Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 154702 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 35 36 37 ... 41 B


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:37:04

«Qardosh partiyalarga yordam» moddasi bo‘yicha xarajatlar. Gap faqat kapitalistik mamlakatlardagi partiyalar to‘g‘risida bormoqda. Partiyalar hokimiyat tepasida bo‘lgan joylarda pul Moliya vazirligi va Davlat banki orqali davlat byudjetidan o‘tkaziladi. An’anaviy tarzda biz Fransiya Kompartiyasi bilan juda keng ko‘lamda ish olib boramiz, negaki ayni Fransiyada soliq tizimi juda insofli. Har yili Ovrubank orqali biz Fransiya Kompartiyasi hisobiga 2 million dollar o‘tkazamiz. Bundan tashqari «Yumanite» gazetasi hisobiga ham alohida pul o‘tkazamiz. Afsuski, bu gazeta muttasil o‘zini qoplayolmaydi. Mana, 1978 yildan beri unga ketgan xarajat:

1978 yil — bir million 662 ming frank, 1979 yil — bir million 751 ming frank, 1980 yil — bir million 862 ming frank, 1981 yil — bir million 877 ming frank, 1982 yil — bir million 878 ming frank, 1983 yil — bir million 542 ming frank, 1984 yil — bir million 933 ming frank, 1985 yil — bir million 974 ming frank.

Mana, Siyosiy byuro tomonidan tasdiqlangan hujjat. Unga siz imzo chekishingiz kerak. Chunki bunaqa hujjatlar sizning imzoingizsiz hech qanaqa kuchga ega emas. Bu qoidani o‘rtoq Stalin o‘rtoq Leninning vafotidan keyin joriy qilgan edi. O’shanda ma’lum bo‘lgandi-ki, Vladimir Ilichning ko‘ngilchanligi va yetarli darajada talabchanlik ko‘rsatmagani sababli partiyaning juda katta miqdordagi puli allaqaylarga g‘oyib bo‘lgan.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:38:46

«Mutlaqo maxfiy.                               
P 219/7 20.09.85.
Italyan Kompartiyasi rahbariyati a’zosi o‘rtoq Kossutaning iltimosi haqida.
1.  IKP rahbariyati a’zosi o‘rt. Kossutaning iltimosi qondirilsin va 1985 yilda «Ufqlar» jurnalini nashr etish uchun 200000 dollar ajratilsin.
2. SSSR Davlat bankiga (o‘rt. Alximovga) o‘rt. B. N. Ponomaryovga maxsus maqsadlar uchun 200000 dollar ajratish toshnirilsin.
3. Mablag‘ni yetkazib berish KGBga topshirilsin.
KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi — imzo».

Mana yana bir hujjat:
«Mutlaqo maxfiy.                           
P 157/2390 28.10.85.
AQSh Kompartiyasi Markazqo‘mining iltimosi to‘g‘risida.
1. AQSh Kompartiyasi Markazqo‘mining iltimosi qondirilsin va partiya qurilishi ishlariga 250000 dollar ajratilsin.
2. SSSR Davlat bankiga (o‘rt. Fominga) o‘rt. B. I. Ponomaryovga maxsus maqsadlar uchun 250000 dollar ajratish topshirilsin.
3.  Pullarni yetkazib berish KGBga topshirilsin.
KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi — imzo».

Yana bir hujjat:
«Mutlaqo maxfiy.
P 161/2738 29.10.85.
O’rt. Urbanining iltimosi haqida.
1. BKP Markazqo‘mi a’zosi o‘rt. Urbanining iltimosi qondirilsin va unga partiya matbuoti ehtiyojlari uchun imorat xarid qilish maqsadida 2 million 196 ming 650 belgiya franki ajratilsin...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:40:47

Gorbachyovga Kruchina ma’qul tushib qoldi. Chehrasi ochiq, tashqi qiyofasi kelishgan. Jozibador tabassumi bor. Oq oralagan sochlari hali o‘rnida. Hamma narsani tushunarli qilib aytib beradi. Bosh kotib ba’zi narsalarni ilgari ham bilardi, lekin ba’zi narsalardan birinchi marta xabardor bo‘lyapti.

«Bu 500 million nimaga mo‘ljallangan?»

Kruchina tushuntirib beradi:

«Do‘stlarimizning shoshilinch iltimoslariga ko‘ra bir yilda shuncha miqdor yig‘ilib qoladi».

«Bunisi tushunarli. Xo‘sh, manavi, 500 million nimani bildiradi?»

