Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154879 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 41 B


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:53:04

1922 yilning o‘rtasida NEP avjga minib turgan kezlarda Lenin so‘nggi kuchlarini to‘plab, avvalgi obro‘-e’tiborini yangidan tiklashga yana bir bor urinib ko‘radi. U o‘z tarafdorlarini qaytadan o‘z tevaragiga to‘plamoqchi, ularni yangi bosqinlarga otlantirmoqchi va shu yo‘l bilan madordan qolib borayotgan qo‘llarida cheksiz hukmronlik jilovlarini tutib qolmoqchi bo‘ladi. Bu, albatta, qudratli sotsialistik davlat haqidagi orzularga uncha esh kelmaydi, ammo dohiyning tuturiqsizligi allaqachon yaqinlarini hayratga solmay qo‘ygan edi. Endi bu to‘g‘rida latifalar to‘qiladigan bo‘lgandi. Ha, bundan tashqari, yana kimni talasa bo‘ladi? Mamlakat allaqachon o‘lik sahroga aylanib bo‘lgan. Ammo ijrochilarning ko‘zigagina shunday ko‘rinadi. Daho esa hamisha olg‘a qaraydi va kelajakni tobeinlaridan ko‘ra yaxshiroq ko‘radi. NEPdan yog‘ bosgan mansabdorlar Leninga ulug‘ sotsialistik davlatning bo‘lg‘usi jinoiy kodeksi loyihasini berishadi. Vladimir Ilich hayotida so‘nggi marta ijodiy quvvati tomirlarida jo‘sh urganini his qiladiyu, loyihani qizil qalam bilan rosa bezab chiqadi.

Shunaqa ham landovurlik bo‘ladimi? Qani inqilobiy shijoat?

«O’rtoq Kurskiy, - deb yozadi Lenin o‘zining Adliya xalq komissariga, - menimcha, otuvni qo‘llashni kengaytirish kerak, mensheviklar, eserlarning hamma faoliyatlariga nisbatan otuvni qo‘llash lozim; bu faoliyatni xalqaro burjuaziya bilan va uning bizga qarshi kurashi bilan bog‘laydigan (matbuot va agentliklarni sotib olish, urushga tayyorgarlik olib borish va h.k.) iboralarni topish zarur. O’zingizning mulohazalaringizni qo‘shib, zudlik bilan menga qaytarishingizni so‘rayman. Lenin. 1922 yil 15 may». Yo‘q! Kurskiy tushunmaydi! Gap faqat mensheviklar bilan eserlar haqidagina ketyapti deb o‘ylashi mumkin. Unga batafsilroq tushuntirib bermoq lozim.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:53:40

Oradan bir kun o‘tgach, 1922 yil 17 may kuni Lenin Kurskiyga yangi maktub yo‘llaydi: «O’rtoq Kurskiy! Jinoiy kodeksning qo‘shimcha paragrafi qoralamasini sizga jo‘natyapman. Bu qoralamani, albatta, tuzatish va qayta ishlash lozim. Qoralamaning hamma nuqsonlariga qaramay asosiy fikr ravshan bo‘lsa kerak: terrorning mohiyati va zarurligini, uning chegaralarini aniqlab beruvchi printsipial va siyosiy haqqoniy (nafaqat tor huquqiy) qoidalarni oshkora aytish zarur.

Sud terrorni yo‘qqa chiqarishi kerak emas, buni va’da qilish o‘z-o‘zini ham, boshqalarni ham aldash bo‘lardi. Aksincha, sud murosasiz tarzda sira ikkilanmay terrorni qonunlashtirmog‘i zarur. Bu o‘rinda soxtalik va ko‘zbo‘yamachilikka o‘rin yo‘q. Iboralarning ma’nosi imkoni boricha kengroq bo‘lishi kerak. Sababki, faqat inqilobiy huquq va inqilobiy vijdongina otuvni amalda ozmi-ko‘pmi kengroq qo‘llash sharoitlarini beradi. Kommunistik salom bilan Lenin».

