Partiyaning oltinlari. Igor Bunich  ( 124538 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 29 30 31 32 33 34 35 36 37 38 39 ... 41 B


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:03:43

Bu orada aksilkommunistik inqilob Sharqiy Ovrupodagi qo‘g‘irchoq tuzumlarni butunlay supurib tashladi. Sudsiz va tergovsiz otib tashlangan eru xotin Chausheskularning qorda yotgan jasadi KPSSga rahbarlik qilgan Bosh kotiblar ichidagi eng donosi va eng makkorining gapiga quloq solishni istamaganlar uchun dahshatli saboqday ko‘rinardi. Berlin devori quladi va Germaniya birlashib ketdi. Rangi qum o‘chgan Erix Xonneker xalq g‘azabidan qochib, sovet harbiy bazalaridan biriga yashirinib ulgurdi. GDR xo‘jayini rosa o‘ziga bino qo‘ygan odam edi, u hatto, Berlin bankida o‘z hisobida yotgan pullarni xorijga o‘tkazib yuborishga ham ulgurmadi. Yaxshiyamki qadrdon do‘sti sadoqatli Yosir Arofat bor ekan — u o‘zining samolyotida o‘sha sovet bazasiga qo‘ndi va Xonnekerga bir chemodan dollar keltirib berdi (Albatta, bu pul ham SSSRdan chiqqan). Yosir Arofat anoyilik bilan Sharqiy Germaniyaning sobiq dohiysi bu pullardan g‘arbiy bosqinlarga qarshi partizanlar urushini, xaloskorlik janglarini boshlash uchun foydalansa kerak, deb o‘ylagan edi. Xonneker pulni «yo‘q» demay oldi, lekin o‘sha zahotiyoq uni Chilidagi qizining hisobiga o‘tkazib yubordi. Tuzukroq bir uy sotib olsin dedi, shekilli. Chunki Xonnekerning o‘zi so‘nggi 30 yil mobaynida shohona qasrlarda yashab o‘rganib qolgan edi-da.

Kuni kecha turmada o‘tirgan chex dessidenti Gavel qo‘qqisdan Chexoslovakiyaning prezidenti bo‘lib qoldi. Avval u hammollik qilardi, prezident bo‘lishi bilan kompartiyani taqiqlab, xavfsizlik organlarini tugatdi.

Gdansk kema quruvchi zavodida elektrik bo‘lib ishlagan, «Solidarnost»ga asos solgan va uyushtirgan, Yaruzelskiy boshchiligidagi harbiylar hukumati tomonidan hibsga olingan tinib-tinchimas Lex Valensa ham Polshaning prezidenti bo‘ldi, kompartiyani tarqatib, quvib yubordi, kommunistlarni mulkdan mahrum qildi.

Bolgariyada Todor Jivkov rasman qamoqqa olindi. U kompartiyaning rahbari va davlat boshlig‘i edi. Uni poraxo‘rlikda, g‘aznani talon-toroj qilishda, davlatga qarshi faoliyatda ayblashdi.

Budapeshtda erkin saylovlar arafasidayoq, kommunistlarning o‘zi tumtaraqay qochib ketishdi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:05:28

KPSS qarshisida ham hayot-mamot ko‘ndalang bo‘lib qolgandi.

Gorbachyov esa Moskvada ketma-ket amerika, ingliz, fransuz va yapon biznesmenlarini qabul qilib yotibdi. Kengashlar, xufiya uchrashuvlar, nonushtalar, ziyofatlar. Jurnalistlarning qiyin-qistoviga tushib qolgan biznesmenlar mujmalgina javoblar berishadi. Ular «sovet tomonining» takliflari qiziqarli va foydali bo‘ladi, degan gapdan nari o‘tishmaydi. Gorbachyov esa jurnalistlarni boshqa gapga ishontirmoqchi bo‘ladi — bu muzokaralarda gap qarz haqida ketgani yo‘q, balki o‘zaro foydali, birgalikdagi faoliyat masalalari muhokama qilindi. Shunday deydi-da, yana G’arbga jo‘navoradi.

