Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154721 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 33 ... 41 B


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:06:46

1979 yilning 2 dekabrida Kobulga Andropovning shaxsiy vakili, KGB general-leytenanti Paputin uchib keldi. Uning vazifasi Aminni ko‘ndirish edi. Agar bunga muvaffaq bo‘linmasa, Paputin Aminni o‘g‘irlashni uyushtirib, Moskvaga olib ketishi lozim edi. Moskvada Amin bilan gaplashish osonroq ko‘chardi. Amin oyoq tirab turib oldi. U sovet qo‘shinlarining kirishiga yo‘l qo‘ymaydi. 22 dekabr kuni salla o‘ragan, chopon kiygan bir guruh allaqanday kallakesarlar sovet muassasalari va vakolatxonalarining xodimlari istiqomat qiladigan imoratga hujum qilishdi, ular yigirmatacha SSSR fuqarosini o‘ldirib, kallalarini kesib, nayzaga ilib Kobul ko‘chalaridan olib o‘tdilar. Politsiya ularga qarata o‘t ochdi. Qotillar kallalarni yerga uloqtirib tum-taraqay bo‘lishdi. Politsiyachilar bezorilarning ko‘pchiligi sallalarini noto‘g‘ri o‘rashganini sezib qolishdi. 23 dekabrda Aminga nota topshirildi. Unda aytilishicha, «22 dekabrdagi qonli mojaro shundan dalolat beradiki, afg‘on tomoni sovet fuqarolarini himoya qilish vazifasini bajara olmayotir, shuning uchun Sovet hukumati bu ishni o‘z qo‘liga olishga majbur».

Amin javobni o‘ylab bo‘lguncha, askar kiritish boshlandi. Bu ish xuddi Chexoslovakiyadagiga o‘xshagan tarzda amalga oshirildi. 24 dekabrda Kobulning shimol tomonida, 50 chaqirim uzoqlikda joylashgan Bagram aerodromiga 105-gvardiyachi havo-desant diviziyasi qismlari tushirildi. Bir vaqtning o‘zida sho‘ro «maslahatchilari» afg‘on qismlarini harakat qilish imkonidan mahrum qildilar — ular tank qismlarida dam olish kunlari uyushtirdilar, aloqani butunlay uzib qo‘ydilar, afg‘on armiyasining hamma oliy rahbariyatini ziyofatda ushlab turdilar. Desantchilarning jangovar mashinalari Kobulga bostirib kirib, poytaxtning strategik joylarini nazorat ostiga oldilar. KGBning maxsus bo‘linmasi («Delta») Kobuldan janubroqda bo‘lgan Dorul-omon qasrini o‘rab oldi. Prezident Amin shu yerda edi. «Delta» prezident qasrini qurshab olayotgan paytda, general Paputin Aminni SSSRga harbiy yordam so‘rab rasman murojaat qilishga yoxud iste’foga chiqishga ko‘ndirishga zo‘r berib urinmoqda edi. Uning o‘rnini Andropovning odami, Chexoslovakiyada istiqomat qilayotgan Babrak Karmal egallashi kerak edi.

Qasri qurshab olinganini ko‘rgan Amin Paputinni otib tashlagan va soqchilarini bir joyga to‘plab, qasrga bostirib kirgan parashyutchilar bilan jangga kirishgan. (Boshqa taxminlarga qaraganda, Aminni qo‘lga olish haqidagi buyruqni bajara olmagani va buning uchun qanday jazo olishi mumkinligini bilgani uchun Paputin o‘zini-o‘zi otib o‘ldirgan.) Aminning jasadi qasr yo‘laklarining biridan topilgan. Reja buzilgan. Amin halok bo‘lsa bo‘lganki, Andropovning ig‘vosiga uchmagan. Masala katta janjalga aylangan edi. Bu janjalni keyin ham sira silliqlab bo‘lmadi. Sovet qo‘shinlari mustaqil davlat hududiga bostirib kirdilar, uning prezidentini o‘ldirdilar va mamlakatni istilo qildilar. Jahon angrayib qoldi. Karmalning kechikkan xitoblari endi hech kimni aldayolmasdi. Ammo chekinishning iloji yo‘q edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:10:25

