Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155082 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 41 B


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:31:12

Janjalning avj pallasida Moskva damini ichiga yutib, sipolik saqlab turdi. Ehtiroslar bir oz sovigach esa, odatdagidek, bu «shovqin-suron»ning hammasini bir qabih tuhmat deb, «navbatdagi aksilsho‘roviy kompaniya» deb e’lon qilishdi. Hech kim boshqa javobni kutmagan edi ham. Holbuki, bu «Moskva qo‘li»ning qalbaki pul yasovchi qallob rolida birinchi chiqishi emas edi. Hali afsonaviy Lenin zamonlaridayoq besh va o‘n funtlik qog‘oz pullarni ishlab chiqarishga unnab ko‘rishgan edi. Buni, albatta, «imperializmning iqtisodiy qudratiga» zarba berish maqsadida qilishgandi. U paytlarda tajribali mutaxassislar yetishmasdi. Shuning uchun havaskorlik darajasida amalga oshirilgan ishning pachavasi chiqdi. Bu mashmasha juda qimmatga tushdi, partiyaning G’arb banyutaridagi juda muhim hisoblari musodara qilindi.

Ammo Lenin zamonasida bunga o‘xshash mashmashalar sof qo‘poruvchilikdan boshqa narsa emasdi. Stalin uchun esa ular hayot-mamot masalasiga bog‘liq muhim narsaga aylandi. Valyuta har doim ham kerak edi, ammo u muttasil yetishmasdi. Shuning uchun Lenin zamonasidayoq ta’sis etilgan yashirin tajribaxona NKVD bag‘rida harakat qilishda davom etdi. U ishni borgan sari mukammallashtirib bordi, uning saflarida yuqori malakali mutaxassislar ko‘paygandan ko‘payib bordi. Gitler ham shu yo‘nalishda ish olib borgani ma’lum, ammo uning muvaffaqiyatlari ancha kam bo‘lgandi. Nemislar chiqargan qalbaki funt-sterlinglarni ko‘p o‘tmayoq tanib olishardi va muomaladan chiqarib tashlashardi. Sovet-german do‘stligi avj pallaga kirgan 1939—1940 yillarda Stalin, hatto, Gitlerning huzuriga qalbaki pul yasovchi mutaxassislarni jo‘natdi. Ular Stalinning noshud do‘stiga «imperializmning iqtisodiy qudratini yemirishga» yordam berishlari kerak edi.

Urushdan keyingi yillarda NKVD-MGBning maxfiy bo‘limlari ixtiyorida hamma g‘arb mamlakatlari valyutalarining haqiqiy klishesi mavjud edi, shuningdek ularni qanday ishlab chiqarish yo‘llari ham to‘la-to‘kis ma’lum edi. Ammo o‘rtoq Stalinga sharaflar bo‘lsinki, u maxfiy tajribaxonalarning hamma imkoniyatlarini keng ishga solishga jur’at qilolmadi. Stalin tabiatan ehtiyotkor odam edi. Eski mojarolar uni yanada hushyorroq qilib qo‘ydi. 50-yillarning boshida umumiy miqdori taxminan 500 million dollar bo‘lgan qalbaki pullarni ishlatib yuborishga urinib ko‘rishdi. Bu harakat o‘z vaqtida fosh qilindi. Bu ishlar ko‘proq qalbaki pul yasovchilarning xalqaro tashkilotlari tomonidan qilingan edi, lekin Stalin ulardan o‘zi uchun tegishli saboq chiqarib oldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:31:41

G’arbning kontrrazvedka idoralari va moliyaviy doiralari bu voqealarning hammasini sinchiklab kuzatib turdilar. Xo‘p, mayli, — deb o‘yladilar, — qalbaki fransuz tangalari tufayli Moskva 700 million dollar ishlab oldi, deylik. Ammo qalbaki pullarni ishlatishda agar Moskvaning ulushi bo‘lsa, bu ulush unchalik katta emas va yiliga bir-ikki million dollardan oshmaydi. Bular — bir tiyin, chaqa... Gapning indallosini aytganda, SSSR hech qanday tashqi savdo olib bormaydi. SSSRdagi davlat pul birligi nomigagina «pul» deb ataladi, u konvertatsiya qilinmaydi va hech qaysi mamlakatda o‘tmaydi. Bu pul xalqaro valyuta tizimidan ajralib qolgan. Shunday ekan, kommunistlar imperiyasi nimadan kuch oladi?

