Jahongir uning yelkasini silab, indamay turdi. U odam gapdan tingach «Farzandlaringizga duoi fotiha lozim», deb qo‘ydi. So‘ng yengini shimarib yuvingichka yaqinlashdi. Na tahoratga, na tayammumga imkon bor bu joyda, nomiga poklanib olishgina mumkin edi. Jahongir karavotga o‘tirib tilovat qildi. Savobini marhumlarga baxshida etgach, qamoqxonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Taqdir shu toshdevor, tosh boshpana ostiga to‘plagan nasroniylar, ibriylar ham sukutda edilar. Bunday g‘am, bunday dard ayniqsa bu sharoitda din, millat ajratmaydi. Odamga pichoq urayotganda qo‘li qaltiramagan qotillar ham bunaqa paytda, ozgina bo‘lsa-da, ruhiy kechinmalarga bandi bo‘ladilar.
Hozir bu qamoqxonada shunday vaziyat hukmron edi. Ertaga o‘z taqdirlari nima bo‘lishini, jigargo‘shalaridan necha ming chaqirim nariga, necha yilga ketishlarini bilmay ezilib o‘tirgan odamlar ruhi qiymalandi. Odatiy gurunglar barham topdi. Jahongir darrov joyiga qayta olmadi. U odam Jahongirni panohkoraday bilib qolgan edi. Uning nazarida Jahongirning duoi fotihasi hur bolalarini to‘g‘ri jannatga, rohat-farog‘atga boshlab bordi. Jannatda ular onalari bag‘riga kirdilar. Bu yorug‘ olamda ro‘shnolik ko‘rmaganlarini, uylariga o‘gay ona kelgani va bir kechada o‘lim topganlarini aytib berdilar. Shunda ona nima qildi? Uni — otani qarg‘adimi?..
U odamning ko‘nglidan shunday gaplar o‘tib, ko‘zlari yoshlanar edi. Jahongir uning yuragini kemirayotgan gaplardan bexabar, o‘zining dardi o‘ziga yetsa-da, bu dilxastani yolg‘iz qoldirib nari ketolmas edi. Jahongir garchi o‘z bolasini ko‘rmagan, qo‘liga olib suymagan bo‘lsa-da, taqdiri noma’lum farzand dog‘ida kuygan, o‘rtangan, alalxusus bu odamning alamlarini his qila olardi. Xotini Xadichaning ko‘zi yoridimi, bolasi kimlarning qo‘lida qoldi: xo‘rlandimi, zorlandimi? Daydidaradagi chinor ostida otasining bir dunyo boyligi bo‘laturib musofirlikda bir burda non deb qaqshadimi?.. U tirikmi, u bilan diydor ko‘rishish nasib etadimi? Bu savollarga yillar javob kutib yashash uchun odam metindan bo‘lishi kerak. Yo‘q, metinga hadeb bolg‘a uraversangiz, u ham darz ketadi, yoriladi, parchalanadi. Jahongir esa hayotining sitam bolg‘alari zarbalariga dosh berdi — darz ketmadi, yorilmadi, parchalanmadi. Yorilay deganda, parchalanay deganda umid degan tiriklik suvi uni hayotga qaytardi, yuragiga darmon berdi.