Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155077 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 41 B


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:07:20

Andropov tevarak-atrofiga nazar solar ekan, ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan ahvolni ko‘rib dahshatga tushdi. Stalin vafot etgach, salkam 14 yil davomida butun mamlakat poraxo‘rlik gullab-yashnagan bepoyon bir botqoqqa aylanib bo‘libdi. Bu botqoq istagan daqiqada mafkurani ham, davlatni ham qa’riga yutib yuborishi hech gap emas edi. Andropovning shuhratparast miyasiga mamlakatni hali qutqarib qolsa bo‘ladi degan fikr keldi. Ammo buning uchun KGBning xo‘jayini bo‘lish kifoya emas edi, buning uchun partiya va davlat rahbarligini egallash shart edi. Andropov esa bu martabadan hali juda uzoqda edi. Shuning uchun KGBning xo‘jayini lavozimini egallagan birinchi daqiqalaridanoq, Andropov davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U o‘zining bu qilmishini partiyani saqlab qolish istagi bilan va boshqa olijanob niyatlar bilan oqlamoqchi bo‘ldi. Bu «olijanob» niyatlar qanaqa ekanini bilish uchun esa Lubyanka yerto‘lalariga nazar tashlash kifoya.

Andropov «Praga bahori»ni tanklar bilan yanchib tashlashning asosiy tashabbuskori bo‘lgan edi. U shu yo‘l bilan mamlakatda va jahonda katta g‘alva boshlashni va to‘s-to‘polondan foydalanib, oliy hokimiyatni egallashni mo‘ljallagandi. Ammo bu safar omadi kelmadi.

Chexlar hech qanaqa qarshilik ko‘rsatishmadi. Vetnamda o‘ralashib yotgan Qo‘shma Shtatlar esa, urushdan keyingi «ta’sir doiralari» to‘g‘risidagi Potsdam konferentsiyasini ro‘kach qilishib, loqaydgina munosabatda bo‘lishdi. Ammo ular Andropovning qay usulda ish yuritishini payqab qolishdi va keyinchalik foydalanish uchun buni e’tiborga olib qo‘yishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:08:00

Andropovni shunchalik dag‘allik bilan qat’iy harakat qilishga majbur etgan narsa nima edi? Bu shundan iborat ediki, mamlakatni muqarrar halokatdan saqlab qolish uchun ortiqcha fursat qolmaganini va ustalik bilan harakat qilinadigan maydon torayib ketganini Andropov dahshat ichida anglab yetgandi.

Halokat tez yaqinlashib kelmoqda, u jadal va qat’iy harakat qilishni talab qilardi. Ammo tomog‘inggacha botqoqqa botib turgan bo‘lsang, qanday qilib tez va qat’iy harakat qila olasan?

Shunday qilib, Andropov ertaklardagi pahlavonlardek ish boshladi — u ajdaho bilan olishishga kirishdi, ammo uning kallasini kesib tashlasang, o‘rniga uchtasi unib chiqardi.

KGBning maxsus kanallari bo‘ylab tunu kun shunday axborotlar oqib kelardiki, Andropovning eng yaqin a’yonlari ularni o‘qib, muzdek terga tushishardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:08:43

Ko‘pchilik ittifoqdosh respublikalarda hamma partiya va davlat mansablari naqd pulga sotilgan. Jumladan, Ozarboyjonda rayon prokurori mansabi 30 ming so‘m, rayon militsiya bo‘limining boshlig‘i mansabi esa 50 ming so‘m turgan. Bu mansablarni naqd pul to‘lash yo‘li bilan raykom kotibidan sotib olish mumkin. Kolxoz raisining o‘rni garchi saylanadigan mansab bo‘lsa-da, 80 ming so‘m turgan, sababi, bu mansab raykom nomenklaturasiga kirgan va undan nomenklatura pillapoyalari bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish mumkin bo‘lgan. Raykom kotibi bo‘lish uchun esa ancha ko‘p pul talab qilingan — 200 ming to‘lash kerak bo‘lgan. Ikkinchi kotibning o‘rni 100 ming so‘m turgan. Pullar Ozarboyjon kompartiyasi Markazqo‘mi kotiblariga to‘langan, chunki bu mansablar Markazqo‘m nomenklaturasiga kirgan. Markazqo‘mda hamma davlat mansablari (nafaqat davlat mansablari) pulga sotilgan. Teatr direktorining o‘rni 30 ming so‘m, ilmiy-tadqiqot instituti direktorining o‘rni 50 ming, akademiklik unvoni 50 ming bo‘lgan. Respublikadagi istagan oliy o‘quv yurtining rektori bo‘lish uchun 200 ming so‘m to‘lash shart edi. Bu lavozim — xuddi raykom kotibinikiday juda qimmat turgan. Ammo bu pullar juda tez qaytgan, chunki, aytaylik, Chet tillar institutiga kirish uchun 10000 so‘m, Boku dorilfununiga kirish uchun 20 ming so‘m, Tibbiyot institutiga 30 ming so‘m, Xalq xo‘jaligi institutiga 35 ming so‘m (70-yillar bahosida) to‘lash lozim bo‘lgan.