Kushka va chegaradagi boshqa shaharlar orqali Afg‘onistonga 357- va 66-motorlashtirilgan o‘qchi diviziyalar kirdi. Ular mamlakatning g‘arbidagi Hirot va Farax shaharlarini egalladilar. Ayni choqda 360- va 201-diviziyalar Termiz tomonidan bostirib borib, Salang yo‘lagini ishg‘ol qildilar. Sovet Ittifoqi o‘n yil davomida Afg‘onistonda katta yo‘l qurib, unga «Do‘stlik» deb nom bergan edilar. Yo‘l bitgandan keyin bir oy ham o‘tmay, unda sovet tanklari paydo bo‘ldi.

Ammo amaldagi ishlar Chexoslovakiya voqealaridan keskin farq qila boshladi. Xalq qo‘zg‘oloni shu paytgacha ko‘rilmagan ko‘lamga kirdi. Hatto ayollar va bolalar ham qo‘liga qurol oldi. Shoshilinch ravishda Afg‘onistonga yana to‘rt diviziyani olib kirishdi. Mamlakatni istilo qilib turgan qo‘shinning soni 150 ming kishiga yetdi. Sovet Ittifoqi uzoq muddatli va oqibatlariga ko‘ra juda og‘ir harbiy mojaroga qo‘shilib qoldi. Oqibat shu bo‘ldiki, bu hodisa uning o‘zini halokatga olib kelgan asosiy sabablardan biriga aylandi.

Vashingtondagilarning sevinchi ichiga sig‘may qolgandi. Tuzoq ish berdi. Amerika va Ovrupo haftaliklari rangdor muqovalarda chiqdi. Muqovada tishlari qonga belangan, ko‘zlari chaqchaygan, toptalgan murdalar ustidan qadam tashlab borayotgan, lekin ikkala panjasi bilan qopqonga ilingan vahshiy bir ayiqning tasviri berilgandi. Qopqonda «Afg‘oniston» degan yozuv bor edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:14:55

Lekin hali bular ham holva edi. Afg‘onistondagi mojaroda muvaffaqiyat qozonish uchun har ehtimolga qarshi Eron xavfining ham oldini olib qo‘yishga qaror qilindi. Bu sharoitda Erondan har nimani kutsa bo‘lardi. Eron AQShday ittifoqchisidan ayrildi, asriy tizimlarni kunpaya-kun qilgan inqilob uni ancha zaiflashtirdi. Shuning uchun Eron Afg‘onistondan keyingi navbatdagi qurbon sifatida ko‘z ostiga olib qo‘yilgandi. Hozircha esa islom inqilobi sardorlarining e’tiborini Afg‘onistondan chalg‘itib turish kerak edi. Zudlik bilan Moskvaga Iroq prezidenti, «sotsialistik yo‘nalishdagi taraqqiyparvar rahbar» — Saddam Husayn chaqirildi. Unga chegara masalasida Eron bilan bo‘lgan hamma eski tortishuvlarini juda oddiy bir yo‘sinda hal qilish mumkinligini — hamma bahsli hududlarni askar kiritib bosib oladigan fursat yetib kelganini ochiq aytishdi.

Urush olib borish uchun zarur bo‘lgan qurol-aslaha, yonilg‘i va boshqa narsalarni Sovet Ittifoqi beradi. Ha, bularni Bag‘dod qancha talab qilsa, shuncha beradi. Ayamaydi. Husayn rozi bo‘ldi, ammo urushning har yili uchun Shveytsariya bankidagi shaxsiy hisobiga 500 million dollardan o‘tkazib turishni talab qildi. Inflyatsiyani hisobga olgan holda, albatta. Qimmatmi? Eron Afg‘onistonga yurish qilsa-yu, O’rta Osiyoni g‘azovotga ko‘tarsa, bu yanada qimmatga tushadi.