Bu o‘rinda shuni ta’kidlash zarurki, o‘sha yillarda SSSRdagilar Qo‘shma Shtatlarni juda yomon bilgani va Amerika qonunchiligining eng oddiy asoslaridan ham xabardor bo‘lmaganlari sababli boshlari turli-tuman g‘alvalardan chiqmaganidek, Qo‘shma Shtatlar ham Sovet Ittifoqini tuzukroq bilmas edi. Urushdan avvalgi yillar davomida Amerika siyosatshunoslari Germaniya, Yaponiyani va o‘zlarining keksa enagalari Angliyani sinchiklab o‘rganishdi. Na Amerika diplomatiyasi, na Amerika razvedkasi o‘rog‘u bolg‘alarning naqshi solingan, bog‘-bog‘ bug‘doylar tasviri bilan bezatilgan dabdabali eshikdan kirib, ichkarida nima borligini bilishga tuzukroq urinib ko‘rgani ham yo‘q. Hali sovetshunoslar armiyasi dunyoga kelmagandi, hali sovet turmush tarzining har xil jihatlarini, sovet tashqi va ichki siyosatining asosiy yo‘nalishlarini o‘rganuvchi behisob ilmiy markazlarning kompyuterlari guvillab ishga tushgani yo‘q edi. Hali SSSRdan gala-gala muhojirlar ham kela boshlaganicha yo‘q edi. Shuning uchun yoqut yulduzlarining nurlarini har tomonga taratib turgan Moskva jumboqligicha qolib kelmoqda edi.

Ilk qochoqlar esa o‘zlarining va yaqinlarining hayotlaridan xavotir olib, biron narsa haqida lom-mim deb og‘iz ochmasdilar, mabodo gapirishni ixtiyor qilib qolganlarida ham quloq soladiganlarning o‘zi yo‘q edi. Ularsiz ham ish ko‘p edi. Hali Stalin bilan bevosita yuzma-yuz to‘qnashuv boshlangancha yo‘q edi. Aksyncha, Stalin Amerikaning olamshumul rejasidagi o‘ziga atalgan qismni hafsala bilan bajarmoqda - yana millionlab odamlarni qurbon qilib, dollarning bo‘lg‘usi hujumiga yo‘l ochmoqda edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:32:24

O’rtoq Stalin barpo etgan imperiya o‘z davri uchun g‘oyatda noyob hodisa edi. Shuning uchun u Sovet Ittifoqidan tashqarida yashaydiganlarning hammasi uchun, hatto, «qardosh mamlakatlar» uchun ham yechilmas bir jumboq edi. U tarix va taqdirlar g‘aroyib bir tarzda chatishib ketgan, yigirmanchi asr olamida quruqlikning oltidan biriga o‘rnashib qolgan g‘alati bir mamlakat edi. Ma’muriy tuzumiga ko‘ra SSSR qadimgi mustabid davlatlardan deyarli hech narsasi bilan farq qilmasdi — unda ham poytaxtda hokimiyati mutlaqo cheklanmagan hukmdor va chekka o‘lkalarda har qanday buyruqqa muntazir turgan malaylar mavjud edi. Mamlakat iqtisodiyotining asosini hamma joydagi kabi xom ashyo ishlab chiqaruvchi sanoat tashkil qilardi. Bu sanoatda, asosan, mahbuslar xizmat qilar, ularning soni 1953 yilda taxminan 12 millionga yetib qolgandi. GULAG — Soljenitsin to‘g‘ri qayd qilganidek, «aholisining soni jihatidan» o‘rtacha Ovrupo davlatiga to‘g‘ri kelib qolardi. U mamlakatni xom ashyoning hamma zarur turlari, shu jumladan, tilla bilan ham ta’minlab turardi. Ta’minlaganda ham tekin ta’minlardi. Imperiyaning qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p millionli kolxozchilar armiyasi ishlardi. Ular Chor Rossiyasidagi eski zamon krepostnoy dehqonlaridan ham battarroq ahvolga solib qo‘yilgandi. Dehqonlarning pasporti yo‘q edi. Ular mahalliy «pomeshchik» - raisning ijozatisiz qishloqlaridan tashqariga chiqa olmas, hatto, bozorga ham borib kelolmasdi. Agar mehnat daftarchasiga mehnat kunlarini belgilab, chizib qo‘yiladigan chiziqlarni hisobga olmasa, dehqonlarning mehnati uchun amalda hech narsa berilmasdi. Buning ustiga ular GULAG uchun va armiya uchun o‘ziga xos zaxira bo‘lib xizmat qilardi. Mamlakat oziq-ovqat va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ana shu tarzda ta’minlanardi.

