Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154707 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 ... 41 B


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 09:59:40

Stalinning qonli ishlari haqida juda ko‘p gapirish mumkin, ammo unga tan beradigan joylari ham bor. Lenin faqat buzishni bilar edi. Holbuki, hayot jahon proletariatining dohiysi yaratuvchilik ishidan butunlay bexabar ekanini ko‘rsatdi. Bunaqa ish unga malol kelar edi. U shu ko‘yi - hech narsa barpo etmay olamdan o‘tdi. Undan farq qilaroq o‘rtoq Stalin butun kuchini yaratishga yo‘naltirdi. U davlatni vayron qilgani yo‘q, balki barpo etdi. Binobarin, u mablag‘larning mamlakatdan chiqib ketishidan emas, mamlakatga kirib kelishidan manfaatdor edi. Dastavval, u bolsheviklarning kommunistik partiyasini yoki VKP (b) ni yaratdi, chunki Lenin yaratgan partiya Stalinga mutlaqo ma’qul emas edi. Ustiga charm paltolar kiyib olgan paxmoq soqolli baqiroqlar hamisha rahbariyatga gap qaytarib, u bilan jiqillashgani-jiqillashgan. Bu to‘da son-sanoqsiz iplar orqali chet ellardagi turli-tuman qalang‘i-qasang‘i tashkilotlarga bog‘langan. Ular jahon inqilobi markazini Moskvaday madaniyatsiz va nopok joydan Berlingami yoxud Parijgami ko‘chirishni muttasil orzu qilishadi. O’zlari ham har narsani bahona qilib, o‘sha yoqlarga yiliga ikki-uch marta borib kelishadi. Bunaqalardan tashkil topgan partiya faqat mahv etishga va talonchilikka yaraydi, lekin bironta jiddiy narsani barpo etolmaydi, hatto, mahbuslar lagerini ham qurolmaydi. Shuning uchun bunaqa partiya sahnadan chiqib ketishi, ketganda ham tez chiqib ketishi kerak. U o‘z nomidan bir bo‘lagini yangi partiya uchun qoldirib ketsa, kifoya. O’rtoq Stalin yangi partiyani qilichbardorlar mazhabiga o‘xshatib yaratmoqchi, ammo bu partiyadagi intizom mazhabnikidan o‘n chandon qattiqroq bo‘ladi.

Bir partiyaning shitob bilan g‘oyib bo‘lishi va uning o‘rniga boshqa partiyani barpo etish yagona bir yo‘l bilangina amalga oshirilishi mumkin edi va shunday amalga oshirildi ham: leninchilar «gvardiyasi» yashin tezligida yo‘qlik dunyosiga rixlat qilishi kerak edi. Bu gvardiya «ketar jafosi»ga Moskvadagi ochiq sud majlislarida o‘zi haqidagi hamma haqiqatni aytib, o‘zidagi yuksak aqidaparastlikni va jangovarlik sifatlarini butun dunyoga namoyish etib ketishi lozim edi. Ketganlarning o‘rnini yangi odamlar egalladi. Ularni Stalin o‘ta sinchkovlik bilan maxsus tanlab olgan edi. Stalin o‘z mazhabining oliy tabaqasini tanlash ishini Lenin hayotligida, Markazqo‘m kotibiyatiga rahbar bo‘lib olganidayoq boshlagan edi. 1924 yilda Stalinning ro‘yxatida 3500 ta mansabga Markazqo‘m orqaligina odam qo‘yilardi, 1500 ga yaqin mansabga esa Markazqo‘mning Hisob-taqsimot bo‘limining roziligi bilan odam qo‘yilardi. 1925 yilda esa bunaqa mansablarning soni 25 mingga yetdi. Bular endi boshqa ishlardan ozod qilingan, maosh olib ishlaydigan partiya apparati edi. Endi har qirq kommunistga bittadan boshqa ishlardan ozod qilingan partorg to‘g‘ri kelardi. 1924 yilning o‘zida Hisob-taqsimot bo‘limi Markazqo‘mning Tashkiliy-instruktorlik bo‘limiga qo‘shilib ketdi, yangi Tashkiliy hisobot-taqsimot bo‘limi paydo bo‘ldi, u Markazqo‘m apparatidagi eng asosiy bo‘limga aylandi. Stalin bu bo‘limga Kaganovichni rahbar qilib qo‘ydi. Bu yangi bo‘lim nafaqat partiya mansablariga, balki davlat mansablariga ham odam tanlay boshladi. 1925 yilning oxiridan 1928 yil boshigacha 8761 odam ishga tayinlandi. 1930 yilda Tashkiliy hisobot-taqsimot bo‘limi yana ikkiga ajradi — ularning biri Tashkiliy instruktorlik bo‘limi bo‘lib, partiya apparatidagi lavozimlarga odam tayinlash bilan shug‘ullanardi. Ikkinchi bo‘lim esa bir qator qismlarga ega bo‘lib (og‘ir sanoat, yengil sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, sovet muassasalari, xorijdagi kadrlar va h. k.), barpo etilayotgan imperiya idorasiga kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanar edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:00:07