Shunday qilib, Iroq qo‘shinlari Eron hududiga bostirib kirdi. Sakkiz yillik mudhish va qonli urush boshlandi. Urushda berilgan qurbonlar soniga va qo‘llangan usullariga ko‘ra bu urush Birinchi jahon urushini eslatardi. Lol qolgan jahonning ko‘z oldida Isroilning ikkita ashaddiy dushmani bir-birini tilka-pora qila boshladi. «Qadim zamonlardan beri Parvardigor bunaqa tuhfani bizga in’om etmagan edi, - dedi Isroilning bosh vaziri Begin. — Biz, albatta, bu urush hech qachon tamom bo‘lmasligi chorasini ko‘ramiz». Shunday deb, u Isroil harbiy havo kuchlariga har ehtimolga qarshi Bag‘dod yaqinidagi yadro raketalarini bombardimon qilishga buyruq berdi. Bu buyruq bajarildi. Sionizmni og‘ziga kelgan so‘zlar bilan so‘kkan Husayn o‘z samolyotlarini Tehronni bombardimon qilishga yubordi. Eronning og‘ir to‘plari Basrani o‘qqa tutdi. Basra — Fors qo‘ltig‘idagi chinakam javohir edi, o‘z vaqtida Sindbod Bahriy safarga shu yerdan jo‘nab ketgandi. Ana shu zambaraklar sadosi ostida Isroil Livanga bostirib kirdi va Falastinni ozod qilish tashkilotining jamiki harbiy tizimini tor-mor keltirdi. Bir yo‘la juda katta miqdorda sovet qurollari saqlanadigan omborlar ham yo‘q qilingan edi. Bu omborlarni barpo etishga Sovet Ittifoqi so‘nggi o‘n yil mobaynida bir yarim milliard dollar sarflagandi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:15:36

Afg‘onistondan esa SSSRga yaradorlar va mayib bo‘lganlar tushgan eshelonlarni ortda qoldirib, qoraxatlar va qo‘rg‘oshin tobutlar kela boshladi. Armiya yana nechanchi marta bo‘lsaykin — jangovar harakatlar olib borishga tayyor emasligini namoyish etdi. Moskvadagi sarkardalar yadro quroliga mahliyoligicha qolgan edi. Ularga ishonib, armiya ham butun mamlakat kabi jahon standartlaridan juda orqada qolib ketgandi. Aloqa yomon, kiyim-kechak va aslaha masalasi ham chatoq edi. Dala sharoitida qon quyish uchun qo‘llanadigan asboblar yoxud sovutgich moslamalar to‘g‘risida hech kim eshitmagandi. Baland tog‘lar sharoitida harakat qila oladigan durustroq jangovar vertolyot ham yo‘q edi. Oziq-ovqatlarning sifati past edi. Qismlarda sariq epidemiyasi boshlandi. Italyan, amerika va isroil minalariga hech kimning tishi o‘tmasdi. Partizanlar ularni har qadamda minglab qo‘yib tashlagandi. Oyoqlaridan judo bo‘lgan yosh-yosh yigitlar sovet gospitallarini to‘ldirib yubordi. Ma’lum bo‘ldiki, davlat ularni mayiblar aravachalari bilan ta’minlash u yoqda tursin, hatto, oddiy protezlar ham topib berolmas ekan.

«Kommunizm jon taslim qilmoqda, — deb xulosa chiqargan edi voqealarni sharhlagan «Nyu-York tayms» gazetasi. — Kremlning hozirgi rahbarlari o‘z imperiyalarini halokatga duchor qilish uchun qo‘llaridan kelgan hamma ishni qilmoqdalar. Bundan ular qanday maqsadni ko‘zlaydi?»

KGB xo‘jayini o‘z xatti-harakatlari bilan qanday maqsadlarni ko‘zlagani amerikaliklar uchun qorong‘i bo‘lsa, Andropovning o‘ziga ular juda ayon edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:16:08

