Bu davrga kelib, lenincha nomenklaturaning shakl-shamoyili ancha namoyon bo‘lib qolgandi. Uning a’zolari dab-durustdanoq o‘zining haddan tashqari behayoligi va ochko‘zligini ko‘rsatdi. Markazqo‘m a’zolarining ko‘pchiligi qadimiy qasrlarda istiqomat qilardi. Ular qimmatbaho uy anjomlarini, tilla va kumush idishlarni, noyob gilamlarni, shuningdek, qadimiy ustalarning zalvorli oltin ramkalardagi rasmlarini jon-dillaridan yaxshi ko‘rishardi. Shinel bilan ityoqa ko‘ylaklar ular uchun allanechuk maxsus kiyimlar vazifasini o‘tardi. Qasrlarda, hatto, burungi zamonlarda xizmatkorlik hadisini olgan odamlar ham ishlashar edi. Moskva yaqinidagi knyaz Yusupovning qasrida Trotskiy istiqomat qilardi. Bu yerda, hatto, sobiq kornetlardan chiqqan abjir ad’yutantlar bor edi. Ular shaxdam qadam tashlab, kelishtirib chest berishar va eskichasiga sochlarining o‘rtasidan farqi ochilgan boshlarini bejirim egib turishardi.
Lenin garchi bu ishlarga kulib qarasa-da, lekin hech qaysisiga qarshilik ko‘rsatgan emas, negaki uning o‘zi o‘sha odamlardan a’lo emas edi. Har kuni Markaziy Qo‘mita oshxonasining talabnomalari va Kremldagi xizmat ko‘rsatuvchi har xil sohalarning qog‘ozlarini imzolar ekan, Lenin ularga berilayotgan oziq-ovqatlarning xillarini diqqat bilan kuzatib turgan. Bu ovqatlarning xillariga, albata, uvulduruqning uch navi, go‘shtning xilma-xil navlari, kolbasa, pishloq, tansiq baliqlar, Lenin o‘zi juda yaxshi qo‘radigan sho‘r bodringlar, qo‘ziqorinlar, uch xil kofe kirgan.
Xushta’m ovqatlar bobida Leninning suyagi yo‘q edi. Har kuni o‘n minglab odamlarning hayotini olib ketayotgan beqiyos ochlik vaqtida u Gorbunovga tanbeh berib, «kecha uvulduruq jinday hidlanib qolibdi», «qo‘ziqorinning suvi aynab qolgan ekan», «oshpazni bir hafta qamab qo‘yilsa chakki bo‘lmas edi», degan gaplarni bemalol aytavergan. Ulug‘ knyaz Sergey Aleksandrovichning Moskva yaqinidagi Gorki qishlog‘ida joylashgan qasri Leninning tasarrufiga o‘tdi. Qishloqning hamma aholisi ko‘chirildi. Bo‘shab qolgan uylariga «baynalmilalchi»soqchilar joylashdi. Ularning hammalarini bugun negadir birvarakayiga «latish o‘qchilari» deb atashadi. Holbuki, bu soqchilar safida bor-yo‘g‘i yigirmata latish bor edi, xolos.