Fransiya Kompartiyasiga har yili SSSRdan bevosita Yevrobank orqali 2 million dollar jo‘natiladi. Ular har xil «ishonchli odamlar», soxta korxonalar va tashkilotlarning hisoblari orqali esa yana 4 million dollar oladi. Bir vaqtlar Torez zamonasida bo‘lganidek, bu pullar ko‘pdan beri na kommunistik harakatga, na ishchilar faoliyatiga sarflanadi. Fransiya Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi Marshe (aslida, e’tiqodiga ko‘ra natsist), partiyaning bosh xazinachisi Gosna, «Yumanite» gazetasining bosh muharriri Andrie va «fransuz proletariatining boshqa dohiylari» kompartiyani allaqachon birja bilan o‘g‘rixona o‘rtasidagi bir narsaga aylantirib olganlar. Sho‘roviy hamkasblaridan orqada qolmaslik uchun ular ham katta imoratlar va qasrlar xarid qilishib, hashamatu farog‘at ichida hayot kechiradilar. Ular, hatto, o‘zlarining gazetasi «Yumanite»ni tarqatishga ham erinishadi. Tirajning to‘rtdan uch qismini yakshanbalik ilovalari bilan birga Moskvaga jo‘natishadi. Ular bir necha vaqt Moskva do‘konlarida yotadi-da, keyin makulaturaga topshiriladi. Lekin bu ham holva. Moskvadan dollarlar olar ekan, fransuz kompartiyasi rahbarlari bu pullarga eng nufuzli fransuz va boshqa yirik kompaniyalarning aktsiyalarini xarid qiladilar. Undan katta daromad ko‘rishib, bir qismini o‘zaro taqsimlashadi, qolganini esa SSSRdagi valine’matlari hisobiga o‘tkazishadi.
Shunday yo‘l bilan orttirilgan pullarga esa, yana aktsiyalar sotib olishadi va shu zaylda G’arb iqtisodiyotini mustahkamlashga xizmat qilishadi. Pullarning bir qismini fransuzlar oshkora tarzda qimor va fahsh ishlar biznesiga sarflashadi, bundan juda katta daromad ko‘rishadi va uni yana o‘zaro hamda sho‘roviy valine’matlari bilan arra qilishadi.
Amerika Kompartiyasi esa o‘zining ikkita gazetasini nashr etishni istamadi. Ularning materiallarini Moskvada yozib, o‘zini KPSS bosmaxonasida chiqarishadi. Gazeta bosilgandan keyin uni, asosan, SSSRning o‘zida tarqatishadi. Bu gazetalarni oliy o‘quv yurtlaridagi ajnabiy tillar kafedralari va talabalar xarid qiladi. Talabalar chet tilidan imtihonni shu gazeta bo‘yicha topshiradilar. AQSh Kompartiyasi allaqachon tekinxo‘rlikni kasb qilib olgan bir guruh odamlar to‘dasiga aylanib qolgan. Ular mutlaqo qo‘lini sovuq suvga urmagan holda, har yili Moskvadan ikki million dollarni qurtday sanab olardilar. Buning evaziga sira uyalib-netib o‘tirmay, AQShning ijtimoiy hayotida qozongan muvaffaqiyatlari haqida Moskvaga xabar berib turadilar. Prezidentlikka saylovlar chog‘ida esa har gal Gess Xoll g‘alaba qozonadi deb va’da qilishadi va saylov kompaniyasini o‘tkazish uchun yana bir-ikki million dollar talab qilishadi. Aftidan, Gess Xoll Moskvadagi «AQSh va Kanada instituti» xodimlaridan allaqaysilariga pora qistirish havosini yaxshi olgan ko‘rinadi. Negaki, har gal prezidentlikka saylovlar bo‘lganida, bu institut Amerika kommunistlari nomzodining prezidentlikka o‘tish-o‘tmaslik imkoniyatlari to‘g‘risida taxminan quyidagicha tavsiya beradi: «Hukmron doiralarning qattiqqo‘l siyosatiga qaramay, AQSh Kompartiyasining obro‘-e’tibori muntazam ravishda o‘sib bormoqda. Kompartiya o‘z atrofiga million-million ishchilardan iborat AQSh ishchilar sinfining ilgor otryadini jipslashtirmoqda. Shuning uchun saylovlarda proletariatning qudratli ovozi yangramoqda».