Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 155083 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 41 B


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:26:47

Ortiq chidayolmagan Andropov: «Bu gaplarning hammasi to‘g‘ri, albatta, lekin ularning qurolli bosqinga nima daxli bor? Axir, bu bosqin oqibatida Matissning bir necha million dollar turadigan suratlari o‘g‘irlandi», - deb so‘radi.

«Gap shundaki, — deb tushuntirdi Ponomaryov, — qimmati bir necha million dollar turuvchi Matissning suratlari har bir xonadonning devorida osig‘liq turmaydi. Bu hol sinfsiz jamiyatda sinfiy tengsizlik muhitini tug‘diradi. Shunday buyumlar borki, mafkuraviy mulohazalarg‘a ko‘ra ham shu buyumlarning xavfsizligini ta’minlash uchun, ular xususiy odamlar qo‘lida saqlanishi mumkin emas. Sodir bo‘lgan mojaro ham bu gapning to‘g‘riligini tasdiqlaydi».

Bo‘shliqqa tikilib o‘tirgan Suslov bu gaplarni ma’qullab bosh irg‘adi.

«Xo‘sh, qani o‘sha suratlar?» — deb so‘radi Andropov tishlarini qisib. U Markazqo‘mning xalqaro bo‘limi mudiridan ko‘zini olmay tikilib turardi.

Ponomaryov o‘tirgan joyida sakrab tushdi.

«Qiziq ekansiz-ku! Axir, gap suratlar haqida borayotgani yo‘q, - dedi u xunob bo‘lib. — Gap odamlar haqida boryapti. Siz sotsialistik qonunchilikning hamma normalarini buzib, ularni Bokuda qo‘lga olibsiz. O’rtoq Aliev (Andropov chuqur tin olib, ko‘zlarini yumdi) qattiq norozi bo‘lib shaxsan Leonid Ilichga qo‘ng‘iroq qilibdi. Leonid Ilich bu masalani Siyosiy byuroga qo‘ymoqchi. Partiya hamisha o‘zboshimchalik va qonunsizlikka qarshi kurashib kelgan va bundan keyin ham kurashajak».

Ponomaryov hamma sifatlaridan tashqari yana akademik ham edi. Shuning uchun u bilan bahslashib o‘tirishdan ma’no yo‘q.

Qayd etilgan


Musannif Adham  10 Sentyabr 2012, 00:27:41

KGBning tergov boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Qurbonovga bokuliklarni bo‘shatib yuborish haqida buyruq berar ekan, Andropov istehzo bilan jilmayib dedi: «Endi hech kimnikiga mehmonga bormayman. Birortasining uyida noyob suratlarni ko‘rib qolmay tag‘in...»

«Kimnikida ko‘rib qolishingiz mumkinligini aytib bera olaman», — dedi zaharxanda bilan Qurbonov.

«Hozircha kerak emas, — deb uni qaytardi Andropov, - so‘raganimda aytarsiz...» Uning o‘zi ham suratlar yig‘ar, fransuzlarning shahvoniy bronza haykalchalariga o‘ch edi, mashshoqlik ham qilar va hatto, Mao Sze-dunga o‘xshab she’rlar yozib turardi. Shuning uchun bu gap uning izzat-nafsiga tegdi.