Faqat rayon rahbarlari yoxud ilm-fan va madaniyat arboblarining lavozimlarigina emas, Ozarboyjonda hukumat a’zolari va Markaziy Komitet a’zolari bo‘lish uchun ham pora berish kerak edi. Masalan, Ijtimoiy ta’minot vaziri lavozimini 120 ming so‘m, Savdo vaziri mansabi uchun esa 250 ming so‘m berish zarur edi. Kompartiya Markazqo‘miga a’zo bo‘lish uchun yarim million so‘m to‘lash talab qilinardi.

Bunday ahvol juda tez sur’atlar bilan rivoj topib borayotgan xufiya iqtisodiyot korchalonlari uchun pastdan yuqorigacha eng muhim mansablarga o‘z odamlarini o‘tqazish imkonini bergan, ularning partiya nomenklaturasi bilan chatishib ketishiga yo‘l ochgandi. Korchalonlar shu yo‘l bilan o‘z siyosatlarini o‘tkaza boshladilar. Ammo eng dahshatlisi hali bu emas edi. Kompartiya Markazqo‘miga va uning Birinchi kotibi Oxundovning qo‘liga oqib kelayotgan juda katta mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijga chiqib ketmoqda va ajnabiy banklardagi jamg‘armalarga borib tushmoqda edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:09:19

Ozarboyjon - SSSR neftining bosh manbai hisoblanardi. Neft esa sovet eksportining asosiy tovari bo‘lib, mashhur neftodollar hisobida milliardlab daromad keltirardi. Amalda bu daromadlardan davlat xazinasiga hemiri ham tushmasdi. Ammo Oxundovning o‘z ulushi bor edi. Kalavaning boshqa uchlari esa to‘g‘ri Kremlga olib borardi. Andropov kalavaning uchlarini topa boshladi, ammo u bu ishni hech kimga bironta savol bermay va o‘zini haddan ziyod sadoqatli ko‘rsatgan holda bajardi.

Ozarboyjonning mamlakatdagi boshqa respublikalardan alohida ajralib turgan joyi yo‘q edi. U poraxo‘rlik botqog‘ida bo‘g‘ilib yotgan yagona o‘lka emasdi. Kompartiya Markazqo‘mining Birinchi kotibi Siyosiy byuro a’zoligiga nomzod Mjavanadze, ikkinchi kotibi esa Albert Churkin bo‘lgan qo‘shni Gruziyada ahvol bundan beshbattar edi. Bu yerda mansablar Ozarboyjondagidan qimmatroq turardi. Bu lavozimlarni sotib olishga tayyor odamlar shu qadar ko‘p ediki, o‘ziga xos kim oshdi savdolari uyushtirishga to‘g‘ri kelardi. Kim oshdini o‘tkazuvchi mutasaddilar Markaziy Qo‘mita kotiblari va Markazqo‘m byurosining a’zolari edi. Ular o‘z haqini, asosan duru javohirlarda va valyutada olar, o‘z navbatida Moskvaga ham ulush ajratib turardilar. Partiya apparati respublikani o‘z ta’sir doirasidagi qismlarga bo‘lib olgandi va shu bilan go‘yo feodal qaramligi tartiblari to‘la o‘rnatilgan edi.