Ma’lumotiga ko‘ra, o‘zi huquqshunos bo‘lgan Lenin RSFSR Jinoyat kodeksining o‘z qo‘li bilan yozgan uchta variantini yo‘llaydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:54:34

«1-variant.

Kapitalizm o‘rniga keladigan kommunistik mulkchilik tizimini e’tirof etmaydigan va bu tizimni istilo yo‘li bilanmi, qamal bilanmi, josuslik bilanmi yoki matbuotga mablag‘ ajratish bilanmi va boshqa vositalar yordamida zo‘rlik bilan ag‘darib tashlashga intiluvchi xalqaro burjuaziya kuchlariga ko‘mak berishga yo‘naltirilgan targ‘ibot yo tashviqot, yoki tashkilotlarga uyushish, yoki tashkilotlarga yordam berish oliy jazo bilan jazolanadi, aybni yumshatuvchi holatlar mavjud bo‘lsa, oliy jazo ozodlikdan mahrum qilish yoki xorijga badarg‘a qilish bilan almashtirilishi mumkin.

2-variant.

a) xalqaro burjuaziyaning muayyan qismi bilan hamkorlik qilishga yo‘naltirilgan targ‘ibot va tashviqot va h. k. oxirigacha; b) tashkilotlarda ishtirok etishda yoki tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda yoki yuqorida zikr etilgan yo‘nalishga ega bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi kishilarga yordam berishda aybdorlar ham ana shu jazoga mustahiq qilinadilar».

Har doimdagidek Leninning yugurik qalami dohiyning fikridan o‘zib, zabt etilgan mamlakat aholisidan ko‘proq odamning bo‘yniga otuv sirtmog‘ini tashlashga urinadi. Bu odamlar laqmalik qilib, bolsheviklarning yangi iqtisodiy siyosatini jiddiy va uzoqqa ketadigan hodisa deb qabul qilishgandi, holbuki bu bosqinchi hukmdorlar tomonidan qo‘yilgan navbatdagi tuzoq edi, xolos. Kurskiy uning gaplarini tushunib yetishiga ishonqiramagan Lenin qo‘shimcha qiladi:

«2b-variant.

Yordam beruvchi yoki yordam berishga qurbi yetadiganlar». So‘ng bu iborani quyuq yozib, ostiga chizib ta’kidlaydi. Ana endi hammasi raso bo‘ldi, shekilli. Bo‘lg‘usi davlatning hamma aholisiga nisbatan davlatning xohishi bilan otuv moddasini qo‘llayverish mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:55:04

Ertasi kuni, ya’ni 1922 yilning 18 mayida RKP (b) Markazqo‘mi Siyosiy byurosining maxsus majlisida GPU xodimlarining maoshini uch baravar oshirish to‘g‘risida va oziq-ovqat taqsimoti maxsus yopiq tarmog‘ining maxsus ulushlari bilan ta’minlashga ko‘chirish haqida qaror qabul qilinadi... Ayni chog’da, Jinoyat kodeksining otish jazosini keng qo‘llashga bog‘liq yangi moddalarini tushuntirib beruvchi maxfiy qo‘llanma Leninning vizasi bilan GPUga yuboriladi:

«Hozirgi vaqtda Yangi iqtisodiy siyosat amalga oshirilayotgani sababli va oliy manfaatlarga mos hukumat mulohazalariga asoslanib, OGPU faoliyatini ma’lum darajada sustlashtirishga majbur. Ammo har bir GPU xodimi shuni yaxshi bilmog‘i kerakki, bunday vaziyat faqat vaqtinchagina davom etmog‘i mumkin, shuning uchun OGPU hozirgi paytda dushmanlarimizni aniqlab, ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yish uchun imkoni boricha harakat qilmoqlari kerak. Keyin, vaqt-soati kelganda, ularga qaqshatqich zarba beriladi».

