Bularning bari juda katta xarajatni talab qilardi, chunki asbob-uskunalar, stanoklar, maishiy va sanitariya buyumlari chet eldan keltirilgan bo‘lib, doimiy ravishda qismlarini almashtirib turishni talab qilardi. Qismlar ko‘p ishlatilish natijasida yaroqsiz holga kelib qolar yoki G’arb bozorida bunga o‘xshash buyumlarning yangilari muomalaga chiqardi. Butunittifoq ko‘lamida har yili barcha nomenklatura xo‘jaligini yaxshi ahvolda saqlab turish uchungina taxminan 5 milliard so‘m sovet puli va 1,5 milliard dollar valyuta kerak bo‘lardi. Bundan tashqari, ayni hozirgi joriy yilda xarajatlar juda ko‘payib keta boshladi. Negaki, birinchidan, G’arbda juda ko‘p buyumlar va xizmatlarning narxi keskin ko‘tarilib ketdi, ikkinchidan esa, o‘zimizda yangi dala hovlilari qurish dasturlari kengaydi. Nega desangiz, Stalin zamonida qurilgan ko‘pgina dala hovlilari butunlay eskirib, yashab bo‘lmaydigan holga kelgan edi. Axir, ularda na hovuz bor, na sauna, na tennis maydonchasi. Boshqa narsalarni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. Mana, Gorbachyov ham Qrimdagi yangi dala hovlisining qurilishi qanday borayotganini surishtiryapti. «Dala hovli» deb shunchaki nomiga aytiladi. Aslida, gap bir qator garaj qurilishlariga, turli xizmatlar binolariga, xizmatkorlar va soqchilarning turar joylariga, liftlarga, dengiz sohiliga olib tushadigan marmar zinapoyalarga, to‘lqin qaytargichlarga ega bo‘lgan butun boshli katta qurilish haqida ketyapti. Bunday «dala hovli» baland devor bilan o‘rab olinishi, unga olib keladigan yo‘llar bekamu ko‘st, aloqa vositalari benuqson ishlashi zarur. Ishlar Siyosiy byuro tasdiqlagan muddat bo‘yicha boryapti... Xarajatlarni smetada ko‘rsatilganicha, 3 million dollardan oshirmaslikka harakat qilamiz.
O’rtoqlarning xorijiy xizmat safarlari va oilaviy tarzda davolanish uchun yoxud boshqa maqsadlarda xorijga chiqish bilan bog‘liq xarajatlar ham muttasil ko‘payib bormoqda. Bu modda bo‘yicha xarajatlar yiliga taxminan 500 million dollarni tashkil qiladi. 500 million dollar-a! Ko‘plik qilmaydimi bu? Bunaqada... Mana, varaqalarni o‘zingiz ko‘ring, Mixail Sergeevich! Har yiliga 50 ming odam, har biriga bor-yo‘g‘i 10 ming dollardan to‘g‘ri keladi. Xorijda bunaqa pulga unchalik yayrab yashayolmaysan. G’arbda narx-navo juda ko‘tarilib ketyapti. Rejada ko‘rsatilgan miqdorni bir amallab zo‘rg‘a ushlab turibmiz. O’rtoqlar uni oshirish masalasini Siyosiy byuroga qo‘yish zarurligini aytishyapti. Endi xalqaro ishlar haqida.