Bagram aerodromida harbiy-transport samolyotlarining bahaybat yukxonalaridan jangovar desant mashinalari tushib ulgurmay, butun bir brigada KGB xodimlari akademik Saxarovning uyiga bostirib kirishdi va hech qanaqa order yoxud qaror ko‘rsatmasdan rus vodorod bombasi otasini qo‘lga olishdi, mashinaga bosib, xorijliklar kirishi man etilgan Gorkiy shahriga olib borib tashlashdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga bostirib kirishi haqida Saxarov gapirib qo‘ymasligi uchun shunday qilishgan ekan. O’sha kuni oqshomda rus tilida eshittirish olib boradigan G’arb radiostantsiyalarining ovozini o‘chirib, ularni bo‘g‘adigan stantsiyalar chuvvos soldi. Mamlakat bo‘ylab yana qama-qamalar, sirli suiqasdlar, qotilliklar ro‘y berdi, uylarga o‘t qo‘yildi. Bu galgi qurbonlar ham har xil tan olinmagan shoirlar, rassomlar, yangicha yo‘nalishdagi bastakorlarga o‘xshash mutlaqo begunoh odamlar edi. Andropov ularni mavjud tuzumning ashaddiy dushmanlari deb hisoblardi. Sudlar va tribunallar terga pishib mehnat qilib «aksilsho‘roviy tadqiqot uchun, aksilsho‘roviy adabiyotni saqlagani va tarqatgani uchun, sovet tuzumini zaiflashgirishga yo‘naltirilgan boshqa faoliyati uchun» bir qolipdagi «etti yil qamoq va besh yil badarg‘a» degan hukmni chiqara boshladi. Bunday hukm chiqarish uchun hamma narsa — yozib, e’lon qilinmay g‘aladonga tashlab qo‘yilgan she’r ham, Amerika jurnali, Soljenitsinning kitobi yoxud Saxarovning surati ham bahona bo‘lishi mumkin edi.

Millatni illatlardan tozalash bo‘yicha katta ish boshlanib ketdi.

Hafsala bilan vujudga keltirilgan ana shu sharoitda Andropov o‘z kuchini his qildi. Bu kuch butun mamlakat bo‘ylab kechalari bilan uxlamay Soljenitsin yoxud Avtorxanov asarlaridan nusxa ko‘chirib chiqargan talabadan tortib Markaziy Qo‘mitada o‘tirib O’zbekistondan pora oluvchi qo‘li uzun nomenklaturagacha birdek sezildi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:16:43

Bir hamla bilan Galina Brejneva tevaragidagi barcha shubhali shaxslar qamoqqa olinadi. Ularning ko‘rsatmalari asosida javohirlar, yoqutlar va zumradlar kontrabandasi bo‘yicha juda katta ish qo‘zg‘aladi. Qamoqqa olinganlarning ko‘rsatmalarida Bosh kotibning qizi hamma jinoyatlarni uyushtirgan odam sifatida, uning eri, general-polkovnik Churbanov esa jinoyatchilar to‘dasining faol a’zosi va yirik poraxo‘r sifatida namoyon bo‘ladi. Izlar Ichki ishlar ministri muovini lavozimini egallab turgan Churbanovdan to‘ppa-to‘g‘ri Ichki ishlar ministri, armiya generali Shchelokovga va partiyaning bosh mafkurachisi Suslovga borib taqaldi. Ularning ortidan esa Bosh kotib siymosi ham ko‘zga tashlanib qoldi.

Operatsiya shu darajada tezkorlik bilan amalga oshirildiki, avvaliga hech kim «miq» etishga ham ulgurmadi. Andropovning muovini, Brejnevning bojasi, armiya generali Svigun hushi joyiga kelgach, tergovni barbod qilish uchun qattiq urina boshlaydi. Muhim guvohlardan ikkitasi g‘oyib bo‘lib qoladi, qamoqqa olinganlardan biri kamerada o‘zini osib qo‘yadi. KGB tergovchisi podpolkovnik Lyaxovni metro vagonining tagiga tashlashadi, portfelini o‘g‘irlab ketishadi. General Svigun Andropovning yoniga shunaqa bema’nigarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘yilgan edi-da! Ammo maynavozchilik tugadi. 1982 yilning 19 yanvar kuni armiya generali Svigunni xizmat xonadonlaridan birida boshidan o‘q yegan holda topishadi. Maxfiy hujjatlarni olib qo‘yish bahonasida Svigunning shaxsiy xonadonida tintuv o‘tkazadilar. Uning uyidan topilgan narsalar ko‘pni ko‘rgan KGB xodimlarini ham hang-mang qilib qo‘yadi. Xufiya joylardan oltita uch litrlik banka chiqadi — ularning hammasi duru javohirlarga to‘la edi. Ikki kishilik eski temir karavotning hamma g‘ovak joylari javohirlarga to‘ldirib tashlangan ekan. Oltin yombilarning o‘zi 35 kilogramm keladi. 100 dollarlik va undan yirikroq miqdordagi qog‘oz pullardan bir yarim million dollar!

