Imom G'azzoliy. Uylanish odobi  ( 131624 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 16 B


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 10:08:08

Agar maqsad faqat shahvatni ketkazish bo‘lsa, o‘shanda nasabsiz - abtar holda o‘lib ketardi. Yer yuzida boshqa nasl ham, nikoh ham bo‘lmas edi.

Ashobi kirom doimo nikohli yashashni tiladilar. Hatto o‘lim to‘shaklarida bo‘ydoq holda o‘lishdan hayo etdilar va uylanishni istadilar.

Haqiqatda Muoz (r.a.) vaboga chalingan davrlarida shunday dedilar:
«Meni uylantiringki, Alloh huzuriga yolg‘iz holda ketmayin!»

Agar deyilsaki, Muoz (r.a.) o‘sha paytda bola ko‘radigan ahvolda emas edilar. U holda uylanishni istashining asl sababi nima?

Bunga javob o‘laroq, deymanki, bola faqat jimo etmoq bilan bo‘ladi. Jimo esa, shahvat bilan hosil bo‘ladi. Bu esa qulning irodasiga va tanloviga bog‘liq emas.

Faqat qulning irodasi bilan aloqador bo‘lgan va shahvatni junbushga keltirgan bir xususdir. Bu esa har holda mumkin.

Bu bois iqtidorsiz bir kishining ham nikohlanishi mustahab ko‘riladi. Chunki shahvatning junbushga kelishi yashirin, ichki tuyg‘udir.

Kal sochini qirayotganday ustara surishi va yurishga qodir bo‘lmagan kishining hajga olib borilishi ham mustahabdir. Chunki bunda boshqalar uchun ham bir tashviq va o‘rnak bor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 10:08:39

Ayni zamonda Rasulullohning (s.a.v.)ning bir sunnatini tiriltirish va uning rizosiga erishishga vasila bo‘ladi. Umar (r.a.) ham ko‘p uylanganlar va shunday deganlar:
«Men faqat farzand ko‘rish uchun uylanmoqdaman».

Bola tug‘moqdan qochgan ayollar haqida Rasululloh (s.a.v.) marhamat etganlar:
«Hatto uyning bir tarafida bo‘lgan bo‘yro ham tug‘ishni istamaydigan xotindan xayrliroqdir». (Abu Umar At-Tavkoniy Umardan (r.a.) marfu o‘laroq rivoyat etgan)

Yana shunday deydilar:
«Sizning xotinlaringizning eng xayrlisi tuqqan va sevimli bo‘lganlaridir». (Bayhaqiy Said ibn Yasordan mursal o‘laroq rivoyat etgan).

Yana marhamat etadilar:
«Tug‘adigan qora xotin tug‘maydigan go‘zal xotindan xayrliroqdir». (Baxz ibn Hokimdan Ibni Hibbon rivoyat etgan).

Ko‘rinadiki, turmush qurib, farzandli bo‘lmoqni istash shahvat ketkazilishidan oldin kelmoqda.

Inson o‘lgan vaqtida ortida solih farzand qoldirsa, o‘sha farzand ota-onasi uchun davomli savob manbai bo‘ladi.

Xabarda kelishicha, qilingan duolar, xayr va hasanot nur (bo‘lib) tovoqlarda o‘lganlar(ruhi)ga yetkaziladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 10:09:12

Agar farzand solih bo‘lmasa, ota-onasi uchun foyda keltirmaydi.

Ota-ona farzandining xayrli ishlari sababli savobga erishadi. Lekin, ota-ona farzandi qilgan gunoh amallariga sherik bo‘lmaydi.

Alloh taolo marhamat etadi:
«Hech bir ko‘targuvchi (gunohkor) o‘zga(jon)ning yuki(gunoh)ni ko‘tarmaydi». (An’om, 6/164).

Alloh taolo yana marhamat etadi:
«O’zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini ham qo‘shamiz. Ularga qilgan amallaridan biror narsani kamaytirmaymiz. Har bir kimsa o‘zi qilgan ishi bilan garovlangandir». (Tur, 52/21)

Agar kichik bolasi o‘zidan avval o‘lsa, ota-ona unga sabr etsa, o‘sha farzand unga shafoatchi bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 10:09:46

Alidan (r.a.) aytilgan rivoyatga ko‘ra, Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:
«Shubhasiz, kichik (balog‘atga yetmagan) farzand ota-onasini jannatga eltadi».

