Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155000 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 41 B


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:47:06

Taftishda qatnashish uchun kelganlar esa darhol qamoqqa olinardi va ulardan boshqa boyliklari haqidagi ma’lumotlar har qanday yo‘l bilan bo‘lsada, sug‘urib olinardi.

Mamlakatni talash bilan bir qatorda bu jarayonga hech kim xalaqit bermasligi ham puxta o‘ylangan. O’z-o‘zidan ayonki, bolsheviklar, ayniqsa, ofitserlardan xavotir olishgan. O’sha kezlarda Petrogradda 50 mingga yaqin ofitser bor edi. Armiya vayron bo‘lib, uni tarqatib yuborish haqidagi farmon chiqqandan so‘ng ofitserlar uy-uylariga qaytib ketishgandi. Ularning ko‘plari faol qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirmay, nima qilib bo‘lsada, bu dahshatli qunlardan o‘tib olishga umid bog‘lashardi. To‘rt yillik jahon urushida ularning surobi to‘g‘rilanib qolgandi. Ammo omon qolishning iloji bo‘lmadi. Hamma ofitserlar xizmat joylariga kelib ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi to‘g‘risida farmon chiqdi. Kelmaganlar otilar edi. Ro‘yxatdan o‘tgani kelganlarni esa barjalarga joylab, Fin qo‘ltig‘iga olib borib, cho‘ktirib yuborishdi. O’sha kezlarda «aksilinqilob gidrasi» degan mashhur atama yuzaga keldi. «Gidra» deganini quyidagicha yasar edilar: uchta yo to‘rtta ofitserni bir-birlariga orqama-orqa qilib bog‘lashardida, suvga uloqtirishardi. Ammo favqulodda hollarda — chekistlar ko‘ngil ochishni istab qolganlaridagina shunday qilinardi. Odatda esa ularni sinfiy jihatdan alohida xavfli unsurlar sifatida jo‘ngina suvga cho‘ktirishar yoki otib tashlashar edilar. Ayni choqda ularning diqqat-e’tiborlari asosiy vazifadan - Rossiyani talash vazifasidan bir daqiqa ham chalg‘imas edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:51:15

Rossiyaning shimoliy va markaziy gubernalaridagi qo‘rqib ketgan minglarcha aholi janub tomonga - Ukrainaga qocha boshladi. Uning mustaqilligi Brest shartnomasi bilan kafolatlangan va nemis qo‘shinlari tomonidan himoyalangan edi. Nemislar RSFSR chegaralari bo‘ylab Ukrainadan to Boltiqbo‘yigacha joylashgan edilar. Ular bir tomondan bolsheviklarni tashqi xurujlardan himoya qilar va ayni choqda o‘z hududlarini kengaytirishlariga ham yo‘l qo‘yishmasdi. Qo‘shinlar qochoqlarni orqaga qaytarishar, qay bir yo‘l bilan o‘tib ketganlarini ushlab, bolsheviklarga topshirardilar. Allaqachon «noqonuniy tarzda chegaradan o‘tganlar» to‘g‘risidagi Lenin dekreti amalga kirgandi. Bu dekretda chegarani buzganlarni otib tashlash ko‘zda tutilgandi. Bolsheviklar tomonidan bosib olingan hududda qolgan ko‘pgina odamlarning qarindoshlari va do‘stlari Ukraina hukumatini iltimosnomalarga ko‘mib tashlashdi. Bu iltimosnomalarda qarindoshlarining taqdiriga aralashish va ularni kommunistik «jannatdan» xalos bo‘lishlariga ko‘maklashish so‘ralgan edi.

