Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155091 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 41 B


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:38:43

«Mutlaqo maxfiy. VKP (b) qoshidagi Partiya nazorati komissiyasiga.
Davlat ahamiyatiga molik. Alohida papka.

... 1948 yil 26 iyunda soat 01:30 da Vittenberg temir yo‘l bekatiga (Germaniyaning sovet okkupatsiyasi zonasida) V-640—07 raqamli sovet harbiy esheloni keldi. Unga, urushdan keyingi xirojlar haqidagi bitimga ko‘ra, texnik anjomlarni ortib, SSSR hududiga olib ketish topshirilgan edi. Eshelonga maxsus vagon tirkalgan bo‘lib, uni «Smersh» ofitserlari qo‘riqlagan. Bu ofitserlarga Moskvadan yuborilgan podpolkovnik Ivan Gerasimovich Stepanov boshchilik qilgan. Podpolkovnik Stepanovning qo‘lidagi yashirin hujjatga ko‘ra maxsus vagonga natsistlar partiyasi va gestaponing mahalliy arxividan olingan o‘lja ishlar ortilgan. Ammo biz rad qilib bo‘lmaydigan dalillarni qo‘lga kiritdik – ularga ko‘ra vagonlarga 45 (qirq beshta) qo‘rg’oshin quti ortilgan, ularning ichiga qimmatbaho ma’danlardan, oltindan ishlangan buyumlar, yombi tillalar va platinalar joylangan. Bu buyumlarni SSSRda qabul qilib oladigan odamning nomi ko‘rsatilmagan...

Eshelon odatdagi marshrut bo‘yicha Varshava va Brestdan o‘tib, keyin Moskvaga borishi kerak edi. 29 iyun kuni kechasi soat 2 da eshelon Brest chegara bekatiga yetib keldi. Bekatning harbiy komendanti chegarachi qo‘shinlar mayori Suxorukov tomonidan eshelon tekshirib ko‘rilganda maxsus vagonning qo‘riqchilar bilan birga g‘oyib bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Eshelon bosib o‘tgan yo‘llardagi tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, yuqorida zikr etilgan vagon Polsha bilan chegaradosh Oderdagi Frankfurt bekatidayoq g‘oyib bo‘lgan. Maxsus vagonning g‘oyib bo‘lish tafsilotlarini aniqlash yo‘lidagi hamma urinishlar natija bermadi, chunki organlar taftish o‘tkazishga yordamlashmadi...»

Quyida Shkiryatovning egri-bugri imzosi. Undan quyiroqda esa Stalinning farmoyishi: «Yordamlashmadi» degani nimasi?!! O’rt. Abakumov! Podpolkovnik Stepanov qamoqqa olinsin va menga xabar qilinsin!»

«Sizning 1948 yil 14 sentyabrdagi № 1884-486 raqamli farmoyishingizga.
Maxfiy. VKP (b) qoshidagi MPKga. O’rtoq Shkiryatov M. F. ga

Vazirlik kadrlari tarkibida podpolkovnik Ivan Gerasimovich Stepanov hisobda turmaydi...»


Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:40:13

«Mutlaqo maxfiy. Davlat Xavfsizligi Vazirligiga
Davlat ahamiyatiga molik!
VKP (b) Markazqo‘mining a’zosi,
SSSR Marshali (matnda shunday - I. B.)
o‘rt. L. P. Beriyaga
1949 yil 15 may

Joriy yilning fevral oyida VKP (b) Markaziy Qo‘mitasining Xalqaro bo‘limi Markazqo‘mning Ishlar Boshqarmasi orqali yashirin agenturadan foydalangan holda Shveytsariya banklarida soxta familiyalar, taxalluslar nomiga bir qator yirik hisoblar ochgan. Depozitlarni ochish uchun oltin, qimmatbaho toshlar va platinadan foydalanilgan. Ular SSSR, Germaniya va Chexoslovakiyadan Sharqiy Ovrupo mamlakatlaridagi kommunistik partiyalar uchun bepul yordamga mo‘ljallangan maxsus yuklar bilan birga olib chiqilgan...
Quyidagi hisob egalarining familiya-laqablari aniqlandi:
Klimov Vladlen Nikolaevich — 800 ming shveytsariya franki.
Nikolaev Ivan Fedorovich — 500 ming shveytsariya franki.

