Uchinchi muomala:
Chaqaloqqa go‘zal ism qo‘yish. Chunki bu bolaning otasi zimmasidagi haqlaridan biridir.
Rasululloh (s.a.v.) marhamat etadilar:
«(O’g‘il bolaga) ism qo‘yayotganingizda (Abdulloh, Abdurahmon kabi) Abd bilan boshlanuvchi ismlar qo‘yingiz!» (Tabaroniy Abdulmalik ibn Abi Zuhayrdan (r.a.) rivoyat etgan).
Yana shunday deydilar:
«Alloh taologa eng sevimli bo‘lgan ismlar — Abdulloh va Abdurahmondir». (Muslim Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat etgan).
Yana shunday deydilar:
«Mening ismim bilan ism qo‘yingiz. Faqat mening kunyam (Abul Qosim) bilan kunyalanmangiz». (Ahmad ibn Hanbal va ibni Hibbon, Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etganlar).
Bolalarga ism qo‘yayotganda yaxshi, solih zotlarning ismlaridan qo‘yish kerak. Chunki, insonlar qiyomat kuni o‘sha ism va otalarining ismlari bilan chaqiriladi.
Rasululloh (s.a.v.) shunday deydilar:
«Muhaqqaqki, sizlar qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringizning ismlari bilan chaqirilajaksiz! Bas, ismlaringizni go‘zallashtiring!» (Abu Dovud Abud-Dardodan (r.a.) rivoyat etgan).
Agar bir kishining ismi yoqimsiz, yomon bo‘lsa, o‘zgartirishi mustahab.
Rasululloh (s.a.v.) ba’zi ismlarni o‘zgartirganlar. Masalan, Os nomini Abdulloh deya almashtirganlar. Ayollar ismi bo‘lgan Burro nomini esa Zaynab deya o‘zgartirganlar.
Yana, ba’zi ismlar aytilishini man qilganlar, masalan, Aflok, Yasor, Burka va h.k.