Bu paytga kelganda OGPU tomonidan dushmanlarga beriladigan qaqshatqich zarbaning ma’nosi nima ekanini hamma tushunadigan bo‘lib qolgandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:56:09

1922 yil 17 dekabrda «dongdor» chekist Peters «Izvestiya» gazetasida maqola bostirib, unda yuksak hushyorlikka chaqiradi: «NEP sharoitida ham bizni har tarafdan ashaddiy dushmanlar qurshab turganini unutmasligimiz kerak». Xo‘sh, bu «ashaddiy dushmanlar» kimlar? Kimlarni aniqlab, ro‘yxatdan o‘tkazib qo‘yish kerak? Kimlarni, avval, ipidan-ignasigacha shilib olib, keyin vaqt-soati yetganda yoppasiga otib tashlash talab qilinadi? 1923 yil fevralida jo‘natilgan maxfiy ko‘rsatmada yaqin o‘rtalarda yoppasiga jismonan mahv etilishga mahkum odamlar batafsil sanalgan.

«Siyosiy partiyalar va tashkilotlar.
1. Inqilobdan avvalgi siyosiy partiyaning hamma sobiq a’zolari.
2. Monarxistik ittifoqlar va tashkilotlarning hamma sobiq a’zolari.
3. Mustaqil Yer Egalari Ittifoqining hamma sobiq a’zolari, shuningdek, Ukrainada Markaziy Rada vaqtidagi Mustaqil G’allakorlar Ittifoqining a’zolari.
4. Sobiq aslzodalar va dvoryanlarning hamma vakillari.
5. Yoshlar tashkilotlarining hamma sobiq vakillari (boy-skautlar va boshqalar).
6. Istalgan yo‘nalishdagi hamma millatchilar. Chor muassasalarining xodimlari.
1) Sobiq Ichki Ishlar vazirligining hamma xodimlari, oxranka, politsiya va jandarmeriyaning hamma xodimlari, oxranka va politsiyaning hamma xufiyalari, chegara soqchilarining hamma mansabdorlari.
2) Sobiq Adliya vazirligining hamma xodimlari, viloyat sudlarining hamma a’zolari, har xil darajadagi sudyalar, prokurorlar, mirovoy sudyalar, sud tergovchilari,sud ijrochilari, qishloq sudlarining boshliqlari va hokazo.
3) Chor armiyasi va flotining beistisno hamma ofitserlari va unter ofitserlari.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:56:40

Sovet tuzumining yashirin dushmanlari.

1. Oq armiyalarning, oqgvardiyachi nomuntazam tuzilmalarning, petlyurachilar qo‘shilmalarining, Sovet hokimiyatiga qarshi faol kurash olib borgan turli-tuman g‘alayonchi bo‘linmalar va bandalarning hamma ofitserlari, unter-ofitserlari va oddiy askarlari. Sovet hokimiyati tomonidan afv etilgan shaxslar bundan mustasno emas.
2. Oq gvardiyachi hukumatlarning, Markaziy Radaning, Getman ma’muriyatining markaziy hamda mahalliy organlari va idoralarining hamma harbiy bo‘lmagan xodimlari,
3. Hamma diniy arboblar: yepiskoplar, pravoslav va katolik cherkovining ruhoniylari, ravvinlar, so‘filar, rohiblar, xormeysterlar, cherxov oqsoqollari va boshqalar.
4. Hamma sobiq savdogarlar, magazin va do‘konlarning egalari, shuningdek, «NEPman»lar.
5. Hamma sobiq yer egalari, yirik ijaradorlar, o‘tmishda yollanma kuchdan foydalangan badavlat dehqonlar. Hamma sanoat korxonalari va ustaxonalarning sobiq egalari.
6. Yaqin qarindoshlari yashirin holatda bo‘lgan yoki aksilinqilobiy to‘dalar saflarida sovet tuzumiga qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan hamma shaxslar.
7. Millatidan qat’i nazar, hamma ajnabiylar.
8. Chet ellarda qarindoshlari va tanishlari bo‘lgan hamma shaxslar.
9. Diniy mazhablar va jamoalarning hamma a’zolari (ayniqsa, baptistlar).
10. Eski maktablarga mansub hamma olimlar va mutaxassislar (ayniqsa, ularning siyosiy tamoyillari hozirga qadar uzil-kesil aniqlanmagan bo‘lsa).
11. Avvallari kontrabanda, josuslik va shunga o‘xshashlarda gumon qilingan yoki sudlangan hamma shaxslar».