Ukraina hukumati yordam so‘rab nemislarga murojaat qildi. Ular Moskvadagi elchilari Mirbax orqali bolsheviklarning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdilar. Nemislarni hayron qoldirib, Lenin bu taklifni bajonudil qabul qildi. Getman hukumati «tekinxo‘r sinflar» haqida shunchalik g‘amxo‘rlik qilar ekan, sovet hukumati istagancha odamni Ukrainaga jo‘natishga mutlaqo qarshi emas, faqat... bu ish bepul bitmaydi. Mayli, Kievda odamlarning familiyalari va manzillarini ko‘rsatib ro‘yxatlar tuzishsinda, uni Moskvaga jo‘natishsin. Har bir qochoq uchun 2000 funt-sterling yoxud tilla so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. Lekin, mayli, jin ursin sizlarni, pul bo‘lmasa, bug‘doy bera qolinglar. Faqat shoshilinglar. Fursat o‘tib boryapti. Dohiyning so‘nggi so‘zlarida oshkora shama bor edi. Oradan ko‘p o‘tmay Ukrainadan shimolga g‘alla ortilgan eshelonlar yo‘l oldi. Bular o‘sha paytda butun Rossiyada «getman eshelonlari» deb tanilgan edi. Ular ko‘plab mahkumlarga ozodlik va hayot eltdilar. Janub tomonga Ukrainada qarindoshlari va do‘stlari bor qochoqlar to‘lib-toshgan poezdlar yo‘lga chiqdi. Chegaradagi bekatlarda qochoqlarni tintib, bor-budlarini shilib olishardi. Poezdlar sutkalab turib qolardi. Hech qanaqa kafolat yo‘q edi. Istagan odamni to‘satdan qamab qo‘yishlari va hatto perronning o‘zida otib tashlashlari ham hech gap emas.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:54:14

Ammo bularning bari hali holva edi. Rossiyada juda badavlat odamlar unchalik ko‘p emasdi va ularning hammasi otning qashqasiday ma’lum edi. Lenin Dzerjinskiyga maktubida og‘zidan bol tomib tilga olgan o‘rtahol odamlar ko‘proq edi, ammo ular ham aholining umumiy sanog‘ida juda kam foizni tashkil qilardi. Shuning uchun ularni talash va mahv etish oson edi. Buning ustiga — tan olish kerak — ularni jamoatchilik deyarli qo‘llab-quvvatlamasdi, chunki hasad mafkurasi o‘z ishini qilib bo‘lgandi.

Ammo o‘n millionlab mayda mulkdorlar — mehnatkash sarrojlar, mo‘ynado‘z, ko‘nchi, etikdo‘z, mumchi, duradgor, shishasoz, tunukasoz, pechkachi, muqovasoz, zardo‘z, suratkash va boshqa kasbdagilar bor edi. Mamlakat aholisining katta qismini tashkil qiluvchi bu kosiblar o‘z hunari bilan tirikligini o‘tkazardilar. Ular haddan tashqari mehnatsevar edilar, o‘z ishlariga benihoya mohir edilar; ular shafqatsiz raqobat sharoitida uzoq yillar davomida uch-to‘rt tanga jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishgandi. Ularning hammasi komil ishonch bilan o‘zlarini mehnatkash deb hisoblar va bolsheviklar bizning nomimizdan ham ish yuritishyapti deb o‘ylashardi. Zavod ishchilari belgilangan vaqtlardagina ishlar edilar. Kosiblar esa, ulardan farq qilaroq, ertayu kech tinim bilmasdan mehnat qilishar va faqat bayram kunlaridagina hordiq olishga o‘zlariga izn berishardi. Axir, shular bo‘lmasa, kim mehnatkash ataladi? Ular ham shunday deb hisoblashgan. Ammo ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldi-ki, behuda umidlangan ekanlar. Ularni ipidan-ignasigacha shilib olmay turib, bolsheviklarning ko‘ngli joyiga tushmasdi. Rossiyada bunaqa mehnatkash deganning sanog‘i yo‘q — ularning hammasi birgalikda partiya g‘aznasini ancha to‘ldirishi turgan gap. Ularning hissasi hech bo‘lmaganda yirik burjuaziyadan va ziyolilardan talab olingan mablag‘ning yarmiga teng bo‘lishi mumkin edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:55:01