Qurilish ishining hammasida dastlabki pallalarda mahbuslar mehnat qilardi. Ular quruvchi ishchilarning 60 foizini tashkil etardi. Bu jihatdan ular armiyadagi qurilish batalonlaridan ham o‘tib ketardi. Qurilish batalonlari esa, qullar mehnatining yana bir turi hisoblanardi. Qayta ishlovchi sanoat va transportda ham mahbuslar ishlar, ammo bu yerda ular nisbatan kamroq edi. Ammo «erkin» ishchilar, hatto, juda yuqori malakaga ega bo‘lsalar ham, juda arzimagan maosh olar va o‘ta faqirona hayot kechirishardi. Buning ustiga jinday gunoh qilib qo‘yishsa, tikanli simning narigi tomoniga tushib qolishlari hech gap emas edi. Tinchlik vaqtlaridagi qurolli kuchlar safida sakkiz million odam xizmatda edi.

Adoqsiz qirg‘in va insoniyat tarixidagi eng daxshatli urush tegirmonidan chiqarilgan xalq ana shu tarzda hayot kechirardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:32:54

Shunday qilib:
12 million odam GULAGda,
8 million armiyada,
30 million kolxozlarda,
40 million kishi sanoatda...

Ularning hammasi deyarli bir xil darajadagi qullar. Mahbuslarni bemalol otib tashlash, ochlikdan toliqtirish, og‘ir mehnat bilan asta-sekin o‘ldirish mumkin edi. Ularning hech qanaqa huquqi yo‘q edi. Hatto, ularning mavjudligi ham miqdori ko‘pligiga qaramay, davlat siri hisoblanar va bu to‘g‘rida gaplashish taqiqlanardi.

Armiya xususida-ku — qo‘yaverasiz. Uning to‘g‘risida «yengilmas va muzaffar» degan so‘zlardan boshqa gap aytish mumkin emasdi. Ammo harbiy xizmatchilar mahbuslardan ham kamroq huquqqa ega edilar. Ko‘zni qilt etmasdan turib, tirik askarlar ustida atom bombasi portlashini sinab ko‘rish mumkin edi, keyin esa omon qolganlarni hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatmasdan o‘z holiga tashlab qo‘ysa ham bo‘laverardi. To‘g‘ri, ulardan «sirni oshkor qilmaslik haqida» tilxat olinardi. Hatto, nurlanish kasalidan jon berayotganlarida ham ular vrachlarga boshlariga qanaqa dard tushganini aytmas edilar. Vrachlar o‘lim sababini aniqlayolmay, gangigancha qolaverardilar.

