Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155085 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 41 B


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:15:08

Oxundov ensasi qotib istehzo qildi: «Bu it, — dedi u Alievnimi yoxud yana boshqa biror oliy rutbalik odamnimi nazarda tutib, — mening pullarimni o‘g‘irladi. Men ularni halol topgan edim. Xudoga shukur, u hammasini qo‘lga tushirgani yo‘q. Bu pul unga baxt keltirsin, uyi nurga to‘lsin, lekin pulni bunaqa yo‘l bilan topmaydilar».

Andropovning kayfiyati esa bundan ham badtarroq edi. Birinchidan, u kundalik va shoshilinch ehtiyojlar uchun atalgan arzimas miqdordagi mablag‘ qo‘lga olinganini tushunardi. Ko‘p yillar mobaynida o‘g‘irlangan mablag‘ning hammasi G’arb banklaridagi po‘lat devorlar ortiga juda ishonchli qilib yashirib qo‘yilgan edi. Ikkinchidan, Oxundov o‘g‘irlangan mablag‘ning uchdan birinigina olib qolar, ikki qismi esa Moskvaga yuborilardi. Bu-ku tushunarli-ya! Boshqa bir narsani anglab bo‘lmaydi: bu hol Andropovni shu qadar taajjubga solgan ediki, u, hatto, muovini general-polkovnik Pirojkovdan: «Hamma izlar Moskvaga olib kelyapti? Kimga?» — deb so‘raydi. Pirojkov esa o‘z rahbariga taajjub bilan qaraydi-da, jilmayib: «Bizgadir-da!» — deb javob beradi.

Ammo u qisman haq edi, xolos.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:15:49

Navbatdagi zarbaga Gruziya duch keladi.

Uning oqibatida Mjavanadze hokimiyatdan chetlatildi. Markazqo‘mning Birinchi kotibligiga esa general Eduard Shevarnadze saylandi. O’lja Ozarboyjondagidan ham ko‘proq edi, chunki Shevarnadze o‘z shovvozlariga qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan hamma qo‘rqitish usullarini, shu jumladan, jismoniy tazyiqni qo‘llashdan cho‘chimaslikni tayinlab qo‘ygandi. Dahshatdan rangi quv o‘chib ketgan kechagi raykom kotiblarini o‘lasi qilib kaltaklashdi, ular xazinalari yashiringan xufiya joylarni aytib berishdi. Natija chakki bo‘lmadi. Bu ishlarga KPSS Markaziy apparatidagilar ham daxldor ekanini tasdiqlovchi ko‘pgana dalillar aniqlandi, ammo ularning bir qismi Shevarnadze hamda Andropovning qo‘liga tushmay, allaqaylarda izsiz yo‘qoldi.

Yana operativ videokameralar to‘da-to‘da pul uyumlarini suratga oladi. Ularda yana jahon proletariati dohiysining sovuq turqi Vashingtonning zahil basharasi va Britaniya qirollarining takabbur qiyofasi bilan bamaylixotir yonma-yon turadi. Sharq gilamlarining rang-barang gullari ustida sochilib yotgan oltinu brilliantlarning jilolari allaqanday aql bovar qilmaydigan afsonaviy mo‘‘jiza kashf etadi. Kapitan Flint va kapitan Morganlarning xazinalari haqidagi Gollivud filmlarida biz shunga o‘xshash manzaralarni ko‘rgan edik. Flint bilan Morgan mashhur qaroqchilar bo‘lishgan, ular butun dunyoga dong taratgan milliarderlar sulolasiga asos solgan odamlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:16:40

Shunday qilib, birinchi qadam qo‘yildi. KGB ikkita ittifoqdosh respublikada hokimiyatni bosib oldi va O’rta Osiyo respublikalarida ham jangovar harakatlarini boshlab yubordi. Ammo bu yerda bir cho‘qib qochish usuli ish bermadi. Mahalliy partiya va chekistlik tizimlari mafiya bilan juda ham chatishib ketishgan edi. Ular Moskvadan kelgan operativ-tergov brigadalari yo‘liga ahillik bilan g‘ovlar qo‘yishdi. Feodal-patriarxal xulq-atvor bu respublikalarda o‘zlarining Alievlari va Shevarnadzelarini tezda topishga imkon bermaydi. «Birovning moli baxt keltirmaydi, - dedi general Niyozov unga Kavkaz varianti bo‘yicha Rashidovning o‘rnini taklif qilishganda. — Bundan tashqari, bu oila pullarini halol topgan»...