(Shundan so‘ng yana yettita soxta familiya keltiriladi)... Tekshiruv ko‘rsatdiki, yuqorida sanalgan shaxslarning bir nechtasi VKP (b) Markaziy Qo‘mitasi qoshidagi Markaziy Partiya Nazorati Komissiyasining a’zolaridir...
Klimov Vladlen Nikolaevich — o‘rtoq  Matvey Fyodorovich Shkiryatovning taxallusidir...
Imzo: V. Dekanozov. Beriya qaydi: «Siyosiy byuroga ma’lum qilinsin».

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:40:58

Undan keyin nima bo‘lgani ma’lum emas, ammo shunisi mutlaqo ayonki, partiya bilan Davlat xavfsizligi nimaiki qarovsizroq qolgan bo‘lsa, hammasini bajonidil o‘g‘irlab, bir necha martalab pahlavonlarcha bir-birlarining tumshuqlariga tushirib kelishgan. Buning ustiga vijdonlari qilt etmagan holda bir-birlarini sharmanda qilaverganlar. Ular bu haqda Stalinga axborot berishar ekan, har gal g‘azabdan titrab-qaqshaganlar, go‘yoki bu bilan o‘zlarining musaffo-yu pokiza ekanliklarini namoyish qilgandek bo‘lganlar.

Ammo gap bunda ham emas edi. Xavfsizlik organlari o‘zlari VKP (b)ning bor-yo‘g‘i bir jangovar otryadi ekanliklarini unutib, kutilmaganda jonajon partiyalariga nisbatan oshkora muxoliflik yo‘liga o‘tib oldilar. Ular to‘la mustaqilliklarini namoyish etib, faqat o‘z mayli bilangina harakat qila boshladilar. Shunday taassurot tug‘ildiki, SSSRda siyosiy tuzum bitta partiyalilik asosiga qurilgan bo‘lsa-da, kutilmaganda ikkita siyosiy partiya maydonga keldi. Ular ikkovi ham ashaddiy so‘l partiyalar bo‘lib, bir-birlariga ochiqchasiga qarshi turardilar. Xavfsizlik organlari faolroq va uyushganroq edilar, shuning uchun partiyadan ustun kelish imkoniga egadek, so‘ngra uni butunlay majaqlab tashlashi yoxud o‘z bag‘riga to‘laligicha singdirib yuborishi mumkinday tuyuldi. Chekistlar uchun biror-bir raykom kotibini qo‘lga olish, uning po‘lat sandig‘ini ochib u yerdan chet el valyutasini musodara qilish yoxud undan ham e’tiborliroq biron narsa topish, keyin uni o‘zlari bilan olib ketib, istagan ko‘rsatmalarini sug‘urib olish va ularni Stalinga pesh qilib, raqiblariga yana bir qaqshatqich zarba berishning hech qanaqa qiyin joyi yo‘q edi. Partiya va chekistlar nomenklaturasining ikki tabaqasi mamlakatda cheklanmagan hokimiyat uchun oshkora kurash boshladi. Kurash jarayonida ularning har qaysisi mag‘lub bo‘lib qolish ehtimolini o‘ylab, qo‘liga tushgan narsaning hammasini valyutaga aylantirib, uni oshig‘ich tarzda xorijga o‘tkazishga kirishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:41:57