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:17:41

«Sovet xalqi og‘ir judolikka uchradi, — deb yozgan edi «Pravda» gazetasi 1982 yil 22 yanvar kuni, — 1982 yil 19 yanvarda uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng KPSS Markaziy Qo‘mitasi a’zosi, Oliy Sovet deputati, Sotsialistik Mehnat Qahramoni, SSSR KGB raisining birinchi muovini, armiya generali Semyon Kuzmich Svigun vafot etdi. O’rtoq S. K. Svigun 40 yildan ortiqroq vatanimiz xavfsizligini ta’minlash sohasida ishladi... Partiya uni 1939 yilda davlat xavfsizligi organlariga ishga yuborgan edi. O’shandan buyon uning butun umri chekistning og‘ir mehnati bilan bog‘liq kechdi. S. K. Svigunning xotirasi barcha sovet xalqi qalbida hamisha saqlanib qoladi... Andropov, Gorbachyov, Ustinov, Chernenko, Aliev, Bugaev, Shchelokov va b.»

Ta’ziyanoma ostida Brejnev va Suslovning imzolari yo‘qligi hammaning ko‘ziga tashlandi. Shuningdek, Andropovning imzosidan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri Gorbachyovning imzosi turgani ham ko‘plarni hayron qoldirdi. Ustinov, Chernenko va Alievlardan oldin turibdi.

Svigun — Brejnevning bojasi. Ularning xotinlari — opa-singil. Vera Svigun tintuvdan keyin opasiga qo‘ng‘iroq qilishga urinadi, ammo harakati behuda ketadi. Svigunning halok bo‘lganini bilgan Suslov qo‘rquvdan es-hushini yo‘qotib qo‘yadi va Taman hamda Kantemir diviziyalarini oyoqqa turg‘izib, Moskvaga olib kirishni buyuradi. Bu to‘g‘rida u na Ustinovga, na Ogarkovga xabar beradi. Trevoga bilan oyoqqa turg‘azilgan diviziyalar Bosh shtabdan bu buyruqning tasdig‘ini olmoqchi bo‘lishadi.

Ular hech narsani bilmas ekanlar. Markazqo‘mga qo‘ng‘iroq qilishadi. Bundan ham foyda chiqmaydi. So‘ng Kremlga, o‘rtoq Suslovga qo‘ng‘iroq qilishadi. Suslovning qabulxonasidagilar «o‘rtoq Suslov o‘zining ish kabinetida, aftidan, telefonni uzib qo‘yib ishlayotgan bo‘lsa kerak», deb javob qilishdi. Kabinet ichidan qulflangan edi. Eshikni ochib qarashsa, partiyaning bosh mafkurachisi polda hushsiz cho‘zilib yotibdi. Yetib kelgan vrachlar darrov tashxis qo‘ydilar, qand kasalligining xuruji. Suslov surunkali qand kasalligiga mubtalo edi, vaqt-vaqti bilan Kremldagi mojarolarga bog‘liq ravishda bu kasal zo‘rayib turardi. Yevgeniy Chazov shaxsan Suslovga ukol qildi. Ertasi kuni Suslov hushiga kelmay vafot etdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:22:20

Moskvadagi G’arb muxbirlari sodir bo‘layotgan voqealarni turli yo‘sinda o‘zlaricha sharhlay boshladilar. Ular kun sayin hokimiyat uchun kurash keskinlashib borayotganini ko‘rib turishardi. Voqealar G’arbdagi eng zo‘r jangari filmlardagi kabi zo‘r sur’at bilan rivojlanib borardi. Ingliz tilini durustgina biladigan Andropovning sevimli kitoblari Forsaytning «Qashqar kuni», Martin Smitning «Gorkiy parki» va Robert Konkvistning «Katta qirg‘in» degan romanlari, sevimli gazetasi esa «Vashington post» bo‘lgani bejiz emas edi.