O’rta Osiyo bosqini muvaffaqiyatli chiqmadi va Andropov buni tan olishga majbur bo‘ldi. Andropov jo‘natgan chekistlar bu yerda darhol turli mojarolarga ilashib qolaverishdi. Bittasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z avtomobilida ushlashdi, guvohlarning ko‘z o‘ngida avtomobildan ichi to‘la pul solingan «diplomat» topishdi. Pora bergan odam avvaldan ariza bilan murojaat qilgan ekan. Boshqa birini voyaga yetmagan qizni zo‘rlashda ayblashdi. Uchinchisini allaqanday ziyofatdan keyin kasalxonaga olib ketishdi, uni bir amallab o‘limdan saqlab qolishdi.

Andropov ishga solmoqchi bo‘lgan yuksak martabali odamlar muloyim tabassum bilan qo‘llarini qovushtirib turishsa-da, kosa tagidagi nim kosani anglamayotganlari yuz-ko‘zlaridan shundoqqina ko‘rinib turardi, axir, biz Moskvaga — katta og‘amizga tegishli ulushni muntazam ravishda o‘z vaqtida berib turibmiz-ku! Yo katta og‘amizga kamlik qilyapti-mi? Shunday bo‘lsa, boshimizni qotirmasdan ochig‘ini aytish kerak. Mo‘‘tabar odamlarni shubha ostiga olishning nima hojati bor?

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:18:23

Natijada Andropovga Kreml tomonidan shunaqa ta’na-dashnomlar yog‘ildiki, KGB xo‘jayinining a’zoyi badani qaqshab ketdi. Bunaqa katta ishlarni amalga oshirish uchun hali kuchi kamligini tushundi u. Yana boshqa bir narsa ayon bo‘ldi: hamma yo‘llar Moskvaga olib keladigan bo‘lsa, respublikalarda tartib o‘rnatishdan foyda yo‘q. Respublikalardan tonnalab pulni musodara qilasan, lekin keyin u qayoqqa goyib bo‘lib qolganini KGBning xo‘jayini ham aniq ayta olmaydi. Davlat foydasiga? Ha, albatta, buni har bitta maktab bolasi ham biladi. Ammo ana shu «davlat foydasiga» degan dona-dona ohangdor so‘zlarning ma’nosi nima? Ularning bor-yo‘q siri shuki, bu «KPSS foydasiga» degani. Chunki partiya ko‘pdan beri komil ishonch bilan Lyudovikning: «Davlat degani menman!» - degan mashhur so‘zlarini takrorlab kelyapti. Shunday deyishga to‘la asoslar ham bor. Shunday ekan, Andropov va uning chekistlari tomonidan g‘ayrat bilan amalga oshirilgan xatti-harakatlarning hammasi partiya boyliklarini KPSSning Markaziy organlari foydasiga qayta taqsimlash uchungina sarflanayotgan ekan-da? Albatta. Axir uning o‘zi ham ana shu Markaziy organlarning vakili emasmi? Agar u o‘zining o‘tga, suvga urib erishgani, faqat ikki respublikadagi eng muhim mansabga o‘z odamlarini joylagani bo‘ldi, xolos. Ular kelgusida oliy hokimiyat uchun kurashda Andropovning ittifoqchilariga aylanadi. Andropov bu yo‘lda birinchi qadamini qo‘ydi. Musodara qilingan boyliklar esa Davlat banki qa’riga tushib g‘oyib bo‘ladi. Bu o‘rinda, hatto, Andropov ham nazoratni yo‘qotib qo‘yadi. Bu partiyaning oltini, u esa partiyaning askarlaridan bittasi, xolos. Shunday bo‘lsa-da, chekistlarning chehralarida alam izlari bor edi. Ularning hafsalasi pir bo‘lgani sezilib turardi.