«Bu o‘rtoq Saddam Husaynga Eron bilan urushmog‘i uchun. Shu yo‘l bilan Tehron bizga nisbatan betaraf tutib turiladi va bu Afg‘onistondagi harakatlarimizga yo‘l ochadi».

«Shoshmang, biz har yili Husaynga milliard so‘m sarflaymizku! Unga eng yangi tipdagi qurol-aslaha, yonilg‘i, ehtiyot qismlari yetkazib beramiz, maslahatchilarining haqini to‘laymiz. Bundan tashqari, har yili Iroq Kompartiyasiga alohida 400000 dollar ajratib turamiz!»

«Shu o‘rinda bir narsani aralashtirib yubormaslik kerak, Mixail Sergeevich. Qurol-aslahayu boshqa narsalarning xarajati davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Husaynning o‘ziga beriladigan 500 million bilan yana 400 ming KPSS fondidan ketadi».

«Afg‘oniston bizga juda qimmatga tushar ekan-da?!»

«Ha, shunaqa, — deb ma’qullaydi Kruchina. — Hozir hamma narsa juda qimmat. 120 ming kishilik qo‘shinni saqlab turish uchun har yili 50 million talab qilinadi».

«Dollarmi?»

«Yo‘q, baxtimizga, hozircha o‘zimizning pulda. Hozircha 1985 yilga qadar biz armiya ehtiyojlariga 80 milliard so‘m sarfladik. Undan tashqari, amalda Afg‘oniston shaharlaridagi aholini biz boqyapmiz. Bu yiliga yana 70 million degani. Ammo bularning bari davlat byudjeti hisobidan...

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:41:33

...KPSSning Afg‘onistondagi xarajati uncha katta emas — yiliga bor-yo‘g‘i bir yarim million dollarga to‘g‘ri keladi. Afg‘oniston uchun istisno qilamiz. Ammo boya aytganimdek, hukmron partiyalarning hammasi davlat byudjetidan ta’minlanadi. Mana, qardosh partiyalar faoliyati uchun to‘lov varaqasi. Bu majburiy to‘lovlar sirasiga kiradi. Raqamlar barqaror. Lekin keyingi paytlarda bu xarajatlar ham yiliga 1—1,5 foiz oshib bormoqda.

1. AQSh kompartiyasi — 2.000.000 dollar.
2. Fransiya kompartiyasi — 2.000.000 dollar.
3. Finlyandiya kompartiyasi — 1.800.000 dollar.
4. Portugaliya kompartiyasi — 1.000.000 dollar.
5. Gretsiya kompartiyasi — 900.000 dollar.
6. Isroil kompartiyasi — 800.000 dollar.
7. Chili kompartiyasi — 700.000 dollar.
8. Livan kompartiyasi — 500.000 dollar.
9. Venesuela kompartiyasi — 500.000 dollar.
10. Hindiston kompartiyasi — 500.000 dollar.
11. Italiya kompartiyasi — 500.000 dollar.
12. Daniya kompartiyasi — 350.000 dollar.
13. Peru kompartiyasi — 350.000 dollar.
14. Salvador kompartiyasi — 400.000 dollar.
15. Argentina kompartiyasi — 400.000 dollar.
16. Braziliya kompartiyasi — 330.000 dollar.
17. AKEP (Kipr) — 300.000 dollar.
18. Ispaniya kompartiyasi — 300.000 dollar.
19. Iroq kompartiyasi — 400.000 dollar.
20. Avstriya kompartiyasi — 250.000 dollar.
21. Suriya kompartiyasi — 250.000 dollar.
22. Misr kompartiyasi — 230.000 dollar.

Bunga Falastinni Ozod Qilish tashkilotini ham qo‘shib hisoblasak, hammasi bo‘lib, yiliga taxminan 40 million dollar bo‘ladi. Boshqa sarf-xarajatlar bilan taqqoslasa, uncha ko‘p emas, shunday emasmi?»

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:42:34

Gorbachyov diqqat bilan tinglaydi. Hujjatlarga imzo chekadi. Bahslashadi, bir nimalarni isbot qiladi, tushunmagan joylarini surishtiradi. Amsterdam, Syurix, London, Parij, Tokio va Singapur banklari, Xammer, Maksvell, Simada singari shaxslar xufiya tarzda bizning xizmatimizni ado etadigan milliarderlar. Bajonidil sherikchilikka hamkorlik qiladigan mafiya guruhlari. Raqamlar, raqamlar va yana raqamlar. Milliard-milliard dollarlar. Tonnalab oltin va brilliantlar.

