Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155079 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 41 B


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:57:19

Dollar mamlakatni junbishga keltirdi. Ajnabiy sayyohlarning kelishi keskin ko‘paydi. Bu esa o‘z navbatida KGB xodimlarining sonini ham ko‘paytirishni talab qildi. Negaki, SSSR hududida bironta ham xorijiy odam nazoratsiz qolishi mumkin emas edi-da! Ammo KGB avvalgi qudratiga qaytib ulgurmagan edi. Shuning uchun u, butun mamlakat u yoqda tursin, hatto, yirik shaharlarni ham nazorat qilishga qurbi yetmay qolgandi.

Natijada valyuta jamg‘arish ishiga mamlakatdagi mavjud tuzumning asosiy dushmani - uning o‘z aholisi qo‘shildi. Ichki siyosat borasida sodir bo‘lgan ba’zi bir iliqliklar vajidan ular o‘zini emin-erkin deb his eta boshlagan edilar. Bu juda xavfli xomxayol edi — aholining shaxtini juda tezlik bilan va qat’iy suratda qaytarib qo‘yish zarur edi. Bu chindan ham xomxayol edi. Xalq avvalgiday hech qanday haq-huquqqa ega emas va partiya hamda militsiya hukmdorlarining to‘la o‘zboshimchaligi ostida hayot kechirardi. Chegaralarda tikanli simlar hamon odamlarni tashqi dunyodan ajratib turar, pasport tizimi uni yashaydigan joyiga mahkam biriktirib qo‘ygandi. Haqiqiy turmush darajasi Stalin davridagiga qaraganda birmuncha yaxshilangan bo‘lsa-da, hali ham juda-juda past edi. Nomenklaturaning muntazam ravishda xorijga safar qilishlari oddiy odamlarning ahvolini yanada og‘irlashtirdi. G’arb mamlakatlaridagi haqiqiy hayotni ko‘rgach, nomenklatura bu ahvol mamlakat aholisiga ma’lum bo‘lib qolishi mumkinligini o‘ylab dahshatga tushdi va xorijdagi hayot to‘g‘risidagi axborot keng xalq ommasiga yetib bormasligi uchun hamma choralarni ko‘rdi. Stalin hayotligidayoq ulug‘ axborot urushi boshlangan edi — u paytlarda G’arb radiostantsiyalarini eshitgani uchun 10 yil berilardi. Bu urush yangi-yangi shakllarga kirib davom etmoqda edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:57:44

Xalq noroziligining har qanday ko‘rinishi o‘ta shafqatsizlik bilan bostirilar edi. Novocherkasskda, Vorkutada, Tbilisi va boshqa ko‘pgina shaharlarda ishchilarning namoyishlari bag‘ritoshlik bilan o‘qqa tutildi. Mavjud tuzumni ag‘darib tashlashga chaqiriq emas, biror-bir imo-ishora bordek tuyulgan joyda hech ikkilanmay o‘lim jazosi berilaverardi. Vengriya, Germaniya va Polshadagi xalq isyonlari tanklar bilan bostirildi... Birdan ma’lum bo‘ldi-ki, xalq hali chinakam insoniy hayot nash’asini unutmagan, doimo shunga intilib kelgan ekan. Shu jumladan, dollarga ham. Holbuki, bolsheviklar bu xalqni insoniy hayotdan bezdiraman deb, uni kallavaram bir maxluqqa aylantiraman deb, millionlab qamab, ta’qib qilaverib, 1917 yildan beri juda qiynalib ketgan edi.