IIVda esa musodara qilingan narsalarning hammasini «davlatga» topshirishni xayollariga ham keltirishmaydi. Ichki Ishlar Vaziri - Andropovning qudratli raqibi armiya generali Shchelokov IIV tizimida yopiq magazinlar tarmog‘ini ochgan. Bu yerda hatto oddiy xodimlarga ham (har xil polkovnigu podpolkovniklarga) arzon baholarda turli-tuman jinsilar, po‘stinlar, elektronika buyumlari, antiqa mollar sotishadi. Ular har yili qamoqqa hukm qilingan yuz minglab odamlardan musodara qilingan bo‘ladi. Vazirlik rahbariyati haqida-ku, gapirishning hojati yo‘q.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:20:34

Andropov buni biladi. U Ichki Ishlar Vazirligining olib borayotgan o‘yini o‘zi o‘ylab qo‘ygan o‘yinga qaraganda maydaroq ekanini ham his qiladi. IIV mamlakat aholisini tala-tala qilib yotipti, ammo ixtiyoridagi qo‘llanmada vazir muovinlari darajasidan yuqoridagilarga daxl qilish taqiqlab qo‘yilgan. Partiya tizimini oladigan bo‘lsak, Ichki Ishlar Vazirligining bironta xodimi, darajasidan qat’iy nazar, hatto, raykom ostonasiga ham yo‘latilmaydi. Hatto, biron qotillikning izlari raykomga kelib taqalganda ham vazirlik xodimlari bu yerga qadamranjida qilolmaydi. Ammo IIV bu yerga bosh suqishmaydi — u allaqachon o‘zining oltin konini topib olgan. Mamlakatdagi ahvol shunaqaki, ko‘zingni yumib turib, istagan xo‘jalik xodimini, savdo yoki ta’minot vakilini yoqasidan olib siqishtirsang, o‘g‘irlagan narsasi yomg‘irday yog‘iladi. Uni musodara qilib, tegishli qismini «davlat» foydasiga topshiraverasan. Albatta, o‘zingni ham quruq qoldirmaysan. G’arbda inqilobdan avvalgi rus antiqa buyumlariga qiziqish hech qachon so‘nmagan, hozir esa unga qiziqish yana ham kuchaygan, binobarin, narxi bugun juda baland. IIV qisqa fursatda antiqa buyumlarni xorijga olib ketish yo‘llarini xam joriy etdi. Antiqa buyumlar bilan savdo qiluvchi magazinlarning hammasi IIV organlarining filialiga aylandi.

Antiqa buyumlarni yigadigan barcha odamlar hisobga olindi. Ularning hammasini asta-sekin sud jarayonidan o‘tkazishdi va yiqqan kolleksiyalarini bitta qo‘ymay musodara qilishdi. Tintuv vaqtlarida hamma narsa, albatta, olib ketilardi, chunki natija avvaldan qanday bo‘lishi ma’lum edi. Ahyon-ahyonda bironta odam o‘zining halolligini, kollektsiyasini halol yo‘l bilan topganini isbot qilishga muvaffaq bo‘lsa yoki biron nomdor odamning (kamida Galina Brejneva darajasida) kafolatiga ega bo‘lsa, o‘shanda ham tortib olingan buyumlarini qaytarib olishi amri mahol edi. Bunday odam o‘nta chiqsa chiqadi yo chiqmaydi... Musodara qilingan antiqa buyumlar IIVning Moskvada Ogaryov ko‘chasida joylashgan ko‘rgazmalar zaliga qo‘yilardi. Tabiiyki, bu maxsus zal bo‘lib, unga hamma ham kiritilavermasdi. Partiya apparatida ishlaydigan katta amaldorlar ba’zi buyumlarni o‘zlari uchun tanlab olishardi-da, qolganlarini xorijda valyutaga sotishga rozilik berishardi. Shunday qilib, IIV o‘ziga va jinoyat dunyosiga xos vositalarni ishga solib, partiyaning oltin boyligini uzluksiz to‘ldirib turardi.