O’rta Osiyo respublikalaridan kelayotgan ma’lumotlarga esa aql bovar qilmasdi... Bu gal ham izlar to‘g‘ri Moskvaga borib tutashardi. Shu jumladan, giyohvand moddalar so‘qmoqlari ham ilonizi bo‘lib, Bolqon va Yaqin Sharq mamlakatlari orqali o‘tardida, Kubalarga borib g‘oyib bo‘lardi — o‘sha yerda bu so‘qmoq jahon narkobiznesi daryosiga qo‘shilib ketardi. Paxta va giyohvand moddalar — KPSSning o‘pqonday kissasiga tushuvchi milliard-milliard dollar daromad berardi. Bularning bari-ku chekka o‘lkalarda. Xo‘sh, Moskvada, Rossiyaning o‘zida ahvol qanaqa edi?

Mudofaa vazirligidan boshlab to go‘sht-sut sanoati vazirligigacha — davlat boshqaruvining hamma sohalari poraxo‘rlik kasaliga chalingandi. Ularning hammasi bemalol jinoyatga qo‘l urayotganlari uchun KPSSga o‘lpon to‘lab turishardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:09:40

Andropov ish rejasini tuzishga kirishdi. Avvaliga u o‘z kuchlariga ancha to‘g‘ri baho berdi, hatto, unchalik cho‘chib o‘tirmadi ham. Axir, u ham eng oliy tabaqa nomenklaturasining vakili edi va biror narsani tubdan o‘zgartirish niyatida emasdi. U KPSS Markaziy Qo‘mitasi qa’rida tug‘iladigan va muqarrar tarzda muntazam ravishda amalga oshiriladigan juda xatarli jarayonlarga barham bermoqchi bo‘ldi. Milliy daromadning juda katta qismini o‘zlashtirib oladigan KPSS xuddi qochib ketishga hozirlik ko‘rayotganday behisob boyliklarni tinimsiz xorijga o‘tkazardi. Go‘yo partiyaning oliy qatlami birvarakayiga SSSRdan muhojirlikka jo‘namoqchi va hozirdanoq G’arbda tuzukroq turmush kechirish uchun zarur tadorikni ko‘rayotgandek taassurot tug‘ilardi. Odam o‘z xatti-harakatlarining tub sababini ba’zan tushunolmay qoladi. Andropov ham uzoq vaqtgacha bu jarayonning tub mohiyatini anglayolmay yurdi. Chunki uning o‘zi ham jon-tani bilan nomenklaturaga mansub edi.

Buni yana shu sababdan tushunish qiyin ediki, chekistlar tomonidan qattiq muhofaza qilinadigan va qalin maxfiylik pardasiga o‘ralib olgan nomenklatura saltanati kun sayin gullab-yashnamoqda, boyimoqda va baquvvatlashib bormoqda edi. Umuman olganda, bu o‘lkada kommunizm allaqachon qurib bo‘lingan edi. Lekin, to‘g‘risi, unda «tenglik» tushunchasidan asar ham yo‘q edi. Bu esa faoliyatni yana davom ettirishga undardi. Quruqlikning oltidan bir qismini o‘z jismi bilan oziqlantirib yotgan qamoqxonalar va maxsus istiqomat joylaridagi millionlab sho‘ring qurg‘ur mahbuslar ana shu mo‘‘jazgina xos o‘lkani barpo etishga imkon bergan edilar. Bu o‘lkada hamma narsa xos odamlarga atalgandi. Maxsus qurilish-montaj boshqarmalari tomonidan xos turar-joy binolari qurilardi, mabodo ularda cho‘miladigan hovuzlar bo‘lmasa, bu derazasi yo‘q uyday g‘ayritabiiy hisoblanardi. Xos dala hovlilari, pansionatlar, sanatoriylar, kasalxonalar, poliklinikalar, maxsus magazinlarda sotiladigan xos oziq-ovqat mahsulotlari, xos oshxonalar, xos bufetlar va xos sartaroshxonalar, maxsus avtobazalar, benzin quyadigan maxsus joylar, avtomashinalardagi xos nomerlar, keng tarqalgan xos informatsiya tarmoqlari tizimi, xos telefon aloqasi, xos bolalar muassasalari, xos klublar va kinoteatrlar, vokzallar va aeroportdagi xos kutish zallari, maxsus tug‘ruqxonalar va hatto, xos qabristonlar...

