o‘rnidan turdi. Ofitser qo‘lidagi ro‘yxatni qo‘lchiroq yorug‘iga tutib, o‘nta odamni chaqirdi. Nomi chiqqanlar vagondan pastga sakrab tushib, o‘zlarini bir onda soqchilar qurshovida ko‘rishdi. Ularni olib ketishgach, boshqalar «bizni ham chaqirarmikin», degan o‘yda qotib turaverishdi. Vagon eshigi yopilmadi, ularni chaqirishmadi. Ofitser qo‘lidagi ro‘yxatni cho‘ntagiga solib nimanidir kutib qaqqayib turaverdi.
Kutish jonga tegdimi, vagondagi dadilroq bir yigit ofitserga qarab dedi:
— O‘rtoq, qaerga keldik?
Ofitser javob bermadi.
— Hoy, o‘rtoq, qaerga keldik, deb so‘rayapman?
— Men senga o‘rtoq emasman, jim bo‘l, gapirish mumkin emas.
— «O‘rtoq», deb bo‘lmasa, «janob», deb bo‘lmasa, «taqsir», deb bo‘lmasa... Menga qarang... bizni qachon tushunasizlar, axir bitga yem bo‘lib ketdik-ku?
— Battar bo‘llaring! Ovozingni o‘chir! — dedi ofitser g‘azab bilan.
— Bizni xalq dushmani deyapsiz, — dedi yigit ofitserning dag‘dag‘asini eshitmaganday, — unda bitlar nima bo‘ladi? Bizning qonimizni so‘rib ular ham dushmanga aylanib qoladi-ku? Ularni qanday ushlab, qaerga qamaysizlar?

Qayd etilgan


shoir  16 Iyul 2006, 06:53:17

Asablari tarang tortilib turgan mahbuslar bu gapdan kula boshladilar. Bu kulgida shodlikdan asar ham yo‘q, balki zahar zohir edi. Achchiq, ayanchli kulgi ofitserning badan-badaniga sanchilib, vagonga yaqinlashdi.
— Qani, bitliqi, bu yoqqa tush-chi! — deb dag‘dag‘a qildi.
Gapirgan yigit o‘zini vagon ichkarisiga oldi. Aytilgan piching gapdan so‘ng boshlangan kulgining adog‘i yo‘qday edi. Mahbuslar xuddi kelishib olishganday, ofitserga qarab kular edilar. Ularning bundan bo‘lak choralari yo‘q: bu sharoitda yo kulishlari, yo yig‘lashlari, yo nafratlarini ichlariga yutib taqdir o‘yiniga bo‘yin berishlari mumkin. Gapirishga qo‘rqadilar. Tish hatlagan birgina nojo‘ya so‘z ularni qamoqqa tiqdi. Ikkinchi nojo‘ya so‘z go‘rga tiqishi aniqligini biladilar. Shu uchun tillari tish hatlamaydi. Hozir butun g‘azablarini shu zo‘raki kulgi bilan izhor etardilar. Ofitser do‘q-po‘pisa bilan ish bitirolmasligini bilgach, soqchilarga «eshikni yop!» deb buyurdi. Bahaybat eshik yana g‘aldir-g‘uldir bilan urilib yopildi. Shu bilan kulgi ham o‘chdi. Dam o‘tmay eshik yana ochildi. Bu safar ofitser yonida o‘n beshga yaqin mahbus turar edi. Ofitser ro‘yxatni yana qo‘lchiroq yorug‘iga tutib mahbuslarni nomma-non chaqirdi. Shu zayl-da pastdagi mahbuslar bir-bir vagonga chiqa boshladilar.

Qayd etilgan