Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154896 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 41 B


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:21:53

Bu ibora aslida Xrushchyovning XX s’ezddagi nutqidan so‘zma-so‘z olingan. Unda teran tag ma’no yashirin. Xrushchyov tomonidan boshlangan va nomenklatura ma’qullagan Stalinni fosh qilish tuzumning mamlakatga qarshi jinoyatlarini va o‘z xalqiga qarshi qilgan tarixdagi beqiyos qirg‘inni ochib tashlashni emas, balki Stalinning nomenklaturaga qarshi olib borgan uzluksiz urushdagi nobop usullarini rad etishni mo‘ljallagan edi. (Shuning uchun jamoatchilik o‘rtasida A. Soljenitsin yozgan «Ivan Denisovichning bir kuni», «GULAG arxipelagi» asarlarining kutilmaganda paydo bo‘lishi katta aks sado berdi. Bu asarlarda birinchi marta oshkora tarzda har bitta o‘ldirilgan partiya kotibiga million-million qiynab o‘ldirilgan oddiy odamlar to‘g‘ri kelishi aytilgan edi. Stalin nomenklaturadan o‘ch olgan 1937 yilni emas, balki kommunistik tuzum amal qilgan hamma yillarni esda saqlash kerak. Chunki bu tuzumda o‘z xalqini muntazam ravishda ayovsiz qirish hech qachon to‘xtagan emas.

1985 yilgacha «Arxipelag»ni o‘qigani uchun 7 yil qamoq jazosiga hukm qilinardi va 5 yilga badarg‘a etilardi. Bu hammaga ma’lum. Boshqa bir narsa qiziq: kitob birinchi marta G’arbda KGB mablag‘iga nashr qilingan (muallif bundan bexabar) edi.

Kitob bir zumda hamma tillarga tarjima qilindi. Bugun dunyoda jamoatchilikning fikri junbushga keldi, «SSSR» degan nom yo‘q bo‘lib, o‘rniga «GULAG arxipelagi» degan atama qo‘llana boshladi. Bir sovet jurnalisti Argentinada yo‘l ustida bir yuk mashinasini to‘xtatib, qo‘shni shaharga olib borib qo‘yishni iltimos qiladi. Haydovchi o‘rta yashar hindi ekan. U yo‘lovchining xorijdan kelganini payqab, qaerdan ekanini so‘raydi. «Rossiyadan» - deb javob beradi jurnalist. «A-a, - deydi haydovchi. - Bilaman. «GULAG arxipelagi»ni o‘qiganman. Ba’zilar KGB bu kitobni atayin chiqargan deyishadi — har holda, odamlarni qamab turishga bahonai sabab bo‘ladi-ku!

Ammo xufiya urushning yo‘llari qorong‘i. Ayniqsa, KGBning xo‘jayini oliy hokimiyatga intilsa...)

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:24:05

«Stalin o‘zinikilarga qarata — inqilob faxriylariga qarata o‘t ochgan edi, - deb hayqiradi Xrushchyov mikrofonga. - Biz uni ana shu o‘zboshimchaligi uchun qoralaymiz... Insoniyat tarixida juda ko‘p shafqatsiz zolimlar o‘tgan, ammo ularning hammasi ham hokimiyatini bolta yordamida ushlab turgani uchun o‘zlari ham boltadan nobud bo‘lishgan». Ba’zi gaplar Xrushchyovning og‘zidan beixtiyor chiqib ketgan. Jazavaga tushgan Xrushchyov Stalinning o‘z shogirdlari tomonidan o‘ldirilganini («boltada nobud bo‘lishgan») e’tirof etib, bo‘lg‘usi partnomenklaturaning hammasini asosiy xatardan ogohlantiradi:
O’zingnikilarga o‘q uzma! Aks holda, boltada nobud bo‘lasan!

Andropov sukut saqlardi.