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:10:03

Bu xos o‘lka yashar, dam olar, ovqatlanar, xarid qilar, safarga chiqar, ko‘ngil ochar, o‘qir, davolanar ekan, hech qachon muloqotga kirishmasdi, chunki uning jamiki farovonligi shu xalqni talash asosiga qurilgandi. Yam-yashil daraxtzorlar qo‘ynidagi hashamatli qasrlar, kottejlar, shikor uylari, bog‘lar, ravoqlar, tennis kortlari, cho‘miladigan hovuzlar, gulxonalar, issiqxonalar, qimmatbaho zotdor arg‘umoqlari serob otxonalar — bularning bari baland devorlar ortiga joylashgan va qurolli soqchilar tomonidan qattiq qo‘riqlanardi. Nomenklaturaning Mikoyanga o‘xshash faxriylari o‘zlarining shahar tashqarisidagi qasrlari va bahaybat mulklarni 1919 yildanoq sarishtalay boshlaganlar. Marmar gobelenlar, derazalardagi turfa xil rangli vitrajlar, shaxsiy kinozallar, Eron gilamlari, ko‘hna qurollar, oltin va kumush haykalchalar, qimmatbaho chinni, yashmadan ishlangan ko‘zachalar, fil suyagidan qilingan naqshdor bezaklar, hind shohilari, o‘nlab yillar mobaynida yig‘ilgan noyob ichimliklar... Mulklar va qasrlar salobatli g‘ishtin devorlar bilan o‘rab olingan, ularda soqchilar va xizmatkorlar uchun maxsus uylar qurib qo‘yilgan. Ular ko‘rgan-bilganlarini birovga aytmaslik haqida tilxat berishadi va juda katta maoshlar hamda imtiyozlar bilan rag‘batlantiriladi. (Hatto, nomenklatura saltanatida farrosh ayol armiyadagi polkovnikdan ko‘proq maosh oladi).

Bunday hayot tarzini Lenin ta’sis etgan edi. Stalin uni qonun darajasiga ko‘tardi, uning hamma vorislari buni qo‘llab-quvvatlashdi. Xrushchyovga Stalindan meros qolgan chorbog‘lar, dala hovlilar kamday ko‘rindi. U hokimiyat tepasiga kelib ulgurmay, Pitsundada o‘ziga yangi chorbog‘ qurishni buyurdi. Bu shunaqa hashamatli chorbog‘ ediki, hatto, G’arbiy Germaniya elchisi Krol uning tomi va devorlari oynavand bahaybat cho‘milish hovuzini ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldi. Bularning bariga nomenklatura mutlaqo qonuniy asosda egalik qilar va hech kim hech qachon bunga qarshi kurashgan emasdi. Xrushchyovning noroziligini tug‘dirgan, Andropovni tashvishga solib qo‘ygan narsa shu bo‘ldiki, nomenklaturaning nafsi o‘pqon chiqib qoldi. Oddiy sovet kishisi yetti uxlab tushida ko‘rmagan eng zo‘r imtiyozlar ham ularga kulgili darajada arzimas tuyulardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:10:23

Nomenklatura hech kimga bildirmasdan g‘arb valyutasiga o‘tib oldi, ammo bu mablag‘ muntazam yetishmas, uni topish uchun esa har qanday chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor edilar. Uzluksiz ravishda davom etadigan xorijiy safarlar tufayli nomenklaturaning nafsi yanada hakkalak otib ketdi. Milliarderlarning hayot tarzi ularning fikru xayolini butunlay band qilib olgandi, G’arbning elektron apparaturasi, maishiy anjomlari, mebel, servis — bularning bari juda tez sur’atlarda yangilanib turadi, har oyda mukammallashtirilardi. Buning bari o‘zimizning tuzsiz va rangsiz buyumlarga solishtirganda juda afsonaviy va jozibador ko‘rinardi. Bu ne’matlarga tezroq erishishni xohlagan nomenklatura inson baxtining cho‘qqisi sifatida dollarga ko‘proq egalik qilishni istardi. Safari, seks-shou, besh yulduzli mehmonxonalar, Bagam, Kanar va Bermud orollari, charaqlagan quyosh, moviy osmon, talabalar kempinglaridan keladigan badani toblangan qizlar, hashamatli restoranlar — bularning bari badavlat nomenklatura saltanati muhitidan yer bilan osmoncha farq qilar ediki, ularning oldida xos o‘lka juda rangsiz va jozibasiz ko‘rinib qolardi. G’arbga talpinardi ular. Hali ko‘p narsaga qo‘l yetmasdi - neft va moliya qirollarining oppoq qordek kemalari, qimmatbaho qimorxonalar va kurortlar, millionerlarning imtiyozli klublari - bularning bari qaynoq va afsonaviy hayot. Hammasini sanab chiqish qiyin, lekin hammasiga egalik qilging keladi.