Yana shunday deydilar:
«Hozir men sening libosingdan ushlaganimdek, u ham u(lar)ning kiyimi (o‘ngiri)dan tutadi». (Muslim Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etgan).

Yana shunday deydilar:
«Bola uchun (farishtalarga) aytiladiki, uni jannatga kiriting.
Shundan so‘ng o‘sha bola xafa holda jannat eshigi oldida turib oladi va: «Men faqat ota-onam bilan jannatga kiraman», deydi.
Shundan so‘ng (farishtalarga) aytiladiki: «Ota-onasini ham u bilan birga jannatga kiriting!»
(Nasoiy Abu Hurayradan (r.a.)rivoyat etgan).

Xabarda kelishicha, qiyomat kuni hisobga tortilgan odamlar bilan bir qatorda bolalar ham mahshargohda to‘planadilar.
Farishtalarga deyiladiki: «Bu (bola)larni jannatga olib boringiz!»
Bolalar jannat eshigi oldigacha kelib to‘xtaydilar va turib oladilar.
Ularga shunday deyiladi:
«Ey musulmonlarning bolalari! Xush kelibsiz! Marhabo! (ichkari kiringiz!) Sizdan hisob so‘ralmaydi».
Shundan so‘ng bolalar so‘rashadi: «Bizning ota-onalarimiz qaydalar?»
Jannat muhofizi bo‘lgan Malak shunday javob beradi:
«Ota-onalaringiz sizlarday emas edilar. Ularning gunohlari bor edi. Ular gunohlari tufayli hisobga tortilmoqdalar».
Bu javobdan so‘ng bolalar xafa bo‘lishib, kayg‘urishib, chuvlay boshlaydilar. Alloh taolo har neni yaxshi bilgani, har ishdan xabardor bo‘lgani holda so‘raydi:
«Bu qanday shovqin?»
Malaklar shunday deydilar: «Ey Rabbimiz! Bular musulmonlarning bolalari! Biz jannatga faqat ota-onalarimiz bilan birga kiramiz, - deyaptilar».
Alloh taolo aytadiki: «Ularni o‘z holiga qo‘ying!» Va keyinroq bolalarga xitob qiladi: «Ota-onalaringizning qo‘llaridan ushlang va ular bilan birga jannatga kiring!»

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 10:10:39

Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Ikki bolasi bo‘lgani holda o‘lgan kishi (bir) devor bilan jahannamdan himoyalanadi». (Zuhayr ibn Alqamadan (r.a.) Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh yana shunday deydilar:
«Bir kishining balog‘atga yetmagan bolasi bo‘lib, o‘sha kishining o‘zi o‘lsa, Alloh bolalarga bo‘lgan fazli va karami sababi bilan u kishini jannatga kiritadi».
«Yo Rasululloh! Ikki bolasi bo‘lsa hammi?»
deyishdi.

Marhamat etdilarki:
«Ikki bolasi bo‘lsa ham...». (Hazrati Anasdan (r.a.) Buxoriy rivoyat etgan).

Aytishlariga qaraganda, solih bir zotga uylanishni taklif etdilar. Lekin, u zot bir muddat uylanmadilar.
Bir kun uyqularidan uyg‘onar-uyg‘onmas: «Meni uylantiring, meni uylantiring!» dedilar.
U zotini uylantirdilar va bu qarorga kelish sababini so‘radilar. U zot shunday javob berdilar:
«Balki Alloh taolo menga bir farzand ehson etar va o‘sha bola oxiratda men uchun bir yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lar».
So‘ngra so‘zlarida davom etdilar:
«Ro‘yo(tush)da yana ko‘rdimki, qiyomat qo‘pmish va men mahshargohdagi olomon orasida emishman...
Juda chanqabman. Bo‘ynim uzilguday bo‘ldi. Barcha maxluqot menga o‘xshash, qayg‘u-azobda qovrilmoqda. Biz bunday holda ekanmiz, ne ko‘z bilan ko‘rayki, jannat bolalari izzat-ikromda edilar.
Ustlarida nur yopinchiqlar...
Qo‘llarida kumush suroxiy (jom) va oltin bardoq (qadah)lari bor. Ular ko‘pchilikka yordam beryaptilar.
Men ham qo‘limni ulardan biriga uzatdim va: «Menga ham suv bering, tashnalik holdan toydirdi, chanqash parishon qildi», dedim.
U esa shunday javob berdi: «Bizning oramizda sizning biror farzandingiz yo‘q. Biz faqat o‘z otalarimizgagina suv bera olamiz. (Shunday buyurilganmiz)».
Bundan so‘ng dedimki: «Sizlar kimlarsiz?»
U esa: «Biz - musulmonlarning o‘lgan bolalarimiz», dedi».