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:56:59

Stalinni «Bosh kotib» qilib saylamaslik haqida tavsiya berilgan arzimas maktubni emas, ayni ana shu hujjatlarni Leninning haqiqiy siyosiy vasiyati deb hisoblash kerak. Modomiki, mamlakatdan ketmaslikka va Sovet sotsialistik davlatlar Ittifoqi qurishga ahd qilinibdimi, bu Ittifoqni barpo etishga imkon beradigan birdan-bir usul ana shunday bo‘ladi! Ming yillik Rossiya imperiyasi ham munkillab qolgan hamma imperiyalarga o‘xshab yengiltak jangarilik dardiga chalingan edi. Shuning uchun u o‘z ixtiyori bilan zimmasiga olgan vazifalarni bajarishga yaramadi, avvaddan nazarda tutilmagan og‘ir yuklarni ko‘tarolmadi va oxir-pirovardi quladi-yu, vayron bo‘ldi. Uni qaytadan tiriltirishning iloji yo‘q, ammo uzil-kesil zarba berib, uni boshqariladigan murdaga aylantirsa bo‘ladi. Bu murda muttasil terrorning po‘lat halqalari bilan kishanband qilinadi. Mahv etilishidan bir amallab omon qolgan odamlar tug‘ilgan kunidan boshlab o‘lguniga qadar uzluksiz takrorlab turadigan soxta marksistik ayyuhannoslar bu halqaga kuch bag‘ishlaydi. Boshqariladigan murdaning kuchidan istagan maqsadda foydalansa bo‘ladi — uning yordamida daryolarni orqaga burib yuborish ham, butun dunyoni zabt etish ham, butun mamlakatni elektrlashtirish ham mumkin. Bu ishlarni qilish uchun pul ham talab qilinmaydi, chunki hammaning qornini to‘yg‘azsangiz bas, ishlayveradi. Qorinni to‘yg‘azish uchun beriladigan ulushni esa qilinadigan ishning, bajariladigan topshiriqning hajmi va sifatiga qarab ko‘paytirib yoki kamaytirib turish mumkin. Bu behisob mehnat armiyalari va «proletar batalonlari» tuzishga imkon beradi. Butun Ovruponi va butun dunyoni ana shu mehnat armiyalari bilan to‘ldirib tashlash mumkin. Ularning yordamida jahon miqyosida sotsializmning g‘alabasiga erishish mumkin. Bularning bari juda jo‘n va tushunarli. Ammo bunga o‘xshagan ishlarni amalga oshirish uchun juda katta miqdorda «boshqaruvchilar» armiyasi zarur. Hayot esa allaqachon shuni isbot qildiki, bu «armiya» rohatu farog‘at tufayli juda tez rasvo bo‘lar ekan, biror ish bilan shug‘ullanishni butunlay yig‘ishtirib qo‘yar ekan, hamma narsani o‘z holiga tashlab, hech qanday qarshilik ko‘rsatmasdan, borgan sari shitob bilan poraxo‘rlikning shirin botqog‘iga chuqurroq botib borar ekan. Binobarin, «boshqaruvchilar»ning yangi armiyasini tuzish kerak bo‘ladi. Bu «okkupatsion ma’muriyatning» o‘ziga xos Bosh qarorgohi bo‘ladi, u o‘ta maxfiylik pardasiga o‘rab olinadi va shaxsiy imtiyozlar devori bilan ihotalanadi, ammo dohiy oldida o‘zining xatti-harakati, gap-so‘zlari va hatto fikrlari uchun boshi bilan javob beradi. Ammo bularning bari uchun pul kerak. Pul bo‘lganda ham chakana pul emas. Qani o‘sha pullar?