Brejnev yakun yasadi. Qarib, aynib borayotgan KPSS dohiysi bunaqa g‘alvalarni yoqtirmasdi. Bu g‘alvalar unga butun mamlakat va Ovruponing turli davlatlari bo‘ylab sochilib yotgan hashamatli qasrlarda, shikorxonalarda hayot gashtini surishiga xalaqit berardi. «Ko‘rib turibman, o‘rtoqlar bir-birini tushunishdi. Bu - qanday yaxshi!» Shunday deb, ko‘zida qiltillagan yoshi bilan Andropovni quchib, ikki betidan o‘pib qo‘yadi.

Ammo o‘sha kuniyoq general Svigun Andropovga birinchi muovin qilib tayinlanadi. Svigun Brejnevga boja edi, u Bosh kotib xotinining tug‘ishgan singlisiga uylangandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:25:00

Shama hammaga tushunarli bo‘ldi.

Kurash keskinlashdi. Andropov hayajonga tushgan nomenklatura a’yonlari aytganlariga qaraganda ko‘p narsani bilardi, albatta, lekin u ham hamma gapdan xabardor emasdi.

Mana hujjat. Unda Amerikaning muhri bor: «Tor guruh uchun». Yonida sovet muhri: «Maxfiy». «Markaziy Razvedka Boshqarmasining SSSRdagi iqtisodiy va ichki siyosiy ahvol haqidagi dokladi. Qo‘shma Shtatlar Prezidenti, Hukumati va Kongressiga 1978 yil uchun tahliliy hisobot». Asl nusxa negadir rus tilida yozilgan. Nima uchun? Ikki yuz sahifali hisobot sovet razvedkasi qo‘liga tushishi (go‘yo xufiyalarning sa’y-harakati bilan) va Moskvaga yetkazilishi bilanoq KGBdagilar tarjimaga vaqt sarflab o‘tirmay, matnni bemalol o‘qib chiqishlari uchun shunday qilingan. Amerikaliklarning sadag‘asi ketsang arziydi — sovet maxfiy politsiyasining bahaybat idorasini bitta tashvishdan qutqaribdi: «Ie, nega ular o‘z hisobotlarini rus tilida bosa boshlabdi?» — deb so‘raydi taajjub ichida GPU bo‘limining boshlig‘i Kryuchkov Andropovdan. Holbuki, buni Andropov Kryuchkovdan so‘rashi kerak edi. Tobeinlari oldida o‘zining zakovatini namoyish qilishni yaxshi ko‘radigan Andropov: «Qari zanji bo‘lsam-da, lekin, rus tilini o‘rganar edim, chunki unda so‘zlagan Lenin», - deya she’r o‘qiydi. Bu g‘alati holat boshlig‘ini zarra ajablantirmaganini ko‘rib, Kryuchkov rosa hayron bo‘ladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:26:22

«... Hozirgi vaqgda KPSS Markaziy Qo‘mitasida va Ittifoqdosh respublikalar kompartiyalarining rahbariyatida nifoq tamoyili mutlaqo ravshan ko‘rinib qoldi. Buning asosiy sababi mamlakatda iqtisodiy ahvol muttasil yomonlashib borayotganidadir. Sanoatning hamma sohalaridagi turg‘unlik, ishlab chiqarishdagi barqaror tanazzul, mehnat unumdorligining uzluksiz pasayishi, muntazam ravishda hosil unmayotgani jahon bozorida sovetlar eksport qiladigan an’anaviy tovarlar — neft, gaz va ishlov berilmagan yog‘ochlar narxining tushib ketishi tufayli yanada yomon oqibatlarga olib keldi. Hajmiga ko‘ra haddan tashqari katta, mutlaqo rejalashtirilmagan harbiy sanoat yil sayin kengayib, boshqa hamma sohalarni halok qilmoqda. Bu esa mamlakatning keng iste’mol mollari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarining importiga qaramligini kuchaytirmoqda.