Shunday afsona bor. Go‘yo Stalin urush yillarida atigi ikkita xato qilgan emish — u nomenklaturaga Ovruponi ko‘rsatibdi va Ovrupoga nomenklaturasini namoyish qilibdi. Ovrupo dahshat ichida ulardan yuz o‘giribdi, lekin nomenklatura esa, aksincha, sevimli dohiy ularni ko‘p yillar mobaynida chalaqursoq holda ushlab turganini anglab, Ovrupoga yaqinlashish koni foyda ekanini his qilib, unga talpina boshlabdi. Ular mustaqil ravishda temir pardadan teshiklar ochishga kirishganlar. Temir pardaning o‘zi ham narigi tomondan dollarning tazyiqi ostida hilvirab bo‘shasha boshlagan edi. Badavlat davlatni talab ado qilgan va o‘zi qirib tashlayotgan qullar mehnati samaralarini o‘zlashtirgan, yeb to‘ymas va sotqin partokratiya yuqoriroq darajadagi hashamat bag‘riga talpindi. Quruqlikning oltidan bir qismi unga butunlay torlik qilib qolgan edi. U Fransiyaning lojuvard sohillarida, Italiya plyajlarida, Mayami kurortlarida, O’rta dengiz to‘lqinlarining shovurini eshitib, turfa xil rangdagi reklama chiroqlaridan ko‘zlari qamashib, oliy qasrlarda va eng zo‘r mehmonxonalarda umrguzaronlik qilishni istab qolgandi. Ular g‘arbchasiga izzat-ikromda bo‘lishni, xizmatkorlar g‘arbchasiga xizmat ko‘rsatishini, g‘arbchasiga huzur-halovatda bo‘lishni istashardi. Ammo G’arbning o‘zida ham bunaqa hayot kechirishga hammaning qurbi kelavermaydi. Shu sababdan g‘arbcha hayot tarzi yanada ardoqliroq va jozibadorroq ko‘rinardi. Shuning uchun ham partokratiya SSSRning davlat oltin zaxirasini tashkil qiluvchi 12 ming tonnalik tillasiga suqlanib-suqlanib qarashlarini qo‘ymas edi. (O’sha kezlarda AQShning oltin zaxirasi 14 ming tonnani tashkil qilardi. SSSRnikidan jinday ortiq edi, xolos. Ammo hayot darajasi esa qiyos qilib bo‘lmaydigan darajada yuqori edi. Oltin zaxirasini sarflash to‘laligicha xalqning ixtiyorida edi. Hukumat xarajatlarining oxirgi sentigacha xalq nazoratida edi. Ayni ana shu nazoratda AQSh qudratining asosi mujassamdir.) Bu tillani Stalin millionlab mahbuslarning hayoti evaziga to‘plagan va o‘zining olamshumul rejalarini ro‘yobga chiqarish uchun avaylab asrar edi.

Ha, bu oltin davlatniki edi. Ammo partiya bilan davlat bir narsa emasmi, axir? Demak, bu oltin partiyaniki va yolg‘iz partiyagina unga egalik qila oladi. Partiya og‘zidan suvi kelib, mamlakatning bitmas-tuganmas yer osti boyliklariga ko‘z tikardi. Bu yerdagi neft va boshqa qimmatbaho xom ashyolarni G’arbda juda qadrlashadi. Ularning hammasini dollarga chaqsa bormi? SSSR dunyodagi eng arzon ishchi kuchi va zambarak o‘qiga tekin yem o‘lkasi deb hisoblanadigan bo‘lib qolgandi. Nomenklatura shu yurtdagi hamma milliy boylikni, shu jumladan, aholini ham chin yurakdan o‘zining xususiy mulki deb hisoblay boshladi. Kurash shu masala tevaragida bordi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, nomenklatura davlat tarzida shakllanib bo‘lishi bilanoq, hokimiyat uchun va boyliklarga egalik qilish huquqi uchun fuqarolar urushi boshlanadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  04 Sentyabr 2012, 10:42:50