«Vashington post» gazetasining muxbiri Moskvadan xabar qiladi: «Kecha TASS Kremlning Bosh mafkurachisi, KPSS Markazqo‘mining kotibi Mixail Suslovning 79 yoshida vafot etganini e’lon qildi. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu so‘nggi bir necha kun davomida Kremlda qo‘qqisdan sodir bo‘lgan ikkinchi qazodir. 19 yanvar kuni Brejnevning bojasi, KGB raisining birinchi muovini general Semyon Svigunning xam vafot etgani e’lon qilingan edi. Moskvadagi xorijiy muxbirlar Svigunning o‘limini yashirin iqtisod rahnamolarining yalpi qamalishi bilan bog‘lamoqdalar. Sovet Ittifoqida bunday qamashlar davom etmoqda. Brejnevning qizi Galinaning yaqin do‘stlari — sirk xodimlari va artistlarining qamalgani haqida ma’lumotlar bor. Galinaning o‘zi esa so‘roq qilinibdi. Tashqi savdo ministrining muovini lavozimini egallab turgan Brejnevning o‘g‘li Yuriy esa bir necha kundan beri ishda ko‘rinayotgani yo‘q. Aka-singil yashirin iqtisodiy mafiyaning faoliyatiga yaqindan aloqador va KGB generali Svigun o‘zining mansabi hamda obro‘yi bilan ularga homiylik qilgan degan taxminlar bor. Moskvada Svigun bu mavzuda Mixail Suslov bilan ochiqchasiga gaplashib olgandan keyin o‘z joniga qasd qildi degan mish-mishlar yuribdi. Uning qilgan ishi Suslovni va Brejnevning o‘zini ham g‘azablantirib yubordi. Bu mish-mishlar bevosita shu fakt bilan tasdiqlanadiki, Svigunga berilgan ta’ziyanoma ostida na Brejnev, na Suslov imzo chekkan. Holbuki, Svigun KPSS Markazqo‘mi a’zosi va Brejnevning yaqin qarindoshi edi. Bundan tashqari, KGB raisining birinchi muovini va hukumat a’zosi Svigunning jasadi rasmiy hukumat qabristoniga ko‘milmadi. Bu ishlarning barini Suslov fosh qilganmidi yoxud uning o‘zi bu ishlarda ishtirok etganmidi — har holda nima bo‘lganda ham u uzoq yashayolmas edi. Nafaqat Suslov, Oliy sovet rahbariyatining pora bilan zaharlangan botqog‘ida keskin harakat qilishga intilgan boshqa har qanday odam ham uzoq yashayolmasdi».

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:26:36

Andropov KGB doiralariga ortiq sig‘may qolgan edi. U idorasini hech kimga ma’lum bo‘lmagan general Fedorchukka topshirib, KPSS Markazqo‘mi Kotibiyatiga — marhum Suslovning o‘rniga o‘tadi. Siyosiy byuro ari uyasiday to‘polon bo‘lib ketadi. Andropov o‘z hamkasblari Mazurov va Kirilenkoni huzuriga chaqirib, ularning sermashaqqat faoliyatlariga doir ba’zi hujjatlarni ko‘rsatadi va bundan keyingi hayotlari to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishni taklif etdi. Ortiq shikoyat qiladigan odam yo‘q. Qizi, o‘g‘li, ukasi bilan bo‘lgan mojarolardan va bojasining halokatidan keyin Brejnev hech kim bilan gaplashishni istamayapti. Uning sog‘lig‘i birdan yomonlasha boshladi.