Shu holda SSSRning qartayib qolgan rahbariyati nafaqat bu yo‘lning halokatli ekanini ko‘rmayapti, balki, aksincha, mamlakatni yangi-yangi olamshumul xarajatlar sirtmog‘iga qattiqroq ilintirmoqda. Mamlakat bu xarajatlarga na nazariy, na amaliy jihatdan dosh berolmadi...

Butun dunyodagi kompartiyalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam ko‘rsatib, ular baribir bir kuni «sotsialistik yo‘l»ni tanlab oladi deb umid qilish, Sharqiy Ovrupodagi qaram mamlakatlarni iqtisodiy halokatdan asrab qolishga intilish, sivilizatsiyali dunyo bilan doimiy nizolashish ko‘p yillardan beri davom etmoqda. Bu esa faqat boshi berk ko‘chaga olib kirishi o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lib qoldi. Ammo Kreml mahkumlarga xos o‘jarlik bilan shu yo‘ldan borishda davom etmoqda...

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:27:04

Sharqiy Ovrupodagi qaram mamlakatlarni bizning siyosatchilarimiz ko‘pdan beri «sekin portlaydigan mina» deb atashadi. Ular chindan ham shunday bo‘lib chiqdi — hozir muqarrar portlash xavotirida Moskva nima qilishini bilmay qolgan. Kommunistik iqtisodiyot sharoitida doimiy ravishda tovarlar yetishmaydi, bu iqtisodiyotda farmonbardorlik tamoyillari hukmronlik qiladi, puli esa shunchaki nomiga yurib, nisbiy qimmatga ega. Bu sharoitda birdan-bir ahamiyatga molik narsa faqat buyumlardir — mijoz mamlakatlarni buyumlar bilan ta’minlar ekan, sovet hukumati ularni o‘z mamlakatining nasibasidan oladi va shu bilan iqtisodiyotini eng zarur narsadan mahrum qiladi. Baholarni ko‘tarish sira yordam bermaydi, chunki «xalq demokratiyasi» mamlakatlari buning evaziga beradigan mahsulot G’arbnikiga qaraganda ancha past sifatga ega. Bu SSSRda tovarlar sohasida doimiy bo‘shliqni tug‘dirib turadi...

G’arb bilan savdo munosabatlarini ma’lum darajada ta’minlab turish uchun esa Sovet Ittifoqi o‘zini oqlamaydigan shaxtalar va konlarni ishlatishga majbur. Bu esa davlat tomonidan juda katta mablag‘ talab qiladi. Davlat mamlakatning qadam yetishi qiyin bo‘lgan olis hududlaridagi juda past sifatli neftni qazishga majbur etadi. Bu neftning tannarxi esa juda qimmat. Bularning bari o‘z bo‘ynini sirtmoqqa solish bilan baravar. Bu sirtmoqdan esa qutulishning iloji yo‘q...

Hindistonga tashrif buyurgan Brejnev Gandi hukumati bilan unga 820 million dollar miqdorida qarz berish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Bundan tashqari, u Hindistonga neft yetkazib berishni bir million tonnaga ko‘paytirishga va’da qildi (hozir 1,9 million tonna neft yetkazib beriladi). Shuningdek, qurol-aslaha yetkazib berish haqida maxfiy bitim ham imzolandi. Jumladan, hammasi bo‘lib 1,6 million dollar turadigan 25 ta MIG-25 samolyoti yetkazib beriladigan bo‘ldi. Har doimdagidek, qurol-aslaha yetkazib berish borasidagi imtiyozli qarz bitimi shunday tuzilganki, Hindiston uni qachonlardir uzadimi-yo‘qmi — ma’lum emas... Xom ashyo va tayyor mahsulot yetkazib berishda qaram mamlakatlar SSSRga qanchaga tushayotgani to‘g‘risida taxminan fikr yuritish mumkin. Lekin SSSR mazkur mamlakatlarga har yili valyuta ham sarflaydi. Bu esa uning G’arbdan qarzini yanada ko‘paytiradi. Muttasil o‘sib borayotgan bu qarz hozir 17 milliard 30 million dollarni tashkil qiladi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:35:26

Bundan tashqari Kreml Sharqiy Ovrupo mamlakatlari qarzini to‘lash kafolatini ham zimmasiga olgani tufayli uning yelkasiga yana 60 milliard dollarlik yuk tushdi.

