Mamlakat ichkarisida o‘tkazilgan tadbirlarning dovrug‘i kamroq bo‘lsa-da, lekin ular ham juda jiddiy hisoblanardi. Hamon Lenin zamonlaridan qolgan ishtiyoqlar ta’sirida Rossiyaning badavlat muzeylaridagi boyliklar G’arbga ko‘chishda davom etgan, lekin oradan ko‘p o‘tmay bunga chek qo‘yilgan. Bir mamlakatda sotsializm qurish mumkinligi haqidagi shior o‘rtaga tashlangandan keyin Stalinning siyosati yanada o‘zgaruvchan bo‘lib qoldi, ammo bu o‘zgaruvchanlik aholini talashning eski lenincha metodlarini yanada mukammallashtirdi. Qurolli otryadlar xonadonlarga bostirib kirib, oltin va qimmatbaho buyumlarni izlab, yalpi tintuvlar o‘tkazadigan vaqtlar allaqachon o‘tmishga aylangan edi. Otishmalaru baqirib-chaqirishlar bilan o‘tadigan bu g‘avg’olar endi kutilgan natijani bermay qo‘ygandi, chunki ko‘pchilik odamlar allaqachon shipshiydam qilib shilib bo‘lingan, agar mabodo birontasida hali biror-bir qimmatbaho narsa qolgan bo‘lsa, ular juda puxta yashirib qo‘yilgan edi. Har qanaqa tintuv bilan yerga ko‘milgan yoki devorlar ichiga berkitilgan boyliklarni togshb olishning iloji bo‘lmasdi. Ish boshqacha tus oldi — hammasi juda oddiy va bejirim qilindi. Hukmdorlar mamlakatda millionlab odamlarni go‘rga tiqqan dahshatli ochlikni vujudga keltirgach, ko‘pgina shaharlarda «Torgsin» («Savdo sindikati») degan magazinlar ochishdi. Unda makaron, yog‘, don-dun deganday ba’zi bir oziq-ovqat mahsulotlarini bemalol sotib olish mumkin edi. Faqat buning uchun oltin yoxud chet el valyutasi to‘lash kerak edi. Odamlar yashirib qo‘ygan boyliklarini o‘zlari qazib olib kelishar, bu yerda esa ularni GPU xodimlari kutib olishib, «bu tillalarni yoki chet el valyutalarini qaerdan oldingiz, axir, ularni allaqachon hukumatga topshirish buyurilgan edi-ku?» - deb so‘roqqa tutishardi. «Torgsin»ga borgan odamning uyida o‘sha kuniyoq tintuv o‘tkazilar va uy egasi qamoqqa olinardi. Lekin, rost, tillalari va valyutasini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, qamoqdan ozod qilinardi.
Ana shu voqealarning avj pallasida uzil-kesil NEPning janozasini o‘qishdi. Mamlakatning hamma yirik shaharlarida «NEPman»larni GPUga chaqirib, ularga: «Janoblar! Sizlar qora kunimga yarab qolar deb tilla yiqqansiz. Qora kunlar keldi. Qani, topshiring uni davlatga!» - deb buyurishgan. Bu farmoyish yuqori tashkilotlarning ko‘zidan o‘tgan shekilliki, tarixga kirib qolibdi. Ba’zi bir nepmanlar ahvol jiddiyligini ko‘rib, «tilla ketsa ketsin, jon omon qolsin», deb bor-yo‘g‘larini topshirib qo‘ya qolishgan. Turli joylardagi ikkilangan odamlarga har xil yo‘l bilan nasihatlar qilingan. Ba’zi birlariga, hatto, sotsializmning siyosiy iqtisodidan ma’ruzalar o‘qib, ularni mamlakatlardagi hamma oltin qudratli sotsialistik davlatning qo‘lida jam bo‘lsa, har bir fuqaro badavlatroq, baquvvatroq va erkinroq yashaydi, deb uqtirishgan. Bu ma’ruzalar, albatta, turmalarda o‘qilgan. Lekin, baribir, yaxshi samara bergan emas. Ko‘pchilik sotsializm iqtisodiy jihatdan ma’qul tuzum ekaniga ishonishni istamagan. So‘z bilan ishontirolmagach, ish bilan ishontirmoqchi bo‘lishgan. Imkoni bo‘lgan joylarda sho‘rlik «NEPman»larni 60 gradusgacha issiq kameralarda saqlashgan, suv berishmagan. Boshqa joylarda to‘piqqacha suv chiqib turadigan muzdek kameralarga tiqib qo‘yishgan. Bunday murakkab usullarni qo‘llashni bilmaganlar yoki xohlamaganlar esa, mahbuslarni joni chiqqunicha kaltaklashgan. Boyliklarini asrab qolib, o‘lib ketishga rozi bo‘lganlar kamdan-kam edi. Ko‘pchilik taslim bo‘lib, yangi iqtisodiy sharoit davrida to‘plagan bor-budini topshirib qo‘ya qolgan. Ammo ko‘pincha fursat boy berilgan, chunki mahbuslarning qaysarligi GPU xodimlarida shubha uyg‘otgan. Mahbuslar bor-yo‘qlarini oxirigacha topshirgan bo‘lsalar ham, buni isbot qilib berolmas edilar. Qiynoq metodlari borgan sari noziklashib bordi va tilla irmoqchalar sotsializm xazinasini to‘ldirishda davom etdi.