Armiyadan nogiron bo‘lib qaytishdan ko‘ra yomon narsa yo‘q edi. Urushdan keyin armiyadan qaytgan million-million nogironlar hali hammaning ko‘z o‘ngida edi. Ko‘kraklaridagi orden va medallarini shiqirlatib, ular yirik shaharlarda vokzal va bozorlarga to‘planishar va qo‘llaridan kelgancha uch-to‘rt tanga ishlab, tirikchiligini o‘tkazishga intilishardi. Buning iloji bo‘lmaganda esa tilanchilik qilishardi. Ularning hammasi nari borsa endigina 30 ga kirgan yoshlar edi. Bir kunning ichida ular izsiz g‘oyib bo‘lib qolishdi. Hamma shaharlarda puxta rejalashtirilgan oblavalar o‘tkazildi. Hamma oyoqsiz va qo‘lsiz mayiblarni mashinalarga bosib olib ketishdi. Holbuki, ular bir necha million edi. Qayoqqa g‘oyib bo‘lishdi ekan? Bu to‘g‘rida gapirishgina emas, o‘ylash ham taqiqlangan edi. Istagan general va hatto marshal ham xuddi shu tarzda g‘oyib bo‘lib qolishi hech gap emas edi — ularni eslashga va surishtirishga hech kimning haqqi yo‘q edi. Urush yillarida armiya generali Meretskovni o‘lguday urishib, boshidan siyib yuborishgan bo‘lsa, urushdan keyin marshal Novikov, general Telegin, marshal Yakovlev va yana ancha-muncha odamni bundan besh battar ahvolga solishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:33:34

Dehqonlarni istagan ahvolga solsa bo‘laverar edi. Ularga na nafaqa, na yordam puli berilardi, ammo mehnat faoliyatini yo‘qotib qo‘yganlarga shapaloqdek tomorqa orqasidan tirikchilik qilishga ruxsat tegardi. Lekin bu tomorqani xohlagan vaqtda tortib olib qo‘yishlari, uyining ustiga buldozer solib yuborishlari, o‘zini esa qamab qo‘yishlari yoki biron yalang dalaga qurt-qumursqaga yem bo‘lgani tashlab kelishlari mumkin edi. Bu usul ko‘pdan beri ishlatilaverib qolipga aylanib qolgandi.

Hamma jinoyatlar «hukmron sinf» sifatida qaraladigan ishchilar nomidan qilinardi, lekin ishchining o‘zi ikki pullik qadr-qimmatga ega emasdi. Ishchilar o‘z haq-huquqlari uchun kurashda hech qanaqa vosita bilan himoyalanmagandi. Agar biror odamning og‘zidan «ish tashlash» so‘zi bexosdan chiqib ketsa, shuning o‘zi uchun hayotidan judo bo‘lishi hech gap emasdi. Mehnat xavfsizligi ibtidoiy saviyada edi, odamlar sillasi quriguncha ishlatilardi, ish sharoiti ba’zan mahbuslarnikidan battar bo‘lardi, ishlab chiqarish anjomlari eskirgan va ishdan chiqqan, yashash tarzi esa aql bovar qilmaydigan darajada og‘ir bo‘lardi. Oqibatda ishchilarning juda kam qismi zo‘rg‘a o‘zining faqirona qafasiga yetib borardi. Mamlakat so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan qashshoqlik girdobida hayot kechirardi. Erkaklar urush yillaridan qolgan shinellar va paxtaliklarida yurishar, og‘ir ro‘mollarga o‘rangan, oyog‘iga kigiz etik kiyib olgan ayollar o‘ttiz yoshdayoq o‘tin bo‘lib, qari xotinga o‘xshab qolardi. Kostyum kiygan odamni yo biron katta boshliq, yo josus, yoki bo‘lmasa yirik jinoyatchi deb hisoblashardi. Zamona rusumiga qarab kiyingan ayol esa biror yirik amaldorning xotini yoxud o‘ynashi bo‘lmasa, «G’arb oldida sajda qilgani uchun» bemalol qamalib ketishi mumkin edi.