Qaram mamlakatlarga SSSR tomonidan har yili qancha dollar yordam berib turilgani haqida aniq ma’lumotlar bor. Buni quyidagi jadvalda ko‘rish mumkin:


Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:37:14

Shu tarzda Sovet Ittifoqi so‘nggi 10 yil ichida 85,8 milliard dollar sarfladi. Bu katta mablag‘ quyidagi tarzda taqsimlanadi:

Kuba — 15,4906 milliard dollar, Vetnam — 9,1312 milliard dollar, Suriya — 7,4260 milliard dollar, Iroq — 3,7656 milliard dollar, Efiopiya — 2,8605 milliard dollar, Shimoliy Koreya — 2,2341 milliard dollar, Mo‘g‘uliston — 9,5427 milliard dollar, Hindiston — 8,9075 milliard dollar, Polsha — 4 milliard 955 million dollar, Afg‘oniston — 3,0550 milliard dollar, Jazoir — 2,5193 milliard dollar, Angola — 2,0289 milliard dollar.

Yil sayin ko‘payib borayotgan bunday yillik xarajatlar Sovet Ittifoqiga sariq chaqalik ham foyda keltirmaydi. Ularni davlatlararo amal qiladigan mavjud iboralarda ifodalash mumkin emas. Bu borada Kreml erishadigan siyosiy foydalar ham juda arzimasdir, ularning istiqbolidan ham hech qanday umid yo‘q. Mana, masalan, Angolani oladigan bo‘lsak, MPLAga sovet qurol-aslahasi ko‘plab yetkazib berilayotganiga qaramay, marksistik guruhlarning nazorati ostida bo‘lgan hududlarda bizning neft kompaniyalarimiz neft, Janubiy Amerika kompaniyalari esa olmos ishlab chiqarishda davom etmoqda. Bu kompaniyalarga berilgan imtiyozlar sovetlar kirib kelguncha bo‘lgan davrdagidan ham qulayroqdir. 

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:37:50

Kreml sarflayotgan beqiyos xarajatlar, asosan, mijoz mamlakatlarga yetkazib berilayotgan juda katta miqdordagi qurol-aslaha va xom ashyodan (asosan, neft va neft mahsulotlari) tashkil topadi. Bularni yetkazib berishdan ko‘zlangan yagona maqsad mahalliy kommunistik yoxud kommunistlarga xayrixoh hukmdorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Ammo bu oqimda oltin jamg‘armalar ham naqd pullarning Moskva nazorati ostida bo‘lgan banklar tizimi orqali, shuningdek, xalqaro banklar tarmoqlari orqali ko‘chib yurganini ham sezish mumkin. Bu ishda, aytaylik, Kubaga o‘tkazilgan pullar unga yetib bormay, Ispaniya yoxud Fransiya banklarida soxta odamlar yoxud soxta firmalarning qalbaki hisoblarida qolib ketadi. Bular bir tomondan, Kastro oilasining shaxsiy jamg‘armasini tashkil qiladi. Ikkinchi tomondan esa, ular go‘yo to‘laligicha mahalliy kompartiyalarga tegishli sarmoya emish. Biroq bu uncha to‘g‘ri emas, negaki, zarur bo‘lganda Moskva bu pullarni osongina oladi-da, o‘z ixtiyoricha sarflayveradi. Masalan, yaqinda g‘ayrirasmiy sovet delegatsiyasi Monte-Karlo va Keniyada bo‘ldi. Bu yerda delegatsiya har xil buyumlar va xizmatlar uchun (qimor va safariga) 240 ming va 285 ming dollar xarajat qildi. Shu xarajatlarni qoplash uchun pul Ispaniya kompartiyasi hisobidan olindi.