Lenin Gustav Lebonning «Avom ruhiyati» degan kitobini qo‘ldan qo‘ymay o‘qir edi. Jahon proletariatining dohiysi bu kitobning hoshiyalarini xilma-xil belgilaru xitoblarga to‘ldirib tashlagandi. Stalin esa avomga uncha qiziqmasdi. U Nikolo Makkiavellining «Davlatpanoh» degan mumtoz tadqiqoti bilan admiral Mexenning «Dengizda hukmronlik qilish» degan kitobini ko‘p o‘qirdi. Xuddi ana shu kitoblarga ishqibozlik kayzer Vilgelmni ham, imperator Nikolayni ham halok etdi, ammo ularda harbiy aqidalar bilan fikrlash qobiliyatini o‘stirdi. Aftidan, Stalin ham shunga erishish niyatida bo‘lgan. U birinchi bo‘lib «partiyaning qo‘mondonlar tarkibi» degan atamani qo‘lladi. «Bizning partiyamiz tarkibida, - deb ko‘rsatgan edi barcha xalqlar dohiysi, — agar rahbar xodimlar nazarda tutilsa, 3-4 ming atrofida oliy tabaqa rahbarlar bor. Men ularni partiyamizning generallari deb atagan bo‘lur edim. Undan keyin 30-40 ming o‘rta darajadagi rahbarlar mavjud. Ular partiya-mizning ofitserlari. Undan keyin 100-150 ming atrofida partiyamizning quyi tabaqa qo‘mondonlar tarkibi bor. Ularni partiya unter-ofitserlari deb atash mumkin».

Bo‘lg‘usi generalissimusning harbiycha tafakkuri yangi nomenklatura yaratish jarayoniga boshdan-oyoq singib ketgan. Bu nomenklatura temir intizomga ega bo‘lib, o‘z dohiysining bir qosh chimirishi bilan yoxud mo‘ylovining bir qimirlashi bilanoq har qanday ishni bajo keltirishga tayyor edi. Leninchi «gvardiya»dan yangi «zodagonlar»ga biron narsa o‘tgan bo‘lsa, faqat xalqqa nafrat bilan mensimay qarash va uning manfaatlarini sariq chaqaga olmaslik mayli o‘tgan edi. Shu bilan birga ularda ba’zi bir yangi sifatlar paydo bo‘lgan ediki, ularni nima bo‘lganda ham, ijobiy holatlar deb e’tirof etishga to‘g‘ri keladi. Lenin «gvardiyasi»ni birinchi navbatda shaxsiy boyish masalalari qiziqtirgan. U mamlakatni talash bilan shug‘ullangan. Bu jarayonda ashaddiy o‘zboshimchaliklarni namoyon etishgan, na qonun oldida (bunaqa qonunning o‘zi bo‘lgan emas), na dohiy oldida (dohiy bunaqa o‘zboshimchaliklarni rag‘batlantirgan, xolos) hech qanday mas’uliyatga ega bo‘lishgan emas. Ammo Stalinning rahbar xodamlari esa, mutlaqo boshqacha qoliplarga solib qo‘yilgandi. Puxta o‘ylangan imtiyozlar tizimi yordamida ularning yashash tarzi ancha yuqori darajaga ko‘tarildi. Lenincha talovlar oqibatida yoppasiga qashshoq proletariatga aylanib qolgan xalq bunaqa yashash mumkinligini yetti uxlab tushida ham ko‘rmagandi. Stalinning rahbar xodimlari esa, bu xalq ustidan cheklanmagan hokimiyatni qo‘lga kiritgandilar. Ammo ayni choqda ular o‘zlarining ojizliklarini ham juda yaxshi bilishardi. Chunki ovloq joydagi raykom kotibidan tortib Siyosiy byuro a’zosigacha, Davlat xavfsizligining general-komissari yoxud marshalgacha — ularning hammasi istalgan daqiqada to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zining ish joyida otib o‘ldirilishi, NKVD yerto‘lalarida chalajon qilib tashlanishi yoxud son-sanoqsiz GULAG orollarining birortasida chiritib yuborilishi mumkin edi. Bunaqa narsalar «bugun borsan, ertaga - yo‘q» degan juda jo‘n bir tarzda talqin qilinardi.

Bu esa amal kursisida o‘tirganlarning ishtahasini ancha jilovlab turar, poraxo‘rlik va ochko‘zlikning ham keng quloch yoyishiga qo‘ymas, ularning g‘ayratini davlat va xalq ehtiyojlariga yo‘naltirardi. «Davlat va xalq» tushunchalari ostida esa yana o‘sha nomenklatura tushunilardi. Nomenklaturaning o‘zi ham o‘zini davlat va xalq deb anglar edi. Iosif Vissarionovich ko‘zlagan maqsad ham aslida shu edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:00:45