Butun jahon mamlakatlaridagi partapparat xodimlarining KPSS Markazqo‘mi qoshidagi Ijtimoiy fanlar Akademiyasida o‘qitish xarajatlari, xorijiy kompartiyalar arboblarining SSSRga kelib-ketishi uchun bo‘ladigan sarf-xarajatlar (xizmat safarlari, dam olish, davolanish), SSSRda vaqtincha yoxud doimiy istiqomat qiluvchi siyosiy muhojirlarga sarflanadigan xarajatlar... Sovet buyurtmalarini o‘z mamlakatlarida joylashtirish bo‘yicha qardosh kompartiyalarning takliflari... Bu ishda ular dallollik qilishadi. Qo‘shma korxonalar, «do‘stona firmalar», nomi bor-u o‘zi yo‘q firmalar...

Mamlakatda esa ichkilikbozlikka qarshi kurash avj olgan. KPSSning fikricha, bu kurash mehnat unumdorligini ko‘tarishi kerak.

Yangi tug‘ilgan oshkoralik gazeta sahifalari va televizor ekranlarida yurakni orziqtiruvchi xitoblar bilan o‘ziga yo‘l ochmoqda: «To‘rt yashar qizaloq leykemiya kasaliga chalingan. Bizning mamlakatimizda bu kasallikni davolamaydilar. Qizaloqning Hayotini saqlab qolish uchun 3 ming dollar kerak!»

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:43:06

Bepoyon mamlakatdan sado chiqmaydi. KPSSdan boshqa kimda dollar bor? Ammo bunaqa xitoblar hech qachon KPSSning qulog‘iga kirgan emas, hozir ham kirmaydi. Mabodo, biror odamning valyutada yashirib qo‘ygan bir-ikki mingi bo‘lsa, u xasta qizaloqqa bajonidil yordam berishga tayyor, ammo u qo‘rqadi. Balki u chekistlar qo‘ygan tuzoqdir? Dollaringni ko‘rsatasan-u, 10 yilga o‘tirasan. Undan ko‘ra indamay qo‘ya qolgan ma’qul. «G’arbiy Germaniya firmasi... qizni davolash ishlarini zimmasiga oladi va uni ota-onalari bilan Gamburgga taklif qiladi. Ammo qizning onasi GFRga borish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirib bo‘lguncha (Bu xotin GFRga nega bormoqchi? Haqiqatan ham qizi kasalmi? Kasal bo‘lsa, uni shu yerda davolab bo‘lmaydimi? Qizning ota-onalari davlat sirlaridan voqif emasmikinlar? Germaniyaga borib olib, bizning tuzumimizni qoralashga tushmasmikinlar?), qizaloq olamdan ko‘z yumadi...»

Keyin Chernobilga navbat keldi.

Kommunistik partiya o‘z xalqiga qarshi olib borgan urushlar ro‘yxatida atom urushi yetishmas edi. Nihoyat, u ham boshlandi. Nagasaki va Xirosima ustiga tashlangan atom bombalarinikidan kuchliroq radiatsiya yuz minglab odamlarni zaharladi va Ukraina, Belorussiya, Boltiqbo‘yi, Rossiyada juda katta hududlarga ta’sir qildi. Radiaktiv bulutlar Sharqiy va Markaziy Ovrupo osmonidan o‘tib, Shvetsiya sohillarigacha yetib bordi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:43:30

Chernobildagi portlash bir qator hodisalarga turtki bo‘ldi. O’lim talvasasiga tushgan imperiya odamlarning ko‘z o‘ngida chok-chokidan so‘kilib keta boshladi. Chirish va parchalanish jarayonida oshkoralik avj oldi. Halok bo‘layotgan mamlakat boshiga uning yetmish yillik iflos va qonli tarixi haqidagi haqiqat bir shovvaday quyildi. Jamoatchilik kuchlari uyg‘ondi. Ko‘p minglab odamlar ishtirok etgan mitinglar boshlanib ketdi. Ular hali uncha uyushmagan, tarqoqroq edi. Lekin shunday bo‘lsa-da, mitinglarda mamlakat boshiga tushgan hamma kulfatlarning bosh sababi KPSS va uning tomonidan yaratilgan jamiki jinoyatkorona davlat hokimiyati tizimlari ekani tilga olina boshlandi. KPSS bunga loqaydroq munosabatda bo‘ldi — u Gorbachyov va’da qilgan G’arbdan olinadigan qarzlarni kutmoqda edi. Gorbachyov ularning umidlarini puchga chiqarmadi. U G’arbiy Ovrupo mamlakatlari bo‘ylab tinimsiz qatnab qoldi. Amerikaga uchib borib kela boshladi, prezidentlar, bosh vazirlar, qirollar, qirolichalar, jamoat arboblari, tadbirkorlar va bankirlar bilan uchrashdi, ularning hammasini ham o‘zining «yangi tafakkur» haqidagi g‘oyalari bilan, o‘zining «qayta qurish» va «oshkoraligi» bilan, atom bombasiga minib o‘tirgan jahonni o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflari bilan rom etdi. Bularning hammasi shunchaki quruq gap emasligini isbotlash uchun mamlakatda Gorbachyovning buyrug‘i bilan yana bir bor Stalinni fosh qilish kampaniyasi o‘tkazila boshlandi. Matbuotda, radioda, televidenie, kino ekranlarida va sahnalarda — tunu-kun tinmay desa ham bo‘ladi, marhum generalissimus fosh qilindi, qoralandi va la’natlandi. Lekin bu kampaniya darhol nazoratdan chiqib ketdi va uning bir uchi kelib KPSSning o‘ziga tega boshladi. «Ko‘proq demokratiya! Ko‘proq oshkoralik!» - deya xitob qilishda davom etardi Gorbachyov Vashingtonda, Parijda, Londonda, Bonnda.