Zarur hollarda jinoyatchilarni muzeyga ham yo‘llashardi. Bunda bir-ikki daqiqa mohir qo‘llar signalizatsiyani o‘chirar va soqchilarni uxlatib qo‘yar, ba’zan esa o‘ldirishdan ham qaytmasdi. Jinoyatchilar tarixiy ahamiyatga molik boyliklarni o‘g‘irlab ketishardi. (Yetmish yil davom etgan uzluksiz talon-torojdan keyin ham boyliklarini tag-tugigacha o‘g‘irlab bitirisha olmagan ekanlar, demak, rus xalqi benihoya ko‘p go‘zalliklar yaratgan ekan-da!) Bunday voqealarga odamlar ortiq ajablanmay qo‘yishgan edi. Axir KPSS Leningrad viloyat qo‘mitasining Birinchi kotibi Romanov Ermitajda saqlanayotgan Yekaterina II ning servizini ishlatishni buyurgan-ku! Keyin qizining to‘yida mast bo‘lib qolib, servizni chil-chil sindirgan. Shunda ham hech gap bo‘lgan emas. Bironta odam miq etib og‘iz ochmagan!

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:21:32

Antiqa buyumlarni yig‘ib yurgan odamlarning hammasi bir bo‘lak kattakon qahrabodan yo‘nib ishlangan maymuncha haykalini yaxshi bilishardi. U Moskvadagi xorijiylarga xizmat ko‘rsatadigan «Opal» magazinining vitrinasiga qo‘yilgan edi. Badavlat sayyohlar vitrinada turgan bu go‘zal buyumni xarid qilishga bir necha bor chog‘lanib ko‘rdilar, ammo har gal «bu buyum milliy boyligimiz, u sotilmaydi», degan javobni oldilar. Kunlardan birida maymuncha vitrinadan g‘oyib bo‘lib qoldi. Moskvada ish yurituvchi Amerika muxbirlari bu yangilikni eshitib magazinga yopirilib kelishdi va uning mudiri-yu sotuvchilarini savollarga ko‘mib yuborishdi. Sotuvchilar «sotildi» degan gapdan boshqasini aytmadilar, ma’muriyat vakillari esa ko‘zlarini lo‘q qilib, yelka qisishdan nariga o‘tmadilar. Ular Brejnevning kuyovi va Shchelokovning muovini, IIV generali Churbanovning buyrug‘i bilan magazin direktori yarim kechada yotgan joyidan turg‘azib olib kelingani va shundan keyin qahrabo haykalcha g‘oyib bo‘lganini qanday ham aytishsin? Agar Churbanovning gapiga ishonilsa, u xotini Galina Leonidovnaning xohishini qondirish uchun shunday qilgan. Taqdir taqozosi bilan Churbanovning o‘zi qamoqxonadan benasib qolmadi. Bosh kotib qizining behisob kvartiralari va dala hovlilarida son-sanoqsiz tintuvlar o‘tkazildi, ammo maymuncha izsiz yo‘qolgan edi. Uni topib bo‘lmadi. U allaqachon dollarga aylanib ketgandi. Shu tarzda maymuncha G’arbda kimningdir xususiy kollektsiyasidan o‘z o‘rnini egalladi.

Atoqli kino yulduzi Zoya Fyodorovaning juda ham noyob, qadimgi ustalar ishlagan brilliant taqinchog‘i bor edi. Uni o‘z vaqtida aktrisaga eri — urush yillarida Moskvada diplomatik xizmatda bo‘lgan Amerika admirali sovg‘a qilgandi. Urushdan keyin Stalin joriy qilgan sotsialistik turmush tarzi qoidalariga binoan admiralni mamlakatdan badarg‘a qilishdi. Zoya Fyodorovani esa qamoqqa jo‘natishdi. Aftidan, o‘z qismatini oldindan sezgan aktrisa taqinchog‘ini omonatga yaqin do‘stlariga berib qo‘ygan va shu tufayli taqinchoq asrab qolingandi. Valyuta yetishmasligi va bosib kelayotgan iqtisodiy halokatdan cho‘chigan Brejnev xalqaro sohada yumshoqroq siyosat yurita boshlagandan so‘ng aktrisa Qo‘shma Shtatlarga — erining yoniga ketmoqchi bo‘ladi. Unga ruxsat beradilar. Ammo brilliant taqinchoq chegaradan o‘tkazilmaydi — bunaqa qimmatbaho buyumga maxsus ijozat talab qilishadi. Fyodorova ijozatnoma olish uchun Moskvada uch-to‘rt kun qolishga qaror qiladi. U taqinchog‘ini bojxonada qoldirib ketaverishi ham mumkin edi, biroq bunday qilolmadi, chunki u yoshlik yillaridan, yoshlikdagi yolg‘iz yorqin muhabbatidan yodgorlik edi. Bu muhabbat aktrisaga juda qimmatga tushdi. Bir necha kundan keyin uni o‘z uyida bo‘ynidan otib o‘ldirib ketishdi. Taqinchoq esa anchadan keyin general Shchelokovning buyumlari ichidan chiqdi. Bu buyumlar ichida faqat taqinchoq emas, boshqa narsalar ham bor edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:22:24