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:57:36

1922 yildayoq Stalin bir vaqtlar Rossiyaning milliy boyligini tashkil qilgan behisob pullar qanday qilib mamlakatdan G’arbga o‘tib ketganini tekshirib ko‘rishga urindi. Ammo sobiq ChK apparati hali uning qo‘lida emas edi. Tergov maxfiy ravishda va o‘ta ehtiyotkorlik bilan o‘tkaziladi, biroq amalda hech qanday natija bermaydi. Oltin iplarning zo‘r-bazo‘r topilgan uchlari xalqaro banklarning yerto‘lalarida aql bovar qilmaydigan tarzda ayqash-uyqash bo‘lib ketibdi. Agar bir vaqtlar rus oltinlarini qanday qilib so‘rib olganlarini topgan taqdirda ham, bu oltinlar qay yo‘l bilan xalqaro bozorga chiqarilganini endi aniqlab bo‘lmaydi. Banklar ming-minglab xartumlari bilan butun jahonni qoplab olgan. Bu xartumlar qanday ish yuritishini bilib olishga qurbi yetadigan odamlarning o‘zi yo‘q. Moskvada butun dunyoda proletar inqilobi qilamiz deb bong urib yurishgan vaqtda butun dunyoda imi-jimida, birov payqamaydigan tarzda moliyaviy inqilob bo‘lib o‘tibdi. Qaysi bir mamlakat yoki bir guruh mamlakatlar shu inqilob beradigan siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlardan uddaburonlik bilan foydalana bilsa, shular dunyo miqyosida hukmronlik qila oladi. 1917 yilning oktyabrida Rossiyada hokimiyatni bosib olganlar buni bilisharmidi? Stalin ularning orasida edi, lekin pixini yorgan jinoyatchining o‘tkir sezgisi bilan allanechuk nojo‘ya ishlar bo‘layotganini sezgan bo‘lsa-da, bu gaplardan bexabar edi. U eng ibtidoiy tarzdagi iqtisodiy va siyosiy ma’lumotga ega emasdi, shuning uchun yuz berayotgan voqealarni loaqal yuzaki tarzda bo‘lsa ham tahlil qilish imkoniga ega emas edi. Buning uchun vaqti ham yo‘q edi. Xo‘sh, qolganlar-chi? Bilishganmi, yo‘qmi? Leninning o‘zi nimani bilgan? Boshqalardan ortiqroq bilmagan bo‘lsa kerak? Uning majruh xayolparastligidan xabardor odamlar o‘zini rosa laqillatib ketishgan. Lenin ham, uning tevarak-atrofidagi yaqin a’yonlari ham hech qachon Stalinga sirlarini bildirishgan emas. Unga mensimay qarashgan, istehzo bilan jilmayib qo‘ya qolishgan. Ammo Stalin ham anoyi emas. U GPUning oliy tabaqalari o‘rtasidagi keskin ziddiyatlardan ustalik bilan foydalanib, Goxrandagi boyliklarning bir qismini boshqa joyga olib borib yashirtirib qo‘ydi. Buning uchun ozmuncha kuch sarfladimi u? Biroq GPU shunaqa tashkilotki, unga ishonib bo‘lmaydi. Yashirib qo‘yilgan narsani GPU topib bera olarmikin? Bu ham ma’lum emas.