Bu orada sovet qo‘shinlari o‘n yillik qonli va hech kimga keragi yo‘q urushdan keyin Afgonistondan olib chiqiladi. 10 yil mobaynida ular bir milliondan ortiqroq afg‘onni o‘ldirdilar, 3 million odamni mamlakatdan qochishga majbur qildilar, ammo, baribir, orzu qilgan g‘alabalariga erisha olmadilar. Armiya tishlarini g‘ijirlatib, istamaygana, o‘z talafotlari haqida xabar beradi: 15 ming odam o‘lgan, 60 ming kishi yarador va mayib bo‘lgan. Allaqancha ofitser bilan askar dushman qo‘lida asirlikda, lekin asirlarning aniq sonini hech kim bilmaydi. Bu raqamlarga hech kim ishonmaydi — ular kamida uch baravar kamaytirilgan deb hisoblaydilar. Lekin shunday bo‘lsa-da, shu raqamlarni asos qilib oladilar. Ulug‘ Vatan urushi yillarida ham shunday bo‘lgan edi — avvaliga «urushda 7 million odam qurbon bo‘ldi» degan Stalinning gapi asos qilib olingandi, o‘shandan beri bu raqam 20 millionga chiqdi — har yili 2 milliondan qo‘shilib turadi. Armiyaning Afg‘onistondan chiqishi juda tantanavor bo‘ldi. Chegara ko‘prigida musiqachilar marsh chaladi, tanklarda va jangovar mashinalarda Qizil bayroqlar hilpiraydi. Ko‘prikdan eng keyin 40-armiyaning qo‘mondoni general-leytenant Gromov o‘tadi. Bu general «Magistral» degan jinoyatkorona operatsiyani amalga oshirgani uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan. Uni sudga berish o‘rniga general-polkovnik darajasi bilan siylaydilar. Darhol ma’lum bo‘ladiki, afgon faxriylarini vatanida hech kim kutmayotgan va ular jinoyat dunyosining ahlidan boshqa hech kimga keraksiz ekanlar.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:06:34

Bu orada Mixail Sergeevich navbatdagi xorijiy safaridan qaytib kelib, SSSRda prezident boshqaruvi joriy qilmoqchi ekanini aytadi. Tabiiyki, prezidentlik lavozimiga yakka-yu yagona nomzod sifatida o‘zini ko‘rsatadi. SSSRning boshqalardan kam joyi bormi? Hamma mamlakatda prezident bor, bizda ham bo‘lsin-da! Buning nima keragi borligini hech kim tushunmaydi. Ba’zi bir andishasizlar piching qilishadi: prezident bo‘lib nima qilardi, bir yo‘la imperator bo‘lib olavermaydimi? Umumxalq saylovi haqida hech kim lom-mim deb og‘iz ochgani yo‘q. Gorbachyovni s’ezdda deputatlar saylashadi. Shunday qilib, u SSSRning birinchi (va so‘nggi) prezidenti bo‘lib oladi, lekin KPSS Markazqo‘mining Bosh kotibligi lavozimini ham o‘zida qoldiradi. Oliy Sovetning raisligini esa eski qadrdoni (juda ham sadoqatliday ko‘ringan), universitetda birga o‘qigan do‘sti Anatoliy Lukyanovga topshiradi. Xo‘sh, nima ro‘y berdi? Hammasi juda oddiy bir gap edi — Gorbachyov jonajon partiyasidan imi-jimida qutulib, prezident bo‘lib oldi. Markazqo‘m qa’rida, yo‘laklar va kabinetlarda anchadan beri zaharli ilonday bir fikr aylanib qolgan edi: hozirgi Bosh kotib ishonchni oqlamadi. Zudlik bilan Plenum chaqirib, uni almashtirish kerak. E-e, almashtiravermaysizlarmi? Ammo-lekin saylab qo‘yilgan prezidentni almashtirib ko‘ringlar-chi? Ovora bo‘lasizlar.

Shu daqiqadan boshlab partiyaning taqdiri hal bo‘lgan edi.

Gorbachyov prezident bo‘lib ulgurmay, butun mamlakat bo‘ylab KPSSni sud qilish va mulkini tortib olish zarurligi haqidagi xitoblar yangray boshladi. Hatto, SSSR Konstitutsiyasining 6-moddasini bekor qilish talablari borgan sari baland ohanglarda aytildi. Bu moddada KPSS mamlakatning birdan-bir siyosiy hukmdori sifatida tasdiqlab qo‘yilgandi.