Bu hali holva. Kreml pullari shunaqa atoqli firmalar va kompaniyalarning sarmoyalariga qo‘shiladiki, ularning jahon kommunistik harakatiga mutlaqo aloqasi yo‘q. Qolaversa, rasman olganda Moskva ularni G’arbning harbiy-sanoat kompleksiga kiruvchi firmalar va kompaniyalar sifatida qoralaydi. G’alati bir vaziyat maydonga keladi — Moskva pullarini o‘z bemor iqtisodiyotiga sarflash o‘rniga bizning mudofaa tizimimizga xarjlamoqda.

Hozirgi vaqtda Moskvaning pullari olmoslarni qayta ishlash biznesida (Janubiy Afrika Respublikasi, Isroil va Gollandiya firmalari), qimor biznesida (Monte-Karlo, Las-Vegas, Gongkong), boshqa odamlar nomiga rasmiylashtirish yo‘li bilan dunyoning turli burchaklarida bir qancha qimorxona va islovatxonalarni xarid qilishda, narkobiznesda (Kuba orqali Lotin Amerikasining narkokartellari bilan va Afg‘oniston hamda o‘z musulmon respublikalari orqali Markaziy va Janubi-sharqiy Osiyo narkosindikatlari bilan aloqa qilinadi) mavjud ekani aniqligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:38:21

Sovet rahbariyatining (Brejnev va Gromikoning safarlari) AQSh va G’arbiy Ovrupo mamlakatlari rahbariyati bilan bo‘lgan so‘nggi muloqotlari davomida Moskva mazkur aloqalardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad jamiki xom ashyo ishlab chiqaruvchi sanoatni va qishloq xo‘jaligini zamonaviylashtirish uchun G’arbdan qarz olish ekanini bir necha marta ta’kidladi. Ammo G’arb mamlakatlari berilajak qarz hisobidan zarur asbob-uskunalarni yetkazib berishni taklif qilganda, sovet tomoni bu taklifni rad etdi va naqd pulda qarz olish istagini bildirdi. Bahona qilib aytildiki, go‘yo sovet tomoni hali asbob-uskunani qaysi mamlakat yetkazib berishini aniqlagani yo‘q va bu borada firmalar o‘rtasida tanlov tashkil qilmoqchi. Olingan qarzlar deyarli to‘laligicha G’arb banklaridagi hisoblarda qolib ketdi va amalda oliy rutbali partiya mansabdorlarining shaxsiy hisoblariga qaytadan taqsim qilindi... Shunday taassurot tug‘iladiki, KPSS rahbariyatining muayyan qismi mamlakat boshiga kelayotgan halokatni va uning muqarrarligini biz tashqaridan ko‘rayotganga qaraganda ichdan turib yaxshiroq ko‘rayapti va avvaldan G’arbga qarab juftakni rostlash harakatiga tushib qolgan. Shuning uchun zarur moddiy zaminni barpo etmoqda. Ayni ana shu kelgusidagi oqibat uchun zarur moddiy zaminni yaratish, aftidan, SSSRning barcha tashqi va ichki siyosatini belgilaydi. Aks holda, uni boshqa hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi.

Shunday siyosat natijasida SSSRning oltin zaxirasi so‘nggi 10 yil mobaynida taxminan uch baravar kamayib ketdi va tez sur’atlar bilan kamayishda davom etmoqda. Muntazam ravishda kuchayib borayotgan sanoat tanazzuli nazorat ostidan chiqadigan darajaga yetib qoldi. Agar shunday bo‘lsa, bu to‘la iqtisodiy boshboshdoqlikka olib keladi. Bu esa, o‘z navbatida harbiy kuch qo‘llamasdan SSSRni ulug‘ davlat sifatida yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l ochadi.