Bu voqea quyidagi oyati karimada ifoda etilgan ma’noga muvofiq keladi:
Alloh taolo marhamat etadi:
«Xotinlaringiz sizlar uchun ziroatgohdir. Bas, ziroatgohingizga xohlagan jihatingizdan (mashru holda) kelaveringiz va o‘zingiz uchun (savobli ishlarni) taqdim etingiz».  (Baqara, 2/223)

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 16:46:10

NIKOHNING IKKINCHI FOYDASI

Shaytondan himoyalanish, shahvat iztirobidan qutilish mumkin bo‘ladi.
Ko‘z haromdan tiyiladi.
Odamning farji va nomusi himoya qilinadi.
Bu xususga dalolat etgan bir necha hadisi shariflar bor.

Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Uylangan kishi dinining yarmini ko‘rigan bo‘ladi. Qolgan yarmi uchun ham Alloh taolodan qo‘rqsin!»

Yana shunday deydilar:
«Orangizdan uylanmoqqa kuchi-qudrati yetgan uylansin. Agar kuchi yetmasa, ro‘za tutsin. Chunki ro‘za u uchun bir qalqondir».

Bizning asarlar va xabarlardan keltirganlarimizning aksariyati bu ma’noga ishorat etmoqda.

Shahvat ham, bola ham Alloh taolo taqdir etgan xususlardir. Bularning orasida bir bog‘lanish bor.

Asl maqsad lazzat ekanini va lazzat tufayli bola bo‘lishini ta’kidlash shart emas.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 16:46:32

Nikohdan asl maqsad - farzandli bo‘lishdir. Shu bilan birga hikmat va shahvat ham uni bu jihatga yo‘llovchi amallardan sanaladi.

Shahvatda boshqa yana bir hikmat ham bor.

Jannatda va’da etilgan lazzatlardan ham ogoh bo‘lish lozim.

Qodir bo‘lmagan bir kishiga jimo lazzatidan so‘z ochilsa va shunga tashviq etilsa yoki kichik bir bolaga mol-mulk va saltanat lazzatidan gap ochilsa va shunga targ‘ib qilinsa, bu ikki tashviq ham foydasizdir. Dunyo lazzatlarining foydalaridan biri - jannatda bu ne’matlarning yanada yuksak navli, yanada mo‘l-ko‘l va davomli bo‘lishiga rag‘bat etmoqdir.

Shu tariqa taqvo kuchayadi, ibodat ko‘payadi.

Alloh taoloning hikmatiga va rahmatiga qarang! Bir shahvat ostida zohiriy va botiniy hayot...

Zohiriy hayot - nasl davom etishi bilan qoim bo‘luvchi hayot.

Botiniy hayot esa - oxirat hayotidir.

O’tkinchi lazzatlarda nuqson va tez bir uzilish bor.

Davomli lazzatlar mukammallikka bo‘lgan rag‘batni kuchaytiradi.

Shu tariqa odamni Haqqa yetkazadigan ibodatga yo‘llaydi.

Qul shiddat bilan ibodatga yuzlanadi, jannat ne’matlariga yetish uchun ibodatda davom etadi va odat holiga keltiradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 16:46:54

Inson vujudida zohiriy va botiniy qancha zarralar bor.

Yeru ko‘klar saltanatida, malakutda bu zarralar mavjud.

Uning ostida hikmat latoifidan va aqllarga turg‘unlik beruvchi ajib hollardan o‘rnaklar bor. Fakat bu sirlar dunyo zeb-ziynatlariga bo‘lgan rag‘bati va mashg‘uliyati nisbatida pok qalblar uchun ochiladi.