Bularning baridan Andropov xabardor edi. U IIVning ishlariga KGBni jalb qilishga urinib ko‘rdi. Shuning uchun «yuksak tarixiy-badiiy qimmatga ega bo‘lgan buyumlar» bo‘yicha ishlarni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘ldi. IIV raqiblarini o‘zlari yem yeb yurgan oxurga sheriklik qilishlarini istamay, jon-jahdlari bilan qarshilik ko‘rsatishdi, lekin shunga qaramay, «istisno hollarda birgalikda tadbirlar o‘tkazishga» ko‘nishga majbur bo‘lishdi. Bundan avvalroq Andropov o‘zining bir guruh ofitserlarini OBXSS tizimiga joylashtirishga muvaffaq bo‘lgan va mayda hamda o‘rta valyutachilar bilan shug‘ullanadigan «maxsus» militsiyani, bir oz bo‘lsa-da, nazorat ostiga olgan edi. Ammo ayon bo‘ldiki, antiqa buyumlar borasidagi ishlar unchalik oson va yengil emas ekan.

Akademik Chudnovskiyning uyiga kuppa-kunduz kuni bir to‘da bosqinchilar bostirib kiradi. Rasmiy til bilan aytganda ularning «Kavkaz millati»ga mansubligi yaqqol ko‘zga tashlanib turardi. Jinoyatchilar akademik kollektsiyasidagi suratlarga ko‘z olaytirishgan edi. Akademiklar bilan qiyin-da! Boshqa ko‘pgina kollektsionerlar qatori unga «yiqqan narsalaringni halol mehnat qilmay topgansan» deb ayb qo‘yib bo‘lmaydi. Shunday ekan, uning antiqa buyumlarini «davlat foydasiga» musodara qilish qonuniy ekanini ham isbotlash mumkin emas. Shuning uchun akademiklarga boshqacha usul qo‘llangan. Bosqinchilar uy egasini bog‘lab qo‘yib, ramkalardan Matissning bir nechta favqulodda qimmatbaho suratlarini chiqarib olishdi. G’arbda xuddi shu kezlarda Matissga ishqibozlar ko‘paymoqda edi. Jinoyatchilardan biri ramkadan suratni tilib olayotib, shoshilinchda bexosdan barmog‘ini kesib oladi. «Kavkazliklar» ishni bajarib, g‘oyib bo‘lishadi.

Bu ish taftishini KGB o‘z qo‘liga oladi. Jabrlangan akademik jinoyatchilar qiyofasini aniq chizib beradi. Ko‘pni ko‘rgan xodimlar darrov payqaydiki, gap bokulik jinoyatchilar guruhi haqida ketyapti. Shunga o‘xshash boshqa bir nechta o‘g‘irlikda ham bu guruhning izlari qolgan edi. Boku bilan bevosita maxsus aloqa tarmog‘i benuqson ishlardi. Bir soatdan keyin Moskvadan Ozarboyjon KGBsiga jinoyatchilarni qamoqqa olish haqida buyruq keladi. Ishkal chiqmasin uchun jinoyatchilarning ism-familiyalari ham ko‘rsatilgandi. Bokudagilar esa Moskvadan kelgan ma’lumotni sinchiklab o‘qib chiqib, javob berishdi: «Ha, bu guruh yaxshi ma’lum, ammo bu yerda adashilgan ko‘rinadi, chunki ro‘yxatdagi odamlarning Isroil vizasi bilan xorijga chiqib ketganiga bir yil bo‘ldi». Bu javobni ko‘rib Moskvadagilar hang-mang bo‘lib qoldi. Ammo KGB anoyi emas — vaqti kelganda u, hatto, o‘zi-o‘zining gapiga ishonmaydi va tabiiyki, faqat rasmiy yo‘llar bilangina kifoyalanmaydi. Xufiyalar bilan aloqa bog‘lab surishtirilsa, to‘daning hamma a’zolari bamaylixotir Bokuda ayshini surib yurgan ekan, hech kim hech qaerga jo‘nab ketmoqchi ham emas, aksincha, yaqinda Italiya safaridan qaytishibdi. Bir dunyo valyuta olib kelishibdi.