Ko‘pgina odamlarning fikricha, nomenklaturadagi grajdanlar urushini Stalinning o‘zi boshlagan va avj oldirgan. Bu bilan u nomenklatura uchun navbatdagi qirg‘inni tayyorlagan. Bu gapda, albatta, jon bor, ammo bu gal dohiy navbatdagi qirg‘inni 1937 yil nusxalari asosida tayyorlab, o‘z kuchiga ancha ortiq baho berib yuborgan edi. Bunga o‘xshash ishlarda takrorga yo‘l qo‘yish juda ham xatarlidir. Nomenklatura dohiy rejasiga g‘aroyib bir yangilik olib kirdi. Bunaqa yangilikdan avvallari foydalanilmagan edi. Mamlakat uzra antisemitizmning qora bulutlari soya tashlay boshladi. Bu bulut bir necha muddatga jang maydonini to‘sib qo‘ydi. Bulut tarqaganda esa, Stalin olamdan ko‘z yumib bo‘lgan edi, Davlat xavfsizligi tor-mor qilingan, uning Beriya boshchiligidagi rahbariyati esa, shafqatsizlarcha otib tashlangan edi. Partiya esa, xuddi ertaklardagi pahlavonlardek qaynab turgan qozondan yanada yasharib, yanada kuchli bo‘lib, sakrab chiqib olgandi. U namoyishkorona tarzda VKP (b) degan eski nomini uloqtirib tashladi va o‘ziga KPSS deb yangi nom qo‘yib oldi. (Sovet tarixining 1949 yildan 1953 yilgacha bo‘lgan ko‘p g‘aroyib davri haqida ko‘p jildlik tadqiqotlar yozsa arziydi. Baquvvat qalam egasining qo‘liga tushib qolsa, bu davr aql bovar qilmaydigan ajoyib bir qissaga aylanadi. VKP (b) Markazqo‘mi qa’rida o‘ylab chiqilgan kosmopolitizmga qarshi kurash kampaniyasi, aslini olganda, Davlat xavfsizligining yuziga urilgan tarsaki bo‘lgandi. Lubyankadagilar o‘zlarini o‘nglab olguncha, ularga yana «Vrachlar ishi» ko‘ndalang qilindi. Bu ishga chekistlar och it suyakka yopirilganday yopishib olishdi. Ular bu ish zamirida partiya Markaziy Qo‘mitasi va Siyosiy byurosini butun tarkibi bilan asfalasofinga jo‘natish imkoni borligini ko‘rdilar. Ammo chekistlar namoyon bo‘lgan imkoniyatlardan jazavaga tushib, sho‘rlik vrachlardan ularning hokimiyat va partiya rahbariyati bilan jinoyatkorona aloqalari haqida ko‘rsatmalarni qoqishtirib olishga kirishgan ham edilarki, Stalinning buyrug‘i bilan Davlat xavfsizligi vaziri Viktor Abakumov qo‘qqisdan ishdan bo‘shatildi va darhol qamoqqa olindi. Uning o‘rniga partiya apparatida xizmat qilgan Ignatev tayinlandi. Yangi ministr aniqlagan birinchi masala shu bo‘ldiki, ko‘p yillardan beri Stalinning shaxsiy kotibi bo‘lib ishlab kelgan Poskrebishev xalqaro sionizm bilan aloqada ekan. Uni to‘g‘ridan-to‘gri dohiyning qabulxonasidan qo‘llariga kishan solib, sudrab olib chiqib ketishdi, lekin Lubyankaga emas, VKP (b) Markazqo‘mi binosidagi maxsus turmaga olib borishdi. So‘roqda Poskrebishev Stalin Siyosiy byuroning eski tarkibini va MGB rahbariyatini to‘laligicha mahv etishga qaror qilganini gapirib berdi. Stalin ularning o‘rniga yangi odamlarni qo‘ymoqchi bo‘lgan. Shaxsan Poskrebishevning o‘zi kengaytirilgan byuroning 25 kishilik ro‘yxatini tuzgan. Yangi Siyosiy byuroga Brejnev ham kiritilgan ekan — u o‘zining shovvozlarniki yanglig‘ tashqi qiyofasi bilan Stalinda yaxshi taassurot qoldirgan ekan. Bir necha kundan keyin, 1953 yil 28 fevralda (e’lon qilinganday, 5 martda emas) Stalinni Kuntsevodagi dala hovlisidan jonsiz holda topadilar. Keyin esa armiya Davlat xavfsizligini tanklar bilan majaqlab tashladi. Kurashlar qizig‘ida Davlat xavfsizligi «sotsialistik davlat»ning bu real uchinchi kuchini unutib qo‘ygan edi. Dono partiyamiz esa uni vaqtida eslagan.)