«Yengilmas kuchlar tazyiqida» u anchagina marralardan chekindi. Xodimlaridan bir qismi dollarda va sertifikatlarda maosh ola boshladi. U Markazqo‘mga yashirin maktublar yo‘llay-yo‘llay bunga zo‘rg‘a erishdi. Poraxo‘rlik aniq nishonga yo‘naltirilgan radiatsiya kabi to‘siq bilmay hamma sohaga kirib bormoqda. KGB xodimlarini bu ofatdan asrash zarur. Afsuski, KGB odamlari o‘rtasida ham poraxo‘rlik hollari ro‘y berdi. Bu illatning oldi olinmasa bo‘lmaydi. Ba’zi bir chekistlar pora tufayli otib tashlandi. Hukmlar shitob bilan chiqarildi va shitob bilan ijro etildi. Tadbir zudlik bilan amalga oshirilganiga qaraganda, qatl qilinganlarning boshliqlari ham bu ishga daxldor bo‘lsa kerak. Ammo ayrim bo‘limlarning xodimlariga maoshni valyutada to‘lash busiz ham o‘zaro qirpichoq bo‘lib yotgan temir Feliks avlodlarini bir lahzada parchalab yubordi. Valyutadan bebahra qolgan bo‘linmalar noroziliklarini namoyish qilib, har xil da’volarni ro‘kach eta boshladilar. Ba’zilarni organlardan bo‘shatishga to‘g‘ri keldi, ba’zilarni ma’muriy tarzda jazoladilar. Chekistlarga ma’ruzalar o‘qildi, suhbatlar o‘tkazildi. Ammo ular har jihatdan ham bema’ni edi. Xodimlar ensasi qotganini yashirmas, ba’zilar esa oshkora mudrab o‘tirishardi. Boshqarmalar bo‘yicha zudlik bilan harbiy savdo tarmoqlarining yopiq magazinlarini ochishga to‘g‘ri keldi. Bu magazinlar kichik va o‘rta ofitserlar tabaqasiga mo‘ljallangan bo‘lib, u joriy pulimizga savdo qilardi. Unda arzon jinsilar, Belgiya kostyumlari, «Safari» ko‘ylaklari, xorij sigaretlari, oziq-ovqat mahsulotlari bor edi. Odamlarga jon kirdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:07:41

Andropov shaxsan o‘zi xodimlari uchun turarjoy olishda imtiyozlarga erishish uchun viloyatlarda qattiq harakat qildi. Unga viloyat va shahar qo‘mitalaridagilar qarshilik ko‘rsatishdi. Ayniqsa, shahar ijroqo‘mlaridagi amaldorlarning noroziligi qattiq bo‘ldi, chunki ular imtiyozlar asosida turarjoy berish borasidagi qonuniy «haqlari»ning bir qismidan mahrum bo‘lishardi. Bu tadbirlardan uncha naf tegmadi. Andropovning kotibiyati uy olish yoxud uy-joy sharoitini yaxshilashni so‘rab yozilgan arizalarga to‘lib ketgan edi.

Hammalari birgalikda Birinchi Bosh boshqarmaga haddan tashqari hasad qilishardi. Bu Boshqarma (PGU) tashqi razvedka bilan shug‘ullanardi. Unda iste’dodsiz xodimlar aql bovar qilmaydigan darajada ko‘p edi. Andropovning nomiga yozilgan maxfiy ma’lumotnomalarida KGB kadrlar boshqarmasining boshlig‘i general Chebrikov buni bir necha marta ta’kidlagan. Turli-tuman tegma noziklar va oliy rutbadagi nomenklaturaning arzandalari o‘zini tashqi razvedkaga urardi, chunki bu davrga kelib, bir zamonlar qahramonlik va shijoat talab qilgan kasb kutilmaganda mutlaqo bexatar bo‘lib qoldi. Ammo u avvalgiday nufuzli va foydali hisoblanardi. Razvedkachilar G’arbda vaqtining ko‘p qismini diplomatik pasportlar panohida o‘tkazar, ko‘pincha APN va Aeroflotdan Goskonsertgacha bo‘lgan turli xil muassasalarning xodimlari tarzida ish yuritar, valyutada maosh olar, xar xil operativ ishlar uchun ham katta pul olishardi. Ular o‘zlarining ertakdagiga o‘xshash hayotidan juda huzurlanishardi. Ularning ishi mutlaqo xatarsiz bo‘lib, sirlari ochilib qolganda, nari borsa mamlakatdan chiqarib yuborishardi. Shuning uchun chet ellarda ular rohatu farog‘at ichida hayot kechirar, ba’zan esa oshkora chop etiladigan G’arb jurnallaridagi ba’zi maqolalarni tarjima qilib, ularni zo‘rg‘a topilgan yashirin axborotlar sifatida markazga jo‘natishardi. Buning ustiga ular osongina G’arb kontrrazvedkalariga ham yollanaverar edilar. Ba’zan esa ularning tuzog‘iga ilinib qolganlarini o‘zlari payqamas ham edilar. Moskvaga keladigan chin va yolg‘on-yashiq axborotlar juda ko‘payib ketdi. Shu qadar ko‘paydiki, ularni mavjud ibtidoiy vositalar yordamida qayta ishlash va o‘zlashtirishga imkon bo‘lmay qoldi. Axborotlar oqimiga ko‘milib ketish xavfi tug‘ila boshladi.