Andropov o‘zini tahqirlangan deb bildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:24:14

Chaqqon xodimlardan tuzilgan maxsus dasta hech kimga sezdirmay, konspiratsiyaning barcha qoidalariga amal qilib Bokuga uchadi. Shahar yaqinidagi harbiy bazalarning birida ularni uchishga shaylanib turgan samolyot kutib turardi. Shaharda to‘dani bir zumda shovqin-suronsiz qo‘lga oladilar, avtomobilga bosib, harbiy bazaga olib boradilar va mahalliy KGB bilan xayr-ma’zurni nasiya qilib, Moskvaga yo‘l oladilar.

Jinoyatchilarning shaxsiyatini aniqlash silliqqina o‘tadi. Yuz belgilari, qo‘llaridagi chandiq — hammasi to‘g‘ri keladi. KGB polkovnigi akademikning qo‘lini qisib, uni ham, o‘zini ham muvaffaqiyat bilan tabriklaydi va tergov ishlari bir oyga ham cho‘zilmasligini ma’lum qiladi. Bir hafta o‘tgach, akademikni yana tergovchi chaqirtiradi. Polkovnik uning boshi osha allaqayoqqa — yuqoriga qarab, dudmollana-dudmollana tergov ishi tugagani, dalillar yetishmagani uchun ish to‘xtatilganini ma’lum qiladi. Akademik oh-voh qilib o‘tirmaydi, taajjub izhor qilib tortishmaydi-da, ishning bunaqa tus olgani uchun kimga shikoyat qilish mumkinligini so‘raydi. Bir oz sukutdan so‘ng polkovnik javob beradi: «Agar shaxsan o‘rtoq Brejnevga ayta olsangiz, shikoyat qilishingiz mumkin». Polkovnik o‘ziga buyurilganlarini bajo keltirdi. Bunday firibgarlikka chiday olmagan akademik xastalanib kasalxonaga tushadi.

Ammo asl haqiqatni bilganlarida ularning ikkovi ham bundan battarroq larzaga tushar edilar. Bu ish tufayli Andropov Stalin zamonasidan beri ko‘rmagan tahqirlanishlarni ko‘rdi. Bir vaqtlar generalissimus Andropovning urush vaqtida ittifoqchilar bilan aloqada bo‘lganini eslab, uni asfalasofilinga jo‘natishiga sal qolgan edi. Chunki dohiy ajnabiylar bilan bo‘ladigan har qanday aloqa sovet kishisini imperialistik razvedkaga yollash bilan tugashiga astoydil ishonardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:24:58

Andropovni Siyosiy byuro a’zosi va partiya bosh mafkurachisi Suslov huzuriga chaqiradi. Uning xonasida KPSS Markazqo‘mining xalqaro bo‘limi mudiri Boris Ponomaryov ham bor edi. Suslov quruqqina ohangda nega Andropovning odamlari ittifoqchi respublika poytaxtida bezorilik qilayotganini, nega u yerga borganlarini, hatto, mahalliy partiya rahbariyatiga ham ma’lum qilmaganini so‘radi.