Dollar ishtiyoqidagi odamlar ko‘plab paydo bo‘la boshladi. Ularning ichida, ayniqsa, yoshlar ko‘p edi. Matbuot bu yoshlarga bir zumda «valyutachilar» deb nom qo‘yib oldi. Ular G’arb sayyohlari bilan ruxsatsiz bo‘lsa-da, uchrashuvlardan qo‘rqishmadi — ularni josuslikda ayblashlari mumkin edi — bundan ham cho‘chishmadi. Ular valyuta va har xil buyumlar shaklida G’arb mafkurasini mamlakat bo‘ylab yoya boshladilar. Ularga qarshi ayovsiz urush e’lon qilindi. Inturist xodimlari allaqachon xavfsizlik xizmati filialiga aylanib qolishgan edi — ular hang-mang bo‘lib qolgan xorijiy sayyohlarning ko‘z o‘ngida «valyutachilar» yoxud «chayqovchilar» ustiga dadil tashlanib, ularni qo‘lga olish va militsiyaga topshirish payida bo‘lishardi. Bu mushtlashishlar ba’zan fojialar bilan tugardi. Ana shunday janglarning bittasidan keyin yigirma yoshli Igor Kuzmin degan yigit qamoqqa olindi, namunali sud jarayonidan o‘tkazilib, otib tashlandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:58:00

Ammo tarixga «Rokotov va Faybishchenko jarayoni» sifatida kirgan birinchi «valyuta» sudi jamoatchilik o‘rtasida yanada kattaroq aks-sado berdi. Bu ikki yosh yigit (ularning biri qirq yoshda, ikkinchisi yigirma besh yoshda edi) sayyohlardan dollar xarid qilgani uchun qamoqqa olingan. Rokotov bilan Faybishchenko ishning ko‘zini yaxshi bilar ekan — ular bor-yo‘g‘i ikki yil ichida 300 ming dollar va sovet pulida bir yarim million so‘m ishlashibdi. Ular bu pullarni aylantirib, o‘z mulklarini ko‘paytira boshlashibdi. Ular qamoqqa olingan chog‘da RSFSR Jinoyat Kodeksidagi tegishli moddada valyuta bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy ishlar uchun 5 yil qamoq jazosi belgilangan edi. Bu modda Stalin zamonasidan qolgan edi. U paytlarda nomenklaturaning oliy tabaqalaridan boshqa hech kimning qo‘li valyutani ko‘rgan ham emasdi — valyuta olib sotish ulardan boshqa odamning xayoliga ham kelmas edi. Shunday bo‘lsa-da, nomenklatura har ehtimolga qarshi bu ishlar uchun jazoni kamroq belgilagan edi. Ammo, endilikda nomenklatura g‘azabining poyoni bo‘lmay qoldi. Qamoqqa olingan yoshlar o‘z dollarini juda oson yo‘l bilan topishganini ko‘rib nomenklatura larzaga tushdi — butun sovet xalqi ana shu oson yo‘lga kirib ketib, jonajon partiyasi uchun mehnat qilishni yig‘ishtirib qo‘ysa nima bo‘ladi? Moddiy mustaqillik esa hamisha siyosiy mustaqillik hamdir. Buni Ilichning o‘zi g‘alla monopoliyasi haqidagi dohiyona maqolalarida ta’kidlab ketgan edi. Xalq o‘ziga tegishli bir burda nonni faqat partiyaning qo‘lidan olmog‘i kerak va uni ochidan o‘ldirmay, shu nonni berib turgani uchun bu qo‘lni o‘pmog‘i lozim.

Garchi sovet huquqshunosligi, «qonun teskari qudratga ega emas», deb e’tirof etsa-da, mahbuslarga besh yil qamoq jazosi nazarda tutilgan modda bilan ayb e’lon qilinganiga qaramay, tergov davom etayotgan paytda moddadagi muddat avval sakkiz yilga, keyin esa 15 yilga o‘zgartirildi va mahbuslarga yana ikki marta ayb e’lon qilindi. Ammo buni ham yetarli emas deb hisoblashdi. Tergov tugay deb qolgan-da, moddani yana bir marta o‘zgartirdilar. Bu gal moddada otish jazosi ham paydo bo‘ldi. So‘ng ikkala sho‘rlik yigitni otib tashlashdi. Qaysi nuqtai nazardan qaramang — bu uchiga chiqqan o‘zboshimchalik edi. U Xrushchyov boshlab kelgan iliqlikning avj pallasida ro‘y berdi. Shuning o‘zidan Kremlda nimalar bo‘layotganini aniq bilib olsa bo‘ladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  09 Sentyabr 2012, 23:59:29