G’alati joyi shundaki, Lenin ayni ana shu mehnatkash mayda mulkdorlarni yirik kapitalistlardan ko‘ra ko‘proq yomon ko‘rgan. Buning boisi shundaki, «jahon proletariatining dohiysi» o‘zining jamiki hamtovoqlaridan mug‘ombirroq va aqlliroq bo‘lgani uchun tevaragidagilarga qaraganda ancha uzoqni ko‘ra olgan. Ular o‘zlariga topshirilgan vazifani, ya’ni Rossiyani ipidan-ignasigacha talash vazifasini bajarishgan va o‘zlarining aql bovar qilmaydigan o‘ljalari bilan birga bir zumda juftakni rostlashga tayyor turishgan. Ular butun g‘ayratlarini va «inqilobiy shijoatlari»ni ayni shu maqsadga qaratishgan. Lenin esa mamlakatdagi va dunyodagi ahvolni sinchiklab kuzatib borgani uchun hokimiyatni qo‘lida tutib qolish imkonini ko‘ra boshlagandi. Qo‘shma Shtatlar urushga qo‘shilgandan keyin kayzer Germaniyasining ahvoli kun sayin og‘irlashib bormoqda edi. Sharqiy front yo‘q ekaniga qaramay, Germaniya iqtisodiy va harbiy halokatga, binobarin, taslim bo‘lishga mahkum etilgandi. Bu esa o‘z navbatida Brest shartnomasi bekor bo‘lishini anglatardi. «Sovetlar Respublikasi» nemislarga qaramliqdan xalos bo‘lib, mutlaqo mustaqil va taqsiri noma’lum bir o‘lkaga aylanishi mumkin edi. Bu kunni tegishli tayyorlik bilan kutib olmoq kerak. Buning uchun faqat burjuaziya bilan ziyolilarni tugatishning o‘zi kifoya qilmaydi. Bu oson va qulay. Endigi vazifa murakkabroq bo‘ladi. Lekin ma’lumki, bolsheviklar uddasidan chiqmaydigan vazifa yo‘q.

«Sotsializmning bosh dushmani, - deydi Lenin, - mayda burjuaziya dunyosidir». So‘ng u davom etadi: «Mayda burjuylar bir necha minglab pullarni yashirib qo‘yganlar. Ular bu pullarni har xil «to‘g‘ri» va ayniqsa, «qing‘ir» yo‘llar bilan topishgan... Pul jamiyat boyligini olishga imkon beradigan hujjatdir. Shuning uchun ko‘p millionli mayda mulqdorlar qatlami bu hujjatni juda ehtiyot qilib saqlaydi, hech qanaqa kommunizmu sotsializmga ishonmagani uchun pulini davlatdan yashiradi. Minglarcha so‘mini avaylab-asrovchi mayda burjua... dushmandir. U minglarcha so‘mini, albatta, o‘ziga sarflashni istaydi». Yo‘q, o‘zgalarning cho‘ntagidagi pullar Leninga tinchlik bermaydi. Albatta, bu pullarni birinchi navbatda tortib olish zarur. Lekin gap faqat puldagina emas. Axir mayda mulkdorlar (ularga dehqonlar ham kiradi) — ulkan bir mamlakatning o‘zicha faoliyat ko‘rsatadigan aholisidir. O’zicha faoliyat ko‘rsatadi degani mustaqil degani hamdir. «Jahon proletariati dohiysi»ning olisni ko‘zlab belgilagan vazifasiga ko‘ra esa, ularni talashning o‘zi kifoya emas, balki mustaqillikdan mahrum ham qilish kerak. Shunda ular Leninning xohishlarini so‘zsiz bajaruvchi mute qullarga aylanadi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:55:42

Lenin zarracha xijolat tortmay, o‘z hamtovoqlariga bu ulug‘vor vazifani qanday bajarish kerakligi haqida ta’lim beradi:

«G’alla monopoliyasi, non kartochkasi, yalpi mehnat majburiyati proletar davlatining qo‘lida, to‘la huquqli sovetlar qo‘lida hisob-kitob va nazoratning juda qudratli qurolidir... Mehnatga majbur qilish va nazoratning bu vositasi konventning qonunlariyu gilotinasidan zo‘rroqdir. Gilotina faqat qo‘rqitardi, faol qarshilikni sindirardi, xolos. BU BIZGA KIFOYA QILMAYDI. Biz kapitalistlarni qo‘rqitib qo‘ymog‘imiz kerak, toki ular proletar davlatining qudratini bilib qo‘yishsin va unga faol qarshilik ko‘rsatishni xayollariga ham keltirishmasin Shu bilan birga biz ularning passiv qarshiliklariii ham sindirmog‘imiz lozim, negaki bu yanada xavfliroq va zararlidir. Biz nafaqat har qanday qarshiliklarni sindiramiz. Biz ularni yangi tashkiliy davlat muassasalarida ishlashga majbur qilamiz. Buning uchun qo‘limizda vositamiz bor... Bu vosita — g‘alla monopoliyasi, non kartochkasi, yalpi mehnat majburiyatidir».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:56:18