Mazurov indamay iste’foga chiqadi. Kirilenko ahvolning jiddiyligini anglamagani sababli, Siyosiy byuroning navbatdagi majlisiga keladi. Soqchilar uni dag‘allik bilan to‘xtatib, Kremlga kirish ruxsatnomasini olib qo‘yishadi va unga Andropovning buyrug‘ini aytishadi — Kirilenko chorbog‘iga borib, o‘sha yerda maxsus farmoyishlar bo‘lishini kutib o‘tirishi kerak. Andropov bilan Gorbachyov kechasiyu kunduzi tinim bilmay ishlashadi. Ular Kulakov va Masherovning halokati bilan barbod bo‘lgan rejani yana amalga oshirish harakatiga tushadilar. Biroq bu gal endi — Andropov Siyosiy byuroda xo‘jayin. Eski maydon xavotir ichida sukutga cho‘madi. Afsonaviy nomenklatura mulkini Stalin vafot etgan zamonlardan beri ko‘rilmagan mudhish keskinlik chulg‘aydi. Nomenklatura dohiylari qarib, munkillab qolgan, oliy hokimiyat cho‘qqilarini bosib olayotgan «davlat xavfsizligidan chiqqan muttaham»ga ortiq qarshilik ko‘rsatolmaydi. Bemalol ishlaydigan zamonlar yetib keldi. Gaydar Aliev Bokudan Moskvaga o‘tkaziladi. Uning Ozarboyjondagi ot-otlari va nomenklaturachilarga ayamay bergan qamoq muddatlari hammaning esida. Endilikda Ozarboyjonda sinovdan o‘tgan ish usullarini u butunittifoq ko‘lamida qo‘llab ko‘radi.

Navbatdagi zarba, nihoyat, Medunovga beriladi. Uni Moskvaga go‘yo Markazqo‘m majlisiga chaqirishadi. Andropov unga Krasnodar o‘lka qo‘mitasining birinchi kotibi vazifasidan ozod etilganini aytadi. Krasnodarda Medunovning uyida yangi partiya rahbari ko‘chib kelishi munosabati bilan remont qilinadi degan bahonada tintuv o‘tkaziladi. To‘rtta konteynerda musodara qilingan buyumlarni Moskvaga olib kelishadi. Faqat Brejnevning shaxsan aralashuvigina Medunovni qutqarib qoladi. U bir amallab Meva-sabzavot sanoati ministri lavozimiga ilinib qoladi. Ammo u kelajagi barbod bo‘lganini, umridan sanoqli kunlar qolganini yaxshi tushunadi... Moskvada kutilmaganda Baliq sanoati ministri Ishkov va uning muovini Rikov qamoqqa olinadi. Tintuv vaqtida har birining uyidan 6 million so‘mdan ortiq sovet puli va million dollardan ortiq valyuta chiqadi.

Nomenklatura ustiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum davom etmoqda edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  17 Sentyabr 2012, 12:27:47

Dahshatga tushgan nomenklaturachilar Brejnevga iltijo qilishadi. Axir, Bosh kotib hali hayot-ku! Axir, u 16 yil mobaynida ularning rahnamosi va valine’mati bo‘lmaganmidi? Nima bo‘layapti o‘zi?

Nima bo‘layotganini Brejnevning o‘zi ham tushuna olmaydi. Andropov tavoze va ehtirom bilan hafta sayin Bosh kotibning stoliga biri-biridan qiziq ma’lumotlarni qo‘yib turadi.

«...Operatsiya davomida «yashirin iqtisodiyot» korchalonlari bilan KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi o‘rtoq L. I. Brejnevning oila a’zolari o‘rtasida turli-tuman aloqalar borligi fosh bo‘ldi. Juda ehtiyot bo‘lib qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtoq L. I. Brejnevning oila a’zolari faqat so‘nggi uch yil mobaynidagina to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul bilan va har xil qimmatbaho toshlar, mo‘yna, noyob antiqa buyumlar, muzeylardan o‘marilgan nodir buyumlardan sovg‘a tarzida umumiy miqdori quyidagicha pora olganlar:

Galina Leonidovna Brejneva-Churbanova — 3,1 million so‘m va 600 ming dollar.
Yuriy Leonidovich Brejnev — 3,4 million so‘m va 450 ming dollar.
Yakov Ilich Brejnev —1,4 million so‘m va 500 ming dollar.
Semyon Kuzmich Svigun — 4,2 million so‘m va 1,5 million dollar.

L. I. Brejnev oilasiga mansub mazkur shaxslar jinoiy faoliyatga jalb qilinganlaridan keyin har xil vazirliklar va mansabdor shaxslar qarshisida yashirin iqtisodiyot korchalonlariga homiylik qilib, ularning davlat fondidan xom ashyo, uskuna va mashinalar olishini ta’minlaganlar. Shuningdek, jinoyatkor unsurlarning oliy partiya va davlat mansablarini egallashlariga ko‘maklashganlar...»

Qayd etilgan