Oliy Sovet birin-ketin yangi qonunlarni qalashtirib tashladi: «G’ayriqonuniy valyuta operatsiyalari uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida», «Chakana valyuta operatsiyalari uchun javobgarlik to‘g‘risida», «G’ayriqonuniy tarzda valyuta asragani uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida». Shunday qilib, faqat nomenklatura qo‘lidagi valyutagina qonuniy hisoblanadigan bo‘ldi. Garchi bu yangi qonunlarning hammasida «g‘ayriqonuniy operatsiyalar» to‘g‘risida nimadir deyilgan bo‘lsa-da, ularning hammasi oxir-oqibatda oddiy odamlarga xorijiy valyuta asrashni taqiqlashdan boshqa narsa emas edi. Har qanday tintuvda yoningizdan valyuta chiqib qolsa, u shifr va radiostantsiyalarga o‘xshash josuslik belgilaridan yomonroq hisoblanardi. Valyuta jinoyatning ashaddiyligini ko‘rsatar va boshqa molu mulkingiz bilan birga darhol musodara qilinishi shart edi. Aytaylik, xorijdagi biron qarindoshlaridan maktub ichida 10 dollar olgan biror oddiy odam shu pulni ko‘tarib, «Beryozka»ga tumshug‘ini tiqadigan bo‘lsa, u darhol qo‘lga olinardi, negaki sovet fuqarosini xorijiy odamdan ajratib olish haddan tashqari oson edi. Undan pulni tortib olishar, bu haqida hujjat yozilar, sho‘ring qurg‘urning ish joyiga xabar qilishardi. U odamning o‘zi shu bilan qutulib ketsa, oson qutulganiga chin ko‘ngildan shukronalar qilardi.

Hamma narsani uzil-kesil joy-joyiga qo‘yish uchun shu yillarning o‘zida «Tekinxo‘rlikka qarshi kurash to‘g‘risida»gi mashhur qonun qabul qilindi. Bu qonunga ko‘ra, davlat foydasiga ishlashni istamagan barcha odamlar butun mamlakat bo‘ylab tekinxo‘r deb e’lon qilindi. Bu qonunni sovet huquqshunosligining durdonasi deb atasa bo‘ladi. U nomenklaturaning qo‘liga o‘ziga yoqmagan har qanday odamni ochiqchasiga jazolash imkonini berdi.

Nobel mukofotining sohibi shoir Iosif Brodskiy bu qonunning ilk qurbonlaridan biri bo‘lgan edi. Uning she’rlari rayon partiya qo‘mitasining xodimiga ma’qul tushmagandi. Keyinchalik noma’qul odamni hamma joydan quva boshlardilar, hech qaerda ishga olmasdilar, so‘ng tekinxo‘r deb e’lon qilib, yo «qonuniy» asosda qamardilar, yo surgunga jo‘natardilar. Shu vaqtning o‘zida qishloqlarda dehqonlarning xususiy issiqxonalarini kunpayakun qilishga tushdilar, yana chorva tortib olina boshlandi va hatto, Stalinning o‘zi ruxsat bergan tomorqadan ham mahrum qilishdi. Buning o‘rniga butun mamlakatda makkajo‘xori ekish boshlandi, chunki ayni shu ekinda Xrushchyov Qo’shma Shtatlar erishgan qudratning asosini ko‘rdi. Nikita Xrushchyov o‘zining besh sinflik ma’lumotidan hech qachon xijolat chekkan emas, aksincha, hamma joyda buni ta’kidlashdan uyalmagan. Nomenklatura hazil-hazil bilan uni yuqoriga chiqarib qo‘ydi. Shunda ma’lum bo‘ldiki, u mutlaqo davlatni boshqarishga layoqatsiz odam ekan. Stalin uni hamma vaqt ikkinchi darajali rollarda tutib kelgan va na tashqi, na ichki siyosat borasida rahbarlik ishlariga yaqin yo‘latmagan edi. Shuning uchun partiya-davlat boshqaruvining eng yuqori nuqtasiga chiqib olgach, Xrushchyov o‘zini g‘aroyibotlar o‘lkasiga tushib qolgan Alisa kabi tuta boshladi — u hamma narsaga tang qolar va hamma narsadan tez hafsalasi pir bo‘lardi. Stalin imperiyasida nimanidir o‘zgartirish yoki sindirishga bo‘lgan urinishlari hammayoqni rasvo qildi, moliyaviy boshboshdoqlik boshlandi, hech narsaning jilovini tutib bo‘lmay qoldi. Oxir-oqibatda, mamlakatda ni-malar sodir bo‘layotganini, uning bugungi dunyodagi o‘rni qanaqa ekanini ham bilib bo‘lmay qoldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:01:05