Vashingtondagi ministrliklar idoralaridan tortib o‘z mamlakatidagi xonadonlargacha — hamma joydagi gap-so‘zlar xufiya yozib olingan minglab kassetalar o‘rganilmasdan yotardi. Millionlab ma’lumotnomalar, hisobotlar, axborotlar o‘qib ham ko‘rilmasdan arxivga jo‘natilardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:11:23

SSSR bilan G’arbdagi ma’lumot darajasi va texnik tayyorgarlik sohasidagi farq ham tobora kuchayib bormoqda edi va bu ham ishga ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi, AQShdagi bitta rezidentga katta pul evaziga 1942 yilda ishlab chiqilgan gidrolokator chizmalarini keltirib berishdi. Ammo Moskvadagilar uning sirini tez ochishdi. Holbuki, murakkabroq holatlar ham bo‘lgan. Amerikaning go‘yo maxfiy texnik ishlari va hisob-kitoblari qo‘lga kiritilgan bo‘lardi-yu, ularni tegishli ilmiy-tadqiqot institutlariga yuborishib, ularga shu yo‘nalishda ish olib borish topshirilardi. Ko‘p ming kishilik jamoa yillab mehnat qilib, bu yo‘nalishning istiqboli yo‘q, u boshi berk ko‘chaga olib boradi, degan xulosaga kelardi. Ammo buni hali mansabdorlarga isbot ham qilish kerak edi. Isbotlash esa qiyin edi, chunki amerikaliklar kompyuterda qilingan ko‘p jildlik hisob-kitoblarida atayin xatolarga yo‘l qo‘yardilar. Buni navbatdagi samolyot qulab tushganida, raketa portlaganda yoki sinov uskunalari bo‘lak-bo‘laklarga parchalanib ketgandagina tushuna boshlar edilar.

Ammo hali bu ham holva edi. Eng yomoni shu ediki, razvedka o‘zi bilmagan holda mag‘lubiyatga mahkumligimiz muqarrar ekanidan dalolat beruvchi ma’lumotlar yo‘llardi.

G’arbda uncha qiynalmay chorak bahosiga (atigi uch million dollarga) Amerikaning «Fantom» degan qiruvchi-bombardimonchi samolyotini sotib olishga muvaffaq bo‘lindi. Sovet mutaxassislari uni ko‘rib chiqib, ichi elektron uskunalariga to‘lib-toshganidan hayratga tushishdi. Bu samolyot shunga o‘xshash sovet samolyotlari bilan taxminan bir xil aerodinamik xususiyatlarga ega edi. Ularning manevr qilish qobiliyatlari ham bir-biriga yaqin edi. Ammo «Fantom» o‘z elektronikasi tufayli sovet samolyotini ancha oldin va ancha olisroq masofada topib, mahv etish imkoniga ega edi. Bu samolyotdagi topish, qarshi kurashish va mahv etishga xizmat qiluvchi asbob-uskunalarning biror qismini sovet sanoati ko‘chirib olib, yangidan barpo etishga layoqatsiz edi. Elektronika haqida Stalin aytgan, «bu marksizmga yot juhudlarning soxta fanidir», degan tarixiy so‘zlaridan boshlangan eski xastalik surunkali davom etadigan bedavo dard bo‘lib chiqdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:12:30