Yaqin vaqtlar ichida SSSRni sog‘ib yeb yotgan davlatlar miqdorini ko‘paytirishga urinib ko‘rish maqsadga muvofiq ko‘rinadi — bu uning sarf-xarajatlarini yana ham orttirar edi. (Agar uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror mintaqaviy mojaroga aralashtirilsa, yanada soz bo‘lardi.) Shuningdek, puxta o‘ylangan qarz siyosati bilan ham Kreml rahbariyati o‘rtasidagi ixtilofni chuqurlashtirish mumkin».

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 11:38:50

Shundan keyin SSSRni qaerdagi mintaqaviy mojaroga jalb qilish ma’qulroq ekani keng tadqiq qilinadi. Kuba, Yaqin Sharq, Angola va hatto, Xitoy bilan urush chiqarish imkoniyati ham ko‘rib chiqilgan. Buni tasdiqlaydigan va rad etadigan behisob dalillar keltirilgan; ular mualliflarning masalani juda chuqur o‘rganganlaridan dalolat beradi.

Markaziy Razvedka Boshqarmasi hisoboti Andropov qo‘liga rus tilida yetib kelgani bejiz emas. Unda KGB xo‘jayini bilmagan biror gap yo‘q edi. Unda KGBning mutlaqo maxfiy ma’lumotnomalaridagiga qaraganda ko‘p masalalar ortiqcha dabdabasiz, ixcham va lo‘nda bayon qilingandi. KGB ma’lumotnomalarida ko‘p narsalarni o‘z nomi bilan atashga hayiqishgan, lekin ancha-muncha aniq familiyalar tilga olingan. Faqat keskin islohotlargina SSSRni saqlab qolishi mumkin edi, ammo o‘sha paytdagi SSSR sharoitida islohotlarni boshlashning ham iloji yo‘q edi. Andropov shunga amin ediki, faqat mavjud nomenklaturani tor-mor keltirish va yo‘q qilish bilangina mamlakatda tartib o‘rnatishga kirishish mumkin, keyin esa tub o‘zgarishlarni boshlasa bo‘ladi. Ammo ana shu go‘zal niyatlarni ro‘yobga chiqaradigan odamlarni qaerdan topish mumkin? «Hamma narsani hal qilishga qodir» bo‘lgan va shu tarzda mamlakatni saqlab qola oladigan kadrlarni qaerdan olsa bo‘ladi?

Nomenklaturani chekistlar bilan almashtirish haqidagi Andropovning dadil fikri hamon butunlay yo‘qqa chiqmagan bo‘lsa-da, allaqachon jozibasini yo‘qotib ulgurgan edi. Ozarboyjondagi tajriba shuni ko‘rsatdiki, chekistlar yog‘liq joylarni egallab olsa, ularga xos jasorat va qat’iyat sababli, o‘zlaridan avvalgi amaldorlardan ham ko‘proq surbetlik bilan ish yuritar ekanlar. Alievning o‘zi respublika kompartiyasining Birinchi kotibi bo‘lib olgandan so‘ng paydo bo‘lgan imkoniyatlar mazasini tez tushundi. Ozarboyjonni Horun ar-Rashid zamonidagi Bag‘dod xalifaligini eslatadigan bir go‘shaga aylantirdi. Alievni Bokuda to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Horun ar-Rashid» deb atay boshladilar va Oxundov davrlarini taassuf bilan qo‘msay boshladilar. Andropovning qo‘lidagi ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi paytda Brejnevning Bokuga tashrifiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilyapti. Bosh kotibning sof oltindan o‘n besh kilogrammlik haykalchasini quyib, taxt qilib qo‘yishdi, uning o‘zi va oila a’zolari uchun olmos va boshqa asl buyumlar tayyor turibdi. Axir Brejnevning o‘zi ham, oila a’zolari ham bunaqa narsalarga o‘chligi hammaga ma’lum-ku! Ammo amaliy ishlar uchun fursat shitob bilan o‘tib bormoqda edi.

Qayd etilgan