Stalinning vafotidan keyingi tahlikalardan o‘nglanib olgan nomenklatura bir qo‘li bilan xalqning tomog‘idan g‘ippa bo‘g‘ib olgani holda, ikkinchi qo‘li bilan qolgan-qutgan boyliklarni talay boshladi. Jazavaga berilib ketib, u har qanday andisha, hatto, ehtiyotkorlikni ham unutib qo‘ydi. Nikita Xrushchyov o‘z kabinetida o‘tirib, yaqinlarining kirdikorlari haqidagi mutlaqo maxfiy ma’lumotlarni o‘qir ekan, ularni bo‘ralab so‘kishdan boshqa iloji qolmagandi.

Ikki oylik neft eksportidan tushgan valyuta izsiz gum bo‘lgan edi. Ma’lum bo‘ldiki, pullar G’arb banklariga soxta odamlarning nomiga qo‘yilyapti. Hamma izlar Kremlga — Bosh kotibning yaqinlariga olib kelardi. Ammo Stalin va Beriyaning qabri tepasida kelishilgan bitim bu odamlarni sudga berishga yo‘l qo‘ymaydi. Ammo neft — dengizdan bir tomchi, xolos. Bu odamlar allaqachon butun davlat mulkini o‘zining xususiy mulki o‘rnida ko‘ra boshlagan edi. Gap bilan ularning bu qarashini o‘zgartirib bo‘lmasdi.

«Ish bilan o‘nglaymiz!» — deydi g‘ijinib Xrushchyov. Qama-qamalar boshlanadi, biroq darrov ma’lum bo‘ladiki, baloga qolganlar «surnaychilar» ekan — bosh boshqarmalar, trestlar, vazirliklarning rahbarlarigina qo‘lga olinibdi. Mohir ustalar mahbuslarning ko‘rsatmalarini kerakli tomonga yo‘llashadi, ammo jazavaga tushgan Xrushchyov davlat mulkini o‘g‘irlagani va katta miqdorda pora olgani uchun o‘lim jazosini berish haqida yangi qonunni qabul qildirib, ularning jag‘larini ochib yuboradi. Mahbuslarning yangi ko‘rgazmalari Ryazan, Kemerovo, Rostov viloyat partiya qo‘mitalarining birinchi kotiblarini o‘zini o‘zi o‘ldirishga olib keladi. Prokuratura xodimlari qasrlarning devorlariga urib yuboriladigan shaxsiy seyflardan pachka-pachka dollarlar, oltin yombilar, olmoslar, jahondagi dongdor banklarning chek daftarchalarini olishadi. Xrushchyov navbatdagi qadamini qo‘yishga tayyorlana boshlaydi. Uning qo‘lidagi olg‘irlar ro‘yxatida eng yaqin hamkasabalarining familiyalari — Brejnev, Shelest, Podgorniy, Kirilenko va boshqalar turibdi. Sirasini aytganda, Xrushchyov ham Stalin umrining so‘nggi oylarida qilmoqchi bo‘lgan ishni ro‘yobga chiqarmoqchi — o‘z Siyosiy byurosini mahv etishga urinadi. Ammo muqaddas bitim nima bo‘ladi? Xrushchyov bitimni allaqachon buzib tashladi, u boshlagan noma’lum ishlar partiyaning bir qator oliy arboblarining hayotiga zomin bo‘ldi va yana boshqa ko‘pgina odamni yurak o‘ynog‘i qilib qo‘ydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:01:35