Bundan ochiqroq aytib bo‘lmaydi. Agar hokimiyatni qo‘lda tutib qolishga muvaffaq bo‘linsa (va hokimiyatni qo‘lda tutib qolish uchun ham), mamlakatning hamma boyligini qo‘lga olish kerak (allaqachon qo‘lga olinyapti ham), hamma g‘allani, hamma oziq-ovqat mahsulotini, hamma turar joylarni, xullas, odamlarning tirikligi nimaga bog‘liq bo‘lsa, shularning barini qo‘lga olish kerak. So‘ngra ularni shunday taqsimlash kerakki, sillasi qurigan va ochlikdan ko‘p xo‘rliklar ko‘rgan odam bor-yo‘g‘i non kartochkasi uchun bajonudil mehnat kiladigan va umuman, buyurilgan har qanday ishni bajaradigan bo‘lsin. Juda oddiy va dohiyona! To‘g‘ri, hali ba’zi jihatlari sal qorong‘iroq - masalan, bu ajoyib aqida kimga tatbiq qilinadi? Kapitalist, burjuy, quloq degan tushunchalar bir oz mujmalroq. Hatto Leninning o‘zi ham hammaga yorliq osaverib chalkashib ketdi, endi esa bu tushunchalarning chegarasini daromad, maosh, umumiy ahvolga nisbatan aniq belgilay olmay qoldi. Endi esa «boy sinflar» tushunchasi chegarasini oyiga 100 so‘mgacha daromad qiladiganlar bilan belgilab o‘tiribdi. Shunday bo‘lsa ham, birinchi navbatda kimni tunash va kimga zo‘rlik ishlatish masalasida hech kimda hech qanday shubha uyg‘onmasligi uchun Lenin sira ikkilanmay shunday izoh beradi:

«Badavlat odamlarga qo‘llanadigan majburiy mehnat printsipidan hokimiyat asta-sekin bu printsipni ko‘pchilik ishchi-dehqon mehnatkashlariga nisbatan qo‘llashga o‘tmog‘i kerak, to‘g‘rirog‘i, muayyan printsiplarni (non kar-tochkasi, majburiy mehnat va majbur qilish) ma’lum tartibda qo‘llamog‘i zarur. Sovet rahbarlarining saylab qo‘yilgan yoxud tayinlangan, diktatorlik vakolatlariga ega bo‘lgan diktatorlarning farmoyishlariga so‘zsiz bo‘ysunishlariga erishmoq kerak».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:57:21

Markazqo‘m a’zolari qo‘rquvdan ranglari bo‘zardi. Bu endi sinfiy kurash emas, butun xalqqa qarshi e’lon qilingan urush edi. Birinchidan, bu juda xatarli, ikkinchidan esa... «Axir, Rossiyadan nima qoladi? - deb dahshat ichida ming‘irlaydi sadoqatli Bonch-Bruevich. - Buning oqibatida ming yildan beri yashab kelgan Rossiya butunlay mahv bo‘ladi-ku?!.»

Lenin keskin harakat bilan katta barmoqlarini nimchasi ichiga tiqib, ko‘zlarini qisadida, Xalq Komissarlari Sovetining Ish boshqaruvchisiga yomon tikiladi.