Lenin o‘lib, mustaqil ish qilishga imkon yaraldi. Lenin o‘zi bilan qabriga olib ketgan siru asrorlar, mayli, uning vijdoniga havola. Ammo yaqin a’yonlarining ta’zirini berib qo‘yish kerak. Kreml g‘iybatning uyasi bo‘lib qolgan. Bu yerda yarim kun keyin nima bo‘lishini ham bilolmaysan. Eski bolsheviklar gvardiyasidagi raqiblar, Trotskiy aytganidek, «chala mulla seminarist»ni yanchib talqon qilib tashlaydigan ko‘rinar edi. Nazariy jihatdan qaraganda xuddi shundoq bo‘lishi kerak edi, ammo amalda ko‘rindiki, ularning hammasi allaqachon jangovarlik xislatlarini yo‘qotib bo‘lishgan ekan. Ular faqat kurash malakalarini emas, balki ishlashni ham unutib qo‘yishibdi. Ularning Rossiyada qolishga toqatlari yo‘q. "œOvrupoga jo‘nashdan" esa xavotir olishadi. Yo‘q, Ovrupo ham butunlay boshqacha bo‘lib ketgan, endi Birinchi jahon urushidan avvalgi Ovrupo qolgani yo‘q. Rossiyadagi yetti yillik boshboshdoqlik mobaynida ularda yangi odatlar, yangi malakalar hosil bo‘ldi. Bu xislatlari bilan Ovrupoda ancha qiynalib qolishadi. Faqat Trotskiygina ahdida qat’iy turibdi. U ketishga qaror qilgan. Oldin kimni mahv etish kerag-u, keyin kimni majaqlash zarur, deganga o‘xshash behuda munozaralar joniga tegib ketgan. Mehnat armiyasining jangchilariga biron haq to‘lash kerakmi yo qornini to‘yg‘azsa kifoyami? Leninning rejasiga ko‘ra hali ancha vaqt mobaynida yeng shimarib qonli ishlar bilan shug‘ullanish kerak edi. Undan ko‘ra, bankdagi million-million pullaringni xarjlab, G’arbda ko‘ngilxushlik bilan umr kechirganing yaxshi emasmi?

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:58:11

Stalin Trotskiyni o‘zining eng xavfli raqibi deb bilardi, shuning uchun uning bunaqa kayfiyatidan faqat xursand edi. Partiyaning bosh yo‘lidan og‘ib ketgani uchun uni chet elga badarg‘a qiladigan bo‘lishdi va bir zumda butun arxivi bilan uni xorijga ravona qilishdi. Mayli, u yerlarda o‘zi o‘ylab topgan uzluksiz inqilob nazariyasi ustida bemalol ishlayversin. Lekin uni sira ko‘zdan qochirmaslik kerak. Undan boxabar bo‘lib turilsa, o‘g‘irlangan boyliklarning izi chiqib qolsa ham ajab emas. Izi chiqmasligiga ishonch hosil qilgach, bir hamla bilan majaqlab qo‘ya qolishdi.

Trotskiyni badarg‘a qiladigan vaqtda OGPUning boshlig‘i Genrix Yagoda Ulug‘ Oktyabr sotsialistik inqilobi deb atalgan tarixdagi beqiyos talonda o‘lja o‘marganlarning hammasining shaxsiy hisoblar raqamlari va ularda qancha pul borligini Iosif Vissarionovichga ma’lum qilgan edi. Yagoda faqat o‘z hisobi raqaminigina aytgani yo‘q. U go‘llik bilan o‘rtoq Stalinga mendan boshqa axborot berib turadigan odam yo‘q deb o‘ylagan edi. Keyinchalik Yagoda hisob raqamini aytadi, ammo fursat o‘tib bo‘lgan edi. Stalin ularning hammasidan oxirgi tiyinigacha sug‘urib oladi. Ularning hammasi laxtak-laxtak qon qusib, sindirilgan tishlarini tuflay-tuflay, peshonalaridan o‘q yeyishlaridan avval pullarini g‘arb banklaridan Moskvaga ko‘chirishadi. Zinovev, Kamenev, Buxarin, Menjinskiy, Ganetskiy, Unshlixt, Bokiy — sanab ado qilolmaysan, biroq Stalin ularning birontasini esidan chiqargani yo‘q. Hatto Leninni ham. Shaxsan o‘zi Nadejda Konstantinovnaga agar u jahon proletariati dohiysining Shveytsariya bankidagi pullarini qaytarib bermasa, boshiga nima kunlar tushishini uqtirdi. Ertagayoq Krupskaya Leninning xotini bo‘lganini va hozir bevasi ekanini hamma paqqos unutib yuboradi-da, Zemlyachkani, ha, o‘sha Bela Kun bilan birga Sevastopoldan oltinlarni olib chiqib ketgan Zemlyachkani Leninning bevasi deb hisoblay boshlaydi. Nadejda Konstantinovna laqqa tushdi, pulning hammasini qaytardi. Ammo Zemlyachka durust chiqib qoldi. Hammasini o‘zi ixtiyoriy topshirdi. Bela Kun ham aytib berdi.