1964 yilning 14 noyabr kuni osoyishta «saroy» to‘ntarishidan keyin Xrushchyov hokimiyatdan chetlatiladi. Fitnachilar bitimni buzishmaydi — Xrushchyovni omon qoldirishadi, unga nafaqa tayinlashadi, dala-hovlini ham tortib olishmaydi, lekin nomini ancha yillargacha tarixdan o‘chirib tashlashadi. «Harholda, men bu mamlakatni jinday bo‘lsa-da o‘zgartirdim, - deb g‘ururlanib eslaydi Xrushchyov tomorqasidagi ekinlarini chopib yurib. — Meni otishmadi, qamashmadi, balki nafaqaga jo‘natib qo‘ya qolishdi. Shuning o‘zi juda katta gap».

Leonid Ilich Brejnevning o‘n sakkiz yillik davri boshlandi. Uzoq yillar nomenklatura bu davrni orziqib kutgan edi. Boshdan-oxir boshboshdoqlik davri. Nima qilsang qilaveradigan davr. Partiya hayotining lenincha normalariga qaytish nihoyasiga yetdi.

Bu orada AQSh boshliq G’arb SSSRdagi hodisalarni qiziqish bilan kuzatib turmoqda edi. Ishlab chiqarishdagi bosh-boshdoqlikni ko‘rgan, partiya-davlat rahbarlari mamlakatning milliy boyligini talon-toroj qilish ishtiyoqida yonayotganiga amin bo‘lgan G’arb 1970 yildayoq Sovet Ittifoqini dollar hujumi bilan tor-mor keltirish tadorigini ko‘rib qo‘ygan edi. Markaziy Razvedka Boshqarmasining ma’ruzalari bu rejaning muvaffaqiyat qozonishiga zarracha shubha qoldirmaydi. Stalin tomonidan barpo etilgan sovet sanoati amalda faqat harbiy ehtiyojlar uchun ishlamoqda. U davlat byudjetini o‘pirib ketyapti, yil sayin xo‘jalikning boshqa sohalariga, shu jumladan, qishloq xo‘jaligiga ham borgan sari kamroq mablag‘ qoldirmoqda. Oliy rahbariyat kundalik ehtiyoj uchun bozorini to‘la ravishda G’arbda qiladigan bo‘lib qoldi. Aholining qolgan qismi rahbariyatga qarshi kurashmaydi, balki unga taqlid qiladi. SSSRni qurollanish poygasining yangi-yangi halqalariga jalb qilinsa, u haddan tashqari qimmat turadigan yangi texnologiyaga dosh berolmaydi va sovet sanoatining hamma noharbiy sohalari o‘tirib qoladi. Yana bir-ikki halqa bo‘lsa bas, kommunistik imperiya tamom bo‘ladi. O’z qurollarining og‘irligini ko‘tarolmay, uning o‘zi qulab tushadi. Bu shuning uchun ham ehtimoldan xoli emaski, SSSR o‘zining kommunizmi bilan andarmon bo‘lib, g‘aflatda qoldi — ikkita inqilobni — ilmiy-texnik va elektron inqilobni o‘tkazib yubordi. Bunga Stalinning o‘zi katta yordam bergandi. U hayotligida kibernetikani «marksizmga yot juhudlar o‘ylab topgan soxta ilm» deb atagan edi. Shu mulohaza bilan u Sovet Armiyasining jahon standartidan hamisha orqada qolishiga yo‘l ochdi. Karib dengizidagi mojaro Sovet Armiyasining aloqa, nazorat va boshqaruv tizimi o‘ta ibtidoiy darajada turishini qo‘rsatdi. Bu daraja shunaqaki, qurollarning noyadroviy turlarini qo‘llab o‘tkaziladigan real elektron urushi sharoitida Sovet Armiyasini osonlik bilan boshqarib bo‘lmaydigan, binobarin, jang qilishga qodir bo‘lmagan olomonga aylantirib qo‘yish mumkin.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:03:28