Qolganlarning dami ichida, «Esingizda bo‘lsin, azizim, - deydi Lenin Bonch-Bruevichga murojaat qilib, lekin hamma eshitadigan baland ohangda. - Esingizda bo‘lsin, Rossiyaga tupuraman. Chunki men - bolshevikman!» Leninning bu sevimli iborasi uning sheriklari uchun shior bo‘lib qoldi. Ular bu iborani o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa takrorlashni yaxshi ko‘rishardi. Nihoyat, vaqti soati kelib Iosif Vissarionovich ularning ovozini o‘chirdi, chunki Leninning bu dahshatli iborasi «bir mamlakatda sotsializm qurish» mumkinligi haqidagi Stalinning «kufrona» nazariyasiga to‘g‘ri kelmas edi. Shunday qilib, urush e’lon qilindi. O’nlab yillar davomida izga tushgan hamma narsa bir zumda vayron bo‘ldi — shaharlar infrastrukturasi buzildi, savdoning hamma turlari o‘ldi, xizmat ko‘rsatish sohalari dabdala qilindi. Qochishga ulgurolmagan uy egalari va mehmonxonalarning xo‘jayinlari yo o‘ldirildi, yo qamoqqa olindi, yoki omadi chopganlari ko‘chaga uloqtiril-di. Bir zamonlar butun Ovrupoga mashhur bo‘lgan magazinlar va restoranlar, birinchi darajali mehmonxonalar, klublarning vitrinalari sindiriddi, yo faner bilan qoplandi. Nafaqat ular, kichik do‘konchalar, yo‘l bo‘ylaridagi yotoqxonalar, karvonsaroylar, ustaxonalar, yemakxonalar ijaraga qo‘yiladigan xonalar ham yopilib qoldi. Tabiiyki, bir lahzaning ichida sotuvda hamma narsa g‘oyib bo‘ldi, birinchi navbatda, non yo‘q bo‘ldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:58:01

«Burjuaziyani bostirish nima degani? - deb tushuntirdi Lenin! - Pomeshchikni bostirish va mahv etish uchun uni yerdan mahrum qilib, yerini dehqonlarga bersang kifoya. Ammo yirik sarmoyani tugatish bilan burjuaziyani bostirish va yo‘q qilish mumkinmi? Marksizmdan salgina xabardor har qanday odam biladiki, bunday yo‘l bilan burjuaziyani bostirib bo‘lmaydi, chunki burjuaziya tovar ishlab chiqarishdan tug‘iladi; tovar ishlab chiqarish sharoitidagi dehqonni olib ko‘raylik — uning yuz pud ortiqcha g‘allasi bo‘lsa, u bu g‘allani davlatga topshirmay, chayqovda sotsa — kim bo‘ladi u? Burjuaziya degani shu emasmi?.. Ana shunisi dahshatli! Sotsial inqilob uchun eng xatarli joyi ana shunda». Va albattaki, mamlakatdagi butun savdo tizimini mahv etgan bolsheviklar har qanday oziq-ovqat mahsulotlari sotishni chayqovchilik deb e’lon qildilar. (Xo‘b ajoyib so‘z topilgan edi-da! Bu so‘z 74 yil mobaynida kommunizm sari muzaffarona odim otib keddi, mana, endilikda u tuzum o‘lib ketdi, ammo bu so‘z yashamoqda, aftidan, chayqovchilik bizning mamlakatimizda mangulik kasb etgan ko‘rinadi.)

1917 yilning 10 dekabridayoq chayqovchilar xalq dushmanlari deb e’lon qilinadilar, uch oy o‘tgandan keyin esa Lenin imzolagan dekretda aniq ko‘rsatma beriladi: «chayqovchilar... jinoyat qilgan joylarining o‘zida otib tashlanadi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  14 Fevral 2011, 12:58:49

Uylarda, devorlarda, simyog‘ochlarda - hamma joylarda buyruqlar paydo bo‘ldi: «Kimda-kim chayqov, oldi-sotdi masalasida sovet hokimiyati tomonidan nashr qilingan mavjud qonunlarga chap berishni o‘ylasa, uning molu mulki musodara qilinadi, o‘zi otiladi...»