Andropov gap o‘ta xavfli jinoyatchilarni ushlash haqida borganini, fursat juda kamligi uchun respublikalararo muvofiqlashtiraman deb rasmiyatchilik qilib o‘tirilsa, reja barbod bo‘lishi mumkinligini tushuntirishga urinadi. Bunga javoban Suslov qahr bilan biror shaxsning jinoyatchi yoxud bezori ekanini faqat sud aniqlay olishini, bu vazifa xavfsizlik organlari zimmasiga kirmasligini, bu borada bir qator partiya hujjatlari va s’ezdlarning qarorlari borligini uqtiradi. Bu hujjatlarni Andropov chuqurroq o‘rganib chiqsa chakki bo‘lmasligini aytadi. Avj olib kelayotgan nifoqning mohiyatini to‘la anglab yetmagan KGB xo‘jayini partiyaviy bosh mafkurachiga hang-mang bo‘lib qarab qoladi. Bu orada gapga Ponomaryov aralashadi. Boris Ponomaryov KPSS Markazqo‘mi apparatida qo‘li uzun odamlardan edi. Bu qo‘l shu qadar uzun ediki, Ponomaryov rahbarlik qiladigan Markazqo‘m xalqaro bo‘limining ishi to‘g‘risida, hatto, Andropov ham to‘la ma’lumotga ega emas edi. Andropov ortiqcharoq biron narsa bilishga urinsa, uning xatti-harakatlari maxfiylik devorlariga urilib chilparchin bo‘lar yoxud yolg‘on-yashiq gaplar, mish-mishlar, rivoyat va afsonalar to‘lqiniga g‘arq bo‘lib ketardi.

Andropovning odamlari qo‘llarida xorijiy valyuta to‘ldirilgan chemodanlar bilan butun dunyo bo‘ylab izg‘ib, Markazqo‘m xalqaro bo‘limi xizmatini bajarardilar. Bu chemodanlarni ular xilvat joylarda turli qardosh kompartiyalar vakillariga, so‘l guruhlar va son-sanoqsiz terrorchi tashkilotlarning odamlariga topshirardilar. Choparlar bergan chala-yuluq axborotlardan sodir bo‘layotgan voqealarning to‘la manzarasini anglab olish amri mahol edi. Hamon eski konspiratsiya usullari amalda edi. Bu usul XX asrdagi eng iste’dodli jinoyatchilar — Parvus bilan Leninning dohiyona miyalarida tug‘ilgandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:25:32

Jussasi kichik, ozg‘in va o‘ta harakatchan Ponomaryov nomenklatura xodimlariga xos bo‘lmagan ajib bir ishchanlikka ega edi. U jahon mamlakatlari bo‘ylab shaxsan kezib yurar, sayyoradagi hamma kompartiyalarning bosh kotiblari huzuriga, shu jumladan, Brejnev huzuriga ham tundami, kundami - istagan vaqtida kirishi mumkin edi. G’arbiy Germaniyadan olib kelingan ko‘zoynagining qalin shishalari orqali Andropovga tikilib turib, g‘ijirlagan ohangda unga sotsialistik qurilish duch kelayotgan muammolar haqida ma’ruza o‘qiy boshladi. «Kommunistik jamiyat qurilishi, - deb uqtirdi Markazqo‘m xalqaro bo‘limi mudiri, — hozirgi paytda ayrim shaxslar tomonidan sotsialistik davlat tizimini inkor qilish tarzidagi qarshiliklarga duch kelmoqda. Yashirishning hojati yo‘q — G’arb targ‘iboti ta’siriga berilish oqibatida butunlay aynigan aholining muayyan tabaqalari ham qarshilik ko‘rsatayotganlar safida. Markaziy Razvedka Boshqarmasi sovet kishilari o‘rtasida meshchanlik mafkurasini tarqatish, ularda hashamatga ishtiyoqni, bebosh iste’molchilik psixologiyasini singdirish uchun qancha kuch va qancha mablag‘ sarflayotganini hech kim bilmaganda ham Andropov yaxshi biladi-ku!»

Taajjubi oshgandan-oshib, Andropov e’tibor bilan tinglab o‘tirardi. Albatta, uning o‘zi ham «partiya tilida» gapirishga ustasi farang edi, ammo u ham hamma singari bu tilni yaxshi anglamasdi.

«Shuning uchun partiyamizning kommunistik qurilish sohasidagi siyosati, — deb davom etdi Ponomaryov, — avvalgidek Marks va Leninning yagona sotsialistik vatan hududida umumiy tenglik haqidagi o‘lmas g‘oyalariga asoslanadi».

Qayd etilgan