Gorbachyov hozircha o‘z partiyasini uzil-kesil tashlagani yo‘q. U KPSSdagi tashkiliy ishlarni muovini Ivashkoga oshirgan bo‘lsa-da, hamon Bosh kotib sifatida deyarli cheklanmagan hokimiyatga ega edi.

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:09:18

Sadoqatli Kruchina ham avvalgidek haftada ikki marta maxfiy va mutlaqo maxfiy partiya hujjatlarini ko‘tarib uning huzuriga kelishda davom etmoqda:

«Mutlaqo maxfiy.                                             
04.12.89.

Partiya mulki muammolari to‘g‘risida.

Mamlakatdagi siyosiy jarayon rivoji, ko‘p partiyalilikning shakllanishi partiya faoliyatini moddiy ta’minlash masalasini yangicha qo‘yishni taqozo etmoqda. Sovet pulida ham, xorijiy valyutada ham moliyaviy mablag‘larning barqaror manbalarini yaratish kerak. KPSS xalqaro aloqalarining moddiy zamini ana shunga bog‘liq. Zarur hollarda xorijiy kompartiyalarga loaqal ozgina yordam ko‘rsatishga qobil bo‘lamizmi-yo‘qmi, bu ham shunga bog‘liq. Holbuki, Sharqiy Ovrupo kompartiyalarining saboqlari shundan dalolat bermoqdaki, partiya mulkini savdo-sotiq faoliyati talablariga mos ravishda rasmiylashtirish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, bu partiya uchun muqarrar tarzda juda og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, bozorga o‘tish sharoitida partiya mulkini normal oborotga jalb qilishni o‘ylamoq kerak. KPSS uchun xavfli belgilar hozirdayoq namoyon bo‘lmoqda. Biz ishni boshidan boshlamog‘imiz kerak. Partiya o‘rganmagan sharoitda ish olib borishga to‘g‘ri keladi. Shunisi ham borki, bir qator hollarda KPSS bilan bevosita aloqasini sir tutishga majbur bo‘lgan ayrim firmalardan foydalanishda ma’qul bir darajada xufiyona ish yuritishga to‘g‘ri keladi. Aftidan, asosiy maqsad shundan iborat bo‘lishi kerak-ki, partiyaning mavjud mulkini kommertsiyalashtirish barobarida puxta reja asosida «yashirin» partiya iqtisodiyoti tizimlarini yaratib borish kerak. Bu tizimda tor doiraga mansub shaxslarning ishlashiga yo‘l qo‘yiladi. Ularni KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi yoki uning muovini belgilaydi...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:11:05

Gorbachyov Kruchinaga mahliyo bo‘lib qarab qoladi. O’rtoqlar yangicha fikr qilishyapti. To‘g‘ri fikr yuritishyapti. «Partiya butun mamlakat bilan birga bozorga kirib bormog‘i kerak. Lenin nima degandi-ya shu masalada? Ha, «Savdo qilishni o‘rganish kerak». Eng muhimi — boshlab yuborish, jarayon yurishib ketadi. Hozir bu ishga jalb qilinadigan o‘rtoqlar ro‘yxatini aniqlaymiz, Ivashko, Shinen, Falin, Dzasoxov, Luchinskiy, Mananenkov, Velelkov. Bundan tashqari Ivashko ham o‘z ixtiyoriga ko‘ra mutaxassislarni jalb qilsin. O’rtoq Kryuchkovning idorasida ko‘pgina xalqaro iqtisodchilar ishlaydi. Ular juda katta yordam berishlari mumkin. Ie, bunisi nima bo‘ldi yana?»

«Joylarga yuborish uchun mutlaqo maxfiy ko‘rsatma. Unga Ivashko viza qo‘ygan. Endi siz imzo chekishingiz kerak. Partiya mulkini undan kommertsiya maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini aniqlash nuqtai nazaridan inventarlashtirishdan o‘tkazish kerak; ayni chog’da, hamma sherik partiyalardan tushgan kommertsiya bobidagi takliflarni ham «inventarlashtirish» kerak va tegishli partiyalar bilan maslahatlashib olish lozim. Uncha yirik bo‘lmagan, chaqqon harakat qiladigan, o‘zini-o‘zi qoplaydigan xo‘jalik tashkilotlari tuzishga kirishish kerak. Bunday tashkilotlar mavjud partiya mulki asosida tuzilib, qo‘shma korxonalar, hissadorlik jamiyatlari shakliga ega bo‘ladi. Ularda «do‘stona» firmalar va sherik partiyalar ham ishtirok etishi mumkin...»