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:53:52

Salkam yigirma yil davom etgan og‘ir urushdagi g‘alabadan keyin nafasini rostlab olgan partiya nomenklaturasi so‘nggi yillarda o‘zi orzu qilgan yangi hayotga tayyorlana boshladi. Partiya va davlatning yangi rahbari vazifasiga sobiq Stalin Siyosiy byurosi a’zolari ichidagi eng pachag‘i, eng qo‘rqog‘i va eng ko‘ngilchani Nikita Xrushchyov ko‘rsatildi. Nomenklatura Xrushchyovni o‘zining aytganlarini og‘ishmay bajaradigan oddiy bir qo‘g‘irchoq deb hisoblardi. Bu odam bir vaqtlar Stalinning buyrug‘i bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Siyosiy byuroning majlisida ter bosib, hansirab raqsga tushgan o‘sha Xrushchyov edi. O’shanda hamma a’yonlar chapak chalib turishgan va rosa xoxolab kulishgandi. Stalin esa kulaverib ko‘zidan yosh chiqib ketgandi.

Ammo Xrushchyov nomenklaturaning chirmandasiga avvalgidek itoatkorlik bilan o‘ynayveradi, degan umidlar chippakka chiqdi. Cheklanmagan hukmdorlik mazasini tatib ko‘rgan Xrushchyov, nafaqat nomenklaturaning ardoqli orzularini ro‘yobga chiqardi, balki armiyaga tayanib turib, uning haq-huquqlarini yanada cheklashga urinib ko‘rdi. Ammo undan nomenklatura bir muhim ishni bajarishni istagan edi — Xrushchyov buni ado etdi. Nomenklatura chegarasiz o‘zboshimchalikka intilardi. Xrushchyov zamonida shunday bir «muqaddas shartnoma» tuzildiki, bu nomenklatura «saltanati» fukarolarining shaxsiy xavfsizligi va erkinligini, qonun qarshisida ularning ustunligini kafolatlardi. Bu o‘sha nomenklatura orzu qilgan o‘zboshimchaliklar saltanatiga yo‘l ochardi. Shuni qayd qilish kerakki, keyinchalik 1991 yilning avgustiga qadar bu bitim hech qachon, hech qanday sharoitda buzilgani yo‘q. Faqat 1991 yil avgustidagina oliy tabaqa nomenklaturachilardan bir qanchasi turmaga tushib qoldi. Bu esa qolganlariga g‘oyib bo‘lish imkonini berdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:54:20