«Qizil terror» zamonlarida bobolar tomonidan talonchilik bilan yig‘ilgan italyan haykallari va farangi gobelenlarni zamonaviy fransuz va fin mebeli, mashhur Kuplerbush firmasi ishlab chiqargan oshxona anjomlari siqib chiqara boshladi. «Soni» va «Panasonik» firmasining audio va video tizimlariga, Belgiyaning havorang vannalariga, Italiyaning nafis tuvaklariga va yana boshqa ko‘pgina narsalarga ishqibozlar ko‘paydi. Ammo biror oy o‘tib-o‘tmay bularning bari eskirib qolardi. Nomenklatura ana shunga chidayolmasdi. Jinsilardan tortib yangi video tizimlarigacha hammasini yangidan sotib olish kerak edi. Pul yetkazib bo‘lmasdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:11:10

Pul topish esa kun sayin qiyinlashib borardi. Ishlab chiqarish sur’ati tushib borar, qashshoq aholining tinkasi qurib bitgan edi, xom ashyo ishlab chiqaruvchi zavodlarning uskunalari eskirib ketgandi. Zamonaviy zavodlar esa mamlakatni tanka-yu raketa, bombardimonchi samolyot-u suvosti kemalariga ko‘mib tashlashda davom etardi. Ammo, hatto, uchinchi mamlakatlarda ham asta-sekin ularga talab susayib borardi, chunki bu mahsulotlarning sifati tobora Amerikanikidan orqada qolib bormoqda edi.

Mamlakatni talon-toroj qilish davom etar va buning oqibatida yer osti boyliklari kamayib, iqtisodiyot izdan chiqib, halokat yaqinlashib kelardi. Amerika dollari SSSRning qashshoq hududidan sakrab o‘tib, nomenklatura saltanatiga yorib kirib bo‘lgan va amalda uni istilo etgan edi. Dollar borgan sari kuchayib borayotgan, surbetlik bilan o‘z maqomiga yurishga majbur qila boshlagandi.

Tabiiyki, Andropov shaxsan nomenklaturaning hamma ne’matlaridan foydalanardi. Ta’tilni Moviy sohilda Nisseda o‘tkazardi (hali kuchdan qolmagan kezlarida uning tevaragidan allaqanday sirli, oyoqlari kelishgan qizlar arimasdi), uning uchta farzandi taomilga ko‘ra xorijda o‘qir va diplomatiya sohasida ishlashga tayyorlanishardi. Ammo u nomenklaturaning haddidan oshib ketgan ochofatligini tiyib qo‘ymasa, hammasi halok bo‘lishini aniq-ravshan ko‘rib turardi. Shu jumladan, nomenklaturaning o‘zi ham. Uning xodimlari operativ kengashlarda tund qiyofada qo‘r to‘kib o‘tirishardi. Ular hayotlarini xatarga qo‘yib, har bir teshikka kirib chiqish va u yerlardan biri-biridan mudhishroq axborotlar olib kelishga tayyor edilar. Bularni ko‘rib Andropovda hali halokatning oldini olish mumkin degan xom xayol tug‘ildi. Buning uchun eski hukmdorlarni yo‘q qilib, uning o‘rniga davlat xavfsizligi xodimlaridan tashkil topgan yangi nomenklaturani qo‘yish kerak edi.

Sotsialistik tizim yana bir bor pand berdi — Andropov Lavrentiy Pavlovich Beriyaning xato yo‘lini tutdi, ammo uning achchiq taqdirini unutib qo‘ydi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:12:12