Havo janglarida qo‘llanuvchi «Skayuinder» degan Amerika raketasi ham zarbalarining samaradorligi bilan dong chiqargan edi. Uni ham ortiqcha qiyinchiliklarsiz yarim bahosiga sotib olishdi. (Keyin ma’lum bo‘lishicha, undan ham arzonroqqa olishgan ekan. Razvedkachilar ham qora kunlarni o‘ylab, mablag‘lardan muntazam urib qolishni odat qilgan edilar.) Yana ikkita raketa esa deyarli bepul qo‘lga kiritildi. Ularni Vetnam partizanlari Janubiy Vetnamdagi allaqanday harbiy bazadan qiruvchi samolyotlarning shundoqqina qanoti ostidan o‘g‘irlab ketishgan edi. Sovet mutaxassislari bu raketaning mo‘ljalga olish uskunasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishni orzu qilishardi. Mana, orzulari ushaldi. Biroq bu sirga tishlari o‘tmay, lablarini tishlagancha qolaverishdi. Ha, uskuna xuddi panshaxa kabi juda jo‘n edi. Umuman, amerikaliklar hech qachon murakkabliklarni yoqtirishgan emas. Bu haqida, hatto, ularning maqoli ham bor: «U jo‘n narsalarni qiladigan darajada yetarli aqlga ega emas». Bularning bari shunday edi. Ammo uskunaning tarkibida mikrochiroqlar bor edi — ularni esa Sovet Ittifoqi har qancha harakat qilmasin, ishlab chiqara olmasdi. Buning uchun o‘z vaqtida mahbuslar va qurilish batalonlarining soldatlari tomonidan qurilgan zavodlardagi vakuumni ikki baravar ko‘tarish talab etilardi.

Amerikaliklar esa xuddi masxara qilganday, sovet razvedkasiga «Jorj Vashington» tipidagi raketalar bilan qurollangan suvosti kemalarining jamiki chizmalari va texnologik kartalarini arzon-garovga sotishdi. Ana, yigitlar, mazza qilib, ishlab chiqaraveringlar! O-o, o‘shanda bu ishga daxldor odamlarimiz qanchalik hayajonga tushganini ko‘rsangiz edi! Har sahifada amerikaliklarning «Top sikret!» degan iborasi. Uning bittasiga o‘zimizning «Mutlaqo maxfiy! Alohida ahamiyatga molik!» degan ikkita iboramiz, ikkita nollik binafsharang muhrlar va yana allanima balolar yopishtirilgan. Ana shu bir uyum behuda chizmalarni xarid qilib, Moskvaga ko‘tarib kelgan ikki razvedkachi yigitni Brejnevning o‘zi qabul qildi va ko‘kragiga qahramonlik yulduzini taqib qo‘ydi. Ammo tekshirib ko‘rilganda, u aytishga ham arzimaydigan narsa bo‘lib chiqdi. Shu chizmalar asosida qurilgan raketa bilan qurollangan suvosti kemasi halokatga uchradi. Bu — shu tipdagi kemalar orasida yagona hodisa edi. Kema quruvchilar uni istehzo bilan «Ivan Vashington» deb ataganlari bejiz emas.

Bu o‘yinlarning hammasi juda qimmatga tushdi. Ular yo hech qanaqa natija bermadi, yoxud ochiqdan-ochiq zarar keltirdi. Bu illat an’anaga aylanib qolgandi. Bir vaqtlar razvedka fashistlarning SSSRga hujum qilish kunini 22 iyun deb juda aniq aytib bergandi, ammo bundan mamlakatga qanday foyda tegdi?

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:13:26

Bu ishdagi eng yomon jihat — razvedkachilarning G’arbda yashashga juda mazaxo‘rak bo‘lib qolishganida edi. Ular uylariga zo‘r-bazo‘r qaytishar, vatanda uncha uzoq turib qolmaslikdan umid qilishar, mabodo bunga ishonmasa, umuman, qaytmay qo‘ya qolishardi. Bunday paytda yo butunlay g‘oyib bo‘lishar, yo raqiblarga taslim bo‘lishardi. Andropov zamonida va undan keyin shunday hodisa sodir bo‘lmagan biron mamlakatni aytib berish amri mahol.