Mashhur adiba Zinaida Gippiusning mohir qalami o‘sha dahshatli davrning yuraklarni orziqtiruvchi haqiqatini bizga shunday yetkazadi:

«... son-sanoqsiz (ba’zan bir-biriga zid va chalkash, lekin hamisha tahdidli) dekretlar bilan hamma narsa «milliylashtirildi» — bolsheviklashtirildi. Hamma narsa «davlatniki» (bolsheviklarniki) deb hisoblanardi. Ba’zi bir qolgan-qutgan zavodlar va fabrikalarni aytmaganda, hamma do‘konlar, hamma magazinlar, hamma korxonalar, ko‘chmas mulklar, deyarli hamma (yirik) ko‘chuvchi mulklar — bari davlat tasarrufiga o‘tkazilgan va davlat mulki deb hisoblanardi. Dekretlarning hammasi shu g‘oyani amalga oshirishga yo‘naltirilgan edi. G’oyaning amalga oshishi silliq kechgan deb aytish qiyin. Sirasini aytganda, bularning bari hamma narsani qo‘lga olish ishtiyoqidan boshqa narsa emas edi. Va ko‘pincha bularning bari vayronalik va xunrezlik bilan, tortib olingan narsaning mahv etilishi bilan tugar edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  15 Fevral 2011, 11:57:21

Musodara etilgan magazinlar, korxonalar va zavodlar yopilib qoladi; xususiy savdoning tugatilishi umuman, har qanday savdoning to‘xtashiga olib keldi, hamma magazinlar yopildi, yashirincha savdo qilish, chayqovchilik va o‘g‘rilik avj oldi. Bolsheviklar xohlasa-xohlamasa bunga panja orasidan qarashga majbur edilar va ahyon-ahyondagina ko‘chalarda, xususiy binolarda, bozorlarda oldi-sotdi bilan shug‘ullanayotganlarni bosib, jazoga tortar edilar. Bozorlar deyarli hamma uchun yagona tiriklik manbai bo‘lib, u ham boshdan-oyoq xufiya tarzda ish tutardi. Ba’zan terrorchi otryadlar bozorga hujum qilar, tars-turs o‘q otib, odamlarni o‘ldirar va sotilayotgan oziq-ovqatlarni otryad foydasiga musodara qilar edi. Dastavval oziq-ovqat tortib olinardi, ammo bozorda yo‘q narsa bo‘lmasdi. Shuning uchun boshqa narsalar ham — eshiklarning tutqichimi, bronza shamdonlarmi, qadimgi duxoba muqovali injilmi — tortib olinaverardi... Mebel xam davlat mulki hisoblanardi. Ammo divanni etaging tagiga yashirib sotolmaysan, shuning uchun odamlar charmini qirqib olib, uni biron yegulik narsaga almashtirish payidan bo‘lishardi... «Qizil askarlar kelyapti!» - degan xitobni eshitish bilan savdo qilayotganlar baqirib-chaqirib to‘rt tomonga tiraqaylab qochishini bir ko‘rsangiz edi! Lash-lushini ko‘kragiga bosib olgan odamlar jon-jahdlari bilan yugurar, bir-birini turtkilar, egasiz yerto‘lalarga suqilib olishar, siniq derazalardan oshib ichkari kirishardi... Xaridorlar ham shunaqa joylarda boshpana topishga intilishardi, chunki Sovdepiyada bir narsani xarid qilish ham uni sotishdan kam jinoyat emas deb hisoblanardi. Holbuki, Zinovevning o‘zi yaxshi bilardiki, bu «jinoyat» bo‘lmasa, Sovdepiyada fuqaro qolmas, uning umri esa 10 kunga borib-bormay tugab bitardi.

Rossiyada hozir juda arzimagan bir guruh odamlar hukmbardorlik qilmoqda. Aholining qolgan qismi va ayniqsa, savodli odamlarning ko‘pchiligi ularga salbiy qaraydi, hatto, dushmanlik bilan munosabatda bo‘lmoqtsa. Chinakamiga begona bir yurtni bosib olganday taassurot qoladi.

Latish, nemis, avstriya, vengr va xitoy polklari bu taassurotni yanada to‘ldiradi. Bolsheviklarning shaxsiy soqchilari latishlar va mo‘g‘ullardan tarkib topgan. Xitoylar qo‘lga tushgan mahbuslarni otib tashlashadi. («Mahkumlar»ni deb yozvorishimga sal qoldi, biroq mahkumlar yo‘q, chunki qamoqqa olinganlar ustidan sud bo‘lmaydi. Ularni shundoq otib tashlayverishadi)... Mo‘g‘ul istilosidan nima farqi bor buning?»

Qayd etilgan