Juda oz sonli texnik ziyolilarning ahvoli bir qadar tuzuk edi. Ular turma va avaxtalardan chiqarib yuborilgan edi, urush yillarida va hozir yangi qurollar namunalarini loyihalashtirganlari va yaratganlari uchun ko‘kraklarida laureatlik nishonlari yarqirardi. Ularga maoshni ham tuzukroq berishardi, boquvlari ham chakki emasdi. Hatto, fan nomzodlariga va polkovniklarga «limitli» deb atalmish maxsus magazinlar ochib qo‘yishgandi. Bu magazinlarda oddiy odamlarnikiga qaraganda buyumlar ko‘proq bo‘lardi. Shu yo‘l bilan o‘z holatlaridan mamnuniyat tuyg‘usi uyg‘onar, ular imtiyozlaridan g‘ururlanib, o‘zlarining ashaddiy qul kabi huquqsiz ekanini ham unutardilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:33:55

Shunday qilib, juda yuzaki tahlil qilingandayoq quldorlik davlatining g‘oyat ibtidoiy nusxasi namoyon bo‘lardi. Bu davlatda milliy daromadning hammasini Stalinning o‘zi va uning har narsaga qodir nomenklaturasi o‘zlashtiradi va uni o‘z bilganicha taqsim qiladi.

Nomenklatura urushdan avvalgiga qaraganda yanada qudratli bo‘lib chiqdi. Urush yillarida nomenklatura yuqori martabali harbiylarning libosini kiydi. Bu esa ularga Urartu davlati kabi ko‘hna va munkillagan bo‘lsa-da, «yangi tipdagi» davlat deb hisoblanadigan saltanat bag‘rida o‘zining qadr-qimmatini chuqurroq anglashga imkon berdi. Axir, bu davlatni davlat qiladigan, uning mavjudligini ta’minlaydigan kuch nomenklatura-da! Nomenklatura ijroiya hokimiyatning qudratini ta’minlaydigan yagona vosita sifatida maxfiy politsiyaning bahaybat apparatidan foydalanadi. Maxfiy politsiya esa, urushdan keyin yana NKVDdan MGB deb o‘zgartirildi. Ammo bu bilan asl mohiyat o‘zgarib qolgani yo‘q. Maxfiy siyosiy politsiya GULAGning eng olis qamoqxonalaridan Kremldagi xonalarigacha cho‘zilib ketgan haddan ziyod katta kontsentratsion lagerning har bir nafasini nazorat qilib turardi. Yashirin politsiyaning oliy tabaqasi nomenklaturaning yuragi bilan chirmashib ketdi va o‘z panjalarini hamma qit’alarga uzata boshladi. Shu tarzda u sekin-asta nomenklaturaning qilichi, qalqoni va jismiga aylana bordi.

Ko‘ksida oliy jangovar nishonlar, yelkasida tilla pogonlar bilan nomenklatura zabt etilgan mamlakatda o‘zining hukmdorlik mavqei mustahkam ekanini, istiqboli porloq va imkoniyatlari bitmas-tuganmas ekanini juda yaxshi anglardi. U yana shuni yaxshi bilardi-ki, bolsheviklar partiyasi allaqachon «davlat» degan narsa bilan chatishib ketgan, «davlat» tushunchasi esa allaqachon «partiya» degan ma’noni anglatadigan bo‘lib qolgan. Shuning uchun ham nomenklatura chin ko‘ngildan butun davlat mulkini, shu jumladan aholini ham o‘ziniki deb qarab, yengilmas va bitmas-tuganmas qudrat kasb etdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:34:37

Endilikda o‘rtoq Stalinday dohiy nomenklaturaga mutlaqo keraksiz bo‘lib qoldi. Qolaversa, u nomenklaturaga bor imkoniyatlarini ishga solib, keng qanot yozishga xalaqit bermoqda edi. U muttasil ravishda shaxsiy xavfsizlik haqida, mas’uliyat to‘g‘risida o‘ylashga majbur qilar, erta-yu kech kabinetda ish joyida o‘tirishga undab, ishtahani bo‘g‘ardi. Ish joyiga esa istagan daqiqada maxfiy politsiya xodimlari bostirib kirishi, o‘lguday kaltaklab oyog‘idan sudrab chiqib mashinaga uloqtirishi va olib ketishi, o‘sha kunning o‘zida biron yerto‘lada otib tashlashi mumkin edi. Bularning bari asabga tegar va yangi dohiy haqida o‘ylashga undar edi. Ammo ma’lumki, xayollar hech qachon o‘zidan-o‘zi ro‘yobga chiqib qolmaydi, uning hayotda amalga oshishi uchun uzoq vaqt ter to‘kib ishlash kerak.