Ammo har qancha g‘alati tuyulmasin, bularning bari na Andropov, na PGU boshlig‘i general Kryuchkovlarning mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishiga zarracha ta’sir ko‘rsatmadi. Andropov Kryuchkovni 1956 yildagi vengr qo‘zg‘oloni bostirilgan vaqtdan beri o‘z orqasidan ergashtirib yurardi. Noxush voqealar ularning mavqeiga ta’sir ko‘rsatmaganiga bois, aftidan, shunda ediki, tashqi razvedka xodimlari orasida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi nomenklatura arzandalarining G’arbga qochishi yuksak martabali ota-onalarni unchalik tashvishga solmay qo‘ydi. Chunki ularning o‘zlari ham G’arbga qarab juftakni rostlashga tayyor bo‘lib qolgandilar. Ikkinchidan esa G’arbdagi yashirin urush jabhasi har qancha jozibador bo‘lmasin, mamlakat ichkarisida qaynab jo‘sh urayotgan yashirin jabha bilan taqqoslaganda, har qalay, orqa o‘ringa o‘tib ketardi.

Nima qilib bo‘lsa-da, mamlakatni qutqarish ishtiyoqida yongan va Kavkazdagi yutuqlaridan havolanib ketgan Andropov navbatdagi zarbani Moskva shahar partiya qo‘mitasiga bermoqchi bo‘ldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:14:30

Bu paytda shahar qo‘mitasiga Markazqo‘m Siyosiy byurosining a’zosi Grishin (Moskva shahar partiya qo‘mitasida Grishindan avval Yegorichev birinchi kotib bo‘lgan edi. U ham qulog‘igacha poraxo‘rlik botqog‘iga botib ketgan, katta siyosat samolariga ko‘tarilish orzusida yashardi. Shuning uchun u jahon sionizmi nayranglari haqidagi ma’ruzalarni tinglar va bu mavzuda KGB bilan doim maslahatlashib turardi. KGB esa o‘z navbatida Yegorichevni qulatib, uning o‘rniga Andropovning odamini qo‘yish yo‘llarini izlardi. Ayni jahon sionizmiga qarshi kurash borasida Yegorichevning misi chiqdi. 1973 yilda Yaqin Sharqda navbatdagi urush olovi alanga olib yonmoqda edi. Kunlardan birida Siyosiy byuro majlisida — Brejnev huzurida Yegorichev konyakdan ko‘proq tortib qo‘yganmi, Sinay yarim oroliga sovet dengizchilaridan desant tushirib, Tel-Avivga yurish qilishni taklif etadi.
Brejnevning qoshlari taajjub bilan chimiriladi. Mudofaa ministri esa bo‘zarib ketadi, chunki bu bema’ni da’vat orqasida o‘ziga qarshi ig‘vogarlikni ko‘radi. 1973 yilda desant qilib tushiradigan kuch ham, desantni olib boradigan vosita ham yo‘q edi.
«O’rtoq Yegorichev, — deb so‘raydi Brejnev, — siz kimning fikrini bildiryapsiz?»
«Moskva shahar partiya qo‘mitasining fikrini», — deb javob beradi birinchi kotib.
«Demak, sizlar shahar qo‘mitasida shunaqa masalalarni muhokama qilasizlarmi?» — deb so‘raydi Bosh kotib tahdidli ovozda.
Og‘ir sukunat cho‘kadi. Buning natijasida Moskva shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Grishin bo‘ladi. U Suslovning odami edi.Andropov hali juda zaif edi)
rahbarlik qilardi.