Nomenklaturaning toblanishi kollektivlashtirish tufayli vujudga kelgan dahshatli ochlik davridayoq boshlangan edi. Rayon partiya qo‘mitalari qoshida xos oshxonalar bo‘lar, ularning tevaragiga esa ochlikdan sillasi qurigan dehqonlar, ochlik azobiga chidayolmay dod-voy soluvchi shishib ketgan bolalar to‘planardi. Tabiiyki, raykomning eshiklarini tunu kun militsionerlar va GPUning askarlari qo‘riqlab turishardi, ammo oshxonalarning ochiq derazalaridan shunaqa hidlar anqirdiki, ochlikdan jon taslim qilayotgan odamlar bu hiddan butunlay aqlu hushini yo‘qotib qo‘yishardi. Bu oshxonalarda juda arzon baholarda — shunchaki nomigagina qo‘yilgan narxlarda oq non, go‘sht, tovuq, antiqa mevalar va boshqa tansiq narsalar sotilardi. 1917 yildan beri xalq bunday taomlarning o‘zinigina emas, hatto nomini ham unutib yuborgan edi. Hatto bu oshxonalarning xizmatchi xodimlariga ham turli-tuman mahsulotlardan yigirma xilini o‘z ichiga olgan ulush berilardi. Buni «Mikoyan ulushi» deb atashardi.

Ana shu maxsus farovonlik vohalari tevaragida esa ochlik va o‘lim javlon urardi. Avvaliga partiya idorasining anchagina xodimlari bu ahvolga chidash berolmadilar va xos oshxonalarning derazalari oldida to‘plangan och odamlarni, birinchi navbatda, albatta, bolalarni raykom oshxonalari hisobidan ovqatlantira boshlashdi. Bunaqa ko‘ngli bo‘shlar darhol mansablaridan olib tashlanar va allaqayoqqa gum qilinardi. Bunaqalar nomenklatura safidan butunlay quvilardi. Markaziy Qo‘mita rayon qo‘mitalariga mutlaqo maxfiy qo‘llanma yuborgandi. Unda shunday deyilardi: «Eng dahshatlisi shundaki, siz qo‘qqisdan ko‘nglingiz bo‘shlik qilib, qat’iyatingizni yo‘qotib qo‘ymang. Hatto tevarak-atrofingizdagilar ochlikdan o‘layotgan taqdirda ham siz tanovul qilishni o‘rganib olmog‘ingiz kerak. Aks holda, hosilni mamlakatga qaytaradigan odam qolmaydi. Ehtiroslarga berilmang va faqat o‘zingizni o‘ylang!» Ammo bunday qo‘llanmalarni ham to‘g‘ri tushunish kerak edi. Uni to‘g‘ri tushunishga hammaning qurbi yetavermasdi. Rayonlarda va viloyat markazlarida ochlik avjiga chiqqan kezlarda mahalliy partiya kotiblari va boshqa nomenklatura arboblari shohona ziyofatlar uyushtira boshladilar. Ularda ichkilik daryo bo‘lib oqar va bir o‘tirishda kim ichiga bedana solib pishirilgan qo‘zichoqni paqqos tushira oladi degan mazmunda musobaqalar bo‘lardi. Bunaqalarni imi-jimida qamoqqa olishardi-da, boshqalarga o‘rnak bo‘lsin uchun otib tashlashardi. Kimki o‘sha kezlarda otilmay qolgan bo‘lsa, 1937 va keyingi yillarda bu maishatlarni ularning burnidan buloq qilib chiqarishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:01:11

Mana shunday ruhda tarbiya ko‘rgan nomenklatura o‘zining hali yuzaga chiqmagan imkoniyatlari hadsiz ekanini his qilnb tursa-da, tishlarini qisganicha, Stalin belgilab qo‘ygan chegaralardan chiqmaslikka tirishar edi. Istisnolar deyarli bo‘lmas edi. Kalininning xotini qizig‘ida o‘zini tutib turolmay, Goxrandan bitta suvsar po‘stin olgandi. Bu po‘stin otib tashlangan podsho oyimniki edi. Uni qamadilar va u qamoqda o‘tirib, ko‘p yillar mobaynida qilgan ishi to‘g‘risida har tomonlama o‘ylab ko‘rish imkoniga erishdi. Molotovning xotini bo‘lsa, Goxrandan Yekaterina II nikoh kuni kiygan tojni olib, Amerika elchisining xotiniga sovg‘a qilib yubordi — ammo u ham bu «himmati» uchun turmaga tashlandi. Ularning erlari partiya-davlat a’yonlari o‘rtasida eng yuksak rutbaga ega bo‘lsalar-da, biroq xotinlariga zarracha yordam bera olmadilar. Holbuki, bu xotinlarning butun aybi ochko‘zligida emas, balki vaziyatni noto‘g‘ri tushunganida edi. Ular nimaniki o‘zlarining qonuniy o‘ljalari deb hisoblagan bo‘lsalar, Stalin bu narsalarni davlatniki deb bildi va nomenklaturaning har bir a’zosi o‘zining maqomiga munosib ravishda nimaga haqi borligini va unga xilof tarzda qanday ishlar qilsa, o‘limga mahkum bo‘lishini sekin-asta anglay bordi.

Hatto cheksiz qudratga ega bo‘lgan Lavrentiy Beriya ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moskva ko‘chalarida qizlarga tuzoq qo‘yib yurar ekan, o‘ziga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan bexabar edi. Beriya kimniki ilintirgan bo‘lsa, hammasi xatga tushgan edi. Oxir-oqibatda shunday bo‘ldiki, maxfiy politsiyaning xo‘jayini qamoqqa olingach, uni ancha-muncha qizlarni zo‘rlashdagina ayblashdi. Uni shuning uchun otishdi. Garchi uni Stalinning vafotidan keyin otishgan bo‘lsalar-da, jinoiy ish generalissimus hayotligidayoq pishib qolgan edi.