Stalin zamonasidagi eng yoqimsiz siymolar ham ortiqcha shov-shuvsiz (yoki Molotov, Malenkov va Kaganovich kabi) jinday shov-shuv bilan nafaqaga jo‘natildi, lekin ular avvalgi imtiyozlari va ne’matlarning hammasidan foydalanishda davom etdilar. Hatto, Stalinning dahshatli jinoyatlari elu-yurtga oshkor qilingandan keyin ham, bu hol marhum mustabidning oilasi maqomiga zarracha ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Uning qizi Markaziy Qo‘mita nomenklaturasi hisobida turishda davom etdi va hamma imtiyozlardan bemalol foydalanaverdi. Faqat bir kishi — Stalinning Vasiliy degan o‘g‘ligina bundan istisno bo‘ldi. U 25 yoshida general-leytenant edi, bolaligidan tevaragini xushomadgo‘ylar va malaylar qurshab olgandi. U valiahd ekaniga chindan ham ishonib qolganmi, harholda o‘zini shahzodadek tuta boshladi. Davlat to‘ntarishi tegirmoniga tushib qolgan kezlarida otasining o‘ldirilgani haqida oshkora gapira boshladi, yangi dohiylarni zo‘ravonlik bilan davlat tepasiga kelgan odamlar deb atadi. Holbuki, eski sulolaviy an’analarga ko‘ra otasi o‘lgandan keyin hokimiyat unga tegishi kerak edi. Uning baqirib-chaqirishlari hammaning joniga tegib ketdi. Uni hibsga olishdi va aviatsiya marshali Novikov ustidan yolg‘on chaquv yozishda ayblab, sakkiz yil qamoqqa hukm qilishdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, qamoqdan ozod qilishdi, general nafaqasini tayinlab, Qozonga jo‘natishdi, yarim yil o‘tgandan keyin uni o‘z to‘shagida o‘lib yotgan holda topishdi. Aftidan, u ortiqcha gaplarni javrashdan qolmagan qo‘rinadi.

Stalinning qizi Svetlana bo‘lsa, akasining qismatidan ibrat olib, xorijga qochishni afzal ko‘rdi. Xorijda u telekameralar qurshovida — hammaning ko‘z o‘ngida sovet pasportini kuydirib tashladi va Qo‘shma Shtatlarga o‘rnashdi. U Shveytsariya bankidagi Stalinning pullarini izlab topdi va sudlashib o‘z ulushini undirib oldi. Bir necha kitob yozib, otajonining va barcha kommunistik tuzumning vahshiyona mohiyatini yorqin ko‘rsatib berdi. Birja oldi-sotdisida chuvi chiqdi va kutilmaganda yana SSSRga qaytib keldi. Garchi u kezlarda uning kitoblarini o‘qigani va tarqatgani uchun ancha-muncha odam qamoqlarda o‘tirgan bo‘lsa-da, Svetlananing o‘zini ayol malikaday kutib olishdi: unga darhol shaxsiy nafaqa tayinlandi, kvartira berildi, shoferi bilan birga mashina ajratildi. Nomenklatura saltanatining fuqarosi o‘zining hamma imtiyozlarini bir umrga oladi va hech qachon fuqarolikdan mahrum etilmaydi. Ammo, SSSRdagi eng uchiga chiqqan imtiyozli hayot AQShdagi eng kamsuqum turmush bilan chog‘ishtirishga ham yaramaydi. Svetlana esa allaqachon AQShdagi hayotga ko‘nikib qolgan edi. Yana kutilmaganda u xorijga qaytib ketdi. Hech kim qarshilik ko‘rsatgani yo‘q. Asl malika bo‘lgandan keyin xohlaganini qiladi-da. Nomenklatura uning otasini yo‘qotar ekan, ayni ana shuni mo‘ljalga olgan edi...