Kunlardan birida «Mond» degan fransuz gazetasi o‘z o‘quvchilariga Sovet Ittifoqidagi boshqaruv tizimini ko‘rsatish maqsadida hajviy surat bosib chiqardi. Unda Stalin tasvirlangan bo‘lib, har bir cho‘ntagidan, kitelining etaklaridan, etigining qo‘njlaridan kichkina-kichkina stalinchalar termilib turardi. Bu - haqiqat edi, lekin juda jo‘nlashtirilgan haqiqat edi. Kichkina stalinchalar ko‘z ochib yumguncha birlashib olishadi va «barcha xalqlarning buyuk dohiysi»dan ham zo‘rroq bir kuchni barpo etishadi. Nomenklatura juda aniq belgilangan va juda qattiq qo‘riqlanuvchi chegaralariga ega bo‘lgan o‘z davlatiga birlashib olgandi.

Bu jarayon shunchalik aniq-ravshan ediki, hatto, ko‘p jildlik «KPSS tarixi» ham undan ko‘z yumolmadi. «1946 yilda VKP (b) Markaziy Qo‘mitasidagi mansablar nomenklaturasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi, — deb quruqqina ma’lum qiladi partiyaning rasmiy tarixi. — Rahbar kadrlar bilan ishlash rejali asosda olib boriladigan bo‘ldi, ularning siyosiy va ishchanlik sifatlarini muntazam ravishda o‘rganish va tekshirish mumkin bo‘lib qoldi, kadrlarni ko‘tarishda, tayinlashda va vazifasidan ozod qilishda muayyan imkoniyatlar paydo bo‘ldi va qat’iy tartib o‘rnatildi. Ittifoqchi respublikalar markazqo‘mlaridagi, o‘lka, viloyat, shahar va rayon qo‘mitalaridagi mansablar nomenklaturasi kengaytirildi». Ammo rasmiy tarix hamma narsa haqida xabar bersa beradi-ki, Ikkinchi jahon urushining so‘nggi sadolari tinishi bilanoq, Stalin bilan nomenklatura o‘rtasida boshlanib ketgan hayot-mamot kurashining yangi davrasi haqida lom-mim deb og‘iz ochmaydi. Bu kurashning avvalgi halqalaridan farqi shunda ediki, endi nomenklatura ancha qudratliroq bo‘lib qolgan, Stalin esa ancha holdan toygandi. U asta-sekin qarilik asoratiga ilinib, miyasi suyulib bormoqda edi. Endi u tevaragidagi bo‘rilar va qashqirlar uchun oson o‘lja bo‘lishi hech gap emasdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:35:02

Urush vaqtlaridayoq nomenklatura dohiyning zaiflashib borayotganidan dalolat beruvchi bir nechta voqeaga guvoh bo‘lgandi. Nemislar Leningrad yaqinidagi Mga bekatini ishg‘ol qilib, shaharni to‘la qurshab olganlarida, hamma endi Voroshilovning ahvoliga maymunlar yig‘laydi, deb o‘ylagan edi. Vaziyatning chatoqligi nafaqat Voroshilovning haddan tashqari layoqatsizlik bilan qo‘mondonlik qilganida, balki nemislar Mgani ishgol qilgach, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan qo‘mondonning bu haqda Moskvaga xabar qilmaganida ham edi. Stalin navbatdagi harbiy halokatni nemis radiosining axboroti orqali eshitdi. Voroshilovning o‘zi otib tashlanishiga imoni komil edi. Yoxud suyagim qamoqda chirisa kerak deb o‘ylardi. Urush vaqtining qonunlariga ko‘ra, shunda adolatli ish qilingan bo‘lardi. G’arbiy frontning armiya generali Pavlov boshchiligidagi hamma qo‘mondonligi otib tashlangani hali hammaning esida edi. Ammo bunaqa voqea bo‘lmadi. Voroshilovning ortiqcha qo‘rqqani qoldi, xolos.