Lenin bir gal ilhomi juda jo‘shib ketganda: «Rejalarimizning hammasi — to‘q! Eng muhimi — kadrni tanlashda!» - degan edi. Aftidan, jahon proletariatining dohiysi umrining so‘nggi yillarida sotsialistik davlatni qurish imkoniyatlari haqida o‘ylanib, tevaragini qurshagan odamlar bilan hech narsa qilib bo‘lmasligini ancha-muncha tushunib qolgan ko‘rinadi. Talashga esa boshqa odam qolmagan. «NEPman»larni aytmasa, boshqa biror pichoqqa ilinadigani yo‘q. Ammo NEPmanlarga hali yetarli darajada jir bitib ulgurmagan — ularning hozirgi turishi yeb to‘ymas Lenin «gvardiyachi»larini qanoatlantirmaydi. Faqat Stalingina Ilichning hamma dohiyona niyatlarini to‘g‘ri tushuna oldi, u o‘zining o‘ttiz yillik hukmronligi mobaynida juda zo‘r chapdastlik bilan Lenin merosidan boltasi uchun kunda sifatida foydalandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:01:41

Ammo tuzukroq o‘ylab ko‘rganda Lenindan unga nima qolgan o‘zi? Dunyodagi birinchi sotsialistik davlatni qurish usullari-yu, imperializm davrida urushlarning muqarrarligi haqidagi g‘ira-shira bashoratdan boshqa?! Undan ship-shiydam xazina, xarob bo‘lgan, mutlaqo harbiy layoqati tugab bitgan armiya, parchalanib ketgan, ko‘z o‘ngida chirib-irib borayotgan partiya, xonavayron bo‘lgan, talangan, tavbasiga tayantirilgan mamlakat, johil, nodon, qiyofasini yo‘qotgan va ehtimolki, eng muhimi — savodsiz aholi qolgan. O’sha paytdayoq bu aholi «sotsializm» degan so‘zni eshitgan, manglayga otiladigan o‘qni ko‘z oldiga keltirgan. Lenindan yana nima qolgan? Tag-tugi bilan barbod qilingan sanoat, butunlay rasvosi chiqqan moliya tizimi, falaj bo‘lgan transport, deyarli to‘la mahv etilgan ishchi kuchi va bir qismi yo‘q qilingan, bir qismi butun dunyoga tariqday tarqatib yuborilgan ziyolilar. Fabrikalarning o‘lik mo‘rilari, zang bosgan, muzlab qolgan parovozlar, yarim cho‘kkan tashlandiq kemalar, juldur kiyimli behisob daydilar, shaharlarda davlat qirg‘ini bilan yonma-yon avj olgan jinoyatchilar terrori. NEP tufayli bir oz savdoga jon kirdi, xizmat ko‘rsatish sohasi qimirlab qoldi. Ammo bunaqa vaziyatda xizmat ko‘rsatish sohasi kimga kerak?

Faqat ChK—GPUgina tuzumning asosiy tayanchi sifatida ozmi-ko‘pmi layoqatini saqlab qolgan edi. U davlat terrorining uzluksizligi haqidagi Ilich vasiyatini mamnuniyat bilan bajarishda davom etardi, chunki yangi dohiy ham ularni ishsiz qoldirmasligini tushunardi. Yangi dohiy ularni ish bilan yaxshi ta’minladi, lekin har bir xodimning umrini ham bor-yo‘g‘i o‘n yil atrofida belgiladi. Chunki Stalin qurishni o‘ylagan davlat qayoqqa borayotgani noma’lum shunaqa bir kemaga aylandiki, uning qozonlari doimiy ravishda o‘txonasiga tashlab turiladigan minglab, millionlab, o‘n millionlab odamlarning jasadidan quvvat olardi. O’t qalovchi chekistlar ham erta-yu kech tinmay, jonini jabborga berib ishlar, ishini tugatgandan keyin esa, uni ham kemaning o‘txonasiga qalab yuborishardi. Kemaning peshtoqiga ma’nosining zo‘rligi jihatidan tengi yo‘q shior osib qo‘yilgan edi: «Lenin ta’limoti o‘lmasdir, chunki u to‘g‘ridir!»

Pogonlari yalt-yult qilib, petlitsalari tovlanib, moylangan etiklarini yaltiratib, yangi jabduqlarini g‘ijirlatib bu dahshatli o‘txona yoniga qancha-qancha chekistlar tushgan ekan? Ular pastga tushar ekanlar, ortiq hech qachon yuqori palubaga chiqa olmasliklarini, o‘zlari ham endi o‘txonaga qalanadigan o‘tindan boshqa narsa emasliklarini anglaganmikan? Hamma jonli narsa o‘tin! Jahon proletariati dohiysining ham, uning kamsuqum shogirdi - hamma xalqlar dohiysining ham mislsiz donoligi ana shunda edi. Ammo o‘txonalarda olov lovullab yonar, qozonlarda bug‘ vishillar, kema esa manzili noaniq bo‘lsa-da, borgan sari tezligini oshirib suzib borardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:02:25