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:55:01

Ammo Xrushchyov ham kutilgan umidlarni uncha oqlolmadi. U Stalin qamoqlaridagi millionlab mahbuslarni uylariga qaytardi, nomenklaturaga qarshi Stalin jinoyatlari haqida butun dunyoga oshkora jar soldi, nihoyat, partiya hayotining maqtalgan lenincha normalariga qaytilganini e’lon qildi. Shu bilan barobar Xrushchyov nomenklaturani o‘zi no‘xtalab olmoqchi bo‘ldi — u hamma darajadagi rahbarlarni o‘zicha o‘rnini almashtirib, ishdan olib, ishga tayinlab, o‘zidan uzoqlashtirib va o‘ziga yaqinlashtirib yana nomenklatura saltanatida asabiy vaziyatni vujudga keltira boshladi. Na tashqi siyosatda, na ichki siyosatda tajribaga ega bo‘lgan bu odam tufayli Uchinchi jahon urushi boshlanib ketishiga sal qoldi. Karib dengizidagi keskinlikni Xrushchyov vujudga keltirgan edi. Mao Sze-dun bilan qattiq urishib qolib, Umumjahon kommunistik imperiyasini parchalab yubordi, Stalinning jasadini mavzoleydan olib chiqib tashladi va bularning hammasi yetmaganidek, nomenklaturaga po‘pisa qilib, uning xizmatidagi hamma taqsimot nuqtalarini yopib tashlamoqchi va nomenklatura saltanatining hammasini oddiy savdo tarmoqlaridan foydalanishga o‘tkazmoqchi bo‘ldi.

G’azabi oshib-toshgan nomenklatura bunaqa chaparasta rahbarni 1958 yildayoq bartaraf etmoqchi bo‘lgan edi. O’shanda u, faqat marshal Jukovning sadoqati tufayli o‘rnida qolgandi. Unda, hali Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi 1954 yilgi mag‘lubiyatdan keyin o‘nglanib ulgurmagan bir sharoitda, Jukov juda katta obro‘-e’tiborga ega edi. Yo‘l-yo‘lakay ma’lum bo‘ldiki, davlat kemasining o‘txonasiga yonilg‘i sifatida yangi qurbonlar kelmay qolgandan keyin kemaning yurishi imillab qolipti. Bunaqada to‘xtab qolishi ham hech gap emas ekan. Tekin ishchi kuchidan mahrum bo‘lgan shaxtalar va konlar yopib qo‘yiladigan holatga yaqinlashdi. Nihoyat, qo‘llariga pasport tekkan kolxozchilar qishloqlarini tashlab qocha boshlashdi. Ular shaharlarga to‘lib ketdi, mamlakatning qishloq xo‘jaligi esa halokat yoqasiga keldi.

Hamma qandaydir qat’iy harakatni kutmoqda edi, buning o‘rniga Xrushchyov partiyaning yangi programmasini taqdim etdi. Bu programma surbetligi bilan unutilmas bir hujjat bo‘lgandi. U quyidagi iboralar bilan boshlanardi:

«Sovet kishilarining hozirgi avlodi kommunizmda yashaydi!» Partiya 1980 yilda bu jamiyatni to‘la-to‘kis qurib bo‘lishni va’da qilgan edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:55:35

Undan keyin yuz bergan halokatli qurg‘oqchiliklar Xrushchyovni Stalin tomonidan to‘plangan oltinini Amerika bug‘doyini sotib olishga sarflashga majbur qildi.

Xrushchyov o‘zi borib, Amerikani aylanib keldi. U safardan hang-mang bo‘lib qaytdi. «Ular allaqachon kommunizmni qurib qo‘yishipti-ku!» — dedi u Mikoyanga. Mikoyan esa o‘zining bahaybat mulkida kommunizmni qurib qo‘yganman deb o‘ylardi, shuning uchun uncha hayron qolmadi. Faqat shaxsan AQShga borib kelganidan keyin amin bo‘ldiki, o‘rtacha bir Amerika fermeri darajasida yashar ekan. Bu yurakni yomon g‘ash qildi. Endi yana shosha-pisha valyuta topish yo‘llarini qidirish kerak edi, negaki dumi qirqilgan Xrushchyov pulining nimjonligi endilikda Stalindan keyingi nomenklaturaning eng yuqori tabaqalariga ham ayon bo‘lib qolgandi.

Nomenklaturaning kayfiyati ham yaxshi emas edi. Yillar mobaynida xalqni aldab kelgan nomenklatura ilk bora o‘zi ham aldanganini his qiddi. Xorijga hech qanday to‘siqsiz, bemalol chiqib kelish imkoniyatiga ega bo‘lishi bilanoq, nomenklatura bir zumda marksizm-leninizm sahifalaridan yasab olgan niqobini sidirib tashladi-yu, o‘zini dollarning bag‘riga otdi.