Nomenklatura, bu holatni, o‘zining to‘la erkinligiga erishish, har qanday mas’uliyatdan qutulish yo‘lidagi birinchi qadam, deb qabul qildi. Nomenklaturaning eng ardoqli orzusi ham aslida shu edi.

Jdanov bilan bo‘lgan voqea yana ham alomatroq bo‘ldi. Stalinning stoli ustida uning eng yaqin malayining kirdikorlarini fosh etuvchi hujjatlar qalashib ketdi. Jdanov — piyonista, ertadan-kechgacha ichadi, hech qanaqa ish qilmaydi. Xoin. Shaharni topshirish to‘g‘risida nemislar bilan til biriktirgan. Jamiki Leningrad partiya tashkilotini Stalinga dushman qilib qo‘ygan. Shu yo‘l bilan Leningrad viloyatini SSSRdan ajratib olishni, viloyat zaminida mustaqil davlat tuzishni va unda o‘zi dohiy bo‘lishni niyat qilgan. Bu rejani amalga oshirmoqchi ekanini shundan ham bilsa bo‘ladiki, Leningradda o‘rtoq Stalinning bitta suratiga Jdanovning to‘rttadan surati to‘g‘ri keladi. O’g‘ri. Boltiqbo‘yi davlatlari qo‘shib olinayotgan kezlarda u 400 ming funt-sterling pulni o‘zlashtirgan va G’arb (Skandinaviya) banklariga o‘tkazib yuborgan. Leningrad qamali yillarida Jdanov tomonidan tuzilgan maxsus komanda kimsasiz uylarda izg‘ib yurib, jinday qimmatga ega bo‘lgan har qanday narsani yig‘ib ketgan. Ular hatto, ochlikdan o‘lgan kampirlarning barmoqlaridagi nikoh uzuklarini sug‘urib olishdan ham hazar qilgan emas. Hozirgi vaqtda qimmati taxminan 7 million so‘mga to‘g‘ri keladigan boyliklar uchta dala hovlining maxfiy joylarida va bir qator ishonchli odamlarda saqlanmoqda.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:37:21

Dohiy hech qanaqa chora ko‘rmay sukut saqladi. Oradan ko‘p o‘tmay Jdanov qo‘qqisdan o‘lib qoldi. Bu gaplar ancha-muncha odamga ma’lum edi, shuning uchun uning o‘limi haqida har xil mish-mishlar ko‘paydi. O’sha kezlarda marhumning dala hovlilarida va shikor qo‘nalg‘alarida har xil komissiyalar ivirsib qoldi, yopiq yuk mashinalarida allanimalar olib ketildi, keyin esa mashhur Leninfad ishi boshlandi. Uning oqibatida Jdanov shovvozlari bitta qo‘ymay otib tashlandi. Ularga qo‘yilgan boshqa ayblar ichida «shaxsiy boyishga intilish tarzida ko‘ringan axloqiy buzuqlik» ham bor edi. Sudda hovuch-hovuch oltin tangalar, brilliantlar, zargarlik buyumlari va qadimiy ordenlar namoyish qilindi. Shunday qilib, mamlakatdagi hamma hayot singari mas’uliyat ham tabaqalashtirilgan edi. Qay bir gunohlari uchun Jdanovni kechirsa bo‘lardi, ammo xuddi shunday ayblari uchun pastroq darajadagi nomenklatura kechirilmas edi. Xuddi shu holat nomenklaturaga xush kelmas edi.