1931 yil 5 dekabr kuni Moskvaning qoq markazida Xaloskor Isoning ulug‘vor ibodatxonasi tantana bilan portlatildi. Bu ibodatxona ko‘hna Rossiyaning ramzi edi. U eng e’zozli ibodatxona bo‘lib, to‘rt imperator saltanati davomida qirq yil qurilgan edi. Bu portlash sadosi butun dunyoga ming yillik Rossiya imperiyasi abadiy mahv qilinganini namoyish etmog‘i, uning tiriltirilgan jasadi Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi degan nom ostida oyoqqa turib, harakat qila boshlaganini ko‘rsatmog‘i lozim edi. Ayni shu sanani Stalinning mustaqil faoliyati boshlangan kun deb hisoblash mumkin. Chunki xuddi shu kuni Stalin 1917 yildagi ulug‘ g‘alayondan unga meros bo‘lib qolgan «Lenin gvardiyasini», NEPni va boshqa narsalarni yelkasidan uloqtirib tashlab, yangidan jon ato qilingan jasadni o‘zi belgilagan yo‘ldan boshladi. Oradan o‘n yil o‘tadi. O’n yil tarix uchun daqiqalarning mingdan biri ham emas. Lekin jahon dahshatga tushib va ayni choqda qoyil qolib, mo‘‘jizaning guvohi bo‘layotganini chor-nochor e’tirof etdi. Bu mo‘‘jiza haddan tashqari harbiylashtirilgan edi, ammo bu uning ta’sirchanligiga zarracha xalal berolgani yo‘q.

Bu vaqtda 303 diviziya qurollanib bo‘lgan edi. Tanklarning miqdori 23 mingtaga yetdi. Ularning ichida hali dunyoga noma’lum tanklar bor edi: zirhi qalin, motorlari avvalgiday benzinda emas, dizel yoqilg‘isida ishlardi. 17 ming samolyot har qanday g‘ovni majaqlab tashlashga qodir qudratli kuch edi. Ular har jihatdan eng yaxshi G’arb samolyotlaridan qolishmasdi. Ular son-sanoqsiz eskadrilyalarga uyushib, osmonda «Ulug‘ Stalinga shon-sharaflar!» degan inja xitoblarni yozib parvoz qilishardi. Zambaraklar va maxfiy reaktiv minometlarning soni 40 mingga yetgandi. Ular ham jahon miqyosida kommunizm g‘alabasiga erishish yo‘lida uchragan har qanday to‘siqni majaqlab tashlashga tayyor edi. 220 suv osti kemasi bor edi — jahondagi hamma mamlakatlarning suv osti kemalari qo‘shilganda ham bu raqamga yetolmasdi. Yangi esminetslar va kreyserlardan tashkil topgan eskadralar, oshig‘ich ravishda qurilayotgan bahaybat linkorlar qarib borayotgan dengizchi davlatlarga ularning shuhrati so‘nish pallasiga qadam qo‘yganini ro‘yirost ko‘rsatmog‘i darkor edi. Aholi jon boshiga dunyoda hammadan ko‘ra ko‘proq po‘lat va cho‘yan eritayotgan zavodlar, qurollarning yangi turlarini izlab topayotgan son-sanoqsiz ixtirochilik byurolari, tajribaxonalar, radio quvvati va reaktiv harakatlar ustida ish olib borayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari...

Bularning hammasi qaerdan boshlandi? Yuz minglab, millionlab injenerlar, tadqiqotchilar, ixtirochilar, uchuvchilar, shturmanlar, mexaniklar, tank haydovchilar, kema komandirlari, kema shturmanlari, elektriklar, minachilar, to‘pchilar, suv usti va suv osti flotining injener-mexaniklari, o‘ta mustahkam qotishmalar metallurgiyasi bo‘yicha, o‘ta o‘tkazgichlar, plazma, radiotexnik va radiolokatsiya mutaxassislari qaerdan paydo bo‘lib qoldi? Ular daraxtda o‘sgan emas-ku? Axir, 1913 yilda bu toifadagi harbiy va fuqaro mutaxassislarini topish amri mahol edi. Mana endi, bor-yo‘g‘i 10 yil ichida ular paydo bo‘ldi va ko‘paygandan ko‘payib, qudratli harbiy sanoat imperiyasi umurtqasini vujudga keltirdi. Holbuki, bor-yo‘g‘i 10 yil avval ularning ko‘plari mutlaqo savodsiz kishilar edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:02:59

Hozir gap nima evaziga va qanday maqsadlarda bularning bari barpo etilgani haqida emas, balki qanday qilib shunchalik qisqa muddatda buni yaratish mumkinligi ustida bormoqda. Bir siqim tuproqni yerga sochib, «Qo‘zg‘ol behisob qo‘shin!» deya hayqiruvchi va harb mashqini olgan, aslaha-anjomi joyida, yaxshi qurollangan millionlab askarlarning yer ostidan chiqib kelishini tomosha qiluvchi dostonlardagi pahlavon kabi Stalin mamnuniyat bilan o‘zining mo‘‘jizalar yaratuvchi qobiliyatiga ishonch hosil qilsa bo‘lardi. Sotsializm o‘txonasiga qalangan millionlab odamlarning quvvati qaynab-toshgan mehnatga aylandi. Stalin va u yaratgan yangi «qilichbardorlar» partiyasi o‘zining tashkilotchilik qudratini va aql bovar qilmaydigan ishchanligini ko‘rsatdi.