Ammo-lekin bu Bela Kun degani yomon xasis ekan-da - sira-sira pulni qaytargisi kelmaydi-ya! Uch kecha-yu uch kunduz kaltaklab, oxirgi tiyinigacha qoqishtirib olishdi, keyin otib tashlashdi. Hech kim mushugimizni «pisht» demaydi degan xomxayolda yurgan jamiki «baynalmilalchilar»ning ta’zirini berib qo‘yishdi. Ular bilan pachakilashib o‘tirishmadi. Jahon inqilobiga atalgan pullarni o‘zi uchun sarflab, xorijda kayf-safo qilib yurmoqchi bo‘lganlarni ham sog‘ qo‘yishmadi. Faqat bir nechta amerikalikkina qochib qutulishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin keyinchalik ularning nomini hech kim eshitgani ham yo‘q.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:58:34

Pullar Moskvaga oqib kela boshladi, biroq ular faqat shaxsiy hisoblardagi pul edi. Bu esa dengizdan tomchi edi, xolos. Juda oz edi. Stalinning yangi imperiya qurish to‘g‘risidagi ulug‘ rejalari uchun juda ko‘p pul kerak edi. OGPU va uning vorisi bo‘lmish NKVD xodimlari butun jahon bo‘ylab izg‘ib, Lenin «Partiyaning oltini» deb atagan behisob xazinani izladi. Qamoqqa olingan bankirlarni qiynoqqa solib, «Partiyaning oltini»ni Gestapo ham izladi. Qiynashga qiynashdi-yu, lekin oltinni topisha olmadi. Qayoqqa g‘oyib bo‘lgan u? Nimaga sarf bo‘lgan? Aniq aytish qiyin, ammo bir qator tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, ayni ana shu «Partiyaning oltini» Qo‘shma Shtatlarni 20-yillardagi chuqur iqtisodiy tanazzuldan olib chiqqan va keyingi yillarda prezident Ruzveltning «Yangi yo‘l»ining iqtisodiy gullab-yashnashiga imkon bergan. Hali hech kim tomonidan jahonning moliya tarixi bitilgan emas, sababki, moliyaviy sirlar davlat sirlari va harbiy sirlardan farq qilaroq, tarixiy rivojlanish davomida oshkor bo‘lmaydi, aksincha, yanada battarroq maxfiylashib boradi.

O’rtoq Stalin o‘z davlatini mahv etilgan Rossiya xarobalari ustida qanday usullar bilan barpo etgani hammaga ma’lum. «Butun jahon xalqtari dohiysi»ning qo‘lidan kelmaydigan bironta jinoyat yo‘qday edi. Million-million odamlar otib tashlandi va qamoqlarda chiritildi. Leninning hamma vasiyatlari bittama-bitta og‘ishmay amalga oshirildi. Iosif Vissarionovich Leninning sadoqatli shogirdi bo‘lgan edi. U o‘z ustozining vasiyatlariga og‘ishmay amal qildi, bironta jihatidan undan chekingani, o‘zicha yangi yo‘llar o‘ylab topgani yo‘q. Bunga ishonch hosil qilish uchun yana bir marta mahkumlar ro‘yxatiga ko‘z tashlash kifoya.

U sotsializm nazariyasi bo‘yicha zo‘r emas edi va buni o‘zi ham anglardi. Shuning uchun ham 40-yillarning boshiga kelganda ko‘rsatilgan ro‘yxatda qayd qilingan aholi toifasidan kimdir hali omon qolgan bo‘lsa, u faqat tikanli sim ortidagina jon saqlagan edi.

Qayd etilgan