Moskvada ahvolni sezib qolishdi va muqarrar halokatdan qutulish yo‘lini topishdi. Avvaliga ko‘pchilikka bu yo‘l mutlaqo qo‘llab bo‘lmaydiganday ko‘rindi. Gap dunyoning biror ovloqroq joyida Qo‘shma Shtatlarni urushga jalb qilish haqida ketmoqda edi. Agar shunday qilinsa, SSSRni tor-mor keltirishga atab qo‘yilgan milliard-milliard dollar havoga sovurilib ketardi.

Biroq bahslar tez orada to‘xtadi, chunki hamma ko‘rdiki, boshqa chora yo‘q. Moskvaga zudlik bilan Shimoliy Vetnamning Prezidenti Xo Shi Min chaqirildi. U uzluksiz partizan urushining qahramoni edi, bu urush oqibatida Hindi-Xitoydan fransuzlar quvib chiqarilib, Vetnam ham Koreya kabi ikkiga bo‘linib ketdi — shimolida kommunistik, janubida go‘yoki demokratik davlat vujudga keldi. Janubiy Vetnam o‘z armiyasiga ega emasdi. U ham bir vaqtlardagi Janubiy Koreya kabi AQSh bilan xavfsizlik to‘g‘risida bitim tuzgan edi. Xo Shi Minga o‘z yurtini birlashtirish uchun tezdan urush boshlashni taklif qilishdi. Mohiyat e’tibori bilan bu bir vaqtlar Koreyada amalga oshirilgan Stalinning eski rejasini takrorlashdan boshqa narsa emas edi. O’shanda ham asosiy maqsad AQSh qudratini Sovet Ittifoqidan chalg‘itib, bo‘shliqqa yo‘naltirishga qaratilgandi. Xo Shi Min yiliga ikki milliard dollarga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, urush davomli bo‘lsa, uning har yili uchun yana bir milliarddan mukofot puli berilishi kerak edi. Bu mablag‘ning chorak qismini u o‘z kissasiga solmoqchi ekanini yashirib o‘tirmadi. Bu uning shaxsiy ishi edi. Kremldagilarni boshqa narsa tashvishga solmoqda edi: amerikaliklar tuzoqqa ilinarmikin? Axir, ularning rejasi «dushmanni o‘q emas, dollar o‘ldiradi», degan aqidaga asoslangan edida. Balki Janubiy Vetnamga tegmagan ma’qulmikin? Sovet Ittifoqi qo‘llamasa, ular qayoqqa ham borar edi?

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:03:50

Ammo amerikaliklar tuzoqqa ilindi. Ular olamshumul g‘alaba qozonishni o‘ylab, yo‘l-yo‘lakay Shimoliy Vetnamni muhim ishlar bilan shug‘ullanishga xalaqit berayotgan xira pashshaday ezib tashlamoqchi bo‘lishdi. Shunday qilib, o‘n yillik qonli urush boshlariga tushdi. Amerikaliklar osmonda, dengizda va quruqlikda juda katta ustunlikka ega edilar, ular Shimoliy Vetnamni butkul vayronaga aylantirdilar, lekin urushda, baribir yengib chiqa olmadilar. Natijada, ular Janubiy Vetnamni shimoliy g’oliblar ixtiyorida qoldirib, askarlarini olib chiqib ketishga majbur bo‘ldilar.