«Ko‘proq sotsializm! Ko‘proq intizom!» — deb ta’lim berardi u uyga qaytib.

Nihoyat, u bu ikki xitobni birlashtirdi-da, o‘zimizda ham, xorijda ham: «Ko‘proq demokratiya! Ko‘proq sotsializm!» — deya hayqira boshladi. Bu ish imi-jimida qolib ketmadi. Demokratiya va sotsializm uranning ikkita qarama-qarshi massasidek bir-biriga yaqinlashganda shunaqa portlash hosil bo‘lardiki, uning oldida Chernobil ip esholmay qolardi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:44:40

Gorbachyov G’arbga juda ham manzur bo‘lib qolgandi. Gorbachyovning avvalgi salaflaridan hech kim bu qadar ochiq ko‘ngil va samimiy bo‘lmagandi.

Uning hamma safarlarida xotini hamroh bo‘lardi (Stalin xalqaro maydonda o‘zi paydo bo‘lgandan ancha avval xotini Nadejdadan mosuvo bo‘lgan edi, Xrushchyovning xotini Nina Petrovna odamlar davrasida kamdan-kam namoyon bo‘lardi. Brejnev o‘zining Viktoriya Petrovnasini ostona hatlab ko‘chaga chiqishiga yo‘l qo‘ymas edi. Andropov masalasiga kelsak, G’arb jurnalistlari uning xotini bor-yo‘qligidan, umuman, bexabarmiz deb ishontirishardi. Andropovning dafn marosimida xotinini ko‘rgandan keyingina, uning uylangan ekaniga ishonch hosil qilishdi). Ammo Raisa Maksimovna boshqacha ayol edi. U G’arb davlatlarining poytaxtlarida yonida «Amerika — Ekspress» qarz yorlig‘i bilan jamiki zargarlik magazinlariga va antiqa buyumlar do‘konlariga qiron keltirib yelib yuribdi. U 70 ming funt-sterlingga xuddi Margaret Tetchernikiga o‘xshash isirg‘a buyuradi, u kimoshdi savdosida Faberjening pasxa oltin tuxumi bezagini xarid qiladi — butun dunyodan bu kimoshdiga yetib kelgan puldor antiqasevarlar og‘zi ochilganicha qolaveradilar. (Faberjening oltin tuxumi chindan ham juda noyob narsa. Atoqli rus zargari bunaqa durdona buyumlardan imperator xonadonining buyrug‘i bilan bor-yo‘g‘i bir necha dona yasagan, xolos. Bahosi ham o‘ziga yarasha — 2,5 million dollar!) Raisa Maksimovna Dior va Kardenni buyurtmalariga ko‘mib tashlaydi. Bu ikki atoqli modeler o‘z tarixlarida birinchi marta buyurtmaning umumiy qimmati qancha ekanini muxbirlarga aytishdan bo‘yin tovlashadi; «Buyurtmachining xohishi shunaqa, bu savdo-sotiq ishining siri», deb bahona qilishadi. Ammo yo‘qni yo‘ndiradigan jurnalistlar bu «sir»ni soliq tizimi orqali bilib oladilar. Yetti hadli son ekan. Ovrupo gazetalari bu raqamni qizil bo‘yoqlarda har harfi bir qarich keladigan sarlavhada bosishadi. Kiyim-kechakka shuncha sarflaydigan Gorbachyovlar xonadoni ovrupoliklar nazarida birdan katta salmoq kasb etib ketdi. (Nomenklaturaning, uning ketidan esa butun aholining G’arb latta-puttasiga nihoyasiz ishtiyoqi yaqqol oshkor bo‘ldi-qoldi. Xuddi shu mushtarak ishtiyoq «Partiya va xalq —yakdildir» degan mashhur shiorni tasdiqlovchi birdan-bir dalil edi. G’arbning tonnalab lash-lushi va latta-puttasi Marks, Lenin, Stalin g‘oyalarini majaqlab, loyga qorib tashladi.) Ha, Gorbachyov o‘z partiyasiga va’da qilganidek, G’arb unga qarz beradigan bo‘ldi, ammo oz-ozdan va muayyan ishlar uchun beradigan bo‘ldi.