Moskva shahar qo‘mitasi poraxo‘rlik va boshqa iflos ishlar uyasiga aylanib qolgandi. Shu sifatlari bilan 20-yillar boshlaridagi Chikago gangsterlar sindikatiga o‘xshab ketgandi. Farqi shunda ediki, gangsterlar sindikati soliqlarni to‘lab turar va politsiyadan hayiqardi. Holbuki, Moskva shahar qo‘mitasida ahvol butunlay buning aksi edi — ular soliq to‘lamas, militsiyadan ham tap tortmasdi. Bu qudratli muassasaning eng mayda gumashtalari qarshisida ham militsiya yuz qotib turar va qo‘lini chekkasiga qo‘yib chest berardi. O’zboshimchalikda har qanday chegaradan chiqib ketgan Moskva shahar qo‘mitasi xato ustiga xato qila boshladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:16:49

Shahar qo‘mitasining byuro a’zosi va Moskva shahar Kuybishev rayon partiya qo‘mitasining birinchi kotibi Galushko bir yarim million so‘m pora olgan . (Uning bir qismi qimmatbaho toshlar edi.) U Tbilisidan kelgan allaqanday betayin shaxslarga to‘rtta kvartira olib berishga va’da beradi. Ammo pulni olib, mijozlarini aldaydi. G’azabga kelgan tbilisiliklar pulni ayamay sarflashadi-da, ancha qo‘li uzun muttahamlar bilan topishib olishadi. Ular Brejnevning qizi Galina bilan yaqin ekanlar. Bosh kotibning qizi qanaqa tugmachalarni bosgani qorong‘i, lekin o‘rtoq Galushkoning uyini OBXSS brigadasi bosadi. Taqdirning o‘yinini qarangki, bu brigadaga Moskva shahar qo‘mitasining birinchi kotibiga familiyadosh general Grishin boshchilik qilar ekan. Ular Galushkoning uyida tintuv o‘tkazib, tilla va boshqa qimmatbaho buyumlarni, shuningdek, 4 million so‘m pulni olib ketishadi. Galushko qamoqqa olinadi. Ertasi kuni ish KGBga oshiriladi. Qo‘rquvdan dovdirab qolgan raykom kotibini Andropovning o‘zi so‘roq qiladi. U shahar qo‘mitasidagi arboblar qo‘lida shunchaki bir yugurdak bo‘lganini tan oladi.

Andropov bu gaplarning hammasini Brejnevga yetkazish yo‘llarini o‘ylay boshlaydi — qanday qilsa bir zarba bilan butun shahar qo‘mitasini qulatish mumkin? Qanday qilsa uni Lubyankaning bir bo‘limiga aylantiradi-yu, Kremlga hujum boshlaydi?

Ammo Moskva shahar partiya qo‘mitasida xatar qo‘ng‘iroqlari bong ura boshlagan edi.

O’z xodimlarining bir qismini maxsus kasalxonalarga joylab, bir qismini dala hovlilariga jo‘natib, Grishin Brejnev huzuriga yugurdi.

Galushko qamoqdan bo‘shatildi, general Grishin esa «xizmat mavqeini suiiste’mol qilgani uchun» sudga berildi va qamaldi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:17:26

Andropovni Bosh kotib huzuriga chaqirishdi.