Reja to‘laligicha amalga oshdi. Vetnamda yegan tepkilari amerikaliklarga juda qimmatga tushdi. Ular janglarda o‘lgan va bedarak yo‘qolganlar bo‘lib, 40 ming odam yo‘qotishdi. Bundan tashqari Qo‘shma Shtatlarning obro‘yidan putur ketdi, dollar ojizlandi va Amerika jamiyati parchalanib ketdi. Komil ishonch bilan aytish mumkinki, o‘z fuqarosidan ikki millionini go‘rga tiqqan Xo Shi Min Sovet Ittifoqining umrini yana 20 yilga cho‘zib berdi. Shuning uchun ham Moskvada uning nomidagi maydonga haykal qo‘yilgandi-da...

Siyosiy tashabbus qisqa vaqtga Sovet Ittifoqiga o‘tdi, boshqa sharoitlarda bo‘lsa, bundan juda yaxshi foydalanish mumkin edi. Biroq SSSRda hech qachon qurolu neft, gaz, temir rudasi, yog‘och, mo‘yna va yana qizil hamda qora uvuldiriqdan boshqa narsa bo‘lmagan. Quroldan bo‘lak yuqorida sanalgan narsalarning hammasi xorijga sotilgan, evaziga valyuta olingan, ammo davlat xazinasiga tushgan valyuta ko‘z ochib yumguncha talonga uchrayvergan. Shuning uchun xalqaro maydonda samarali harakat qilish uchun SSSR ixtiyorida faqat qurol qolgan, xolos. Sovet Ittifoqi xaridor mamlakatlarga qurolni yo butunlay bepul, yo qarzga bergan, ammo biron kun kelib, bu qarzlarni undirib olishni o‘ylagan ham emas.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:04:14

Amerikaliklarni Vetnam mojarosiga jalb qilishga muvaffaq bo‘lingandan so‘ng, Moskvada raqibning yana bir bor ta’zirini berib qo‘yishga jahd qilishgan — bu gal endi AQShning Yaqin Sharqdagi ittifoqchisi Isroilga zarba berishni mo‘ljallashgan. Bu safar ham Qo‘shma Shtatlar ittifoqdoshining boshiga og‘ir kunlar tushganda uni yolg‘iz qoldirmaydi va shu yo‘l bilan uzluksiz davom etadigan kichik-kichik urushlar botqog‘iga botib qoladi deb o‘ylashgan. Moskvaga Misr Prezidenti Nosir chaqiriladi. U Xrushchyov zamonidayoq Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni va Oltin Yulduz medali bilan taqdirlangan edi. Nosir Moskvaning rejasiga yuqori baho beradi. Negaki, u Nosirning o‘z rejalariga ham to‘g‘ri kelib qolgandi. Bundan tashqari Xartumda, arab mamlakatlari rahbarlarining maxfiy kengashida, Isroilni davlat sifatida yo‘q qilib tashlash to‘g‘risida qaror ham qabul qilingan edi.

Moskva bu masalada juda katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Sovet Ittifoqi Vetnam urushida erishgan ustunliklarning qariyb yarmini boy berib qo‘ydi. Karib dengizidagi mojarodan keyin o‘tgan qisqa vaqt ichida ikkinchi marta SSSRning harbiy ojizligi oshkor bo‘ldi. Bunaqa tahqirli ahvolga yo‘l qo‘yib bo‘lmas edi. Misr armiyasi juda qisqa fursatda tor-mor keltirilgandan keyin, Isroil qo‘shinlari Suvaysh kanali sohillarini egalladilar. Kanal yopilib qoldi. Bu esa juda ko‘p moddiy muammolarni keltirib chiqardi. Shimoliy Vetnamni hamma zarur narsalar bilan ta’minlab turuvchi sovet kemalari endi Afrikani aylanib o‘tishga majbur edi. Buning ustiga yo‘lda uning to‘xtaydigan joyi ham yo‘q edi, hisob. Bu Amerika razvedkasining Vetnam uchun olgan intiqomi edimi yo yo‘qmi — bu ma’lum emas, ammo Sovet Ittifoqining dunyoda qurolli nizolarini keltirib chiqarishda o‘ylamay ish tutishi jahonning nazaridan chetda qolmadi va bundan Afg‘onistondagi kurashning so‘nggi bosqichida juda ustalik bilan foydalandilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:06:18