60-yillarning boshida yirik shaharlarning aholisini lol qoldirib, «Beryozka» magazinlari paydo bo‘ldi. Unda xorijiy mamlakatlarning noyob buyumlari G’arb valyutasiga sotilardi. Buning hayron qoladigan joyi shunda ediki, mafkuraviy jihatdan Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari bo‘lg‘usi urushda bizning raqibimiz bo‘lajagi va sovuq urush mobaynida ham bizning asosiy dushmanimiz ekani ochiq-ravshan ta’riflab qo‘yilgan bo‘lsa-da, «Beryozka» magazinlari oshkora ravishda ana shu dushmanning puliga savdo qilardi. Ko‘zi ochiq odamlar uchun bu istiloning boshlanishini bildirardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:56:48

Yirik dollar otryadlari allaqachon temir parda orqali yorib o‘tib, butun mamlakatga tarqalib ketgandi. Ular shundoq ham oqsab yotgan iqtisodiyotni battar izdan chiqarmoqda va eng muhimi esa, allaqachon joni chiqib bo‘lgan mafkuraning jasadini kunpayakun qilmoqda edi.

«Maxfiy. 27.01.1963.
KPSS MK Ishlar boshqarmasi Respublika kompartiyalari Markazqo‘miga, KPSS o‘lka va viloyat qo‘mitalariga
«Beryozka» magazinlari tarmoqlari orqali sotilgan buyumlardan tushgan valyuta mablag‘ini sarflash to‘g‘risida.
KPSS Markazqo‘mining 1962 yil 10 noyabrdagi qaroriga binoan «Beryozka» savdo tarmog‘i orqali sotilgan buyumlardan tushgan xorijiy valyuta quyidagicha taqsimlanadi:
1.  Olingan mablag‘ning 50 foizi KPSS Markazqo‘mi qoshidagi maxsus moliyaviy komissiyaning har oydagi majburiy tekshiruvidan keyin KPSS Markazqo‘mi Ishlar boshqarmasi ixtiyoriga o‘tkaziladi.
2.  Qolgan 50 foiz KPSS o‘lka va viloyat qo‘mitalari ixtiyoriga tushadi. Ular har oyda belgilangan shaklda majburiy hisobot berish yo‘li bilan xarajat qilinadi.
Izoh: KPSS Markazqo‘mi «Beryozka» savdo tarmog‘i orqali tushgan xorijiy valyuta mablag‘idan quyidagi tarzda foydalanishni tavsiya etadi:
1.  30 foizi — viloyat (o‘lka) sanoatining ustuvor sohalarini rivojlantirishga sarflanadi.
2. 40 foizi — umumiy zaxira jamg‘armasida viloyat (o‘lka) valyuta jamg‘armasini barpo etish uchun sarflanadi.
3.  30 foizi — rag‘batlantiruvchi jamg‘arma tuzish uchun foydalaniladi. Undan qisman ish haqini to‘lash nazarda tutiladi.
Ilova: partiya qo‘mitalarining rahbar xodimlariga (raykom kotiblarigacha), egallagan mansablariga qarab farqlagan holda, xorijga safar uchun bir yo‘la mukofot tarzida beriladi. Viloyat (o‘lka) qo‘mitalari birinchi kotiblarining ixtiyori bilan beriladi. Har oyda hisobot topshirilishi zarur».
Qarorning chetida Xrushchyovning qaydi bor: «Rag‘bat uchun 30 foiz ko‘plik qilmasmikin?»

Raqam o‘chirilib, 10 ga to‘g‘rilangan, keyin 15 foiz deb yozilgan. Aftidan, chinakamiga partiyaviy murosasizlik bilan fikr almashuvlar bo‘lib o‘tgan ko‘rinadi.

Qayd etilgan