Bu vaqt ichida 60 mingdan ortiqroq ibodatxonalar portlatildi va yo‘q qilindi, ammo taxminan shuncha miqdorda stadionlar va madaniyat saroylari ham qurildi. Muntazam ravishda kuchayib borayotgan terror mehnatda ham, maishiy hayotda ham intizomni mustahkamladi. Partiyaning deyarli hamma «ofitserlari», shu jumladan, «generallari» ham izchillik bilan yo‘q qilib borildi yoki GULAG tegirmonlariga tashlandi. Ularning o‘rnini yangilari, yanada shafqatsizroqlari va dohiyga sadoqatliroqlari egalladi. Nomenklatura o‘zi bilan mahv qilinayotgan xalq o‘rtasida o‘tib bo‘lmas devor barpo qilib, yanada jipslashdi.

Nomenklatura hayotining maxfiyligi benihoya ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlanadigan davlat siri darajasiga chiqarib qo‘yildi. «Dohiylar» qanday yashaydi, nima yeb, nima ichadi, qanday ishlaydi, deb qiziqqan odam, oxir-pirovard otib tashlanishi mumkin edi. Chunki bironta rahbarga qarshi suiqasd uyushtirish niyatida bo‘lgan odamgina bunaqa narsalarga qiziqadi, deb hisoblanardi. Marks juda dudmallik bilan gapirgan proletariat diktaturasi nomenklaturaning xalq ustidan hukmronligiga aylanib qoldi; xalq esa yoppasiga tom ma’nodagi proletariat holiga keltirilgan edi. U mulkdan mahrum etilgan, yuridik huquqlardan mahrum etilgan, faqat xo‘jayin buyurgan ishnigina bajarar va buning evaziga ochdan o‘lmaslikka kifoya qiladigan yoxud xo‘jayin istasa ochdan o‘lishga mahkum etadigan haq olardi. Sirasini olganda, qullarning bunday tarbiyasida hayratlanadigan hech narsa yo‘q edi. Yuqorida eslatib o‘tganimizdek, bunday tarbiya yo‘llari qadimiy davrlardayoq ishlab chiqilgandi. Masalaning nozik tomoni boshqa narsada edi: qullarni bahamjihatlik bilan yonib-o‘rtanib baxt qo‘shig‘ini kuylashga majbur qilish kerak edi. Bu jihatdan ham shunaqa katta ish amalga oshirilgan ediki, uning oldida Misr ehromlarini qurish bolalarning qumdan qurgan o‘yinchoq imoratlariday arzimas narsa bo‘lib qoldi.

Ammo ana shunday mislsiz, mohiyatiga ko‘ra butun koinotga tatiydigan ish qaysi maqsadlarda va qaysi mablag‘lar bilan qilindi?

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:03:58

Lenindan ship-shiydam xazinani (Sovet tarixchilarining hammasi bunga qo‘shildi. Stalin mamlakatni juda og‘ir ahvolda qabul qilib olgan - xazina qup-quruq bo‘lgan. Ammo tarixchilar nima sababdandir bir masalada sukut saqlashadi: Lenin tomonidan bosib olingan eski Rossiyaning behisob boyliklari qayoqqa g‘oyib bo‘lgan?) meros olgan Stalin uni to‘ldirish uchun katta kuch sarfladi. 1919 yildayoq Lenin Siyosiy byuroning «olmos» va «oltin» jamg‘armasini tashkil qilgan edi. Bu jamg‘arma mablag‘i Siyosiy byuro a’zolari o‘rtasida baravar taqsimlanardi. Jamg‘armadan maqsad quyidagicha edi: mabodo harbiy harakat ro‘y berib qolsa, Siyosiy byuro a’zolari o‘z ulushini olib chet elga jo‘naydi-da, u yerda «jamg‘arma»ni dastlabki vaqtda joylashib, tirikligini yo‘lga qo‘yib olish uchun sarflaydi. Vaziyat qanday bo‘lishini avvaldan aytib berishning imkoni yo‘q edi — banklar bilan o‘zaro aloqa qilib bo‘ladimi, yo‘qmi? Mahalliy hokimiyatning muomalasi qanday bo‘larkin? Kim biladi deysiz? Axir, gap G’arbiy Ovrupo yoxud AQSh haqida borayotgani yo‘q — ehtimolki bu yerlarda gumdon bo‘lib ketishning imkoni bordir. Gap Argentinaga o‘xshagan g‘aroyib mamlakatlar to‘g‘risida boryapti. Buxarin o‘sha yoqni ko‘zlagan-ku! Ammo darhol bir masala ravshan bo‘lib qoldi — o‘zing bilan ko‘p oltin olib ketolmaysan — og‘irlik qiladi. Olmosu brilliantlar boshqa masala - ularning bir xaltasi ham juda qimmat turadi. Shuning uchun oltinlar sekin-asta G’arb banklariga ko‘chib o‘taverdi, brilliantlar esa «jamg‘arma»da qoldi.