Xuddi shu kezlarda, ya’ni 1967 yilda KGBning raisi qilib Yuriy Vladimirovich Andropov tayinlandi. Stalin zamonasida u komsomol ishlarida band edi, urush vaqtida esa, u shimoliy portlarda lend-liz bo‘yicha ittifoqchilardan kelgan yuklarni qabul qilish bilan shug‘ullandi. Xuddi shu ishida yurganida «Djoni Uoker» degan viski va konservalangan Amerika kolbasasiga o‘ch bo‘lib qoldi. Andropov 1958 yilda Vengriyadagi umumxalq isyoni vaqtida hukumat rahbarlarining e’tiborini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yerda u elchi edi. O’zining yordamchisi Kryuchkov bilan birga u Imre Nadni elchixona hududiga aldab olib kirdi va keyin uni dor ostiga jo‘natdi. Bu esa isyonning mag‘lubiyatidagi asosiy sabablardan biri bo‘ldi. Andropovni KPSS Markazqo‘mi apparatiga ishga olishdi, Xrushchyov ishdan chetlatilgach, o‘zini partiyaning rahbari deb e’lon qilgan Brejnev tarafdorlari safiga qo‘shildi.

Masalaning nozik jihati shunda ediki, bu mansabga Aleksandr Shelepin ham da’vogar edi. Uni yuqori doiralarda «Temir Shurik» deb atashardi. U o‘sha kezlarda KGBning raisi edi. Bu paytlarga kelib, KGB Stalin davridagi MGB qudratini to‘la tiklab ulgurmagan bo‘lsa-da, ancha baquvvat tortib qolgan edi, u ancha kengaygan va hatto, nafaqat mamlakat ichkarisida, balki xorijda ham siyosiy qotilliklar bilan shug‘ullangan mashhur bo‘limini ham tiklab olgandi. Masalan, GFRda ukrain millatchilarining sardori atoqli Stepan Bandera o‘ldirildi. Albatta, bu qotillik Siyosiy byuroning buyrug‘i va ma’qullashi bilan amalga oshirilgan edi. Shunday bo‘lsa-da, Banderaning o‘ldirilishidan «Temir Shurik»ni ag‘darib tashlashda foydalanishdi. Bandera to‘g‘risida bir dasta hujjat tayyorlandi. Ularda partiyaning xohishiga qarshi o‘laroq, Banderaning o‘ldirilishini Shelepinning o‘zi mustaqil rejalashtirgani va amalga oshirgani haqida gap borardi. Shelepin buni go‘yoki shaxsiy manfaat yo‘lida qilgan, chunki Banderaning Myunxen banklarida saqlanuvchi pullari uning tinchini olib qo‘ygani ta’kidlanardi. Bu hujjatlarning hammasini Andropov tayyorlab, G’arbga oshirgan edi. Xalqaro miqyosda janjal boshlandi. Shu to‘polon asnosida Shelepinni, avval, allaqanday bir ahamiyatsiz mansabga o‘tkazib qo‘yishdi, so‘ng esa nafaqaga jo‘natishdi, uning o‘rnini esa Andropov egalladi. Politsiyachilik tartiblari ustuvor mamlakatda maxfiy politsiyaning boshlig‘i bo‘lish eng muhim lavozimni egallash degani edi, chunki bu lavozimdagi odam mamlakatdagi va uning hududlaridan tashqaridagi haqiqiy ahvoddan xabardor bo‘ladi.

Qayd etilgan