Yo Rosululloh! (Hayrulla Hamidov)
Sen yo'q eding, Yo Rosululloh! Hazrati Odamning vujudida eding. Avval Jannatni, so'ng esa yer yuzini sharaflantirding. Odam Sening Nuring tufayli avf etildi. Arofat u avfga shohiddir.
Sen yo'q eding, Nuhning Kemasida eding. To'lqinlar Yer yuzini bo'g'ar ekan, tuproqning bag'ridagi suv osmon bilan uchrashar ekan, va bu bir ilohiy azob, deyilar ekan, Alloh ming bir sabab ila ruhingni asradi. To'fon Nuringga Salom aytdi odob bilan.
Sen yo'q eding, Hazrati Ismoilning peshonasida eding. Kimsasiz cho'llarda Ibrohim duosi yuksaldi: Robbim, - dedi, - ularga o'zlarining ichlaridan Sening oyatlaringni o'qiydigan, Kitob va Hikmatni o'rgatadigan, ularni poklaydigan bir elchi yubor!
Omin! - dedi o'n sakkiz ming olam. Sening Nuring bilan yog'du sochgan qo'llarini samoga ko'tarib: Omin! - dedi Ismoil. Hiro, Nur tog'i ham "Omin!" deb oyoqqa turdi. Madinada Uhud tog'idan "Omin!" sadosi yuksaldi.
Sen yo'q eding, Yo Nabiyalloh! Hazrati Iso seni "Ahmad" deb yo'qladi. Ikki olam sarvari, deya yuzlandi senga. Men sizlar bilan ko'p gaplashmayman, dedi havoriylarga. - Chunki bu olamning raisi kelyapti. Kuting Ahmad kelyapti, olamlarga raxmat kelyapti.
Havoriylarning yuzini silagan, o'liklarni tiriltirgan bir nafas bo'lding. Ammo sen yo'q eding.
Sen yo'q eding, Hazrati Abdullohning peshonasida eding. Boshi egik, hafa bo'lib yurar edi u.
Buhayro ko'klardan seni so'rar, Varaqa seni qidirardi samodan.
Onalar qiz farzandlarini o'limga yig'lab yasantirar edilar. Yig'lab-yig'lab: Qizim, bobongnikiga borib kelasan! - der edilar.
Sen yo'q eding, Yo Habiballoh! Aslida tuproqqa tirik ko'milish edi, boboga borish. Chorasiz qolgan volidai muhtarama jagar-bandini o'limga kuzatishdan o'zga iloji yo'q edi. Eng so'nggi qiz chohga uloqtirilar ekan, onasining suratida bir farishta ko'rindi unga va tabassub etib Hiro tog'ini ko'rsatti unga. Farishtalar Hironi yasantirar edilar. Nur tog'i Sohibiga tayyorlanar edi.
Sayyidiga hozirlanar edi Makka!
Koinot sarvari uchun bezanar edi. Koinot hazrati Ominaga ilhaq edi.
Tuproq Robbisiga yolborardi. Mazlumlar ko'zlarin samoga tikkan ko'yi: Kel! - deya yig'lar edilar.
Sening kelishing kutilar edi, Yo Rosululloh! Bir tushishing bor edi yer yuziga.
Oldingda Jabroil, orqangda malaklar.
Yetimlarga eng huzurli kecha bo'ldi u kecha. Nochorlar onalarini to'yib-to'yib quchoqladilar.
So'ng, sahar vaqtini bir sukunat qopladi, borliq narsa jim-jit bo'lgan edi. "Qani?" der edi yulduzlar! "Qani?" der edi Oy! Koinot bir ism eshitmoq istaydi.
Ominaning uyidan bir ovoz yuksaldi: "Muhammad!"
Zulmat o'z o'rnini nurga bo'shatib berdi.
Muhammad! Farishtalar uning nurli qo'llaridan o'pti!
Muhammad!, Seni yaratgan Allohga qurbonmiz, ey duri yakdo! Senga bu ismni bergan Rohmanga qurbonmiz!