Brejnev unga ta’na bilan qaradi. Uchrashuvda ishtirok etgan Suslov, Grishin, Chernenko va qandaydir sabab bilan o‘sha kunlarda Moskvada bo‘lgan Rashidov KGB xo‘jayiniga rosa dashnom berishdi. Unga KGBning asosiy vazifasi nomenklaturaning xulq-atvori ustidan nazorat qilish emas, balki uni muhofaza etish ekanini eslatishdi. Xulq-atvor bilan shug‘ullanish uchun esa, Partiya nazorati komissiyasi bor. Aytgancha, bu komissiyada Andropovning o‘ziga ham beriladigan savollar topiladi. Masalan, poytaxtning juda qimmatbaho maxsus fondidan KGBga maxfiy ishlar uchun ancha-muncha kvartiralar berilgan. Shu kvartiralarda har kuni nimalar sodir bo‘layotganidan Yuriy Vladimirovichning xabari bormi? Ularda bo‘layotgan ichkilikbozliklardan, janjalu to‘polonlardan butun uy va hatto, butun rayon ogoh. Tag‘in xufiya kvartira emish. KGBning 5-boshqarmasi nazorati ostida ishlayotgan fohishalar kimga, qancha valyuta topshiradi? KGBdagi jangovar tuzilmalar qaysi pullarga va nima maqsadda tashkil qilinyapti? Eng muhimi shundaki, KGB o‘z asosiy raqibining mutlaqo jilovini bo‘shatib qo‘ydi. Partiya bu qadar katta jazo apparatini o‘z hisobida bekorga saqlab turgani yo‘q-ku! Gap mamlakatning aholisi haqida bormoqda. U, axir, borgan sari haddidan oshib ketyapti. Mamlakat aksilsho‘roviy adabiyotga to‘lib ketgan, hamma kanallarda mafkuraviy jihatdan zararli allaqanday musiqalar eshittiriladi, allaqanday kitoblar chop etilyapti. Yoshlar na biror joyda ishlashni, na armiyada xizmat qilishni istaydi. Hammayoqda G’arbga sajda qilinadi, G’arbning turmush tarzi maqtaladi. KGB raykomma-raykom o‘lja qidirib izg‘imasdan, ana shularga qarshi kurashmog‘i kerak.

Andropov e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi. Axir, Qo‘shma Shtatlar bilan partiyaning o‘zi o‘yin boshladi-ku? Katta qarzlar evaziga yahudiylarning mamlakatdan jo‘nab ketishiga yo‘lni ochib qo‘ydi-ku! Buning ustiga har bir chiqib ketayotgan yahudiydan katta pul olinyapti. Bo‘lajak raqiblar bilan har qanaqa mushuk-sichqon o‘ynashga Andropov doimo qarshi bo‘lgan edi-ku! Axir, Andropov emasmi mamlakatdan har qanday odamning chiqib ketishiga qarshi turgan? Bu masalada u, hatto, maxsus memorandum ham yozgan edi. Axir, tuhmatchi va xoin Soljenitsinni badarg‘a qilishni kim uyushtirdi? Andropov emasmi? Saxarov va unga o‘xshaganlarni muttasil obro‘sizlantirib, asta-sekin badarg‘a qilayotgan yoki qamoqqa tiqayotgan Andropov-ku!

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:20:46

Agar armiyani hisobga olmaganda, hozirgi paytda butun davlat miqyosida u hamda uning muassasasi ishlayapti, holbuki, qolgan ko‘pgina o‘rtoqlar sekingina o‘zlarini chetga olib bo‘lganlar. Hashamatli ish kabinetlarida yoxud orombaxsh dala hovlilarida ularning nima bilan shug‘ullanayotganini aytish amri mahol. Agar partiya o‘z safidagi aynigan va poraxo‘r odamlarga qarshi kurash olib bormasa, uning o‘zi ham halok bo‘ladi, mamlakatni ham halok qiladi.

Hammalari bir oz xotirjam tortishdi va gap-so‘z murosa-yu madora ohangida davom etdi. Yo‘q, o‘rtoq Andropovning partiya ishiga va uning ideallariga sadoqati masalasida hech kimda shubha yo‘q.

Afsuski, hozirgi dunyodagi ahvol partiyani ayni shunday siyosat yurgizishga majbur etmoqda. Mamlakatda tartib o‘rnatish zarurligiga kelsak, bunga hech kimda e’tiroz yo‘q. Ammo o‘rtoq Andropovda, bizning qimmatli Yuriy Vladimirovichimizda, kuch shunaqa ko‘p va qiladigan ishlari shunaqa kam edimi, u o‘zimiznikilarga qarshi, partiya va inqilob faxriylariga qarshi o‘t ocha boshlapti.

Qayd etilgan