Leninning hayotlik vaqtidayoq, Stalin Markaziy Qo‘mita kotibi bo‘lgandan so‘ng, jamg‘armadagi hamma olmoslarni olib, Sverdlovning bevasi Klavdiya Novgorodtsevaga omonat saqlashga berdi. U qadimiy uslubda ishlangan katta to‘rtta qutini va bitta o‘rtacha sandiqni olmoslarga to‘ldirdi. Beva hech qaerda ishlamas, osoyishta va ko‘zdan panada hayot kechirardi. Olmoslarning joyi o‘zgarganidan xabardor boshqa odamlar bir kun ham yashagani yo‘q. Siyosiy byuro a’zolari g‘avg‘o qilishga urinib ko‘rdilar - ular Stalinni, hatto, shunchaki oddiy, xashaki o‘g’rilikda ayblashmoqchi bo‘lishdi. Barcha xalqlarning bo‘lajak dohiysi istehzosini mashhur mo‘ylovi tagiga yashirib, ularga tushuntirdi: olmoslarni yaxshiroq asrash uchun joyi o‘zgartirildi - Goxranda o‘g‘irlik ko‘p bo‘lyapti, nazorat qilib ulgurib bo‘lmayapti. Bu -birinchidan. Ikkinchidan esa, yaqin o‘rtada xorijga qochib borib, u yerda maxfiy yoxud boshqa biror tusdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga majbur qilayotgan bironta ob’ektiv sabab yo‘q. Agar o‘rtoqlardan biror kishi «doimiy istiqomat qilish» uchun xorijga jo‘nashni ixtiyor qilar ekan, marhamat, qoidaga rioya etib, xohishini ma’lum qilsin, bu haqda Siyosiy byuroga ariza bersin, masala muhokama qilinadi va ijobiy yechilgan taqdirda ketadigan odam o‘z ulushini oladi. Ammo shaxsan Stalin bunga qarshi. Negaki, ular allaqachon o‘z ulushlarini olib, o‘zlari xohlagan joyga yashirib qo‘yishgan, «Siyosiy byuro» jamg‘armasi esa shaxsiy boylik emas, balki yashirin sharoitda tashkiliy ish olib borish uchun barpo etilgan jamg‘armadir.

«Kim shunday buyruq berdi?» degan savol bo‘ldi. Stalin savol bergan Zinovevning yuziga trubkasini burqsitib, «Men buyruq berdim!» deb javob berdi. Stalinning chaqchaygan sarg‘ish ko‘zlarini ko‘rib, Zinovevning yuragi qattiq urib ketdi. Kominternning boshlig‘i keyin bu yurak hapriqishidan to otilguniga qadar xalos bo‘lolmadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:06:24

Avval boshlab Leninni, Dzerjinskiy va Frunzeni go‘rga tiqib, bo‘shab qolgan o‘rinlarga o‘zini, Yagodani va Voroshilovni qo‘ygan Stalin olamshumul rejalarini amalga oshirish jarayonida muttasil oltin haqida o‘yladi. Va boshqa hamma narsadagi kabi Iosif Vissarionovichning o‘ylari darhol muayyan ishlarda mujassam topa boshladi.

Markazqo‘m yo‘li bilan GPUning boshlig‘i Menjinskiy Markaziy Nazorat Komissiyasiga chaqirildi. Bu yerda uning 1917 yildan 1920 yilgacha chekistlik va diplomatik sohalaridagi ko‘p qirrali faoliyatiga doir bir qator savollar berishdi. Savollar avvaliga Germaniyadagi spartakchilar harakati bilan bog‘liq arzimagan masalalar bilan bog‘liq edi. Keyin esa «Temir Feliksning» muovini qo‘li orqali G’arb banklariga o‘tib ketgan juda katta miqdordagi mablag‘larga ko‘childi. Menjinskiyning yuragi xastalanib qoldi. Bu juda qo‘l keldi — uni ortiqcha shov-shuvsiz, salomatligi yomonlashgani vajidan, uy qamog‘iga o‘tkazib qo‘yish imkonini berdi. Bu yerda tergov ishlari bevosita Yagoda va unga tobe shifokorning qo‘liga o‘tdi. Xotirasi tuzukroq ishlasin uchun Ioffe bilan yuzlashtirishdi. Ioffega «keksa, bemor do‘stini» borib ko‘rishni tavsiya qilishdi. Do‘stini ko‘rib kelgan Ioffe uyga qaytib, o‘zini otib qo‘ydi.

Bu GPUning ishidagi katta nuqson edi. Bu to‘g‘rida Iosif Vissarionovich Yagodaga qattiq tanbeh berdi. Yagoda, bunga o‘xshash nuqsonlar boshqa takrorlanmaydi deb va’da berdi va navbati yetganda, va’dasida turib, o‘zini otmadi.