Nikoh shahvat g‘alvasini ketkazadi.

Shahvat ko‘payib, taqvo kuchi bunga bardosh ko‘rsatolmaganda, fahshga moyillik paydo bo‘ladi.

Bu ma’noga ishorat sifatida Rasululloh (s.a.v.) shu oyatni o‘qirdilar:
«Kofir bo‘lganlar (ham) bir-birlariga do‘stdirlar. Agar shuni qilmasangiz, yerda fitna va katta fasod bo‘lur». (Anfol, 8/73)

Agar belida taqvo kamari bo‘lsa, g‘oyasi ham a’zolarini nafsoniy istaklardan himoya qilish bo‘lsa, ko‘zini haromdan tiysa, farjini zinodan himoya etsa, ko‘nglini vasvasa va yomon fikrlardan qo‘risa, uning muqobillari orasiga boshqa narsalar kirolmaydi.

Aks holda, nafs uni jozib holga keltirib, uni jimoga tashviq etadi.

Shayton ko‘p vaqtlar mobaynida uzluksiz vasvasa qiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 16:47:20

Ba’zan namoz paytida ham xotiriga jimoni keltiradi. Hatto odamlar yonida aytib bo‘lmaydigan, aytishga uyaladigan boshqa narsalarni ham xayoliga keltiradi.

Alloh bandasining ko‘nglida bo‘lganlarni eng yaxshi bilguvchidir.

Xalq orasida til qanday muhim bo‘lsa, Alloh taolo huzurida ham ko‘ngil shunday ahamiyatli, degan gap bor.

Oxirat yo‘liga kirgan murid uchun qilish kerak bo‘lgan asosiy ishlar boshida ko‘ngilni yomon narsalardan muhofaza etish turadi.

Abdulloh ibn Abbos (r.a.) shunday deganlar:
«Hajga ketgan kishining haj ibodati faqat nikoh bilan to‘la, mukammal bo‘ladi».

Alloh taolo duo o‘rnagi uchun marhamat etadi:
«Ey, Rabbimiz, toqatimiz yetmaydigan narsani bizga yuklab qo‘yma». (Baqara, 2/286).

Alloh yana shunday marhamat etadi:
«(Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) yengillatishni xohlaydi. Axir, inson zaif yaratilgan-da!». (Niso, 4/28).

Ikrima va Mujohid bu oyatni izohlab, zaiflikdan murod - ayollarga nisbatan sabrsizlik ekanini aytganlar.

Fayyod ibn Nujayh deydiki: «Odamning zakari (qo‘zg‘olib) qalqqanda aqlning uchdan biri ketadi».

Qayd etilgan


AbdulAziz  02 Oktyabr 2009, 16:47:52

Alloh taolo marhamat etadi:
«Zulmatga cho‘mgan tun yovuzligidan... (Panoh tilab iltijo qilurman tong Parvardigoriga)». (Falaq, 113/3).

Abdulloh ibn Abbos (r.a.) bu oyatni «zakarning qalqishi» deya sharhlaganlar.

Qamishning turishi umuman bir balo.

Jo‘shgan vaqtda aql va din unga bas kelishi mushkul!

U odam bolasiga qarshi shaytonning eng kuchli qurolidir!

Rasululloh (s.a.v.) bu xususga nisbatan shunday duo etganlar:
«Yo Rabbiy! Men qulog‘im, ko‘zim, ko‘nglim va ma’niyim yomonligidan O’zingga sig‘inaman!»

Yana shunday duo etganlar:
«Ko‘nglimni poklamoqni va farjimni muhofaza etmoqni O’zingdan so‘rayman!»

Payg‘ambar (s.a.v.) ham Allohga sig‘inib, nomusi muhofaza etilishini so‘rar ekanlar, o‘zgalar holini o‘zing tushunaver!

Bir qism solih zotlar bittadan ko‘p uylanganlar. Nikohlari ostida ikki yoki uch xotinlari bo‘lgan.

Bir qism tasavvuf ahli esa, ko‘p uylanishni xush ko‘rmaganlar.

Qayd etilgan