Stalin uchun mutlaqo ayon ediki, nomenklatura xuddi yashirin millioner Koreyka kabi, yaxshi zamonlar kelishini orzu qilib, hozircha panada pisib turibdi. U hozirdan hokimiyatini mustahkamlab boryapti, moddiy boyliklar to‘playapti, fursat kelganda hukmdor sinflarning oqsuyak zodagonlari kabi hech kanday cheklanishlarni nazar-pisand qilmay rohat-farog‘at qo‘yniga cho‘madi. Albatta, ularning hammasi katta orzu-umidlari bilan hamma xalqlar dohiysining yo‘lbarsniki yanglig‘ ko‘zlari mangu yumilishini orziqib kutmoqda. O’zini istagan daqiqada o‘ldirib yuborishlari mumkin ekanini anglagan Stalin ba’zan qat’iyatini yo‘qotib qo‘yardi, ba’zan esa aqldan ozar holatga tushib qolardi-ki, bu nomenklaturaga qarshi kurashning aniq va samarali rejasini ishlab chiqishga xalaqit berardi.

Yovuz tabiatli qonxo‘r dohiy nomenklaturani qattiq qoliplarga solib qo‘ygandi. Nomenklatura bu qolip ichida bo‘g‘ilib ketgan va holdan toygandi. Lekin shunday bo‘lsa-da, u, baribir, Stalinning nomenklaturasi edi. Uni doimiy nizolar va bir-birining ustidan chaquvlar ichdan kemirib yotardi, bu esa Stalinga kurashning yangi halqasida g‘alaba qozonish uchun juda yaxshi imkoniyatlar berardi. Va ehtimolki, agar dohiy yoshroq bo‘lganida, u g‘alaba qilmagan taqdirda ham, 1937 yildagi kabi yutqazib qo‘ymasdi. Ammo Stalin ancha qarib qolgandi, bir vaqtlardagi partiyaviy ixtiloflarning beqiyos ustasi so‘nib borayotgandi.

Chaquvlar esa yomg‘irday yog‘ishda davom etardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:37:54

Molotov 1939 yilda Germaniyada bo‘lganida Gitler hukumatidan katta miqdorda pora olgan. Uni Shveytsariya bankida maxfiy hisobga qo‘yib qo‘ygan. Urush yillarida ittifoqchilardan bir necha marta katta poralar olgan. Ularni Amerika va Angliyaning bir qator banklariga qo‘ygan. Xotini orqali juda qudratli yahudiy moliyaviy doiralar bilan aloqada bo‘lgan. Molotov Nyu-Yorkdan Vashingtonga poezdda ketayotganda shu doiralar uni yollashgan. Molotov SSSRdagi mavjud tuzumni jahon sarmoyasi foydasiga «o‘zgartirish» majburiyatini olgan.

Beriya. Bu odam yoshligidayoq qizil terror va beboshvoq bosqinlar davrida behisob boyliklarni qo‘lga kiritgan. Ularni o‘sha paytdayoq xorijga jo‘natgan. Vaqt o‘tgan sayin uning hashamatga va qimmatbaho toshlarga ishtiyoqi nafaqat so‘ndi, balki yana ham kuchliroq bo‘lib qoldi. Terror davrida Yejov chetlashtirilgandan keyin NKVDga bosh bo‘lib olgach, millionlab odamlardan musodara qilib olingan boyliklarni benazorat o‘zlashtirdi va hatto, ularni vositachi do‘konlar orqali sottirib, pulini kissasiga solishdan tortinmadi. U chet ellar bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Urush yillari dushman bilan muntazam bog‘lanib turgan. Shundan foydalanib, juda katta mablag‘ni G’arb valyutasida Shveytsariya banki va Shveytsariyadagi qirol bankidagi maxfiy hisoblarga qo‘ygan. 1951 yilda Suxumida ingliz razvedkasining rezidenti bilan maxfiy tarzda uchrashgan. Bu uchrashuvda tez orada Sovet Ittifoqida bo‘ladigan o‘zgarishlarga va rahbariyatning to‘laligicha o‘zgarishiga ishora qilgan.

Bundan tashqari yana ko‘plab chaquvlar: Bulganin, Malenkov, Mikoyan, Xrushchyov, Voroshilov, Vishinskiy... Bular oliy tabaqa. Jinday quyiroqda nimalar bo‘layotganiga aql bovar qilmaydi.

Qayd etilgan