Bu orada mamlakatning tobora ayanchli ahvolga tushib borayotgan iqtisodiyoti, shu jumladan, nomenklaturaning ham mushkul qismati partiya rahbariyatini G’arb mamlakatlari bilan munosabatlarni yumshatish siyosatini e’lon qilishga majbur etdi. Ular tobora qarib, aynib borayotgan Brejnevni G’arb mamlakatlariga yo‘lladilar. U imkoni boricha ko‘proq qarz undirib kelishi kerak edi. Bu qarzlarsiz nomenklatura ortiq yashayolmasdi. Tanazzul kuchayib bormoqda — jahon bozorida neft va boshqa xom ashyolarning narxi tushib, tillaning bahosi osmonga chiqib ketdi. Brejnev xorijga borib, neft ishlab chiqaruvchi uskunalarni yangilash va g‘alla uchun uzoq muddatli qarz so‘radi. Aslida ko‘p yillardan beri Amerika va Kanadadan g‘alla xarid qilishar va shu tufayligina mamlakatni ochlik balosidan bir amallab saqlab kelishayotgan edi. Mamlakat va tuzum, butun dunyoning ko‘z o‘ngida yashashga noqobil ekanini ko‘rsatib bo‘lsa-da, buni o‘jarlik bilan tan olishni istamas edilar. (SSSRga g‘alla sotish borasida AQSh kongressida muntazam bo‘lib turadigan muhokamalardan birida munozara bo‘lib ketdi — mantiq bormi o‘zi? SSSR o‘zining hamma pulini bizga qarshi tanklarga sarf qiladi, biz bo‘lsak, buning uchun uni boqishimiz kerakmi? AQShning o‘sha paytdagi davlat kotibi Genri Kissinjer bunga shunday javob berdi: «Qo‘yavering, ular o‘z tanklarida to‘q o‘tirgani yaxshi. Shunday bo‘lgani ma’qulroq. Aks holda otishmalar dollarning hujumiga xalaqit berishi mumkin»)

Andropov harakatga kirishdi.

Bir gal Brejnev bilan Qrimda birga dam olgan kezlarida Andropov fursatdan foydalanib, gap orasida dohiyga Ozarboyjon haqidagi axborotning uchini chiqardi. Ma’lumotlarga qaraganda, Oxundov Moskvaga o‘lponning hammasini to‘layotgani yo‘q, u neftni g‘ayriqonuniy tarzda sotmoqda, haddan tashqari katta miqdorlarda pora olmoqda, shu yo‘l bilan topgan behisob pullarini maxfiy ravishda xorijga o‘tkazmoqda. Andropov to‘plagan hujjatlar shu qadar ishonarli ediki, o‘zini shu qadar aldaganlari uchun tahqirlangan Brejnev Siyosiy byuro a’zolari bilan ham maslahatlashib o‘tirmay, yashirin politsiyaning xo‘jayiniga Ozarboyjonda «partiya-xo‘jalik faollarini almashtirish» borasida keng ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirishga ruxsat berdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:13:06

Andropov anchadan beri o‘ylab yurgan urush boshlandi.

U tuni bo‘yi VCh orqali Ozarboyjon KGBsining boshlig‘i Gaydar Aliev bilan gaplashib chiqdi. Andropovning po‘lat sandig‘ida Alievni ham fosh qiluvchi ancha-muncha hujjatlar saqlanardi — ular moskvalik uch chekistni qurbon qilish evaziga qo‘lga kiritilgandi. Ammo bu ishda Alievdan boshqa ishonchli odam yo‘q edi.

Aliev Ozarboyjon kompartiyasining Birinchi kotibi bo‘lishini sezib, o‘ta ayovsizlik bilan harakat qila boshladi. Butun Ozarboyjon bo‘ylab qama-qamalar, tintuvlar, tekshiruvlar, ishdan olishlar boshlandi. KGB va Prokuraturaning maxsus brigadalari Alievga yordamga tashlandi. Aliev respublika kompartiyasining Birinchi kotibi mansabini egallagandan so‘ng, taxminan 2000 (1983) kishini chekist-lar bilan almashtirdi. Ular bo‘shab qolgan har xil darajadagi nomenklatura o‘rinlarini egalladilar. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida juda katta o‘lja qo‘lga kiritildi. Video va kinokameralar odam bo‘yi keladigan qog‘oz pullarga to‘lib-toshgan yashirin joylarni, tilla tangalar va zargarlik buyumlariga to‘la temir bochkalarni, olmoslarga, oltin va platina yombilarga to‘la uch litrli bankalarni loqaydlik bilan suratga oldi. Suratlar yaqinroq keltirilganda pullardagi Jorj Vashingtonning aft-angorini tanib olish uncha qiyin emas edi.

Dollar! Ha, bu o‘sha valyuta! Shu valyuta cho‘ntagidan chiqqani uchungina ikki yuz mingga yaqin odam o‘sha kezlarda qayta tiklangan GULAGda tikanli simlar ortiga yo‘llangandi.

Qayd etilgan