Faqat Ganetskiygina xorijga ketish istagini bildirdi. Unga ijozat tekkanday bo‘ldi-yu, kutilmaganda xotini, undan keyin o‘g‘li qamalib qoldi. Ganetskiyning o‘zi esa, bu orada deyarli har haftada «keksa partiyadosh o‘rtog‘i»ni ko‘rgani borib turdi. Menjinskiy Moskva yaqinidagi dala hovlisida edi. Bu yerga olib boradigan so‘qmoqlarning hammasini unga tobe xodimlar qo‘riqlashar, chunki u hamon GPUning rahbari lavozimida edi. Yagoda esa muovinlardan biri edi, xolos. To‘rt oy davom etgan bunaqa «ko‘rgani borishlardan» keyin Ganetskiyni tanib bo‘lmay qoldi — soch-soqoli butunlay oqarib, salomatligidan putur ketdi. Uni butun oila a’zolari bilan birga otib tashlashganda uning o‘zining ham, yaqin do‘stlarining ham, shu jumladan, Leninning ham shaxsiy hisobidagi hamma pullar Moskvaga qaytarib bo‘lingan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:07:30

Ayni chog'da GPU Parvusni izlab topishga harakat qildi. 1924 yilda uning Shveytsariyada vafot etgani to‘g‘risida ma’lumot keldi, ammo bunga hech kim ishonishni istamadi, chunki Parvus yana bir marta nomini o‘zgartirib, g‘oyib bo‘lganidan guvohlik beruvchi dalillar ko‘p edi. Otasini izlab topish oson bo‘lsin, deb o‘g‘lini qamoqqa olishdi. U Gnedin degan familiya ostida Tashqi Ishlar Xalq Komissarligida xizmat qilardi. Lekin otasini topa olmadilar, shu sababdan o‘g‘li omon qoldi. Uni otasi bilan yuzlashtirmaguncha otib tashlashni istashmadi, shuning uchun ham o‘g‘li to Stalin vafotiga qadar turmada o‘tirdi.

Ayni chog'da Yagoda keng ko‘lamligi jihatidan mislsiz bir operatsiyani boshlab yubordi. U «Trest» degan yashirin nom bilan mashhur edi. Aslida «Trest» deganining o‘zi nima bo‘lgani hozirga qadar ham aniq ma’lum emas. Bu mavzuda gapirishni xushlamaydigan marhum Vasiliy Shulgin bir gal shunday degan edi: «Trest» degani shunaqa xiyonatki, uning ildizlari eng yuqori qatlamlargacha yetib boradi. Ular shu darajada yuqoriki, buni siz xayolingizga ham keltira olmaysiz. Bu operatsiyada OGPUning ham mamlakat ichidagi, ham xorijdagi hamma kuchlari ishga solingan edi. Stalin maxfiy politsiyasining turli bo‘limlari o‘rtasida aql bovar qilmaydigan maxfiy va o‘ta shafqatsiz jang davom etdi. Ko‘pincha bir qavatda yo‘lakning ikki tomonida joylashgan, nari borsa, bir binoning o‘zida har xil qavatlardagi bo‘limlar o‘rtasida jang borardi. Bir bo‘lim ikkinchi bo‘limga o‘z xufiyalarini joylashtirishga intilar, xodimlarni oqlarning kontrrazvedkasiga yoxud Ovrupodagi huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga tutib berishardi. Moskvadan Parijgacha bo‘ladigan son-sanoqsiz talashuvlarda raqobatchilar ayovsiz ravishda bir-birini mahv etardi, chegaralarda haqiqiy va soxga tuynuklar bor edi, ikki, uch va hatto, to‘rt xo‘jayinga ishlaydigan agentlar ko‘payib ketgandi. Aftidan, OGPU rahbariyatining o‘zi bu o‘yinda boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi... Negaki, bu operatsiyaning bironta ishtirokchisi 1937 yildan omon chiqmadi... Faqat ikkita ingliz va bitta nemis razvedkachisigina «Trest» niqobi ostida NKVD tizimiga suqilib kirib olishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ular qiziqarli xotiralar qoldirganlar.

Aftidan, «Trest»ning bir nechta maqsadi bo‘lgan. Ularning hammasi ham ayon ko‘zga tashlanib turmaydi, ba’zilarini esa hozircha ifodalab berish ham qiyin. Ammo maqsadlardan biri juda aniq — oq gvardiyachilarning tillasini topish, ularning moliyaviy manbalarini aniqlash va bu manbalarga «Trest» guruhini ham bog‘lab qo‘yish bo‘lgan. Shuning bilan barobar taxminan 15 yil mobaynida Rossiya va Ovrupo banklarini talagan so‘l eserlarning oltinini qidirish ham davom etgan. Deyarli bir vaqtning o‘zida Boris Savinkov va general Kutepovlar o‘g‘irlab kelindi. Shu vaqtning o‘zida OGPU agentlari bir fransuz - vositachi orqali Parijda xususiy bank sotib oldi, u juda qisqa muddat ichida katta bo‘lib ketdi va mashhur «Yevrobank»ka aylandi. «Yevrobank» Fransiya poytaxtidagi eng yirik xorijiy bank edi. Bu yerdagi eng g‘aroyib narsa shundaki, dastavval bu bankka rus muhojirlari asos solishgan edi va oqlarning asta-sekin Moskvadan ko‘chirib keltirgan jamiki oltinlari uning joriy hisobida saqlanardi.

Qayd etilgan