«Bularning hammasi juda soz. Ayniqsa, «do‘stona» firmalar degani zo‘r. Lekin bunaqa hujjatlarga Ivashkoning o‘zi imzo chekaversin. Mening boshqa ishlarim to‘lib-toshib yotibdi. Yana nima bor?»

«Do‘stona» firmalar masalasiga kelsak, keyingi paytlarda biz ulardan ancha qarz bo‘lib qoldik. O’rtoq Falin bu masalada ma’ruza tayyorlagan».

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:11:33

«Shuni eslatamanki, «do‘stona» firmalar deganimiz bevosita va bilvosita o‘zlari joylashgan mamlakatlardagi kompartiyalarga mansubdirlar. Ular KPSSning xalqaro faoliyatida muhim kanal hisoblanadi. Bularning hammasidan tashqari, bu firmalar bizga G’arb tovarlarini ham yetkazib berib turadilar. Ular bizning tashqi siyosat bobidagi turli vazifalarimizni ba’zan vositali yo‘llar bilan, ba’zan esa bevosita bajarib turishadi... «Do‘stona» firmalarga taalluqli masalalarni zudlik bilan hal qilish zarur. Chunki ularning chigallashgan moliyaviy ahvollari sinish xavfini boshdan kechirayotganlari do‘stona partiyalarning yashash tarzini buzadi, ularning bundan keyingi mavjudligiga chinakam xavf tug‘diradi... Hozirgi paytda SSSR Tashqi iqtisodiyot banki quyidagi firmalarga million xorijiy valyuta so‘mi hisobida quyidagicha pul o‘tkazgan:

IT — «Kommersio» (Portugaliya) — 4,4
«Metalkim» (Portugaliya) — 0,3
«Numerika» (Portugaliya) — 0,6
«Globus» (Avstriya) — 0,8
«Land-of-Folk» (Daniya) — 0,3
OPF (Fransiya) — 0,3
«Plambank» (FRG) — 0,1

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:12:06

Hozirgi paytda sovet tashqi savdo tashkilotlari bergan ma’lumotlarga qaraganda «do‘stona» firmalarga muddati o‘tib ketgan qarzlarimiz miqdori quyidagicha (million xorijiy valyuta pulida):

«Interneshenel Trayding» (Yaponiya) — 0,6; OPF (Fransiya) — 0,4; «Teti Editori», «Editori Rieniti», «Amilkara Pitstsa», «Ksilon» (Italiya) — 1,9; «Globus» (Avstriya) — 2,2; «Pergamon Presso» (Angliya) — 0,5; «Drukxauz Norden», «Dastim», «Loxer», «Barch Interneshenel» (FRG) — 0,4; «Koopi» (Shveytsariya) — 0,1; «Avante» (Portugaliya) — 0,2; «Land-of-Folk» (Daniya) — 0,3; «Vig-Tryuk» (Shvetsiya) — 0,1; «Piplz Deyli Uords» (AQSh) — 0,1; «Unita» (Italiya) — 0,05; «Morning Star» (Angliya) — 0,1; «Rizospastis» (Gretsiya) — 0,1; «Kraus» (Avstriya) — 24,6; «Papandopulos» (Gretsiya) — 3,7; «Agaliu» (Gretsiya) — 2,0; «Fidas» (Gretsiya) — 1,5...»

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:12:46

Gorbachyovning ko‘zlari toliqib, jimirlab ketdi. U ro‘yxatdan yana ikki varag‘iga tezgina ko‘z yugurtirib chiqadi-da, Kruchinadan so‘raydi: «Hammasi qancha?»

«Valyutada 60 million 350 ming so‘m», — deb javob beradi ish boshqaruvchisi.

«Nima ishkali bor? To‘langlar».

«Ishkali shundaki, bu pullarni partiya mablag‘idan emas, davlat byudjetidan to‘lash kerak. Tashqi iqtisod bankida esa pul yo‘q. Davlat bankida ham yo‘q».

«Pul yo‘q degani nima degani?»

«Davlat byudjetida defitsitimiz juda katta. Banklar pul to‘lashdan bosh tortayaptilar».

«Yaxshi, — deydi prezident. — Men Gerashchenko bilan gaplashib ko‘raman. Hal qilamiz».

Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:13:50

Mamlakat bo‘ylab esa Gorbachyovning o‘z so‘zlari bilan aytganda, «suverenitetlar paradi» sodir bo‘lmoqda. Gorbachyovning qilig‘i yuqumli chiqib qoldi. Respublika kompartiyalarining hamma sobiq birinchi kotiblari prezident bo‘lishni xohlab qolishdi. Faqat ular emas, Rossiya tarkibidagi muxtor respublikalardagi Birinchi kotiblar ham prezident bo‘lgilari kelib qoldi. Ular mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar mohiyatini darrov ilg‘ab qoldilar. Yillar mobaynida o‘z respublikalarini so‘rib yotgan bu odamlar bemalol harakat qilishlari uchun Moskvaga juda katta o‘lpon to‘lab turishga majbur edilar. Ular Kremlga va Eski maydonga kelib xorliklar ko‘rishar, «yuqorida» Andropovga o‘xshagan serjahl, qattiqqo‘l, orqa-oldiga qaramay hammayoqni olatasirga olaveradigan bironta katta paydo bo‘lib qolmasin, deb doimo xavotirda yurishardi. Hozir esa bemalol mustaqil bo‘lib olish, markazga qaramlikdan qutulish, o‘zing «xon» bo‘lib, ko‘lankangni maydon qilib, kayf-safo surish imkoniyati tug‘ilib qoldi. Siyosiy byurodan imi-jimida Aliev g‘oyib bo‘ldi. Shevarnadzega ham Tashqi ishlar vaziri lavozimi malol kela boshladi. U endi tez-tez diqqat bilan Tbilisiga nazar tashlaydigan bo‘ldi. Bu chog‘larda Tbilisida ham hamma joydagi kabi aksilkommunistik sho‘rishlar avjida edi. Ha, hali bu yerga qaytishga bir oz fursat bor.

Respublika kompartiyalarining «milliy mustaqillikka» o‘tish jarayonlarida tabiiy ravishda «yaxshi tayyorlangan va mablag‘ bilan ta’minlangan ashaddiy millatchilik» hollari ro‘y berdi. Bu millatchilik bevosita qo‘shnilarga ham, «rus okkupantlariga» ham qarshi yo‘naltirilgan edi.



Qayd etilgan


Musannif Adham  20 Sentyabr 2012, 01:14:47

Vahshiy qirg‘inlar Kavkaz va O’rta Osiyoda kuchaygandan-kuchaydi. Moldovada moldavanlar bilan ruslar o‘rtasida otishma boshlandi. Hatto, Boltiqbo‘yi respublikalarida ham ruslarga qarshi ashaddiy kampaniya boshlandi. To‘g‘ri, bu kampaniyada hozircha qurol ishlatilgani yo‘q. Respublikalardan rus qochoqlari Rossiyaga oqib kela boshladi. Rossiyada esa ularning hech kimga keragi yo‘q edi. Qochoqlar uy-joylarini, molu-mulklarini tashlab, «vatanlari»ga qashshoq, och va yarim yalang‘och holda kelgan edilar. Ularni ta’minlay oladigan odam chiqmadi. Ularning farzandlarining o‘qishi uchun maktab yo‘q edi. O’zlariga esa boshpana ham, ish ham topilmadi.

Hamma ommaviy axborot vositalarida barcha rus kishilariga murojaat qilib, mislsiz kulfatga uchragan vatandoshlariga yordam berishga chaqirildi. «Kim qancha imkoni bo‘lsa, pul o‘tkazsin», deb hisob raqamlari ma’lum qilindi. Lekin hech kimda pul yo‘q edi. Yangi uylar, maktablar, bolalar bog‘chalari qurish, yangi ish joylari paydo etmoq uchun millionlab pul kerak edi. Ishga Xalqaro Qizil Xoch jamiyati aralashdi, qochoqlar uchun buyumlar, hatto, olis Kongodan ham kela boshladi. Bundesverning yuk mashinalarida oziq-ovqat, palatkalar, issiq kiyimlar keldi. Amerika, ingliz, fransuz va hatto, Isroil samolyotlari xuddi qurshovga tushib qolgan o‘z armiyalarini ta’min qilayotganday, kechayu kunduz tinimsiz uchib turishdi. Shukur qilingki, bunaqa uchishlar vaqtida ularni hech kim urib tushirmadi.

Qayd etilgan