«Ozod qilib bo‘ldik», — deb ishontiradi Gorbachyov.

Unga ro‘yxat ko‘rsatishadi — unda juda nari borsa, bitta mahbusga adashilgan.

Qayoqdan kelib qoldi bu ro‘yxatlar? KGB qayoqqa qarayapti?

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:45:50

Biroq lagerlarda temir darvozalar ochila boshlagan edi, Chernobildagi portlash ularni, umuman, oshiq-moshig‘idan chiqarib tashladi. Sobiq siyosiy mahbuslarning qudratli oqimi mamlakatning ijtimoiy hayotiga kelib qo‘shildi. Bu oqim yo‘l-yo‘lakay saflarini qaytadan tartibga keltirib, yangidan uyusha boshladi. Ular hamisha nafratga sazovor tuzum bilan hisob-kitob qiladigan fursat yaqinlashayotganini his qilar edilar.

Mamlakat esa o‘lim to‘shagida — talvasada yotardi. 30 mingdan ortiqroq odamning yostig‘ini quritgan, yarim million odamni boshpanasiz qoldirgan Armanistondagi dahshatli zilzila Chernobildan keyin o‘lganning ustiga chiqib tepgandek bo‘ldi. Bu zilzila ham mamlakatdagi hukmron partiyaning sho‘rlik yurt boshiga yomg‘irdek yog‘ilayotgan halokatlar-u boshqa kulfatlar seliga butunlay befarq ekanini yana bir bor namoyish etdi.

AQSh va NATOning bahaybat harbiy-transport samolyotlarini qora «Gerkuleslar» deb atashadi. Ular, aslida, sovetlarning harbiy tahdidi paydo bo‘lgan hududlarga «tez harakat qiladigan» Amerika harbiy qismlarini olib borishga mo‘ljallangan. Bu gal shu samolyotlarga to‘ldirib oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmonlar ortishdi. Ular Moskva, Minsk, Yerevan va boshqa katta shaharlarning aerodromlariga birin-ketin qo‘na boshladilar. Ular halok bo’lib borayotgan mamlakat aholisi chekayotgan azob-uqubatlarni jinday bo‘lsa-da yengillatish istagida kelishgan edi. Agar «Gerkuleslar»ga nima ortilganini bilmasa, amerikaliklar raqib mudofaasining orqa tomoniga desant tushirish bo‘yicha juda katta operatsiya o‘tkazyapti, deb o‘ylash mumkin edi. Amerikaliklar Ikkinchi jahon urushi vaqtlarida unaqa operatsiyalar o‘tkazishning ko‘p mashqini olgan edilar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  18 Sentyabr 2012, 15:46:10

Nima, Uchinchi jahon urushi boshlandimi?

Boshlandi. Odatdagidek, mamlakatimiz uning boshlanganini bu gal ham payqamay, yana dog‘da qoldi. Dushmanning bunaqa keng ko‘lamda «bostirib kirishi» bir narsani ko‘rsatdi: juda katta yadroviy qudratga ega bo‘lgan dunyodagi eng katta armiya haddan tashqari nochor ekan. Dunyodagi hamma mamlakatlarning tanklarini jamlaganda Sovetlar armiyasining tanklarichalik kelmaydi. Bu armiya quruqlikda, dengizda joylashgan va samolyotlardan uchiriladigan raketalarga ega. Nihoyat, bu armiya kosmik aloqa tizimiga va lazer quroliga ega. Hatto, ana shunday armiya ham mutlaqo fayzsiz va layoqatsiz bo‘lib chiqdi. Bu armiyadan Amerika samolyotlarining yukini tushirishda foydalanish mumkin edi, xolos.

Prezident Taft aytgan eski rejaning yakunlovchi qismini amalga oshirish boshlandi. Bombalar va zambarak o‘qlari o‘rniga dollar zarba berib, qolgan-qutgan qarshilik o‘choqlarini ham kunpayakun qilib, o‘zi uchun hali bosib olinmagan yangi bozorni egallamoqda edi.

Qayd etilgan