— Yetti pushtimizda cho‘loq bo‘lmagan.
— Sharipov ham oqsamaganmi?
— Uni tanimayman, yurganini ko‘rmaganman, deb aytdim-ku?
— Muhammadrizaev, sizni Sharipovning uyi oldida ko‘rishgan. Erta saharda Sharipovni yoqasidan olgansiz. Orangizdan nima gap o‘tgan?
— Ayg‘oqchilaringiz aytishmadimi, to‘qib-chatishga usta-ku ular?
— Ular ayg‘oqchi bo‘lishganda, gapingizni qanday bo‘lmasin, eshitishardi. Ular o‘sha mahallaning yigitlari. Sizni tanishar ekan.
— Bu dunyoda kim ko‘p — og‘ziga kuchi yetmagan odam ko‘p. Til besuyak, benazorat, istagan paytdida tish hatlayveradi. Nachaynik, menga har gaplarni topib kelavermang. Men aytganidan qaytmaydigan odamman. Muhlatingiz tugayapti, agar ishni tezroq yumaloq-yostiq qilmasangiz holingizga maymunlar yig‘laydi. Keyin men bilan bunaqa yumshoq muomala qilib o‘tirmaysiz. Do‘q-po‘pisaga o‘tasiz, so‘kasiz, urasiz. O‘shanda men ham to‘nimni teskari kiyib olaman. «Men o‘ldirmaganman, qotil uchinchi iz egasi», deb turib olaman. O‘shanda siz meni qattiqroq ura boshlaysiz, qo‘llarimni qayirasiz, barmoqlarimga bolg‘a urasiz, burnimning uchiga papiros cho‘g‘ini bosasiz, tirnoqlarim orasiga aigna sanchasiz... Men aytganidan tonmaydigan odamman, baribir «o‘ldirmadim» deb turaveraman, ha, nachaynik, bu yog‘ini hisobga olmayapsiz. Xo‘p, deb turganimdan foydalanib qoling.